“O‘zbekistonning parlamentdagi ayollar ko‘rsatkichi Koreyanikidan ancha yuqori” – ilm izidan xorijga ketgan oila bilan suhbat


Saqlash
17:26 / 10.09.2024 646 0

Shahodat Murodova – Koreyada nufuzli GKS granti orqali siyosatshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan. To‘rtta tilda bemalol gaplasha oladigan qahramonimiz bilan Koreya madaniyati, siyosatda ayollarning o‘rni, koreys bog‘cha tizimi haqida suhbatlashdik.

 

– Suhbatimizni Koreyaga ketish hikoyangiz, nufuzli universitetda ta’lim olish, oilaviy o‘qishni davom ettirish qiyinchiliklari va afzalliklari haqidagi iqrorlaringiz bilan boshlasak.

 

– Koreyaga ketish fikri kutilmaganda paydo bo‘lgan. Sharqshunoslik universiteti xitoy tili filologiyasi fakultetini tugatgan yilim Xitoyda o‘qish uchun Konfutsiy grantini yutib olgandim va o‘sha paytda o‘qishga ketish uchun hujjat ishlari bilan yurgandim, vizam ham tayyor bo‘lgandi. Turmush o‘rtog‘imdan oila qurish taklifi sababli rejalarim o‘zgardi va Xitoyda o‘qish fikridan voz kechdim. Chunki turmush o‘rtog‘im o‘qishni Koreyada davom ettirishim taklifini bergandi. Qay birini tanlashga ikkilanganman. Xitoyda o‘qish orzum edi, grantim ham bor. Oilani tanlab, Koreyada o‘qishimni davom ettirishga rozi bo‘ldim.

 

Shunday qilib, 2020-yili turmush o‘rtog‘im orqali oilaviy viza bilan Koreyaga keldik. Til bilmasligim sababli biroz uyda qolib ketdim. Yangi muhitga moslashish va til bilmaslik meni stresga tushirdi, turmush o‘rtog‘im uyda intensive tarzda koreys tilini o‘rgatishni boshladi. Bir yillardan keyin o‘qishga topshirishga qaror qildim va Koreyada mashhur bo‘lgan grant dasturi – GKS (Global Korea Scholarship)ga hujjat topshirdim va intervyularni koreys tilida topshirganim ham qo‘l kelib, grant yutib oldim.

 

 

GKS granti orqali Sukmyon ayollar universitetiga o‘qishga kirdim. O‘qish natijalari chiqqanda, homiladorligimni bilardim, shu sabab grantdan voz kechishni ham o‘ylab ko‘rganman. Grant beruvchi tashkilot bola bilan ham o‘qishimni davom ettirishga ruxsat bergandan keyin qarorimdan qaytdim. Baribir oilali talabaning o‘qishi qiyinchiligi ko‘proq. Eng katta yutug‘im grant bilan o‘qiganim bo‘ldi. Chunki oila va bola bilan kontrakt asosida o‘qish chet eldagi yosh oila uchun ortiqcha mablag‘ talab qiladi. Turmush o‘rtog‘imning doim qo‘llab-quvvatlagani ham menga ancha yordam berdi.

 

– Koreya madaniyatiga moslashish jarayonlari qanday kechdi?

 

– Birinchi qiynagan masala – til bilmaslik. Do‘konlarga chiqib bemalol yurolmasdim. Shifokorga borganda ham til bilmasligim ancha qiynardi. Shu sabab koreys tilini tezroq o‘rganishga kirishganman.

 

 

Koreya madaniyati bilan avvaldan tanish emasdim. Bu yerdagi barcha narsalar men uchun yangilik bo‘lgan. Madaniyatiga, ovqatlariga tez moslashdim, – xarakterim sababli bo‘lsa kerak. Tez moslashuvchanlik menda avvaldan bor. Ammo men ko‘nikolmagan narsa bu – koreys uylari. Mamlakat maydoni kichik bo‘lgani uchun uylari ham juda kichkina. Lekin hamma sharoiti bor. O‘zbekistonda keng hovliga o‘rgangan emasmizmi, kelgan vaqtimizda uyning kichkina ekanini ko‘rib “culture shock” olganman.

 

– Shahodat, siz to‘rt tilda bemalol suhbatlasha olasiz. Koreyada bu sizga qanday afzalliklar berdi? Til o‘rganish borasida ham maslahatlar bersangiz.

 

– Hozirda xitoy, koreys, rus va ingliz tillarida bemalol gaplasha olaman. Xitoy tili o‘rganishni boshlaganimda juda qiyin tuyulgan. Nima uchun osonroq tilni tanlamadim degan o‘y ham o‘tgan xayolimdan. Xitoy tilini o‘rganishda iyerogliflar va ko‘p so‘zlarni yodlashga to‘g‘ri keladi. Xitoy tilini xotiraga asoslangan til deb bilaman. Ichiga kirganingiz sari o‘rganish osonlashib boraveradi. Qolgan tillarni ham shu yo‘sinda o‘rganib bordim. Asosiysi, o‘z ona tilini yaxshi bilgan odamda har qanday tilni o‘rganish jarayoni oson kechadi. Xotira va o‘sha tilning madaniyatini bilish muhim deb o‘ylayman.

 

Ko‘p til bilish har qaysi davlatda asqotadi. Koreyada boshqa davlatdan kelgan turli millatli do‘stlarim bilan muloqot qilishimda ingliz tilini bilganim yordam bergan. Koreyslar ingliz tilida yaxshi gaplasha olmaydi. Bu esa koreys tilini tezroq o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Tilni qancha yaxshi bilsangiz, ishga kirish imkoniyati ham shuncha oshib boraveradi. 

 

– Magistratura uchun nega aynan siyosatshunoslik yo‘nalishini tanladingiz?

 

– O‘zimning asl soham xitoy tili filologiyasi. Magistratura uchun ham o‘zimga yaqin sohani tanlashga harakat qildim. Shunday qilib, Sukmyon ayollar universitetida siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakultetida o‘qidim. Bunga yana sabab, O‘zbekistonda rahbar ayollarga berilayotgan imkoniyatlar desam ham bo‘ladi.

 

 

Men o‘qigan universitet Sukmyon universitetida faqat ayollar ta’lim oladi. Bundan jamiyatda ayollar o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, davlatning boshqaruv sohalarida ayollarning ulushini ko‘paytirish maqsad qilingan.

 

– Dunyo siyosat sohasida ayollar ulushi nisbatan kam. Koreyada bu ko‘rsatkich qanday?

 

– To‘g‘ri, butun dunyoda, hatto rivojlangan davlatlarda ham siyosatda ayollarning o‘rni juda kam. Koreyada ham xuddi shunday, ishonsangiz, O‘zbekistonning parlamentdagi ayollar ko‘rsatkichi Koreyanikidan ancha yaxshiroq. Darslarda bu haqida gapirib berganimda qonunchilikda ayollarga berilgan kvota va imkoniyatlardan professorlarimiz ham hayron qolishgan. Koreyada ayollar asosan marketing, savdo sohalarida faolroq.

 

– GKS granti haqida ham ma’lumot berib ketsangiz.

 

– GKS granti Koreya hukumatining eng katta ta’lim granti. Bu grant dasturi o‘qishning barcha xarajatlarini qoplaydi, bundan tashqari oyiga 900–1000 dollar atrofida stipendiya beradi, sug‘urta pullarini qoplaydi. O‘zbekistonga ham har yili bakalavr va magistratura, PhD uchun kvotalar ajratiladi. O‘qish va sog‘lik sug‘urta pullari to‘liq qoplanadi. Bundan tashqari, talabalar uchun tekin dasturlar va shaharlar bo‘ylab bepul sayohatlar juda ko‘p tashkil qilinadi. Shunchaki ariza berib qatnashish mumkin. Kontraktda o‘qib, bo‘sh vaqtlarida immigratsiya qonun-qoidalarini buzmagan holda ishlasa bo‘ladi. Lekin grantda o‘qish yaxshiroq. Ammo ishlash mumkin emas. Davlat ajratga stipendiya va imkoniyatlar bilan bemalol ishlamay o‘qishni davom ettirish mumkin.

 

 

Grantni yutish ham osonmas. Nomzodlar juda ko‘p bo‘ladi. Ammo til sertifikatlari, maqolalar, intervyu bosqichi muhim rol o‘ynaydi. Ularga o‘qish davomidagi rejalaringizni asoslab berishingiz kerak.

 

– Koreyada o‘zbek talabalari, umuman vatandoshlarimiz qaysi sohalarda ustun?

 

– Koreyada ham o‘zbek jamiyati kundan kun ko‘payib bormoqda. Asosan E-9, ya’ni ishchi vizasida shartnoma bilan zavodlarda ishlash uchun kelishadi. O‘zbek talabalari ham juda ko‘p, ko‘p yoshlarimiz IT sohasida, marketing yoki ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha ishlashadi. Qizlar esa asosan klinikalarda tarjimon bo‘lib ishlaydi.

 

– Koreya ijtimoiy hayotidagi ijobiy va salbiy holatlar haqida aytib bersangiz.

 

– Shaxsan, manga eng yoqqani koreyslarning o‘z sog‘ligiga judayam e’tiborli ekani, sog‘lom ovqatlanish va sportga ahamiyat berishlari. Shu yerda farzandli bo‘ldim, tug‘ruqxonalaridagi sharoit ham juda yoqqan. Bu yerda bolangizni kasalxonada olib yotsangiz ham bolalar dadaşı bilan yotishadi, ota-ona birdek farzandi uchun qayg‘urishi yoqadi. Salbiy jihatlar har bir millatda bor, shuning uchun bu haqida to‘xtalib o‘tirgim kelmadi.

 

 

– Shahodat, sizningcha chet elda yashab, o‘qiyotgan oilalarda ayolning o‘rni qanday? Qiyinchiliklar va boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlar haqida nimalar deyolasiz.

 

– Grant yutib olganimdan keyin bir yil boshqa shaharga borib o‘qishimga to‘g‘ri kelgan. Bu koreys tilini yaxshiroq o‘rgatish, boshqa madaniyat va shevalar bilan tanishtirish uchun grant dasturiga kiritilgan edi. Shunda homilador holimda turmush o‘rtog‘im bilan alohida shaharlarda yashadik. Bir yil davomida farzandim bilan shu tarzda o‘qidim. Oilalarning chet elda o‘qib yoki ishlashining eng yaxshi tarafi er-xotin musofirlikda ko‘p qiyinchiliklarni birga boshdan kechirib, birga hal qilishga harakat qilishadi. O‘zbekistonda, odatda, yoshlarning muammosi bo‘lsa, ota-onalar hal qiladi, yosh oilani qiyinchiliklar bilan qoldirishmaydi. Musofirlikda esa er-xotin bir-birini judayam yaxshi tanib oladi, qiyinchiliklarda toblanib, bir-biriga yanada mehr-muhabbatli bo‘ladi. Ayolning o‘rni qaysi davlatda yashashi bilan bog‘liq degan narsa yo‘q. Koreyada yashayotganlar ichida ham ayolini uydan chiqarmay, qiziqishlariga to‘sqinlik qiladigan erkaklar bor va aksincha oilalar ham yetarlicha.

 

– Farzandlaringiz Koreyada qanday ulg‘ayishyapti? Bog‘cha tizimidan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

 

– Bu yerda bolaning tarbiyasiga juda yaxshi e’tibor berishadi, bog‘cha vaqtidan judayam kerakli narsalarni, hayotiy vaziyatlarni o‘rgatib borishadi. Masalan, yong‘in chiqqanda o‘zini qanday himoya qilish, chiqindilarni to‘g‘ri saralash, zilzilada o‘zini qanday tutish, tishlarni to‘g‘ri yuvish kabi. Bog‘chada bolalarga hayvonlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish o‘rgatiladi va tabiat bilan yaqindan tanishtiriladi. Ekskursiyalarga olib chiqiladi, polizlarga boriladi, mevalar, sabzavotlarni bog‘cha opalari bilan birga terishadi.

 

Bolalarni maxsus mobil ilova orqali kun davomida kuzatib borish mumkin. Bola betob bo‘lib qolsa, dorilarni mobil ilova orqali tasdiqlab, imzo qo‘ydirib ham olishadi. Og‘zaki aytsangiz dori berilmaydi. Xavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor beriladi.

 

 

Bog‘cha narxlariga kelsak. Davlat bog‘chalari koreys bolalari uchun tekin. Lekin chet elliklar uchun pulli. Davlat bog‘chalariga qaraganda xususiy bog‘chalarning ko‘lami torroq.

 

– Kelajakdagi rejalaringiz…

 

Hozirda bolalar kichkinaligi sababli biroz ular bilan birga uyda vaqt o‘tkazmoqchiman. Undan keyin esa ishga joylashib tajriba to‘plashni xohlayman. Kelajakda O‘zbekistonga qaytganimizda ham Koreyada to‘plagan tajribamiz asqotishiga ishonaman.

 

Zulxumor ORIFJONOVA suhbatlashdi.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:02 / 21.02.2025 0 22
O‘zbek to‘ylari: o‘tmishda va hozir

Jarayon

17:02 / 21.02.2025 0 18
Qayta yaralayotgan qadim hunar

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 167
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24802
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//