Yozda qor yog‘diradigan yada toshi, askarlarga yordam beruvchi jinlar – Koshg‘ariyning ajib hikoyalari


Saqlash
22:57 / 12.09.2024 1105 0

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari tilshunoslikka oid ilmiy asar bo‘lsa-da, unda bir necha sirli hodisalar, g‘aybga oid voqealar, urf-odatlar haqida so‘z borganki, ularni o‘qigan kishi shu voqealarning ba’zilarini rostdan bo‘lganmikan deya o‘ylanib qoladi. Bahonada o‘sha mavzuga daxldor boshqa kitoblarni titkilab nimadir o‘rganib oladi.

 

“Qulbaq – turklardan bir taqvodor kishi ismi, u Balasog‘un tog‘larida yashar edi. Aytishlariga ko‘ra, u qo‘li bilan katta qora toshga tӭӊri qulї  qulbaq deb yozsa, oq xat yozilar, agar oq toshga yozsa, qora xat paydo bo‘lar edi. Uning izlari haligacha ham turibdi deydilar” (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk, uch jildlik, I jild. Toshkent. “Fan”, 1960, 440-bet).

 

“Qumlaq – qipchoq yerlarida o‘sadigan pechakka o‘xshagan bir o‘t. Uni asalga aralashtirib, ichimlik qilinadi. U kemaga tushib qolsa, dengiz to‘lqinlanadi va kema chayqalib, undagi odamlar g‘arq bo‘layozadilar” (shu sahifaning quyirog‘ida).

 

Bir sahifada kelgan fazilatli inson va g‘ayritabiiy o‘simlik haqidagi ikki bayonning birinchisi iymonli odamlar nazdida ayni haqiqat. Negaki, taqvosi sabab u odam shu darajaga erishgan degan fikr uning haq gap ekaniga asos bo‘ladi. Ikkinchisi esa, mantiqdan juda ham yiroq. Axir, kemaning bir burchida yotgan bir parcha o‘t qanday qilib dengizni to‘lqinlantirib yuborishi mumkin. Bunga ham ishonish iymon bilan bog‘liq – Yaratgan nimani amr etsa, o‘sha bo‘ladi.

 

Darvoqe, qipchoq yerlari qayerda bo‘lgan?

 

“Qїfchaq – Qashqar yaqinidagi bir joy nomi”, deydi Koshg‘ariy” (shu sahifada).

 

“Buquq – buqoq tomoqning ikki tarafi teri bilan go‘sht orasida paydo bo‘ladigan yelim, go‘sht kasali. Farg‘ona bilan Shikni shaharlarida bir qancha odamlar bu dardga yo‘liqqanlar, bu dard doim ularning bolalariga ham o‘tadi. Ba’zilariniki ko‘kragini ko‘rolmas darajada katta bo‘ladi. Men ulardan bu kasal sirini so‘raganimda shunday javob bergan edilar: “Bobolarimiz g‘oyat baland tovushli kofirlar ekan. Sahobalar bilan jang qildilar. Otalarimiz ularga kuch bilan bostirib boribdilar, baqiribdilar, chaqiribdilar. Musulmonlar ularning tovushlaridan hayajonga tushibdilar. Bu voqea hazrati Umarga eshitildi. Hazrati Umar ularni qarg‘adi. Natijada ularning bo‘g‘izlarida shu dard paydo bo‘ldi. Ularga meros bo‘lib qoldi. Hozir ular orasida biror baland ovozlik kishi topilmaydi” (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk, uch jildlik, II jild. Toshkent. “Fan”, 1961, 330-bet).

 

Bu misolda buqoq kasali ajablanarli emas, ajablanarlisi, ikki shahar aholisi orasida ko‘plab odamlarning bu kasalga chalingani va buqog‘ining behad kattaligi hamda uning qarg‘ish natijasi ekanidir.

 

Shikni shahri hozir nima deb atalishni aniqlay olmadik. Umar roziyallohu anhuning VII asrda yashagani va Mahmud Koshg‘ariyning XI asrda yashab o‘sha dardmandlarni uchratganidan xulosa qilinsa hamda qarg‘ishning yetti avlodga urishi e’tiborga olinsa, bu avlod o‘sha kezlarda otalaridan meros bo‘lib qolgan og‘ir dardni chekayotgan bo‘lgan va avlodlar almashinuvi bilan dard chekinib unut bo‘lib ketgan. Qolaversa, Lev Nikolayevich Gumilevning “Qadimgi turklar” asarida yozilishicha, o‘sha davrlarda Farg‘ona vodiysida xitoyliklar, tibetliklar, uyg‘urlar, arablarning manfaati to‘qnashgan. Vodiy aholisi arablarga qarshi kurashishda Xitoy imperiyasidan yordam so‘ragan vaqtlar ham bo‘lgan. Shunday kezlarda qaysidir qabila qarg‘ish olgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

 

“Jat – yomg‘ir, shamol va boshqalarni talab qilish uchun maxsus toshlar (yada toshi) bilan fol ochish odatidir. Bu odat ular orasida keng tarqalgandir. Men buni yag‘molar shahrida o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U yerda paydo bo‘lgan bir yong‘inni so‘ndirish uchun shunday fol qilingan edi, Xudoning amri bilan yozda qor yog‘di. Ko‘z oldimda yong‘inni so‘ndirdi” (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk, uch jildlik, III jild. Toshkent. “Fan”, 1963, 8-bet).

 

Yada toshi haqida Sohibqiron bobomizga oid tarixda ham so‘z borgan: 1364-yilning bahorida Jeta xoni Ilyosxo‘ja Movarounnahrga katta qo‘shin bilan yurish qiladi. Shunda Amir Temur va amir Husayn Chirchiq daryosi bo‘yida unga qarshi lashkar to‘playdi. Ikki taraf lashkarlari qarama-qarshi saf tortadi. Amir Temur va amir Husaynning birlashgan qo‘shini son jihatdan dushman lashkaridan ancha ko‘p edi. Shunda Ilyosxo‘ja lashkarida olib yurgan yadachi yada toshi yordamida kuchli jala yog‘diradi. Natijada jang maydoni balchiqqa aylanib, Amir Temur va amir Husayn qo‘shinining kiyim-kechak, qurol-yarog‘i shu darajada namiqib ketadiki, otliqning ham, piyodaning ham qimirlashga majoli yetmaydi. Ilyosxo‘ja lashkari esa kigiz yopinib, yomg‘irdan pana bo‘ladi. 10 mingdan ortiq askaridan ayrilgan Amir Temur va amir Husayn Kesh tomon chekinadi. Tarixga “Loy jangi” nomi bilan kirgan ushbu jangda Jeta xonining yada toshidan foydalangani Nizomuddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy asarlarida qayd etilgan.

 

Yada toshi badiiy adabiyotda ham tasvir vositasi sifatida iste’foda etilgan. Chunonchi, hazrat Navoiy bir g‘azalida 

 

Yada toshiga qon yetgach, yog‘in yoqqandin ey, soqiy,

Yog‘ar yomg‘urdek ashkim chun bo‘lur la’ling sharob olud,

 

deb yozgan (20 jildlik. Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1998, 113-bet).

 

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi aytilishicha: Yada toshi, yada, jada, sangi jadi, xajar ul-mutur (forscha “jodu”dan olingan) – rivoyatlarga ko‘ra, qadimda turkiy xalqlarda maxsus tosh yordamida tegishli afsun-duo o‘qish yo‘li bilan qor, yomg‘ir, shamol, bo‘ron chaqirish yoki ularni to‘xtatish udumi. Y.N.Gumilyovning yozishicha, yada toshi XX asrgacha amaliyotda bo‘lib kelgan. Sigir, ot yoki to‘ng‘iz oshqozonidan chiqqan tosh ustida o‘qilgan duo yordamida yomg‘ir chaqirilgan. Yadatoshi haqidagi dastlabki ma’lumotlar Xitoy manbalarida (Tan shu) qayd etilgan. Turkiy xalqlarga oid o‘rta asr tarixiy manbalarida dushmanga qarshi kurashda yada toshidan unumli foydalanilgani haqida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi (q. Jangiloy). S.Y.Mishgang fikricha, yada toshi bilan bog‘liq marosimlar yaqin vaqtlargacha nafaqat oltoyliklar, tuvalar, balki boshqa turkiy xalqlar tomonidan ham o‘tkazilib kelingan (yana q. Susxotin). (10-jild. Toshkent. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2005, 355-bet).

 

Milliy qomusimizda qayd etilganidek, turkiylarda qurg‘oqchilik yillari yomg‘ir chaqirish marosimi o‘tkazilib, “So‘z xotin”, “Sut xotin”, “Suv xotin” kabi mavsum-marosim qo‘shiqlari aytilgan. Lekin yada toshi yordamida yozda qor yog‘dirish juda ham g‘aroyib ish.

 

Bundan ham g‘aroyibrog‘i jinlar haqidagisidir. “Chїwї – bir toifa jinlar nomi. Bu shundayki, ikki guruh turklar bir-birlari bilan urushganda, urushdan oldingi har qaysi guruh yurtida yashovchi jinlar o‘z yurtlaridagi odamlarga ergashib, bir-birlari bilan jang qiladilar. Qaysi yurt jinlari yengsa, ertasiga o‘sha yurt shohi ham g‘alaba qilgan bo‘ladi. Qaysi yurt jinlari yengilsa, u yurtdagi shoh ham yengilgan hisoblanadi. Jang qiluvchi guruhlar askarlariga jinlar o‘qlari tegishidan qo‘rqib, chodirlariga kirib yashirinadilar. Bu turklar orasida tarqalgan urf-odatdir” (Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk, uch jildlik, III jild. Toshkent. “Fan”, 1963, 245-bet).

 

Mo‘tabar manbalarda jinlarning ko‘plab toifalarga bo‘linishi aytilarkan, ulardan “...g‘ul, ifrit, silot toifalari mashhur” deyilgan (Islom ensiklopediyasi. Toshkent, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003, 82-bet).

 

Modomiki, ana shu sanab o‘tilgan uch toifa mashhurlari ekan, mashhur bo‘lmaganlari sirasida jinlarning chїwї degan toifasi ham bordir, kim biladi. Har holda Koshg‘ariy buyuk olim bo‘lgan…

 

“...Yaboqular yetti yuz ming askar bilan qirq ming askarga ega bo‘lgan Arslon Tegin G‘oziyga qarshi qilgan jangda Xudo ularni mag‘lubiyatga uchratdi. Mahmud Koshg‘ariy aytadi: men bu jangda ishtirok etganlardan: kofirlar shuncha ko‘p bo‘lgani holda nega yengildi? – deb so‘radim; urushda kofirlar shuncha ko‘p bo‘lgani holda nega qochishdi? – dedim. U aytdi: biz ham bunga hayron qoldik-da, kofirlardan so‘radik, ularga shunchalik ko‘pchilik bo‘la turib, qanday qilib yengildingizlar, dedik. Ular aytdilar: jang nog‘orasi chalinib, hamla boshlangach, boshlarimiz tepasida osmonni to‘sib turgan yashil tog‘ ko‘rdik. Uning sanoqsiz eshiklari bor edi, har bir eshik ochiq edi. U yerdan bizga do‘zax o‘tlarini yog‘dirishar edi. Biz bunday xavfda qoldik, sizlar yengdingizlar. Bu payg‘ambarning musulmonlar himoyasi yo‘lidagi mo‘jizalaridandir, dedim” (o‘sha manba, 247-bet).

 

Arslonxon haqida ikkita manba mavjud: birinchisi, Arslonxon deganda qadimgi turkiylarda mavjud bo‘lgan bug‘roxondan balandroq unvon tushuniladi. Bug‘roxon deganda esa muayyan hududda xoqon nomidan hukm yurituvchi xon nazarda tutiladi;

 

Keyingisi, “Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (to‘liq ismi Muhammad ibn Sulaymon ibn Dovud Kuchtegin ibn Tamg‘achxon Ibrohim) (?–1130/1131) – Movarounnahr hukmdori (1102–1130). Qoraxoniylardan. Barqiyoruq vassali Sulaymonteginning o‘g‘li. 1102-yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolgani tufayli taxtni o‘g‘illari – dastlab Nasr, so‘ng Ahmad bilan boshqargan. Samarqand saljuqiylar tomonidan egallangach (1130-y. 13 mart), A.M.S. Balxga jo‘natilgan va o‘sha yerda ko‘p o‘tmay vafot etgan. U Marvdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon davrida madaniy hayot birmuncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab binolar qurilgan. Masalan, Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan” (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, I jild, Toshkent, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000, 425-bet).

 

Mazkur urush bo‘lib o‘tgan kezlarda Mahmud Koshg‘ariy yigit yoshida ekanini hisobga olsak, aynan ana shu Arslonxon nazarda tutilgani ayon bo‘ladi. Buni uning bir necha bor Dashti Qipchoqqa yurish qilgani ham tasdiqlaydi. Shuningdek, g‘oziylar dushman bilan yuzlashgan choqda ularga g‘aybdan yordam kelgani boshqa manbalarda ham uchraydi. Jumladan, “Manqabaviy rivoyatda keltirilishicha, Fotih Sulton Muhammad (1451–1481) dushman qo‘shini bilan urushayotganda, oq ot mingan Xoja Ahror jang maydonida paydo bo‘lib, usmonli lashkariga yordam qo‘lini cho‘zib, ularning g‘alaba qozonishlariga muhim hissa qo‘shgan ekan, shundan keyin g‘olib Fotih Sulton Xoja Ahrorga hadya sifatida pul yuboribdi. Xoja Ahror bu pulni Qarshi ko‘prigini qurishga sarflaganlar” (Sayfiddin Sayfulloh. Buyuklar halqasi. Toshkent, “Noshirlik yog‘dusi” nashriyoti, 2011, 76-bet).

 

“Devonu lug‘otit turk”da bizni hayratlantirgan voqealar ana shular edi. Ishonchimiz komilki, bu muhtasham asarni yozgan buyuk olim Mahmud Koshg‘ariy nimani bitgan bo‘lsa, har birining ilmiy asosi bor. Lekin olim o‘sha kezlarda bu hodisalarni batafsil izoh berib o‘tishni lozim topmagan. Chunki avlodlar kelajakda faqat mening kitobimni o‘qish bilan kifoyalanib qolmasdan yozganlarim sabab bo‘lib boshqa manbalarni ham qidirsin, izlansin, ilmini ziyoda qilsin, degan bo‘lsa kerak-da. Siz nima deysiz?

 

                                                                                 Damin JUMAQUL

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 291
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//