“Qizil imperiya” yovuzlikda bir-biridan qolishmaydigan juda koʻplab arboblar yetishtirgan davlat edi. SSSRʼda nafaqat butunittifoq doirasida, balki respublikalarning oʻzida ham milliy diktaturalar qaror topgan, kichik shaxsga sigʻinish kultlari yaratilgandi. Shulardan biri Ozarboyjon SSRʼni 20 yil boshqargan Mirjafar Bagirov kulti edi.
1938-yil 17-yanvarda Moskvada SSSR Oliy Sovetining 1-sessiyasi boshlanadi. Sessiya kun tartibidagi asosiy masala 1936-yilda qabul qilingan Konstitutsiya asosida yangi hukumat (Xalq komissarlari soveti, qisqarmasi XKS) shakllantirish edi.
Ozarboyjon SSR birinchi kotibi Mirjafar Bagirov ham Oliy Sovet deputati sifatida ushbu yigʻinda qatnashayotgandi. U oʻz navbatida minbarga koʻtarilib, avval islohotlar haqida gapiradi va kutilmaganda SSSR Adliya Xalq komissari (vaziri) Nikolay Krilenkoni tanqid qilishni boshlaydi:
“Agar ilgari oʻrtoq Krilenko asosiy vaqtini turizm va alpinizmga bagʻishlagan boʻlsa, hozirda u shaxmat oʻynashga ruju qoʻygan. Biz oʻrtoq Krilenko timsolida kim bilan ishlayotganimizni aniqlashimiz kerak – u alpinistmi yoki Adliya xalq komissari? Oʻrtoq Krilenko oʻzini koʻproq kim deb hisoblashini bilmayman, lekin menimcha, u yaxshi vazir emas. Ishonchim komilki, oʻrtoq Molotov (XKS raisi, bosh vazir) Xalq Komissarlari Sovetining yangi tarkibini tuzayotganda buni hisobga oladi”.
Mirjafar Bagirov
Bagirovning chiqishi hayrat bilan kutib olinadi. Chunki ittifoqdosh respublika rahbarining markaz amaldorini tanqid qilishi bunga qadar deyarli umuman kuzatilmagan holat edi. Qolaversa, Nikolay Krilenko inqilob jangchisi, uning asosiy figuralaridan biri, bolsheviklarning hokimiyatda qolishida muhim rol oʻynagan shaxs edi. Shunday inqilobchining mahalliy amaldor tomondan tanqid qilinishi kutilmagan voqea boʻladi.
Oradan koʻp oʻtmay, 31-yanvarda Krilenko qamoqqa olinadi va iyulda otib tashlanadi. Shubhasiz, Bagirov shaxsiy tashabbus koʻrsatib, Adliya vaziriga “tashlanmagandi”. Stalin oʻzining hokimiyatiga soya solishi mumkin boʻlgan inqilob faxriylarini yoʻqotmoqchi edi va Krilenko ham bu roʻyxatdan joy olgandi. “Dohiy” uni Bagirov qoʻli bilan yoʻlidan olib tashlaydi. Ushbu birgina holat Ozarboyjon rahbarining Stalinga qanchalik yaqinligini koʻrsatadi.
Dindor oila farzandining ilgʻor ateistga aylanishi
Ozarboyjon tarixida muhim iz qoldirgan, faoliyati turli insonlar tomonidan turlicha talqin qilinuvchi Bagirov Mirjafar Mir Abbos oʻgʻli 1895-yilda Ozarboyjon shimolida joylashgan Guba shahrida tugʻilgan. Uning tarjimayi holi yagona va aniq versiyaga ega emas.
Sovet davlatida boylar sinfiy dushman sifatida koʻrilib, qirgʻin qilingani, ayniqsa, dindor qatlam yoppasiga “quloqlashtirilgani” bois koʻpchilik odamlar oʻz kelib chiqishini atayin oʻzgartirgan. Bagirov ham shunday yoʻl tutganlardan biri.
Bagirov oilasi bilan
Uning ismi va sharifidagi “mir” qoʻshimchasi islom dinining shia oqimi ulamolariga xos atamadir. Mirjafarning barcha qarindoshlari ismida ushbu qoʻshimcha borligi inobatga olinsa, uning oilasi oliynasab shajara ekani, ajdodlari sayidlar, yaʼni paygʻambar avlodlari ekanini taxmin qilish mumkin. Chunonchi, manbalarga koʻra, Mirjafarning otasi Gubadagi obroʻli ulamolardan boʻlgan. Biroq Bagirov rasmiy tarjimayi holida doimo oʻzining kambagʻal dehqon oilasida tugʻilganini qayd etgan.
Bagirov dastlab anʼanaviy maktabda tahsil olib, bu yerda Qurʼon va fors tilini oʻrganadi. Shundan soʻng zamonasi talabiga koʻra, rus-tuzem maktabiga oʻqishga kiradi va shu yerda inqilobiy gʻoyalar bilan tanishadi.
Rossiya imperiyasida Fuqarolar urushi boshlanishi bilan Bagirov ham faol harakatlarga kirishadi. U vatani Ozarboyjon mustaqilligi uchun kurashayotgan “Musavat” partiyasiga emas, aksincha, bolsheviklar partiyasiga qoʻshiladi. Mirjafar Qizil armiya va arman dashnoqlari uning xalqi, yaʼni ozarboyjon va lezgin xalqiga nisbatan amalga oshirgan qirgʻinlarda bevosita ishtirok etadi. U keyingi yillarda Kavkazda Ozarboyjon demokratik respublikasiga (ODR) qarshi kurash olib boradi va faqatgina ODR qulagandan soʻng vataniga qaytib keladi.
Bokuda sovetlar hukmronligi oʻrnatilgach, Moskvaga sodiq xizmat qilgan Bagirov “yovuzlik imperiyasi”ning eng dahshatli muassasasi — VCHK(Всероссийская чрезвычайная комиссия по борьбе с контрреволюцией и саботажем)ning Ozarboyjon boʻlimiga ishga kiradi. 1921-yilda Ozarboyjon VCHK rahbariga aylangan Bagirov bu yerda keyingi hayotida muhim rol oʻynagan shaxs – Lavrentiy Beriya bilan tanishadi. Stalin qotillaridan biri boʻlgan Beriya bu paytda Bagirovning oʻrinbosari sifatida ishlardi.
Aynan Beriya bilan yaqinlashuv Mirjafarning 1929-yilda Ozarboyjon GPU (Государственное политическое управление) raisi, shuningdek 1933-yilda Ozarboyjon Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi birinchi kotibi (mamlakat rahbari) boʻlishida asosiy rol oʻynaydi. Lavrentiy hamyurti Stalinni Bagirov sodiq kommunist ekaniga ishontiradi. Keyinchalik ham Beriya koʻp bora Bagirovga homiylik qilgan.
Mirjafar Bagirov yashagan uy
Ozarboyjon xavfsizlik xizmatlarida ishlagan Bagirov mamlakatda olib borilgan “quloqlashtirish”, kollektivlashtirish kampaniyalarida faol qatnashgan. U ateistik siyosatning eng zarbdor kuchi boʻlgan VCHK va GPU safida dindorlarni ayovsiz qatagʻon qilgan.
Milliy qotil yoki qahramon?
Zamonaviy Ozarboyjon tarixchiligida Mirjafar Mir Abbos oʻgʻli shaxsiyatiga nisbatan ikki xil qarash mavjud. Baʼzilar uni Stalinning sodiq xizmatchisi, Ozarboyjonda shafqatsiz qatagʻon olib borgan, oʻz vatanparvar millatdoshlarini qirgʻin qilgan odam sifatida koʻrsa, baʼzilar uni Ozarboyjon yaxlitligini saqlab qolgan, davlatning koʻplab hududlari Armanistonga oʻtib ketishining oldini olgan, ikki Ozarboyjonni (shimoliy va janubiy) qisqa muddatga boʻlsa-da birlashtirgan, mahalliy kadrlarni himoya qilgan yetakchi oʻlaroq tasvirlaydi.
Bagirov nomi 1930-1940-yillarda Ozarboyjonda haqiqiy qoʻrquv soluvchi ism edi. Oʻz xonasidan bir necha kunlab tashqariga chiqmay ishlovchi, minglab odamlar otuviga kiprik qoqmay buyruq beruvchi bu birinchi kotib Stalinga ham eʼtiroz bildira oladigan darajada qudratga erishgandi.
Ozarboyjonda Bagirov tirikligidayoq unga yuzlab haykallari oʻrnatilgan, har bir davlat tashkilotida uning portreti Stalin portreti bilan yonma-yon osilgan va hatto Bagirov inqilobiy faoliyati muzeyi ham ochilgandi. Stalin rahbarligidagi SSSRʼda ittifoqdosh respublikada bunday koʻlamdagi shaxsiy kult oʻrnatishni tasavvur qilish ham qiyin ish edi. Biroq Bagirov Ozarboyjonda shaxsga sigʻinishning mahalliy tizimini qura oldi va “Ozarboyjon Stalini”ga aylandi.
Bagirov 1937-1938-yillardagi qatagʻonlar davrida, ayniqsa, Moskva oldida oʻzini koʻrsatadi. U markaz bergan rejadan ham koʻproq odamni hibsga oladi va otuvga hukm qiladi. Hech kim, hatto uning shaxsiy kotibi ham qirgʻinlardan chetda qolmaydi. Uning buyrugʻi bilan bir qator Ozarboyjon olimlari, jumladan Vali Xuluflu, Ruhullo Oxundov, turkolog Bakir Choʻponzoda, sharqshunos va folklorshunos Zaynelli Hanafi, yozuvchi va tarjimon Ahmad Javod, shoir va dramaturg Husayn Javid kabilar otib tashlanadi. Togʻli Qorabogʻ avtonom viloyatining butun rahbariyati, shuningdek Ozarboyjon prokuraturasi toʻliq repressiyaga uchraydi.
Bagirov olib borgan qatagʻon koʻlami qanchalik kattaligini quyidagi raqamlardan bilish mumkin: 1937-1938-yillardagi “Katta terror” davrida Ozarboyjon SSRda 120 ming kishi qatagʻonga uchragan. Shundan 70 ming kishi otib tashlangan yoki qiynoqlar oqibatida halok boʻlgan. Bu vaqtda respublikaning umumiy aholisi soni 3,2 million kishini tashkil qilgan. Taqqoslash uchun 6,2 million aholiga ega Oʻzbekiston SSRʼda 1937-1938-yillarda 40-50 ming odam repressiya qilingan.
Bagirovning ijobiy imiji borasida ham qarashlar mavjud. Xususan, u 1945-yilda Togʻli Qorabogʻning Armaniston tarkibiga oʻtib ketishining oldini olgani va bir qator Ozarboyjon tumanlarini mamlakat tarkibida saqlab qolgani sobiq birinchi kotibning tarafdorlari tarafidan koʻp aytiladi.
Bundan tashqari, Bagirov 1944-yilda turkiy qumiq xalqining Markaziy Osiyoga deportatsiya qilinishiga ham qarshi chiqadi. U bu borada shaxsan Stalinga qoʻngʻiroq qilib, qumiq xalqi sodiqligiga shubha qilmasligini, ularning koʻchirilishini qoʻllab-quvvatlamasligini bildiradi. Ammo, shunga qaramay qumiqlar boshqa Kavkaz xalqlari bilan birga baribir deportatsiya qilinadi.
Mirjafar Bagirov Ozarboyjonni birlashtirgan yetakchi sifatida ham tarixda qolishga erishgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, SSSR armiyasi Buyuk Britaniya bilan birgalikda Eronga bostirib kiradi va mamlakat shimolini egallab oladi. Bu yerda (janubiy Ozarboyjonda) sovetlar homiyligida Ozarboyjon demokratik respublikasi tuziladi. Bagirov “Ozarboyjonni birlashtiruvchi” unvonini oladi. Lekin oradan bir yil oʻtib, SSSR qoʻshinlari Eronni tark etishi bilan Ozarboyjon demokratik respublikasi Erondagi shoh rejimi tomonidan tugatiladi. Bagirov umrining oxirigacha bu uchun Moskvadan arazlab yashaydi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng Bagirovning hokimiyati oʻz choʻqqisiga chiqadi. Endilikda u markaz amaldorlaridan ham choʻchimas edi. Vaziyat shu darajaga borib yetadiki, unga Moskvadan Kozlov ismli vazir oʻrinbosari kelayotgani haqida xabar berishganda, u “Baranov degani kelmaydimi?”, deya markaz mansabdorining ustidan kuladi.
Shafaq. Qamoq va soʻroq
Biroq tarixda hech kim abadiy shon-shuhrat topmagan. 1953-yil “xalqlar qotili” Stalin vafot etadi. Oradan koʻp oʻtmay Bagirovning “orqadogʻi” Lavrentiy Beriya ham hibsga olinadi. Tez orada partiya va hukumatni Stalin tarafdorlaridan tozalash aksiyasi boshlanadi.
Bagirov oʻz doʻsti va homiysi Beriyani qoralaganiga qaramay, barcha lavozimlaridan ozod etilib, 1954-yilda qamoqqa olinadi. Uni shaxsan SSSR bosh prokurori Roman Rudenko soʻroq qiladi. Soʻroq davomida Mirjafar oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovlarni rad qiladi. Shundan soʻng sobiq birinchi kotib eng asosiy jinoiy ishi – qatagʻonlar boʻyicha aybdor deb topiladi.
Mirjafar Bagirov va Lavrentiy Beriya (o‘ngdan birinchi)
1956-yil 26-aprelda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi Bagirovni “xiyonat guruhida ishtirok etish va sovet fuqarolariga qarshi terrorchilik qirgʻinini sodir etishda” aybdor deb topadi. Mirjafar Mir Abbos oʻgʻli oliy jazoga hukm qilinadi va 26-may kuni otib tashlanadi. Shuni taʼkidlash kerakki, Bagirov Stalin oʻlimidan keyin 15 ittifoqdosh respublika rahbarlari orasida otuvga hukm etilgan yagona birinchi kotib boʻladi.
Koʻpchilik buni Bagirov Stalin va Beriya “odami” boʻlganidan tashqari, Xrushchyovning unga shaxsiy adovati ham boʻlgani bilan bogʻlaydi. Gap shundaki, Ikkinchi jahon urushi yillarida Bagirov harbiy intizom bilan bogʻliq hodisa sabab Xrushchyovning ikkinchi o‘gay oʻgʻli Yevgeniy Xrushchyovni otib tashlagandi. Ukraina birinchi kotibi, shubhasiz, bu voqeani unutmagan va oʻgʻli uchun qachondir qasos olishni niyat qilgan.
Shunday qilib, Ozarboyjonni 20 yil boshqargan, oʻz xalqi qirgʻiniga rahbarlik qilgan, davlatda ogʻir va neft sanoatini rivojlantirgan, butun bir xalqni qoʻrquvda ushlab turgan Bagirov Mirjafar Mir Abbos oʻgʻli faoliyati fojia bilan yakun topadi.
Zamonaviy Ozarboyjonda Bagirov shaxsi borasida yakdil fikr yoʻq va barcha uning harakatlariga oʻzi qarashlari boʻyicha baho beradi. Biroq uning minglab odamlar oʻlimiga sababchi boʻlgani, rad etib boʻlmas fakt.
Muhammadqodir Sobirov
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q