6-sentabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Milliy gvardiya muassisligida chop etilgan “Men ham harbiy boʻlaman” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oyina.uz ushbu kitobda keltirilgan qiziqarli maqolalarni eʼlon qilib boradi.
Germaniyaning qudratli imperatori Fridrix I Barbarossa 1158-yilda Lombardiyaga yurish boshlaydi. Imperator ushbu urush uchun katta qoʻshin toʻplaydi. Uning lashkari tarkibida 600 nafar xorazmlik kamonchilar ham bor edi.
Maʼlumki, Buyuk Ipak yoʻli tarmoqlari Markaziy Osiyoda tutashadi. Bu yoʻl orqali ajdodlarimiz Xitoydan to Yevropagacha boʻlgan oʻlkalarda savdo-sotiq ishlarini amalga oshirgan. Markaziy Osiyodan, xususan Xorazmdan Xazar va Bulgʻorga, undan Markaziy Yevropagacha boʻlgan savdo yoʻlida, ayniqsa xorazmlik savdogarlarning oʻrni katta boʻlgan. Xorazmliklar Xazariya va Volga Bulgʻoriyasida oʻzlarining savdo koloniyalarini barpo etgan.
IX asr oxiridan bu muzofotlardagi turkiy qabilalar Markaziy Yevropa, xususan, Vengriya hududlariga koʻchib oʻta boshlaydi. Bu jarayonda xorazmliklar ham qatnashgan va Yevropa tomon migratsiya amalga oshirgan. Gʻarbga koʻchib borgan xorazmliklar rus manbalarida “xvalis”, Vizantiya manbalarida “Coyάλns” (kualiz), nemis manbalarida esa “kolzen” deb atalgan.
Vengriya antropologi Kiseli Ishtvan (Kiszely Istvan) oʻzining “Vengriya xalqi tarixi” asarida Oʻrta asrlardagi venger manbalarida ushbu xalq nomi tilga olinganini yozgan.
Shuningdek, Rim papasi hujjatlarida ham vatani Orol dengizining janubidagi Xorazm ekanligini taʼkidlangan “szaracenek” (Saratsinlar) yoxud kalizlar (venger manbalarida xorazmliklar “kolizlar” deya keltiriladi), deb nomlangan etnik guruh qayd etilgan.
Saratsinlar
Kolizlar XI-XII asrlarda Vengriyada maʼmuriy va moliyaviy sohalarda muhim vazifalarni oʻz zimmasiga olgan. Ular 965-yilda Pragada tijorat qilganligi xorazmliklar savdo-sotiq ishlarida ham faollik koʻrsatganligiga ishora qiladi.
Kolizlar savdo-sotiq sohasida yuqori koʻnikmaga ega boʻlgani bois, mintaqadagi xristianlardan ustun mavqega ega boʻlgan va Arpadlar sulolasi koʻmagida katta imtiyozlar va tuz savdosini qoʻlga kiritgan. Shu bilan birga, zarbxona, bojxona, soliq yigʻish hamda boshqa tadbirkorlik ishlari bilan ham shugʻullangan.
Xorazmliklar Vengriya armiyasida ham muhim oʻrin tutgan. Vizantiya manbalarida Vengriya qirolining armiyasi tarkibida boʻlgan kolizlarning 1150-yili Vizantiya imperiyasiga qarshi kurashgani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor.
1158-yilning yozida Praga yepiskopi Daniel Germaniya imperatori Fridrix I Barbarossaning elchisi sifatida Vengriyaga tashrif buyuradi va Vengriya qiroli Andrash Iʼdan Milanni qamal qilishda dastak soʻraydi. Shundan soʻng Vengriya qiroli 600 nafar xorazmlik kamonchini Milanni qamal qilishga joʻnatadi.
Vizantiyalik tarixchilardan Ioann Kinnam oʻz asarlarida “Chalisen” nomi ostidagi xorazmliklar bijanaklar bilan ittifoqda boʻlganini qayd etgan. Vengriya qoʻshinidagi musulmonlardan tuzilgan kamonchilarning harbiy sanʼati va jasurligiga nemis va venger solnomalarida yuqori baho berilgan.
XIII asr venger tarixchisi Kezay Semonning yozishicha, xorazmliklar Vengriya qirollik oilasi bilan qarindoshlik aloqalarini oʻrnatgan. 1041-1044-yillarda Vengriya qiroli boʻlgan Samuel Abaning ona tomonidan kelib chiqishi xorazmlik boʻlgani koʻpchilik tarixchilardan tomonidan tasdiqlangan.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q