Jadid maʼrifatparvarlari yangi usul maktablarida tarix fani oʻqitishni, millat farzandlarini xolis oʻtmish bilan tanishtirishni oʻzlarining muqaddas burchi sifatida bilgan. Ular tomonidan tayyorlangan darsliklarda oʻquvchilarga vatanning buyuk oʻgʻlonlari tarixi oʻrgatilgan.
Sovet mafkurachilari oʻzbek xalqi oʻz tarixini bilmasligi uchun millat oydinlariga doimiy ravishda ham mafkuraviy, ham jismoniy bosim oʻtkazib kelgan. Hatto 1980-yillarda ham, oʻzbek xalqi tarixini oʻrganish masalasiga eng soʻngi darajali masala sifatida qaralgan.
Misol uchun, 1984-yilda akademik B. Ribakov tahriri ostida nashr qilingan 441 sahifalik SSSR tarixi qoʻllanmasida Pyotr Iʼning Rossiya imperiyasida amalga oshirgan islohotlariga 19 sahifa ajratilgan. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston tarixi esa 1 betga juda mujmal va qisqa tarzda yozilgan.
Kommunistik partiya oʻzbek xalqi tarixini berkitish bilan birga millat tarixida oʻchmas iz qoldirgan qahramonlar nomini qoralash kampaniyasini ham olib borgan. Xususan, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Shayboniyxon, Xoʻja Ahror Valiy, Dukchi Eshon singari ajdodlarimizni tarixdan oʻchirib tashlashga harakatlar boʻlgan. Biroq fidoyi oʻzbek tarixchilari mard ota-bobolari nomini ogʻir sharoitlarda ham himoya qila oldi. Shunday jonkuyar tarixchilardan biri professor Bulat Soliyev edi.
Sovet davlati tashkil topgan 1920-yillardayoq Po‘lat (Bulat) Soliyev Turkiston tarixiga oid darslik yozish ishiga jiddiy kirishadi. Biroq bolsheviklar Po‘lat Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tomonidan tayyorlangan tarix boʻyicha darslik loyihalarini doimiy ravishda rad etib keladi. Shunday boʻlsa-da, Soliyev 1929-yilda “Oʻzbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq boʻladi. Olim mazkur asarni yaratishda oʻrta asr muarrixlarining meroslaridan unumli foydalanadi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy koʻchkiga qarshi ekanligini taʼkidlagan holda, kitobning kirish qismiga, oʻsha kunlarda sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.
Po‘lat Soliyev tomonidan 1929-yilda nashr qilingan O’zbekiston tarixi kitobi va uning kirish qismidagi Amir Temur surati
Uning mintaqa tarixiga keng va chuqur yondashish haqidagi talabi tez orada kommunist targʻibotchilarning keskin tanqidiga sabab boʻladi va ular Po‘lat Soliyevning tarixshunosligini “millatchilik va panturkistik” ruhda deya taʼriflaydi.
“Oʻzbekiston tarixi” asari oʻquvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatida qanday oʻrin tutgani va Turkistonning buyuk oʻtmishi haqida maʼlumot qimmatli maʼlumotlar berardi. Bundan sal avval, yaʼni 1927-yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va oʻqituvchi” jurnalida “Oʻzbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab boʻlgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari oʻsha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Po‘lat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar eʼlon qila boshlaydi.
Sovet olimlari 1930-yillarda Amir Temur shaxsini Karl Marksning “Temurning siyosati minglab ayollarni, bolalarni, erkaklarni, yoshlarni qiynoqqa solish, qirgʻin qilish va shu tariqa hamma joyda dahshat uygʻotish edi” degan gʻoyasi atrofida qurish kerakligini taʼkidlar edi. Po‘lat Soliyev esa oʻz ishlarida Amir Temur shaxsini zolim bosqinchi sifatida emas balki, mohir sarkarda, ajoyib davlat arbobi va diplomat sifatida koʻrsatgandi. Shu boisdan, Po‘lat Soliyevning ushbu “Oʻzbekiston tarixi” kitobi kommunistik mafkura tarafdorlari yuziga tushirilgan “shapaloq” boʻlgan desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
Po‘lat Soliyev ushbu asarni yozishda Amir Temur va temuriylar merosiga jiddiy ravishda eʼtibor qaratadi. Olim Movarounnahrning moʻgʻullar xurujidan keyingi iqtisodiy ahvoli haqida, ichki feodal urushlarining mamlakat iqtisodiyotini qay darajada tubanga tushirganligi va shunday ogʻir iqtisodiy tushkunlikda boʻlgan Turkiston oʻlkasi, Amir Temur qoʻl ostida qanday qilib dunyodagi eng qudratli davlatga aylanganini batafsil yoritadi. Tarixchi Amir Temur saltanati bu hududda shakllanishi tasodif boʻlmagani, Temuriylar saltanatining iqtisodiy-maʼnaviy asosi boʻlishi lozim boʻlgan buyuk shaharlar mintaqada avvaldan boʻlganini taʼkidlaydi.
Albatta, olimning millat tarixiga qilgan bunday xizmatlari sovet maxsus xizmatlari tomonidan jazosiz qolishi mumkin emasdi. 1936-yilda Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻrta Osiyo tarixchilari va olimlarining qurultoyida Po‘lat Soliyevga nisbatan “millatchi va panturkist” ayblovlari qoʻyiladi. Shu yildan boshlab olimning ilmiy maqolalari jurnallarda bosilishi toʻxtatiladi. Soliyevning kitob va darsliklari oliy oʻquv yurtlari kutubxonalaridan yigʻishtirib olina boshlaydi.
1937-yil olimning oʻzi ham hibsga olinadi. Oʻzbek xalqining haqiqiy va buyuk tarixini yoritishga butun hayotini bagʻishlagan olim 1937-yil 13-oktyabrda sovetlar tomonidan otib tashlanadi.
SSSRʼning Amir Temur merosiga boʻlgan mutlaqo toqatsiz siyosatiga qaramay, Po‘lat Soliyev shogirdlari Sohibqiron merosini xalqqa yetkazishda davom etadi. Shunday shogirdlardan biri oʻzbek tarixchiligi fidoiysi akademik Ibrohim Moʻminov edi.
Ibrohim Moʻminovning 1968-yilda nashr etilgan “Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli” nomli asarida Temurning qudratli davlat tuzish yoʻlidagi kurashlari va faoliyati tasvirlanadi. Ammo Moʻminovning ushbu risolasi nashr etilishi bilan olimga siyosiy bosimlar kuchayadi. Moskvadagi KPSSʼning Mafkuraviy masalar boʻyicha kotibiyati olimni badnom qilish kampaniyasini boshlab yuboradi. Turli markaziy nashrlarda Moʻminovning ilmiy faoliyati tanqid qilingan maqolalar eʼlon qilinadi. Uning oila aʼzolariga tazyiqlar uyushtiriladi. Bularning barchasi keyinchalik Ibrohim Moʻminovning sogʻligʻiga jiddiy salbiy taʼsir oʻtkazadi.