“Assalom alaykum dorning ogʻochi” – har bir kadrini tushuntirish kerak bo’lgan “Abdulla Qodiriy” filmi saboqlari


Saqlash
19:30 / 31.08.2024 682 0

Erkinlik, ruhan va jismonan mustaqil yashash ne ekanligini tutqunlik, bandilik azobini boshdan kechirganlar yaxshiroq tushunadi. Bugungi mustaqil avlod hur yashash neʼmatini u qadar ham anglashga qodir emas, zotan bu ham uning chin baxtidir. Mustaqil Oʻzbekistonimizning 33-yilligi arafasida biz qachonlardir xalqning mustaqil va ozod yashashi uchun qatl etilgan shahidlarni yana bir bor xotirlaymiz. Bu oʻrinda Oyina.uz kolumnisti Shohida Eshonboboyevaning fikricha jadidlar yashagan va bevaqt qatl etilgan zamonning asl muhitini anglamoq, his etmoq uchun keyingi yillarda yaratilayotgan hujjatli filmlarni koʻrish kifoya. Xususan, rejissyor Umid Hamdamovning “Abdulla Qodiriy” hujjatli filmi faqatgina adibning hayoti va ijodi bilangina kifoyalanmay, XX asrning boshlangʻich pallasidan to jadidlar shahid ketgan davrgacha oʻtgan muhitni chuqur oʻrganishga bagʻishlangan.

 

 

Abdulla Qodiriy haqida, uning ijodiy merosi toʻgʻrisida bir emas, bir necha hujjatli filmlar, koʻrsatuv va eshittirishlar yaratilgan. Behisob ilmiy-ommabop, publitsistik va sanʼat asarlari mavjud. Ammo har zamon-har zamonda badiiy ijod ummoniga kirgan yosh avlod Qodiriyning fenomeniga qayta-qayta murojaat etishga oʻzida bir ehtiyoj tuyadi. Bu ehtiyojning toʻyinishiga esa har doim ham imkoniyat berilgan emas. Oxirgi 6-7 yil ichida biz yana jadidlar dardi xususida oʻylash, fikr yuritish va soʻz ayta olish imkoniga ega boʻldik.

 

Qodiriy va unga zamondosh ijodkorlar yashagan davr jasoratlilar mahv etilgan davr edi. Qodiriyning oʻz tili bilan aytganda: “Biz jasorat soʻrar edik. Lekin… jasoratimizning qolgan-qutganini ham olmoq muddaosida edilar. Biz soʻz erkinligi soʻrar edik. Lekin tilimizni tag-tugidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitgan edi, til kesilgan edi.”

 

 

Oʻsha davr muhitini tasavvur qilsak, bir tomonda yirtqichlar qiyofasidagi hukumat, bir tomonda Toshpoʻlat tajang, Ovsar, Kalvak maxsumlardan iborat olomon, bir tomonda “qizillar”ga intilgan yoshlar va bularning barchasiga qarata “Maʼrifat” deya, hayqirgan Jadidlar. Ammo, foiz miqdorida juda ozchilikni tashkil etgan maʼrifatparvarlarni shu uch qism osongina mahv etdi, qoldi. Jasorat bitdi, tillar kesildi. Abdulla Qodiriy yashagan davr ana shunday davr edi va birinchi marta, bu davrni bor boʻyicha, yomonini yashirmay, yaxshisini oshirmay hujjatlar bilan isbotlab bergan rejissyor Umid Hamdamov boʻldi.

 

Moziyga qaytib

Millat tafakkurining ombori haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Bugungi zamondoshimiz tafakkuri tubida nima bor? Bizning tanamiz, miyamiz, hujayralarimizda uzoq-yaqin oʻtmishning qanday xotiralari mavjud?

 

Abdulla Qodiriy hujjatli filmining dastlabki kadrlarida zamondoshimiz ana shu milliy tafakkur yertoʻlasiga tushib, moziyga qaytadi. Milliy tafakkur yertoʻlasida, aniqroq aytadigan boʻlsak millatimizning qon hujayralarida yaqin oʻtmishdan qolgan chiqindilar chirib yotibdi. Afsus, bu chiqindilardan chiqadigan zahri qotil tanimizni ham, ongimizni ham hamon oʻz iskanjasidan boʻshatgani yoʻq.

 

 

Bu yertoʻlada qachonlardir millionlar sigʻingan Lenin, Stalinning byusti, suratlari sovuq qotgan. Kechagina yoqimli xotira boʻlib eslanadigan qizil bayroqlar, shisha butilkalar-u stakanlar endi loyga qorishgan. Devorning qay bir burchagidan tanish bir yozuvchi nigohi moʻltayib termiladi. Bu yarim chala koʻrinib turgan chehraga boqib, haqiqat bari-bir bir kun yuzaga chiqishini yana bir bor koʻngildan oʻtkazasiz.

 

Zamondoshimiz aytadi: “Hujjatlar qatidagi voqelik hamon mavhum, hamon chigal. Bir savol ortidan oʻn savol keladi. Abdulla Qodiriy va uning safdoshlari nega eski zamonga ham, yangi zamonga ham sigʻmadi? Bu qonuniyatmikin? Bu savollarga javob topish uchun, Qodiriyning taʼbiri bilan aytganda… tariximizning eng kirli, eng qora kunlariga boqib, undan haqiqat izlaymiz.”

 

Film debochasida shu tariqa aniq maqsad belgilandi. Eʼtibor bersangiz, ijodkorlar bir emas bir necha savollarga javob topishga bel bogʻladilar. Film soʻngida bu savollarga yetarli javob topildimi yoki 45 minutlik vaqt ichiga sigʻishi dargumon boʻlgan vazifani boʻyinga olgan ijodkorlar qulochni haddan ortiq katta otdilarmikin? Koʻramiz…

 

Dorning ogʻochi

Qodiriy haqidagi koʻplab publitsistik va ilmiy asarlarda yozuvchining biografiyasi, ijodiy potensiali, badiiy mahorati va fojiali taqdiri toʻgʻrisida ilmiy, ilmiy-ommabop bitiklar koʻp va xoʻb bitilgan. Ularning har biri yozuvchi ijodining bir yoki bir necha qirrasini chuqur oʻrganishga bagʻishlangan. Mazkur hujjatli filmda esa hammasini birvarakayiga va chuqur jiddiy tahlil etishga urinish bor.

 

Dastlab, yozuvchining padari buzrukvori Qodir Muhammad boboning asli sarboz boʻlgani va u xonliklar va toʻralar hayoti bilan bogʻliq jonli hikoyalari bilan yosh Abdullada yozuvchilikka katta havasni uygʻotgani haqida muhim axborot beriladi. Keyin, koʻpda ham tilga olinmaydigan kichik publitsistik asarlari orqali yosh Abdulla goh Julqunboy, goh Ovsar taxallusi bilan “boshini ming bir toshga urib” boʻlsa ham davrning illatlaridan ochiq kulgani, jamoatchilik eʼtiborini bu illatlarni bartaraf etishga chaqirgani toʻgʻrisida eslatiladi.

 

Hajman va mazmunan katta boʻlgan maʼlumotlarni soʻz va tasvir uygʻunligiga boʻysundirishda rejissyor Umid Hamdamovning badiiy mahorati va fuqarolik pozitsiyasi sintezini koʻrishimiz mumkin. Ogʻzaki hikoya etilayotgan har bir axborot XX asr boshidagi Turkiston muhitidan soʻzlaydigan tasvirlar bilan boyitiladi. Bangilar, xoʻroz urishtiruvchilar, tilanchi qariyalar fonida Qodiriyning soʻzlari yangraydi:

Koʻr bizning ahvolimiz

Gʻaflatda qanday yotamiz.

Joyi kelgan chogʻida

Vijdonni pulgʻa sotamiz.

Oʻgʻlimizga na adab, na fan, na yaxshi soʻylamak,

Na xudoni buyrugʻi boʻlgan ilm oʻrgatamiz.

 

Azroil joningga koʻz tiksa, uch bora koʻrinish berarkan. Abdulla Qodiriyning birinchi bor oʻlim yoqasiga borishi “Oʻtkan kunlar”da Otabekning jallod qoʻliga topshirilishi bilan qiyoslangan. Eʼtibor berish kerakki, juda murakkab yoʻl boʻlmasin, rejissyor Qodiriyning ijodiga mansub barcha asarlardan (sheʼr, maqola, qatralar, badiiy asarlar va ular asosidagi film) oʻz oʻrnida toʻlaqonli foydalanishga harakat qilgan. Baʼzan juda katta axborotlardan eng keraklisi va mosini tanlab olish qiyin kechadi. Lekin bu hujjatli filmda har biri oʻz oʻrnida.

 

1917-yilda Turkistonda bir “hovuch” ziyolilar tuzgan muxtoriyat va uning eshelon-eshelon qizil askarlar bilan, dashnoqlar harakati ila yoʻq qilinishi. Ketganda xalqning joni ketdi, siyosatning yolgʻoni avj oldi, yosh pionerlar barabanlari sadosi ortida millat yasoqqa tortildi. 1924-yilga kelib hammasi barham topdi. Sovetlarning asl qiyofasini xalq tanimasdi, lekin jadidlar kim-kimligini yaxshi bilardi. Avvaliga Madaminbek, Ibrohimbek, Shermuhammadbek, Anvar posho kabilarni mahv etgan bolsheviklar keyingi bosqichda “aqlli” ziyolilarni yoʻq qilish rejasini tuzgan edilar.

 

“Abdulla Qodiriy” hujjatli filmini koʻrar ekansiz, 1937-yillar qurbonlari birdaniga qatagʻon etilmagani, bunga sovetlar hukumat tepasiga kelgan ilk kunlardanoq katta reja tuzishgani va har oʻn yillikda rejaning amaldagi natijasi roʻyobga chiqib kelganini anglaysiz. Ssenariy mualliflari va rejissyor mamlakatni qonga botirganlarga nisbatan oʻz nafratlarini yashirmaydilar, ijodkorlarni tugʻyonga solgan, ehtimol qon yigʻlatgan hujjatlar qatidagi maʼlumotlar sizni ham junbishga soladi: “1921-yilda 1 350,000 aholi qirib tashlangan…”

 

Bu maʼlumotlarga munosabat sifatida Otabekning savoli eshitiladi: “Yirtqichlarning bu qirgʻindan qanday maqsadlari hosil boʻlarkin?” Savolga javoban Yusufbek hoji: “ Agar biz shu yoʻldan ketar ekanmiz va oʻzimizning tagimizga oʻzimiz suv quyadigan boʻlsak, yaqindirki, oʻris istibdodining iflos oyogʻi bilan Turkistonni bulgʻaydur va biz oʻz qoʻlimiz bilan kelajak naslimizni boʻyniga oʻris boʻyinturugʻini kiydirgan boʻlarmiz.”

 

Qodiriy “Oʻtkan kunlar”da koʻrsatib bergan mustamlakachining asl qiyofasini ulardan ham avval, hasadchilar yaxshi anglagan edi. Munaqqid sifatida bor “mahoratini” namoyish etgan Sotti Husayn goʻyo oʻz millatdoshining “goʻshtini” chaynar ekan, huzur bilan qalam tebratadi… Bu va shu kabi qalamlardan toʻkilgan satrlar va nihoyat, Qodiriyni dorning ogʻochi tomon yetaklab keladi…

 

Senariy

Film muvaffaqiyati omillari haqida gap ketganda senariy, senariy, senariy deb bejiz aytilmagan. “Abdulla Qodiriy” hujjatli filmida bu fikrning naqadar to‘g‘riligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Senariy mualliflari Farrux Jabborov va Iqbol Qoʻshshayeva nafaqat qahramonning o‘zini, balki u yashab ijod etgan davrni ham puxta o‘rgangani seziladi. Qodiriyning to‘rt marta dor tagiga borishi – Otabek va Anvar bilan majozan, 1926- va 1937-yilgi qamalishi chog‘i jizmonan o‘lim bilan yuzma-yuz kelishi senariy asosini tashkil qiladi. Ushbu epizodlarni hujjatli filmni tutib turuvchi to‘rt ustunga mengzash mumkin. Yozuvchining yirik asarlari, hajviy hikoyalari, maqolalarida aks etgan fikrlari mag‘zi “mana” deb tomoshabin ko‘z o‘ngiga tutiladi. Aytish mumkinki, senariy mualliflari, rejissor va filmning boshqa ijodkorlari shunchaki hamkasb emas, chinakam hammaslakka aylanishgan. Pirovardida Abdulla Qodiriyni sevgan, u yashab ijod etgan davr fojiasini anglagan va davrni haqqoniy koʻrsatishga bel bogʻlagan millatparvar ijodkorlar yagona maqsad yoʻlida birlashib, bir-birlarini toʻldiradilar.

 

 

Boshlovchi uchun yozilgan matn nihoyatda mazmundor. Binobarin bu mazmun shunchaki, axborotga toʻyintirilgan emas. Aksincha, XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayot oqimini yaxshi bilgan, oʻrgangan va his etgan ijodkorlarning oʻz ajdodlari taqdiridan kuyunib, qalbdan kechgan tuygʻularni qogʻozga koʻchirgan va Qodiriylarning fojiasini ifodalash uchun muqobil kalom topa bilgan ijodkorlardir. Shuning uchun ham Rauf Parfi oʻqigan sheʼrni boshingizni eggancha, qayta-qayta tinglagingiz keladi.

 

Non soʻrab kelganga, joningni berding,

Sendadir matonat, sendadir toqat.

Oʻldirsang oʻzingni oʻldirding faqat,

Assalom alaykum dorning ogʻochi

 

Rejissura

Oʻtgan asrda hujjatli filmlarga qoʻyiladigan jiddiy talablardan biri – janr sofligini saqlab qolish edi. Bugun bu talab oʻz-oʻzidan susayib, koʻproq janrlar qorishuvi tendensiyasi avj olgan. Bu tendensiya birda oʻzini oqlasa, birda kutilmagan xatoliklar uchrayotganini aytib oʻtish joiz. Bundan farqli tarzda mazkur hujjatli filmda bir necha janrlar va uslublardan foydalanilganiga qaramay, har bir janr sofligi saqlangan va oʻziga xos uslubiy birlikka erishilgan. Juda murakkab yoʻldan borgan rejissyor filmda animatsiya elementlaridan, aktyorlar ijrosiga tayangan “igrovoy” uslubdan, juda katta hajmdagi hujjatlar va suratlar majmuasidan va kadr orti matni izohlaridan birvarakayiga foydalanishdan choʻchimaydi. Umid Hamdamovning kinopublitsist sifatida oʻziga xos topilmasi ham shunda – u XXI asr tomoshabiniga mos montaj yoʻlidan foydalangan. Har xil hajm va mazmundagi parcha-parcha axborotlar yigʻindisini yagona gʻoya yoʻnalishiga singdirib yuborgan rejissyor boshlovchi, Toshpoʻlat tajang, Kalvak maxsum va Ovsar, Kashmiri romchi obrazlari, Sotti Husayn, Sheverdin, Berezkin, Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Qodiriy – Shokirbek kabi rollar ijrochilariga oʻz vazifalarini muvaffaqiyatli ifoda etishlari uchun keng imkoniyat yaratib beradi. Shuningdek, xronikal kadrlar bilan mizansahna qorishmasidan hosil boʻlgan kadrlarda oʻtmish voqealari bilan kinofilmdan olingan kadrlar orasidagi farqni ajratish qiyin. Bu esa yaxlit bir oʻtmish voqeligini yaratishga va bu voqelikdagi fojiani toʻla toʻkis anglatishga yordam bergan, desak xato emas. Rejissyor topgan majoz va timsollar hujjatli filmda behisob. Ramziylikka yoʻgʻrilgan animatsion kadrlarni ham, aktyorlar ijrosiga berilgan “yuk”ni ham, mizansahna jihozlari joylashuvidagi maʼnolarni ham malakali tomoshabin yaxshi anglaydi. Bu xuddi uzoq vaqt soʻzlashga chora topolmay, nihoyat berilgan imkoniyatdan toʻliq foydalanib qolishga intilgan jonning alamli monologi kabidir. Zinhor va zinhor bu monologni qoralashdan yiroqmiz, aksincha bunday monologlar qachon birlashib, oʻzaro dialogga aylanib, pirovardida XALQ OVOZI boʻlib birlasharkan, degan savol xayolga keladi, xolos.

 

Xulosa oʻrnida

Qodiriy ham, uning hammaslakdoshlari ham xalq manfaati yoʻlida “HAQ” deya qatl etildilar. Ammo… ammo buni xalq bildimi? Avlodlar bildi, oʻz zamondoshlari-chi? Birlashish yoʻq boʻlgan, har kim jon qaygʻusida boʻlgan u vaqtda, Oʻrtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguvchi, Biz uni dahriy sanab toʻfoncha birla otamiz, deguvchi koʻp boʻldi.

 

Shu bois, filmda Lenin va Stalin obrazi, qizillar, bolsheviklarga koʻp urgʻu berilgani bir mulohaza uygʻotganini aytib oʻtmasak boʻlmas. Nafs, hasad, xusumat kabi qusurlar millat, davr va mafkura tanlamaydi. Demak, 37- yillar fojiasining sababchisi bolsheviklar va ularning siyosati sifatida aks etgan gʻoya qanchalik toʻgʻri boʻlmasin, chaqimchilar va “quloqlar” aslida oʻzbeklarning oʻzidan chiqdi. Yana boshqaruv va davlat xavfsizligi savodsiz olomon vakillari qoʻliga topshirilgani uchun ham ziyolilar maydondan chiqarib tashlandi. Savodsizlarni boshqarish esa hamisha juda oson boʻlgan…

 

Tan olib aytadigan boʻlsak, “Abdulla Qodiriy” hujjatli filmi tomoshabinni shunday oʻylar girdobiga tashlaydi. Fikrimizcha, bu film va shu kabi oʻtmishdan haqqoniy soʻzlaydigan asarlarni mustaqil davlatimizning yoshlariga muntazam namoyish etish, kezi kelsa kadrma-kadr tushuntirish kerak boʻladi. Shoyad, shu tariqa bu anʼanaga aylansa-yu, bugungi erkin hayot neʼmati ortida shahid ketganlar nomi QADRIYAT darajasi qadar koʻtarilsa.

 

Shohida ESHONBOBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//