24-avgust kuni Telegram asoschisi Pavel Durov shaxsiy samolyotida Ozarboyjondan Parijga uchib kelib, Le-Burje aeroportida jinoiy tergov doirasida qoʻlga olindi. Tergov ishlari mamlakatning Kiberjinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan 8-iyuldan buyon olib borilayotgan boʻlib, Durov bilan birga, uning shaxsiy qoʻriqchisi hamda assistenti ham qoʻlga olingan.
The Wall Street Journal nashri maʼlumotlariga koʻra, 2017-yil Fransiya hamda BAAning maxsus xizmati Durovning telefonini buzib kirgan (vzlom qilgan). 2021-yilda esa Durov shu ikki mamlakat fuqaroligini oladi. Bundan tashqari, Emanuel Makron unga Telegramʼning shtab-kvartirasini Fransiyaga koʻchirishni taklif qilgan. Durov esa soʻngi vaqtlarda yashab kelayotgan Dubayning xuddi shu mazmundagi taklifini qabul qilgan.
Tass xabariga koʻra, hozirda Durov 2017-yildan buyon yashab kelayotgan BAAdagi Telegramʼning shtab-kvartirasi ham yopilgan.
Durovga qanday ayblov qoʻyildi?
Maʼlum boʻlishicha, Pavel Durov Fransiyada qidiruvdagi shaxslar roʻyxatiga kiritilgan. Aslida, Durov Fransiyada qoʻlga olinish xavfi borligini bilgan va shuning uchun ham Yevropa safarlaridan yiroq boʻlishga harakat qilgan.
Durov Telegramdagi kiber-jinoyatlar ustidan moderatsiya qilmagani uchun bir vaqtning oʻzida 12 ta huquqbuzarlik holati boʻyicha tergov qilindi. Ularning orasida giyohvandlik savdosida ishtirok, bolalar pornografiyasi, firibgarlik va xakerlik dasturlarini tarqatish kabi qismlar mavjud. Durov Telegramʼda kuzatilgan yuqoridagi holatlarda harakatsizlik aybi bilan 20 yoki undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi aytilgan edi. Biroq Fransiya jinoyat kodeksiga koʻra, agar fuqaro bir vaqtning oʻzida bir qancha moddalar boʻyicha aybdor deb topilsa, har bir jinoyat uchun jazo tayinlanishi mumkin. Agar jazo bir xil xarakterga ega boʻlsa, ular birlashtirilib, ijroda faqat bitta, qonunchilikda koʻrsatilgan maksimum jazo qoʻllaniladi. Shu tariqa, Durovga tegishli moddalar boʻyicha maksimal qamoq jazosi 10-yil boʻlishi mumkin edi.
Telegram asoschisi quyidagi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblandi:
Uyushgan guruh aʼzosi sifatida noqonuniy oʻtkazmalar (operatsiyalar)ni amalga oshirish boʻyicha onlayn-platforma boshqaruvida til biriktirish;
Vakolatli organlar soʻrovi boʻyicha maʼlumotlar taqdim etishdan bosh tortish;
Xakerlik dasturlari, voyaga yetmagan bolalarning pornografik xarakterga ega suratlari, narkotik moddalarni tarqatishda ishtirok, shuningdek, uyushgan guruh aʼzosi sifatida firibgarlikda ishtirok etish;
Uyushgan jinoyatchilik ortidan kelgan pullarni yuvish;
Maxfiylikni taʼminlashga qaratilgan kriptografik xizmatlarni majburiy deklaratsiyasiz taklif qilish;
Kriptografiya vositalarini noqonuniy tarzda taqdim etish va import qilish.
Tahlilchilari orasida eng yirik kommunikatsiya platformasi asoschisining hibsga olinishiga asl sabab umuman boshqa, degan qarashlar boʻldi. Eng koʻp tarqalgan versiyaga koʻra, Durovga Gʻarbiy razvedka agentliklari bilan hamkorlik qilish, platforma foydalanuvchilarining maxfiy maʼlumotlarini oʻzlashtirish yoki ishni oxiriga yetkazib, Telegramʼni moliyaviy “kislorod”dan toʻsish sharti qoʻyilgan.
Durov qanday shart bilan ozod qilindi?
Fransiya prokuraturasining 28-avgust kuni eʼlon qilingan axborotnomasiga koʻra, Durovga uyushgan jinoyatchilikda ishtirok boʻyicha bir qator ayblovlar qoʻyilgan edi. Keyinroq u sud nazorati ostida 5 million yevro garov toʻlash majburiyati bilan ozod qilinib, Durovga haftada 2-marta politsiyaga borib turishi sharti qoʻyildi. Bundan tashqari, endi Durovning Fransiyadan chiqishi ham taʼqiqlandi.
Telegram bilan bogʻliq oʻzgarishlar
Pavel Durov qamalganidan keyin Telegram messendjerining ommaviyligi yanada oshdi. Masalan, ushbu voqea yuz bergan Fransiyada Telegram yuklab olingan ijtimoiy tarmoqlar orasida birinchi oʻringa, AQSHda esa ikkinchi oʻringa chiqdi. Dunyo miqyosida iOS qurilmasidan bir sutka davomida yuklab olishlar soni 4 foizga oshdi. Fransiyada eng koʻp yuklab olingan dasturlar ichida Telegram 3-oʻrinni egalladi.
Janubiy Koreya politsiyasi esa Telegramʼga qarshi tergov doirasida Fransiya va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Lekin mamlakatda Telegramʼdan foydalanishni cheklash koʻzda tutilmagan.
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q