Ishq savdosi sabab dinidan yuz o‘girgan Shayx San’on


Saqlash
16:35 / 10.09.2024 849 0

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni balo dashti ichra tanho parvoz qilgan Qaqnusning vidolashuv nolasi. “Lison ut-tayr” – butun bashar istig‘forini aytib o‘tgan umrning xulosasi. Kitob ustiga muk tushganda, chindan ham “Inson – koinotning gultoji” deb tasanno o‘qiysiz. Lekin hayot kaftida turib “sayrash”ga to‘g‘ri kelganda Darvin nazariyasi ham hayf degan shakkokona o‘ylarga borasiz. Nega deganda, kitob o‘qiganda san’onlarga hamdard bo‘lamiz-u, ammo hayotda Shayxni masxaralagan butparast kofirga aylanib qolamiz.

 

Tasavvufshunoslig-u navoiyshunoslik ilmidan ancha yiroqman. Oddiy o‘quvchi sifatida ko‘nglimda uyg‘ongan o‘ylarni bayon etayotirmanki, xato qilsam ma’zur tutgaysiz.

 

Shayx San’on qismati Navoiyga qadar ham, undan keyin ham ko‘plarni o‘ylatgan. O‘ylatishga o‘ylatgan-u, lekin uning haqiqatiga kimlar yeta olgan – yolg‘iz O‘ziga ayon.

 

Shayx San’on – shayxlar peshvosi! Har biri Boyazid Bistomiy darajasidagi to‘rt yuz muridga ega shayxul mashoyix. Taqvoda u zot bilan tenglasha oladigan mardum topilmas. Izdihom uning bir og‘iz so‘ziga ilhaq. Ne tongki, uning boshiga savdo tushmish. Rasvoyi jahon etishga qodir ishq savdosi. Bu dard uni ne ko‘ylarga solmadi. Bir umrlik ilm-u amalini habada etib, din-u iymoniga o‘t qo‘ydi. Zunnor bog‘ladi, cho‘chqa boqdi, otashgoh o‘tining parvonasi bo‘ldi, Kalomullohni o‘tga tashladi… Mo‘min uchun neki noravo bo‘lsa barini qildi. Xo‘sh, Navoiy uning holidan bayon etmoqdan neni ko‘zlagan edi?

 

Botiniy bilimga yetishmoqning eng ishonchli yo‘li – Ishq yo‘lidir. Faqat ishq takabbur MENni sindirib, xokiturob aylaydi. Ichdagi devorlarni, to‘siqlarni qulatadi. Va faqat ishq bani odamni maloikalar sajda qiladigan maqomga ko‘taradi.

 

Shayx cho‘chqaboqarlik qildi. Zero, har bir inson ichida cho‘chqa – tuban hayvon bor. U o‘zidagi “tuban”ni tanib-bilib oldi. Inson gunohni taniy boshlagan ondan esa undan xalos bo‘lishga chog‘lanadi.

 

Umri ibodat ichra o‘tgan shayx Qur’oni karimni o‘tga tashladi. “Anal haq” degan Mansur Halloj yoki sevgilisi Layliga yozgan maktublarni yirtib tashlagan Majnun ahvolini yodga soladi. Kalomulloh – Ollohning so‘zi aks etgan kitob. Oshiq uchun esa uning aksi emas, O‘ZI muhim. Aslida, ilohiy kalomning maskani kitob sahifalari emas, balki mo‘minning qalbidir.

 

Beliga zunnor bog‘ladi. Endi uning uchun odamlar mo‘min-u kofirga, gunohkor-u begunohga toifalanmaydi. Musulmon kabi kofir ham uning jondoshi. U uchun na Mashriq qoldi, na Mag‘rib. Olam mahshargohga aylandi.

 

Otashgohda o‘t yoqdi. Bu ishi bilan o‘sha kezgacha erishgan martaba-yu maqomiga o‘t qo‘ydi. Demak, obro‘-izzat g‘avg‘osidan xalos bo‘ldi.

 

Biri debkim:

“Chun mashoyixqa bu ish

– Yetsa, bizga yetgay asru sarzanish.

 

Shayx debkim:

“Yo‘q, alar birla ishim

Kim xarobot ichradur istar kishim”.

 

Bu sinov Xudoning unga yuborgan kulfati emas, qilgan amallariga ajru mukofotidir. HAQ uni shu yo‘l bilan yo‘ldan ozgan azozilning qaro qismatidan qutqardi. Shayx moddiyat bilan o‘lchanadigan barcha da’volardan ozod bo‘lib OLIY HECHLIKga musharraf bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, shayxul mashoyixlik maqomining o‘zi ham bir zanjir edi. “O‘z nuqsonini isbot qila olgan kishigina haqiqiy komildir. Zero, quyosh ham tush paytida o‘zini barkamol ko‘rib, eng yuksak nuqtaga ko‘tarildim deb o‘ylaydi, ammo shu ondayoq unga zavol yuzlanadi. Ya’ni u pastga qarab bota boshlaydi. Negaki, uning chindan ham kamoloti bor edi, ammo uni ko‘rgan zahotiyoq zavolga yuz tutdi”.

 

Balki gaplarim kimgadir erish tuyular, xoh hayotda bo‘lsin, xoh televizorda ayrim ulamolarimizning (ular kam emas!) nigohidan hamdardlik izlayman, nur qidiraman, ammo topa olmayman! Ingmar Bergman filmlaridagi ruhoniylarni ko‘rgandek bo‘laman. O‘sha hukmfarmo avzo, o‘sha o‘gay nigoh. “Iloh bu yo‘lda faqat o‘zini o‘ylab, manmanlikka berilishdan ham ortiqroq gunoh yo‘q deb hisoblaydi”. Bergmanning protestant ruhoniylari, Tolstoyning provaslav ruhoniylari haqidagi dardli o‘ylari mening ulamolarimga ham taalluqli, degan sarkash xayolga boraman. Din-u mazhab o‘zga, biroq mohiyat-u mahrumiyat bitta!

 

Yuksakdagi murshid Shayx San’onning sobit e’tiqodi bilan junun sahrosini kezib HECH KIMligini anglagan savdoyi San’onning haqiqatiga qiyos topilarmikan?! “Qiyomatda namozni, ro‘zani, sadaqani… Hamma-hammasini taroziga qo‘yarlar, faqat muhabbat taroziga sig‘maydi”, deydi Mavlono Rumiy. Ishq iztiroblari kechirilmas gunoh – kibrni ildizi bilan qo‘porib tashladi. U shunisi bilan ham ulug‘ tuyg‘u. Ozurda qalbga esa Rasulullohning (s.a.v) o‘zlari madadkor bo‘ladi: “K-ey murshidi sohib vusul, Mujdaki, bo‘ldi madadkoring rasul!”

 

Tuyg‘u qancha qudratli bo‘lsa, mahbuba ko‘nglini ham shuncha tez mahv etadi, uni ham otash domiga tortadi. Muhabbat birgalikda hayrat tuyib, birgalikda faryod urishdir. Baloi ishqning chaqmog‘i kufr sanamining boshiga ham chaqdi. Tarso qizi Shayx kezgan biyobonda sarosar tentiradi. Uning g‘ururi chil-chil sindi. Avvalgi tamannodan asar ham qolmadi. Mahbubining haqiqatiga yetmoq uchun o‘tinch-u nadomat ila poyi piyoda yo‘lga tushdi…

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//