Turkiyaga 100 million rubl yordam ajratgan Buxoro, xorijdagi talabalarni qo‘llamagan Xorazm – yuz yil oldingi Turkiston


Saqlash
15:17 / 11.09.2024 933 0

Xorazm va Buxoro taraqqiyparvarlarining maorifni isloh qilish uchun boshlagan harakatlari demokratik tartibdagi respublika tuzumini o‘rnatish bilan nihoyasiga yetdi. Ayniqsa, Yosh Buxoroliklar hukumatda o‘z faoliyatlarini boshlagan ilk kunlaridan Ozarboyjon, Afg‘oniston, Turkiya davlatlari bilan nafaqat iqtisodiy, balki, ilmiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kirishdilar. Yosh xivaliklarda esa bu jarayon sal boshqacha kechdi.

 

1920-yil avgustda Bobooxun Salimov boshchiligidagi Xorazm Xalq Sovet Respublikasi muxtor hay’ati RSFSR bilan har tomonlama shartnomalar imzolash uchun Moskvaga borgan. Muxtor hay’at Moskva safaridan qaytishda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati rahbarlari bilan uchrashgan. Bobooxun Salimov o‘z esdaliklarida yozishicha, ular Kogon temir yo‘l bekatiga kelib tushganlarida “Buxoroning muvaqqat raisi, jumhuriyat xorijiya noziri Fayzulla Xo‘jayev tarafidan kishilar kelib, bizlarni faytunga mindirib, Buxoro shahridagi Xorijiya noziriga olib bordilar. Unda borib, birodar Fayzullo Xo‘jayevni ko‘rib, Buxoro inqilobini tabrik qildik”, deb yozadi. Fayzulla Xo‘jayevning iltimosiga ko‘ra, Xorazm muxtor hay’ati 1920-yil 6–8-oktyabr kunlari Buxoroda o‘tkazilgan Buxoro Xalq vakillarining I qurultoyida ishtirok etadilar. Bobooxun Salimov XXSR Nozirlar kengashi raisi Polvonniyozhoji Yusupovning Fayzulla Xo‘jayevning mustaqil davlat tuzgani va qurultoy ishi yakunlariga muvaffaqiyat tilab yozgan tabrik telegrammasini topshiradi.

 

Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tashkil topgach, o‘z faoliyatini boshlagan hukumatning rasmiy organi “Inqilob shu’lasi” (1920), “Xorazm xabarlari” (1921) sahifalarida, Turkistondagi davriy nashrlarda, xorijiy gazeta va jurnallarda Sharq mamlakatlari bilan ilmiy, ma’rifiy va madaniy aloqalariga oid ma’lumotlar deyarli uchramaydi. Shuningdek, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi hukumati tomonidan Ozarboyjon, Turkiya va boshqa Sharq mamlakatlariga o‘qish uchun talabalar yuborilmaganligi ilmiy tadqiqotlar orqali oydinlashadi. Faqatgina 1922-1923-yillari Germaniyaga Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan 5 nafar talaba borgan bo‘lib, tarixchi olim A.Yo‘ldoshev o‘z tadqiqotlarida ularning ikki nafari haqida ma’lumot berib o‘tgan. Uning yozishicha, Germaniyaga borgan ikki talabaning biri o‘z hisobidan, ikkinchisi esa BXSR yordami bilan o‘qigan. Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan Germaniyaga o‘qishga borgan yoshlardan biri Maryamxon Sultonmurodova bo‘lib, unga hukumat tomonidan moddiy yordam berilmagan. Bu haqda o‘sha vaqtda Germaniyada tahsil olayotgan Sattor Jabborning: “Oramizda Maryamxon, Xayriniso, Saodatxon otliq o‘qish uchun mamlakatimizdagi to‘siqlarga qarshi Ovrupoga otilgan fidokor qizlarimiz ham bor. Ularning o‘qishlari yaxshi. Biroq, xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi ta’min qilinmagani uchun yo‘llarida ko‘p chatoqliklar ko‘radir. Chindan hayot xotini bo‘lmoq va Turkistonda qolgan opa-singillarining istiqboli uchun hech kim ko‘rsatmas qahramonlik qilib kelgan qiymatlik qizimizga Xorazm Jumhuriyatining shunday sovuqqonlik bilan qarashiga Turkiston yoshligi taassuf aytmay tura olmaydir”, deb yozgan ma’lumotlari orqali bilib olish mumkin. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi iste’dodli yoshlarni xorijga o‘qishga yuborishni davlat siyosati darajasida hal qilmagan.

 

1920-yili Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, hukumat rahbarlari turk zobitlarini mudofaa ishlari va harbiy ta’lim sohalariga jalb qilganlar. Turk zobiti Ali Rizobeyga Buxoro hukumati harbiy vazirining o‘rinbosari vazifasi yuklatilgan. U Buxoro hukumatida harbiy sohadagi ishlarni tashkil qilish bilan bir paytda Ahmad Zaki Validiyning ko‘magi ostida Sibirda surgunda bo‘lgan turk zobitlarini asirlikdan qutqarishga harakat qilgan. Jami 985 nafar turk harbiy asirlarini ozod etishda jonbozlik ko‘rsatib, 1921-yili o‘zi bilan Samaraga 237 nafarini olib kelganini, ularning 80 nafarini Bokuga, qolganini Toshkentga yuborganini ta’kidlaydi.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topganidan 4 oy o‘tar-o‘tmas (1920-yilning qishida) Mustafo Kamol Otaturk o‘z vakillarini Buxoro shahriga yuborgan va Turkiya elchixonasi ochilgan. Unga G‘olib posho rais, taniqli turk yozuvchisi Rushan Ashraf esa birinchi kotib lavozimida faoliyat olib borgan. Oradan bir yil o‘tib, 1921-yil yanvar oyida ikkinchi bor Turkiya vakillari Buxoroga tashrif buyurgan va BXSR rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev, Abdulqodir Muhiddinov, RSFSRning Buxorodagi vakili Hakimovlar tomonidan qabul qilingan.

 

Bu vaqtda Turkiya davlati oldida milliy birlikni saqlab qolish vazifasi turar va mamlakat mustaqilligini saqlab qolish uchun kurashlar davom etayotgan edi. Turkiya ozodlik kurashi voqealari BXSR aholisi va hukumatining diqqat markazida bo‘lib, Mustafo Kamol Otaturk shaxsiyati va faoliyati, turk-yunon urushi hamda unda turklarning ko‘rsatgan jasoratlari haqida hukumatning rasmiy organi “Buxoro axbori” hamda “Ozod Buxoro” gazetalarida muntazam maqolalar berib borilgan.

 

Turk-yunon urushida Turkiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buxoro Xalq Respublikasi parlamenti Moskvaga olib ketilgan amir xazinasining bir qismini Anqara hukumatiga yordam tariqasida yuborishga oid qaror qabul qilgan. Buxoro Respublikasida Abdulqodir Muhiddinovdan so‘ng jumhurraislikka tayinlangan Usmon Xo‘ja o‘g‘lining xotirlashicha, u Fayzulla Xo‘jayev bilan birga Moskvada Lenin bilan uchrashib, Turkiyaga yordam masalasi ustida ham to‘xtalib o‘tganlar. Lenin bilan kelishib olingach, Buxoroga qaytib, parlament raisi Abdulqodir Muhiddinovga uchraydilar hamda Turkiyaga yordam masalasida majlis chaqiradilar. Usmon Xo‘ja yig‘ilganlarga turklar og‘ir ahvolda ekani, yunonlar tomonidan tazyiq ostiga olinganini aytib, ularga yordam berish kerakligini tushuntiradi. O‘sha paytda Buxoro parlamenti turklarga yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlaydi. Faqatgina Buxoro Kommunistik partiyasi raisi Najib Husayn o‘g‘li yordam masalasiga qarshi chiqqan. Ammo ko‘pchilik ovoz bilan Turkiyaga yuz million rubllik oltin yordam berishga qaror qilinadi. Ammo Lenin boshchiligidagi hukumat 100 million rublning faqat 11 millionini Turkiyaga yuborgan, xolos.

 

1922-yil 12-oktyabrda BXSR MIQ qarori bilan Masjidi kalonda Buxoro maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov boshchiligida islom ruhoniylari va talabalar ishtirokida miting o‘tkaziladi. Unda BXSR Nozirlar Sovetining muvaqqat raisi Otaulla Xo‘jayev, Markaziy Ijroiya Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muinjon Aminov, RSFSRning Buxorodagi muxtor vakili Fonshteyn ishtirok etadilar. Miting ishtirokchilari nomidan turklarning yunonlar ustidan g‘alabasi sharafiga Turkiya Milliy majlisi raisi Mustafo Kamol nomiga tabrik telegrammasi yuborilgan.

 

BXSR hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayev Turkiya bilan munosabatlarda ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratgan. 1921-1922-yillari BXSR zamonaviy oliy ma’lumotli mutaxassislarga ega bo‘lish maqsadida bir guruh yoshlarni Turkiya va boshqa xorij mamlakatlariga o‘qishga yuboradi. O‘quvchi yoshlarni tanlash va xorijga jo‘natishda Abdurauf Fitrat, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Abduvohid Burhonov kabilar mutasaddilik qilishgan. Xorijda o‘qitish uchun talabalarni tanlash murakkabliklar keltirib chiqarar, badavlat kishilar o‘z farzandlarini chet elga hamma vaqt ham yubormasdi. Buxoro hukumati dastlab o‘g‘il bolalar uchun ochilgan dorilaytom (yetimxona)lardan iqtidorli yoshlarni tanlab, Turkiyaga yuboradilar.

 

1922-yil 2-yanvarda Buxoro Xalq maorifi nazorati tomonidan 25 nafar buxorolik va Turkiston ASSRda yashovchi yoshlar oliy ta’lim olish uchun Turkiyaga jo‘natilgan bo‘lib, ularni oliy o‘quv yurtlariga joylashtirish, moddiy va ma’naviy ta’minotini ta’minlash maqsadida Xalq maorif nazoratining noziri o‘rinbosari Ismoil Sadr yuborilgan.

 

1922-yili Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Turkiyadagi talabalar ro‘yxatida 19 ta o‘quvchining ism-sharifi, yoshi, millati, oilaviy ahvoli, manzili qayd qilingan. Buxorodan Turkiyaga yuborilgan yoshlarning eng kichigi 10 yoshda, eng kattasi 24 yoshda bo‘lgan.

 

1922-yilning mart oyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi rahbarlaridan Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan Mahmud Nazar hamda Mahmud Rajab boshchiligidagi Buxoro vakillari Mustafo Kamol posho hukumatini rasmiy suratda tanish va o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatish maqsadida Anqaraga jo‘natilgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi elchilarini Anqara muvaqqat hukumati tashqi ishlar nozirining muovini Ziyodbek hamda xorijiy ishlar vakili Yusuf Kamolbeylar rasmiy kutib oladilar. Mustafo Kamol Buxoro elchilari bilan uchrashib, diplomatik, madaniy, savdo-sotiq munosabatlari o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Uchrashuv so‘nggida Buxoro hay’ati vakillari hurmat va ehtirom ramzi sifatida Mustafo Kamolga oltin dastali qilich, Amir Temur davrida ko‘chirilgan Qur’oni karimning nodir nusxasi, buxorocha sarpo, shuningdek, turk zobitlari va askarlariga Buxoro registoni tasviri tushirilgan nishonlar taqdim etganlar. O‘z navbatida Mustafo Kamol ham elchilarga qimmatbaho sovg‘alar beradi. Turkiya davlat rahbari va Buxoro elchilari orasidagi bu muzokaralar 1920–1923-yillari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qilgan.

 

1922-yil oxiriga kelib, sovet hukumati Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatidan Turkiyada tahsil olayotgan yoshlarni zudlik bilan chaqirib olishga buyruq beradi. Qaytganlarga “vatan xoini”, “josus” tamg‘alari yopishtirilib, qatag‘onga uchraydi. Natijada ular o‘z yurtlarini tashlab Afg‘oniston hududiga o‘tib ketishga, xorijda yurganlari esa yurtiga qaytmaslikka majbur bo‘ladi.

 

1923-yilga kelib, Buxoro hukumati rahbarlarining ko‘pchiligi iste’foga chiqib, muhojirlikka ketishga majbur bo‘lgan. Jumladan, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatida dastlab moliya noziri, keyin esa Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining birinchi raisi lavozimida ishlagan Usmon Xo‘ja Turkiya hukumatiga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan. U 1923-yil sentyabrda Istanbulga kelgan va Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk tomonidan davlat rahbarlariga ko‘rsatiladigan oliy maqomda kutib olingan. Mustafo Kamol Usmonxo‘jaga Turkiya Resublikasi hukumatida mas’ul vazifada ishlashni taklif qiladi, ammo Usmon Xo‘ja bundan keyin siyosiy ishlarga aralashmasligi, Turkiston madaniyati masalalari bilan shug‘ullanish maqsadi borligini aytadi. Mustafo Kamol Usmon Хo‘jaga ma’naviy va moddiy madad berishini aytib, unga Turkiya davlati miqyosida nafaqa belgilaydi. Ushbu nafaqani Usmon Хo‘ja umrining oxirigacha, vafotidan so‘ng esa xotini oladigan bo‘ladi.

 

1924-yil noyabrda sovet Rossiyasi tomonidan Turkiston hududidagi uchta respublika Turkiston ASSR, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tugatiladi. 20-yuzyillikning 30-yillariga kelib, sovet hukumati talabi bilan Afg‘onistondagi o‘zbek ziyolilariga nisbatan jabr-zulm o‘tkaziladi. Bundan xabar topgan Mustafo Kamol Otaturk Turkiyadagi afg‘on elchisi Fayz Muhammadxonni huzuriga chorlab: “Agar mamlakatingizda Turkiston musulmonlari uchun joy bo‘lmasa, bizga topshiring”, deb aytadi. Natijada ko‘plab o‘zbeklar Turkiyaga ko‘chib o‘tadi va Mustafo Kamol tomonidan ularga arzon narxlarda mol-mulk, yer va chorva mollari berish to‘g‘risida qaror chiqariladi.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati Afg‘oniston bilan ham diplomatik munosabatlar o‘rnatishga kirishgan. 1920-yil 20-sentyabrda BXSR hukumati Afg‘oniston amiriga maxsus xat jo‘natib, ikki davlat o‘rtasida elchilik almashinuvini yo‘lga qo‘yishni so‘raydi. Bunga javoban Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Mahmudbek Tarziy bu munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Buxoro hukumati tomonidan Afg‘onistonga Abdurahim Yusufzoda, keyinroq Hoshim Shoyiq Yoqubovlar elchi qilib tayinlangan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sovet hokimiyatining tazyiqi ostida bir qator qiyinchiliklarga duch kelsa-da, har ikkala tomon ham do‘stona munosabatlarni saqlab qolishga harakat qilgan.

 

1922-yil 8-apreldan Buxoroning Afg‘onistondagi elchisi bo‘lgan Hoshim Shoyiq Afg‘onistonda muhojirlikda bo‘lgan siyosiy arboblar Amir Olimxon, Usmon Xo‘ja va Abdulhamid Oripovlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Hoshim Shoyiq BXSR elchixonasi mustaqil faoliyat olib borishga harakat qilgan va Kobuldagi Rossiya elchilari Raskolnikov va Surisga bo‘ysunmagan. Ammo 1923-yili sovet hokimiyati talabi bilan BXSRning Afg‘onistondagi elchixonasi faoliyati tugatilgan. Fayzulla Xo‘jayev elchixonaning yopilishi haqida: “Biz Buxoro Xalq Respublikasida afg‘on vakolatxonasining tugatilishiga rozi bo‘lib, katta xatoga yo‘l qo‘ydik. Afg‘on vakolatxonasini saqlab qolishgina emas, balki boshqa mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmog‘imiz kerak edi”, deb afsuslangan.

 

Hoshim Shoyiq Kobuldagi Buxoro elchixonasi yopilgach, yurtiga qaytmagan. Afg‘oniston maorif nozirligida o‘z faoliyatini davom ettirib, maktablar uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar yozgan.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati qardosh Ozarboyjon Respublikasi bilan ham ilmiy, madaniy va diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan edi. 1921-yil oktyabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Tashqi ishlar noziri Fayzulla Xo‘jayev Ozarboyjon Respublikasi Tashqi ishlar nozirligiga ikki davlat o‘rtasida vakillar almashinuvini amalga oshirishni so‘rab yozgan telegramiga Ozarboyjon tashqi ishlar noziri Husaynov: “Ozarboyjon Jumhuriyati bilan birodarlik robitasini ko‘rmak orzu-izhoringizga hukumatim nomidan arz qiladirmanki, tarafingizdan yuborilaturg‘on namoyandangizni sabrsizlik bilan kutamiz. Uning uchun shahrimizning markazida xususiy joy tayyorlanadur. Sizning jumhuriyatingizda bizning namoyandamizni bo‘lishi to‘g‘risinda bo‘lsa, hech ikkilanmasdan tarafimizdan bir kishi tayin qilinib sizga yuboriladur”, deb javob bergan. Natijada Ozarboyjon poytaxti Bokuda Mahmud Said Ahroriy Buxoro Xalq Sovet Respublikasi vakolatxonasini boshqargan, Eski Buxoro shahrida esa Ali Rizo Narimonov Ozarboyjon Respublikasi elchisi sifatida faoliyatini boshlagan.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati iqtidorli yoshlarni Turkiyaga Ozarboyjon orqali yuborgan. Shuningdek, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi vakolatxonasi yordamida Bokuda ham talabalar oliy ta’lim olganlar. Bu haqda “Buxoro axbori” gazetasida: “Maorif nazorati tarafindan namoyandamiz Muhiddin Rafiq ila Boku maktablarida ilmi tahsil qilmak uchun Buxorodan 5 nafar talaba yuborilib, u talabalarimizning tarbiyalari Boku namoyandamiz huzurida bo‘lg‘usidir”, deb yozilgan. Bundan tashqari, Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Ozarboyjondagi vakolatxonasi Buxoroda teatr va musiqa san’ati, maorif sohalarini rivojlantirish maqsadida ozarboyjonlik malakali mutaxassislarni yuborish choralarini ham ko‘rgan.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati davrida Buxoro jadidlari tatar ziyolilari bilan ham hamkorlikni davom ettirganlar. Ayniqsa, maorif sohasini rivojlantirish ishlarida tatar mutaxassislari tajribasidan keng foydalanilgan. Maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov (1920–1922) turkiy xalq vakillaridan (tatar, boshqird, ozarboyjon, turk) savodli, malakaviy tajribaga ega, ijodiy qobiliyatli shaxslarni o‘zi rahbarlik qilayotgan nozirlikda ishlash uchun taklif qilgan. Qozon ma’rifiy va adabiy muhitida voyaga yetgan, tatar millatiga mansub Mahmud Suboh Buxoro Respublikasi hukumatining dastlabki yillarida maorif nozirligi umumiy ishlar bo‘limi mudiri lavozimiga taklif etilgan va samarali xizmat qilgan. U 1921–1923-yillari “Buxoro axbori” gazetasida ma’rifiy-ilmiy yo‘nalishdagi bir qator maqolalari va hikoyalari bilan ham ishtirok etgan.

 

Mahmud Suboh malakali kadrlar tayyorlash uchun hamma yoshlarni xorijda o‘qitib bo‘lmasligini ta’kidlab, Buxorodagi o‘quv muassasalarini zamon talablariga moslashtirish masalasini hal qilishni kun tartibiga qo‘ygan. Maktablarni ta’mirlash bilan bog‘liq ishlardagi mas’uliyatsizliklar, o‘quv kurslaridagi yuzakilik hamda soxtakorliklar, mutaxassislarning tajribasizligi masalalarini keskin tanqid qilgan va: “Qat’iy tartib va intizomsiz hukumatgina, maktabgina emas, bir oila ham yashay olmaydur. Eshkak tutmoqni bilmagan ma’murlar hukumat qayiqlariga o‘ltirmaganlari ma’qul”, deb ko‘rsatma bergan.

 

1921-yili Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati tomonidan o‘zbek tilini davlat tili sifatida qo‘llash to‘g‘risida maxsus qonun qabul qilingan va unga ko‘ra hukumat idoralarida kim o‘zbek tilida ish tutmasa, jarimaga tortilishi belgilangan. Ammo qonun qabul qilinganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hukumat idoralaridagi hujjatlarning yarmi rus tilida yuritilayotganiga Mahmud Suboh jim qarab tura olmagan. O‘zining “Til masalasi” maqolasida til sofligini saqlash to‘g‘risida fikr-mulohazalarini taqdim qilib, “Hukumat tili shu hukumatning xo‘jasi bo‘lg‘on xalqning ona tilidur. Shu til bilan uning adabiyoti negizlangan, qalbining teran yerindan o‘rin topg‘ondur”, deb ta’riflagan.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasida teatr ishlarini rivojlantirish ishlarida ham tatar ziyolilari ishtirok etgan. Tatar ziyolisi Basir No‘g‘ayev respublika teatrlarining bosh rejissyori qilib tayinlangan. Unga teatr sohasidagi muammolarni bartaraf etish, sifatli sahna asarlari yaratish ishlarini boshqarish vazifasi yuklatilgan.

 

Xulosa qilib aytganda, Xiva jadidlaridan farqli ravishda Buxoro jadidlari respublika davrida (1920–1924) ham tatar, ozarboyjon, afg‘on va turk taraqqiyparvarlari bilan ilmiy, ma’rifiy, madaniy aloqalarni davom ettiradilar. Iste’dodli yoshlarni o‘qitish masalasida turk va ozarboyjon taraqqiyparvarlari Buxoro hukumatini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, tatar ziyolilari hukumatning ichki ishlarida Buxoro taraqqiyparvarlariga ko‘maklashganlar.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari doktori,

FA Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//