Ayollarga nega “Shaxsiy xona” kerak?


Saqlash
11:29 / 13.09.2024 465 0

Yaqinda olima Tatyana Chernigovskaya “Ayollar bir vaqtning o‘zida hamma narsaga e’tiborli bo‘la olishsa, erkaklar faqat bir narsaga diqqat qaratishadi,  shu sabab sohalarda ulardan daholar ko‘p chiqadi”, dedi. Fikriga Motsartni misol qilarkan, ushbu hol ilmiy faktlar bilan asoslanganini ta’kidlab o‘tdi.   

 

Endi tasavvur qiling, siz ayolsiz va jinsingizdan hech qachon Motsart chiqmasligiga ko‘zingiz yetadi. Yanayam chuqurroq tasavvur qiling: siz pardoz, ovqat, bolangizning maktabi, ro‘zg‘or va shu kabilarni parallel o‘ylay olasiz – lekin chuqur o‘ylolmaysiz hech qachon. Siz hech narsaga chuqur va jiddiy kirolmaysiz. O‘z-o‘zidan fikr cho‘qqilarini zabt etish istagingiz yo‘qoladi. Tabiatning o‘zi yo‘qqa chiqarib tashladi bu xohishni. Endi ham qo‘li, ham oyog‘i yo‘q odamni tasavvur qiling – siz o‘sha tug‘ma noqis holatdasiz va tabiat, jamiyat, miyangiz neyronlari belgilagan hayot bor –maishiy, kundalik turmush hayoti. Siz ham yosh bola kabi yuksak tog‘ tepasiga chiqib dunyoga qaramoqchi, o‘sha go‘zallikdan zavq, rohat olmoqchi edingiz va bu uchun hayotingizniyam berishga rozisiz. Ammo sizni kirish eshigi oldidan qaytarishdi. Chunki siz noqissiz. Qo‘lingiz, oyog‘ingiz yo‘q. Endi esa dunyoning yarmini shunday noqis holda tasavvur qiling – birdan qisingan yelkalar, abadiy ruhi tushib ketgan ko‘zlarni ko‘rasiz. Ha, abadiy! Hatto keyin ham biror orzu uchquni yolqinlanmaydi. Xuddi yosh bolaning ilk va katta orzusi barbod bo‘lgan kabi abadiy so‘nmoq…

 

Ha, dunyoning o‘sha yarmisi – ayollar. O‘sha biroz noqis bilinadigan; jiddiyroq, muhimroq ishlarga kelganda ko‘kragidan itariladigan, hatto o‘z tabiati, miyasi ham unga qarshi chiqadigan yaratiq. Mana ayol bo‘lishning mohiyati: atrof, ming yillik qoidalar, qadriyatlar, jamiyat nari tursin, hatto o‘z tabiating, miyang senga qarshi chiqadi (bu ham ayolning ming yillar davomida o‘choq egasi bo‘lib qolib ketgani bilan bog‘liq). Demak, sen o‘zing istagan yuksakdagi Fikrdan lazzat olish uchun ikki hissa ko‘proq kurashishga majbursan. Kurashish deganda hozir ko‘pchilik noto‘g‘ri talqinni “moda” qilib olgan – erkak bilan kurashish! Lekin aslo bunday emas. Bu erkak bilan yo erkaklik dunyosi bilan kurashish emas. Vulf “Erkaklar yozayotganda o‘ziga juda ishonadi, chunki u eng kamida har qanday ayol yozardan ustunman, deb o‘ylaydi va shunga suyanadi” deydi. Bu degani – erkak tabiat ham u tomonda ekanini bilib turadi. Ayol esa hatto ijtimoiy sharoitlar natijasida tabiat ato qilgan “noqislik”lari uchun ham kurashishga majbur. Tushunyapsizmi, endi ayol bo‘lish nima deganini?! Va bu hamma ayollar uchun, hamma ayollar shunday.

 

Biroq har erkak Motsart bo‘lmagani singari hamma ayol ham fikrning yuksakdagi tajassumi yoki olisdagi go‘zallikning yal-yal yonishidan bahra olishga ishtiyoqmand emas. Bu mutlaqo tabiiy, buning uchun kimdir ayblanishi yoki faxrlanishi shartmas. Lekin boshqa bir tarafi bor, inson hayotining mohiyati – o‘sha go‘zallikni anglash, rohatlanish yo yaratish deb izoh beramiz. Xalqlarning qanchalik taraqqiy etganini o‘sha oliy go‘zallikdan, Ongdan qanchalik bahramandligi bilan o‘lchaymiz. Hayotning mohiyati – oliy odam bo‘lishga intilish, deb belgilaymiz. Va bu mutlaqo tafakkur va ong ishi! Endi ayting-chi, o‘sha hayotning asl mohiyatini anglamoqqa Ayolning ham haqqi bormi? Haqqi bo‘lsa, nega u bir necha asrlar, ming yillar davomida hayotning oliy ma’nosini anglashga urinishdan, Yo‘ldan mahrum qilib kelindi, kelinmoqda? Siz buni Vulfning Shekspirning singlisi haqidagi fikrlarini o‘qish davomida yaxshiroq tushunasiz. Sharqda ahvol undan ham yomonroq bo‘lgan: Navoiyning adabiy singlisi haqida tasavvur bo‘lishi mumkinmi, albatta yo‘q. bo‘lganda ham u xon saroyida tug‘ilgan ayol bo‘lsagina o‘z qiziqishlarini namoyon qila olardi, uyam juda cheklangan tarzda.

 

Yaqinda “Shaxsiy xona” asarini o‘qigan ba’zi o‘quvchilar (afsuski, ayollarning o‘zi), ayollar erkaklar bilan kurashga kirishmoqchimi, deya izoh qoldirishdi. Yo‘q, aslo! Agar shunday tushunsak, bu asarning noto‘g‘ri talqini bo‘lardi. Ayollar ham oliy haqiqatlar uchun yashamoqchi, ular ham hayotning Oliy mohiyatidan o‘z nasibasi bo‘lishini istaydi. Fikr yo‘lida azoblanish, kuyish, yonish, oxir-oqibat qurtning g‘umbakni yorib chiqib, kapalakka evrilishi, Fikrning yuksak sathlarida qanot qoqishni istaydi. Va bularning barchasi maishiy hayotda parallel hamma narsani o‘ylab, eplaydigan ayolning emas, intellektual ayol istaklari. “Shaxsiy xona”da shu haqida hikoya qilinib, intellektual ayolga maishiy hayotda qo‘yiluvchi to‘siqlarga chuqur kirib boriladi. Ayolning intellektualga evrilishi maishiy hayotdagi ozodlik evazigaligini birma-bir tahlil qiladi.

 

Tillaniso NURYOG‘DI

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//