Chegara ortidagi hayot – Jurnalistning migrantlar haqidagi hikoyalari


Saqlash
11:03 / 05.09.2024 311 0

esse

 

Bir yili nimadir bo‘ldi-yu, qo‘shni qishlog‘imizdagi lo‘lilarning ko‘pchiligi boshqa viloyatga ommaviy ko‘chib ketdi. Shunda bobom aytgandi: ko‘chmanchilik ularning qonida bor. Agar unday qilmasa, kasaldan boshi chiqmay qoladi. Shuning uchun lo‘lilar uy qurganida tomi shiferdan bo‘lsayam shiftidan qamish osilib turadi. Bugungi o‘zbek jamiyatida bu kabi ommaviy ko‘chishlarga hali guvoh bo‘lganimizcha yo‘q. Ammo janubga oshiqqan qush ko‘yidagi Vatan farzandlarini ko‘rib ko‘rmaslikka olishning imkoni yo‘q. Bu zamonaviy tilda aytganda migratsiya hodisasidir. Umumiy olib qaraganda holat unchalik ham tashvishli emasdek. Ammo yillar kesimida qaraladigan bo‘lsa, afsuski raqamlar anchagina salmoqli. Statistika ma’lumotlari har yili ming-minglab vatandoshlarimizning chet el fuqaroligini olib, o‘sha yerlarda umrbod qolib ketayotganini tasdiqlab turibdi. Bu esa qaysidir ma’noda Vatan tushunchasining kengayib borayotganini ham ko‘rsatayotgandek go‘yo. Odam o‘ziga qayerni makon tutsa, o‘sha yer uning Vatanidir, degan gaplar oxirgi paytlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Lekin necha asrlar avval o‘troq yashash tarziga ko‘nikkan o‘zbek uchun ildizi botib turgan tuproqdan uzilib ketish oson ish emas.  

 

***

2021-yil, avgust.

Xizmat yuzasidan bir oy muddatga Rossiyaga boradigan bo‘ldik. Biz rahbarlar guruhida, qolgan harbiylar esa jamoa-jamoa bo‘lib bepoyon o‘lkaning turli nuqtalarida bo‘lishi belgilangan musobaqalarda ishtirok etadi. Avvaliga hammamiz Moskvadagi bir mehmonxonaga joylashdik. Boshqa ishtirokchi davlatlar jamoalari yetib kelganidan so‘ng yig‘ilganlar yo‘nalishiga qarab har joyga tarqab ketadi.

Kechki ovqatdan keyin to‘rtinchi qavatning umumiy balkoniga bosh suqaman. Kimdir tamaki tutatib o‘tiribdi, kimlardir gurunglashib, yana kimlardir esa shunchaki atrofni tomosha qilish, vaqtni o‘tkazish uchun shu yerda. Boshqa-boshqa davlatlardan kelgan, bir-birining tiliga tushunmasa-da, imo-ishora bilan tillashib turganlarni ham uchratasiz. Odamlar ichidan fuqaro kiyimidagi o‘zimizning harbiylarni ajratib olish qiyin emas. Sekin kuzatib turib, ularning shu yerda ishlab yurgan qarindoshlari, og‘aynilari kelganini ko‘raman. Bu ularning gap-so‘zlaridan, hech bir sababsiz bir-birini qayta-qayta bag‘riga bosishidan sezilib turardi. Ayniqsa, ular ichida Buxorocha shevada gaplashayotgan ikki qadrdonning xatti-harakatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.

 

– Hah, akam-a, akam! Mani ko‘rgani kelibsiz-da! Qanday zo‘r bo‘ldi-ye! Smenamni topshirdimu, bu yog‘ga qarab uchdim. Oyimga qo‘ng‘iroq qilaylik. Ha, videovizov qiling.

Aka cho‘ntagidan telefonini chiqarib, qo‘ng‘iroq qila boshladi. Telefon ekranida avval qop-qorayib o‘zlari, so‘ng ekran chetida nurday yorishib bir onaizor ko‘rindi.

– Assalomu alaykum, onajon.

– Vaalaykum assalom. Ibi, bacham, ukangni topib oldingmi?

– Onajon, assalomu alaykum, qarang, mani ko‘rgani kim keldi? Akam mani izlab kelibdi, onajon! Shunday xursand bo‘ldim, akam bilan maza qilib gaplashib o‘tiribmiz, onajon. O‘zingiz yaxshimisiz, qarindoshlar zo‘rmi? – akaning o‘rniga uka hayajon bilan gapirib ketdi.

– Rahmat, bacham, sog‘-salomatman, qarindoshlar ham zo‘r. O‘zing yaxshimisan? Kelin, bachalaring katta bo‘loptimi? Aka-uka yana topishibsizlarda, a? Ko‘z tegmasin sizlarga, bolajonlarim.

– Man yaxshi! Akamning kelganini eshitib, kayfiyatim ko‘tarildi, shunga ozgina... Hozir sizlarni, yoshligimizni eslab, gaplashib o‘tiribmiz, – o‘g‘lining gaplarini eshitib turgan ona jilmayib qo‘ydi-da:

– San yaxshi yetib oldingmi, joylashdinglarmi?

– Ha, onajon, joylashib oldik. Indinga ertalab Voronejga uchib ketamiz. Duo qilib turing, yuzimiz yorug‘ bo‘lsin.

– Har kuni duo qilobman, bacham. Omadlaringni bersin.

 

Aka-uka qo‘llarini yelkalari ustidan oshirib olguncha onalari bilan kulib-kulib uzoq gaplashdi. Faqat har ikki tomon ham xuddi bir-biriga bildirishni istamaganday beixtiyor ko‘zlaridan dumalayotgan yoshlarni tez-tez kaftlari bilan artib qo‘yardi. Birovlarning suhbatini tinglash beodoblik bo‘lsa-da, bu suhbatdan, og‘rig‘i dilda toshdek qotadigan sahna qarshisidan mushtoq bir tomoshabindek uzoq ketolmay qoldim...

 

***

Mehmonxonaning biror joyida internet bilan bog‘liq muammoga duch kelmaysiz. Faqat bir joydan tashqari: lift. Ammo o‘sha kun... Nonushtadan so‘ng kiyimlarimni almashtirish uchun xonam joylashgan qavatga liftda ko‘tarilayotgan payt qo‘l telefonimga xabar kelib qoldi. Qarasam, mehribon singlim ota bo‘lganim, birinchi farzandim yorug‘ dunyoga kelgani bilan tabriklab, xabar jo‘natibdi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, ichimdagi shamoldek, yo‘q-yo‘q, dovuldek shodlikni tashqariga chiqarishim, bu haqda kimgadir aytishim kerak axir. Yonimdagi begona hamrohga ona tilimda hayajon bilan nimalardir dedim-ov... U gapimni to‘liq anglamasa-da, quvonchimga sherik bo‘layotgani yuz-ko‘zidan ko‘rinib turardi. Eh, umrimning biror pallasida qaytib kelmaydigan oltin lahzalarimni – ha, ha, birinchi farzand quvonchini – kutish yo‘lagida bir necha soatlardan so‘ng muborak maqomga erishadigan bir to‘p bo‘lg‘usi otalar bilan sharpasi ko‘ringan hamshiraga ilhaq bo‘lishni, tug‘uruqxonaning tanish derazasidan ko‘z uzolmay qolishni, ichimdagi olovni o‘chirolmay, turgan joyimda sakrab-sakrab olish baxtini, otamga ilk bor ota bo‘lganim haqidagi xabarni yetkazishni, jo‘ralarimning birortasini qo‘yib yubormay, ertalabgacha ziyofat berishni, bir quchoq gulni egasiga tutqazib, hayotim davomchisi – jajji farishtamni ohista ko‘targancha uyga olib kelish saodatini... kuppa-kunduz kuni boy berib qo‘ydim-a... Ha, shu lahzadan boshlab kunlar toshbaqaday sudraldi. Men tushlarimda kunlarning bo‘yniga arqon solib, shu qadar oldinga tortardimki, u to‘rt oyog‘ini yerga tirab, turgan joyida toshday qotardi...

 

***

Qo‘ldagi likopchani o‘ynatgancha mehmonxonaning hashamdor oshxonasidan yegulik qidiramiz. Qani endi o‘zimizning milliy taomlarga o‘xshash biror yegulik topilsa. Bir payt o‘zim nomini ham bilmaydigan ovqatlar yonida to‘xtab, olsammi-olmasammi, deb o‘ylanib tursam, ozg‘indan kelgan bir oshpaz kiyimidagi yigit yonimga kelib, sekin shipshidi:

– Bularni yemang, halolmas. Mana bu, mana bu va mana bular halol. Bemalol yeyavering, o‘zimiz pishirganmiz, – deb kulib turibdi. Uning rostgo‘yligidan qanchalik xursand bo‘lgan bo‘lsam, dabdurustdan o‘zbekcha gapirib yuborganidan o‘shancha hayron bo‘ldim. So‘ng razm solsam, bu yerlikka ham o‘xshamayapti.

– O‘zbekmisiz?

– Ha, Namangandanman, aka. Bu yerda qirg‘iz, tojiklar ham bor.

Shu-shu oshxonadagi, mehmonxonadagi vatandosh va qardosh ishchi-xizmatchilar bilan gurunglashib turadigan bo‘ldik. Ularning turmush tarzi, yashash sharoiti bizni doim qiziqtirardi. Bir safar yurtimizning qo‘shni davlatidan kelib, mehmonxonaning texnik xodimi bo‘lib ishlaydigan Asqar degan yigit bilan tanishib qoldik. Oilasi bilan shu yerda yasharkan. Fuqarolik olishga ham ulguribdi.

– Asqar, uyga qachon qaytmoqchisiz endi? – dedim kalovlanib.

– Bilmadim, qaytgim keladi-yu, lekin... O‘g‘lim to‘rt yoshga to‘lganida bir oy ta’til olib, oilam bilan qishloqqa borgandik. Uch yil oldingi gap bu. Yarim kechasi hammamiz uxlab yotibmiz. Bir payt qattiq shovqin-surondan uyg‘onib ketdim. Karaxtligimdan nima bo‘layotganini anglolmayapman. Derazani ochib, tashqariga qarasam, odamlar qo‘liga ilingan narsa bilan u yoqdan-bu yog‘ga yugurib yuribdi. O‘shanda birinchi marta o‘q ovozini eshitdim. O‘g‘lim qo‘rqib ketganidan onasining qo‘yniga kirib ketgan. Na tashqariga chiqishni bilaman, na qolishni. Shundan beri uyga oilam bilan birga borishga hayiqaman. Ta’tilni ham shu yerda o‘tkazishga odatlandik. O‘g‘lim o‘shanda qattiq qo‘rqqan shekilli, bir-ikki marta ovulga oboraymi, desam, endi bormayman, deydi. Shunaqa gaplarda, tuvg‘anim.

Bosh irg‘ib yana gapga solgim keladi:

– Qachondir qaytish haqida o‘ylasangiz kerak baribir?

– Ha, lekin qachonligini o‘zim ham bilmayman. Otamga pul jo‘natib turibman, yer sotib olib, o‘zim uchun alohida uy quryapti. Shu yil tomini yopamiz.

 

***

2019-yil, avgust.

O‘sha manzil, o‘sha-o‘sha musobaqalar. “Tank biatloni” bular ichida eng tomoshabopi. Musobaqa avj pallaga kirgan kunlar poligonga minglab odam yog‘ilib kelganidan bo‘sh o‘rindiq topish amrimahol. Chempionat tomoshasi bir tomon-u, raqibimiz zimbabvelik qora tanli muxlislar qo‘yayotgan tomosha bir tomon bo‘ladi. Ular ajabtovur cholg‘ularini baralla chalar, ajoyibu g‘aroyib raqslarga tushib, hammaning e’tiborini o‘ziga tortar, kuldirar edi. U payt esa bizning tankchilarimiz hammadan birinchi bo‘lib finish chizig‘iga yetib kelib, hordiqqa shaylanib turardi. Zimbabve muxlislari bo‘lsa haliyam jarima aylanasida yurgan bechora vakillariga e’tibor ham bermay, muxlistalab san’atkordek o‘z ishini davom ettiradi. Musobaqada peshqadammiz, lekin nimagadir ko‘nglimiz to‘lmaydi...