Qonlar, jonlar va ko‘z yoshlar evaziga qo‘lga kiritilgan buyuk ne’mat


Saqlash
18:26 / 30.08.2024 490 0

Bundan 33 yil muqaddam qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabamiz bizdan har daqiqa ogoh bo‘lishimiz, siyosiy hushyorlikni esdan chiqarmaslikni talab etadi. Chunki xalqimiz hurlikning o‘tgan qisqa davrida ozodlik va erkning naqadar totli ekanini anglab yetdi. Biz endi o‘zining mustahkam zaminiga, o‘z so‘zi, mustaqil tashqi siyosatiga, jahon ayvonida erkin, barcha bilan teng gaplasha oladigan kuchli davlatga aylandik.

 

Bugun yurtimiz mustaqilligiga muayyan darajada xavf solib turgan ayrim kuchlar borki, biz o‘z siyosatimizda ana shu omillarga alohida e’tibor bermasligimiz mumkin emas. Nazarimda, bunday xavflar juda ko‘p bo‘lsa-da, ularni umumlashtirib, ikki katta guruhga bo‘lish mumkin.

 

Birinchidan, turli g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgan, qator davlatlarning o‘z milliy manfaatlarini amalga oshirish maqsadida barcha vositalardan foydalanishi avj olayotgan hozirgi globallashuv sharoitida o‘zga yurtlarni o‘z ta’siriga kiritish amaliyoti hali ham avj olib bormoqda. Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda o‘z so‘ziga, mustaqil tashqi siyosatiga ega bo‘lgan O‘zbekistonga nisbatan turli g‘ayriinsoniy harakatlar qilishga moyil davlatlar hali borligini esdan chiqarmaslik kerak.

 

Ikkinchidan, Yangi O‘zbekiston sharoitida kechayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyatini to‘liq anglamayotgan yoki anglashni istamayotgan ayrim vatandoshlarimiz borligini yoddan chiqarish aslo mumkin emas. Kechagi kunning kayfiyatida yurgan, yaqin o‘tmishda yurtimizda sodir bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, g‘oyaviy-mafkuraviy voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosalar chiqara olmayotgan ba’zi kishilarning mustabid tuzumni sog‘inish holatlari mavjudligi ham, nazarimizda, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga muayyan darajada xalaqit qiladi.

 

Shuning uchun biz muqaddas bayramimiz arafasida tariximiz, ayniqsa, yaqin o‘tmishimizning ayrim jirkanch sahifalaridan xalqimizni xabardor qilishimiz zarur. Zero, tarixni unutmoq, aslida, o‘zlikni unutish, o‘z tarixiy, ma’naviy zaminidan judo bo‘lishdan boshqa narsa emas. Darhaqiqat, inson ruhiyati, dunyoqarashi, ma’naviy olamida uning kelajak sari rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratmas ekanmiz, bu hol, shubhasiz, har qanday jamiyatning ma’naviy-mafkuraviy asoslarini yemiraveradi.

 

Keling, shu o‘rinda ulug‘ va aziz istiqlol bayramimiz arafasida xalqimizning yaqin o‘tmishdagi ahvoli, mustaqillik va erk uchun kurashlari tarixiga qisqacha nazar tashlaylik.

 

Sobiq sovet davri adabiyotlarida O‘rta Osiyoning Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgani haqidagi aqidalar ustuvorlik qilgan. Emishki, xalqimiz XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning boshlarida o‘zining og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini yaxshilash, mahalliy boy-amaldorlar zo‘ravonligidan qutulish uchun mustamlakachilarni xursandchilik bilan, tuz-non tutib kutib olgan.

 

Bunday qarash mustabid tuzum siyosatidagi zo‘ravonliklar, xalqimizga yetkazilgan zarar-zahmatlar hajmini atayin kamaytirish uchun to‘qib chiqilgan siyosiy nayranglardan boshqa narsa emasdi.

 

Xo‘sh, aslida, qanday bo‘lgan edi? O‘z qadr-qimmatini bilgan xalqimiz ozodlik, hurlik qimmatini ham juda yaxshi tushunib yetgan. Shuning uchun har qanday dushmanga qarshi tinimsiz qarshilik ko‘rsatgan, o‘z sha’ni-sharafini ko‘z qorachig‘idek himoya qilishni millat or-nomusi deb bilgan. O‘zbekiston tarixini mustaqillik uchun kurashlar tarixi deyishga to‘liq haqqimiz bor.

 

Istilochilar qanday yo‘llar bilan bo‘lmasin, yurtimizning boy iqtisodiy imkoniyatlaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga harakat qildi. Qishloq va shaharlarimiz talandi, iqtisodiyotimizga katta zarar yetkazildi, xalqning ahvoli esa yildan yilga og‘irlasha boshladi. Birgina 1916-yilda Turkiston general-gubernatorligidan Rossiya frontiga 654 ming 388 tonna paxta, 38 ming kvadrat metr chidamli jun gilam, 49 ming 744 tonna go‘sht, 70 ming bosh qoramol, 12 ming 797 bosh tuya va 2,4 million oltin rubl jo‘natildi.

 

Bunday talonchilik xalqimizning og‘ir iqtisodiy ahvolini yanada qiyinlashtirdi. Natijada o‘zbek xalqi qo‘liga tushgan qurollar miltiq, ketmon, o‘roq, barcha vositalar bilan o‘z yurtidan mustamlakachilarni quvib chiqarishga bel bog‘ladi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, birgina 18991917 yillar mobaynida Turkiston general-gubernatorligida hukmron bosqinchilarga qarshi 4922 marotaba qurolli hujum uyushtirildi.

 

Biroq o‘lkamizning o‘sha paytdagi og‘ir ahvoli, yurtimizning jahon taraqqiyotidan jiddiy ortda qolgani tufayli bu qarshilik harakatlari ko‘pincha mag‘lubiyat bilan tugagan, qo‘zg‘olonchilar esa shafqatsizlarcha jazolangan. Shu o‘rinda avstriyalik harbiy asir, ofitser Fris Uilfort 1916-yilgi Jizzax shahridagi qo‘zg‘olonni bostirish chog‘ida mustamlakachilarning g‘ayriinsoniy munosabatini quyidagicha tasvirlagan: “1916-yil 2-avgust, ko‘hna Jizzax xarobalar uyumi, qo‘l ostidagi hamma narsa yondirildi. Biz o‘zimiz (harbiy asirlar) har tomondan jasadlar va o‘lgan otlarni ko‘mishimiz kerak edi. Vazifamiz barcha jasadlar bilan xoh ot, xoh odam bo‘lishidan qat’i nazar, chuqurni to‘ldirish edi. Jasadlar soni ko‘p bo‘lsa, ularni maydonga yig‘ib, ostidan o‘t qo‘yishadi. Quyosh jaziramasida jasadlarning badbo‘y hidi havoni buzadi. Afsuski, jasadlar orasida tiriklarning dahshatli qichqiriqlari ham bor: rus askarlarining kuchli zarbalari tufayli ular darhol boshqalar bilan dafn etiladi. Bu dahshatli qo‘l mehnati evaziga askarlarimiz boshliqdan mo‘l-ko‘l oziq-ovqat, hatto talon-taroj qilingan ko‘rpa-to‘shak, choy, tamaki, quritilgan mevalar kabi barcha turdagi narsalarni olishga muvaffaq bo‘ladi”.

 

O‘zbekistonning mustaqillik uchun kurashlari tarixida 1918-yili Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan vahshiyliklar alohida o‘rin tutadi. Mustabid tuzum davri adabiyotlarida “Qo‘qon muxtoriyati” deb atalgan voqealar, aslida, Turkiston muxtoriyati edi. O‘sha davr siyosatdonlari bu voqeaning siyosiy-mafkuraviy ahamiyatini sun’iy ravishda kamaytirish maqsadida uni “Qo‘qon muxtoriyati” deb atadi.

 

Turkiston muxtoriyati milliy tariximizning o‘ziga xos bosqichidir. 1917-yil noyabr oyida tashkil topgan davlatchiligimizning ushbu shakli uzoq yashamadi. 1918-yilning 18-fevralidan 19-fevraliga o‘tar kechasi qizil qo‘shinlar Qo‘qon shahriga uch tarafdan hujum boshladi. Bu hujumlardan maqsad yosh milliy davlatning “ko‘zini ochib qo‘yish” edi. Birgina ana shu kunlarning o‘zida Qo‘qonda 10 ming begunoh odam o‘ldirildi.

 

Qo‘qon og‘ir janglar og‘ushida qoldi. Ko‘chalar, dahalar qo‘ldan qo‘lga o‘tib turar, yuzlab, minglab tinch aholining yostig‘i qurir edi. Istilochilar 12 ta to‘pdan tinmay o‘q uzdi. Shahar qonga to‘ldi, yurtimiz bunday xunrezliklarni ko‘rmagan edi. Biz yuqorida nomini eslagan Fris Uilfort yozadi: “Qo‘qon yo‘nalishidan vokzalga 25 vagon bir-birining ustiga tiqilib qolgan qizil askarlar to‘la poezd kelib qoldi. Dala artilleriyasi, gaubitsa va pulemyotlar ochiq vagonlarda mohirlik bilan kamuflyaj qilindi. Vagonlardan biri askarlar va ularning o‘ljalariga to‘la edi. Boshqa vagonlarda otlar, qoramollar va bolalar yig‘ilib turardi. Ikki yo‘lovchi vagonda tish-tirnog‘igacha qurollangan qizil askarlar, ularning boshida Osipov bor edi”.

 

Aslida, nima bo‘lgan edi? Istilochilar Qo‘qon shahrini chaqmoqdek urgani, shahardagi sartlar orasida dahshatli qirg‘inlar, eski shaharni vayron qilib, o‘t qo‘ygani, musulmon hukumati birdan yo‘q qilingani haqidagi xabar butun hududga tarqaldi. Katta o‘lja, Qo‘qon bankining butun oltin zaxirasi qizil askarlar qo‘liga o‘tdi.

 

O‘sha hodisalar guvohlarining yozishicha, Qo‘qon “olov dengizi”ga aylandi. Talonchilik va o‘g‘irlik avj oldi. Eski shahar hududidagi barcha korxonalar, do‘konlar, banklar va uylar talon-taroj qilindi. Dastlab bozor yoqib yuborildi. So‘ngra butun eski shahar hududi yondi. 21-fevraldan yong‘in 1520 kilometr masofadan ko‘rina boshladi. Yong‘in taxminan 15 kun davom etdi. Shaharda yong‘inni o‘chirishga odam qolmadi. Jasadlar hidi shaharni tutib ketgandi, deb yozadi “Bosmachilar. Turkiston milliy kurashi tarixi” kitobida doktor Boymirza Hayit.

 

Ana shu voqealardan so‘ng Turkiston o‘lkasida uzoq davom etgan va sho‘rolar davrida “bosmachilik” deb atalgan, aslida esa milliy-ozodlik harakati boshlandi. Bu harakatning maqsadi yurtni mustamlakachilardan ozod etish, milliy davlatchilik asoslarini tiklashdan iborat edi.

 

1918-yilning mart-may oylarida Ergash qo‘rboshi qo‘shinlari Bachqirdagi asosiy qarorgohlaridan turib, Qo‘qon atrofidagi qizil qo‘shinlarga qarshi 50 dan  ortiq hujum uyushtirdi. 1918-yilda Ergashning 16 mingdan 18 minggacha jangchisi bor edi. Bu davrda Farg‘ona vodiysida ozodlik uchun kurash ommaviy harakatga aylangandi. Bir qancha qo‘rboshilar turli hududlarda qizil armiya askarlariga qarshi harakatlar olib bordi: Ergash (taxminan 18 ming odam), Madaminbek (5 ming, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 28 ming), Shermuhammadbek (taxminan 5 ming), Xolxo‘ja (taxminan 3 ming), Parpi (taxminan 3600), Muhiddinbek (taxminan 4500), Omon Pahlavon (2500 dan ortiq), Nurmuhammadbek (taxminan 3900), Jonibek (taxminan 5700) kabi yuzlab vatanparvarlar mamlakat va millat mustaqilligi, or-nomusi uchun qo‘llariga qurol olib jang qildi.

 

Mustabid tuzum yurtimiz taqdirida va xalqimiz hayotida o‘ta mash’um asoratlar qoldirdi. Shu o‘rinda vatandoshimiz Boymirza Hayit qalamiga mansub bo‘lgan quyidagi ma’lumotlarni berishni lozim topdik: “19171923-yillarda faqat Farg‘ona vodiysining o‘zida 1 milliondan ortiq odam ochlikdan o‘lgan. Shuningdek, 19181924-yillarda 500 ming kishi qizil askarlar tomonidan qirib tashlangan, 1915-yili Farg‘ona mintaqasida 2,2 million kishi yashagan bo‘lsa, 1924-yil oxiriga kelib, 500 ming kishi qolgan, ya’ni 10 yil ichida 1 million 700 ming kishi halok bo‘lgan. Shahobiddin Yassaviy esa 19201935-yillarda Turkistonda taxminan 2 milliondan ortiq kishi noilojlikdan xorijga ketgan deb hisoblaydi”.

 

Boymirza Hayitning hisoblashicha, O‘rta Osiyoda 19171934-yillarda olib borilgan milliy-ozodlik harakatida turli millat vakillaridan 2 millionga yaqin odam jon fido qilgan. 19301939-yillarda kamida 1 million 700 ming kishi “bosmachi”larga qo‘shilgan, ularga yordam bergan yoki ular haqida ma’lumot bermaganlikda ayblanib, Sibirga va boshqa joylarga surgun qilingan. Hammasi bo‘lib 5 million 600 ming kishi qurbon bo‘lgan. Bu hisobga chor Rossiyasi bosqiniga qarshi O‘rta Osiyo xalqlari 18531917-yillarda olib borgan milliy ozodlik kurashi davomidagi ko‘pdan ko‘p qurbonlar kirmaydi. Agar ularni ham jamlab, 130 yil davomida qurbon bo‘lgan kishilar hisoblansa, chindan ham Yer yuzidagi milliy-ozodlik kurashlari tarixida O‘rta Osiyodagi kabi ko‘p qurbonlar berilmagani ma’lum bo‘ladi.

 

Mustaqillik, uning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-mafkuraviy ahamiyati haqida gap ketar ekan, hech shubhasiz, uning qadr-qimmatini mustabid tuzum sharoitida milliy madaniyatimizga qarshi qaratilgan rasmiy siyosat mohiyatini anglamasdan tushunish mumkin emas.

 

To‘g‘ri, bu davrda xalq ommasiga jahondagi ilg‘or san’at, adabiyot, fan yutuqlaridan bahramand bo‘lish imkoniyatlari yaratildi, maktab, oliy ta’lim muassasalari, teatr, kutubxona va boshqa ko‘plab keng tarmoqli madaniyat o‘choqlari ochildi. Shuningdek, jahon miqyosida muayyan mavqega ega bo‘lgan ko‘plab o‘zbek san’atkorlari yetishib chiqdi.

 

Biroq sovet madaniyati deb nomlangan bunday madaniyatdan ko‘zlangan asosiy maqsad sovet tuzumi “afzalliklari”ni ko‘rsatish, milliy madaniyatlar, jumladan, o‘zbek xalqining madaniyat va san’at bobida qoloqligini isbotlash, pirovard natijada ming yillar mobaynida mutafakkir-allomalarimiz tomonidan yaratilgan boy madaniy-ilmiy merosni inkor qilishdan iborat edi. 1917-yildan keyingi davr ma’naviy buzilish, “yangi kommunistik ma’naviy-madaniy qadriyatlarni” ko‘zlab ishlash davri bo‘ldi. Bu hol, eng avvalo, ma’naviy-ma’rifiy sohaga siyosiy-mafkuraviy tus berishda o‘z aksini topdi. San’atning butun qudrati, san’atkorlarning iste’dodi sotsializm g‘alabasi va uning kelajagi uchun xizmat qilishi lozim edi.

 

Mustabid tuzum davri madaniyatining o‘ziga xos jihatlari shundan iborat ediki, unga binoan har bir milliy madaniyatning rivojlanishi partiya ko‘rsatmalari asosida bo‘lishi, bunda sinfiylik, g‘oyaviylik asosiy tamoyillar hisoblanishi shart etib belgilandi. Sotsialistik madaniyat o‘z tabiati va mazmuniga ko‘ra totalitar xususiyatga ega bo‘lib, unda asosiy e’tibor hukmron partiya va sovet davlati manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.

 

O‘sha davrlarda qabul qilingan barcha qarorlar, partiyaviy ko‘rsatmalardan ko‘zlangan maqsad esa o‘zbek madaniyati, san’atini “g‘oyasizlik”, “millatchilik”, “g‘arbparastlik”, “xalq manfaatlariga qarshi formal faoliyat”, “hayotiy haqiqatni buzib ko‘rsatish”da ayblash, aybdorlarni esa jazolashdan iborat edi. Masalan, birgina 1951-yil avgustda respublika matbuotida madaniyat sohasidagi mafkuraviy jarayonlarga bag‘ishlangan turkum maqolalarda Turob To‘la, Mirtemir, Sobir Abdulla, Oybek, Habibiy, Hodi Zarif, Homil Yoqubov, Izzat Sulton kabi adib, olimlar sotsialistik realizm tamoyiliga nomunosib faoliyat ko‘rsatgani keskin tanqid qilindi.

 

O‘tgan   asrning   50-yillari boshlariga kelib, O‘zbekiston madaniy hayotida yana katta qatag‘on siyosati boshlandi. Ayniqsa, bu jarayon 1951-1952-yillarda kuchaydi. “Sovet tuzumiga dushmanlik” faoliyati uchun Shukrullo, M.Shayxzoda, M.Osim, S.Ahmad, M.Ismoiliy, Shuhrat, H.Sulaymon va boshqa yozuvchi, shoir, olimlar uzoq muddatli qamoq jazosiga tortildi. 1952-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi plenumida adiblik ishi shaxsiy ish emas, balki partiya va davlat ishi ekani, har bir shoir, yozuvchining asari darajasi uning kommunistik g‘oyalarga qay darajada mosligi bilan belgilanishi lozimligi qayd etildi. Ushbu davrda “Alpomish” dostoni ham g‘oyasizlikda ayblandi, u oddiy xalq manfaatlariga zid deb baholandi. Keyinchalik ming yillar davomida xalqimiz milliy-madaniy merosiga aylanib bo‘lgan Navro‘z bayrami ham eskilik sarqiti, xalqni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ituvchi tadbir sifatida tanqid qilindi va uning nomi “Navbahor” deb o‘zgartirildi.

 

Fikrimizcha, milliy davlat mustaqilligining tom ma’nodagi ijtimoiy ahamiyatini to‘g‘ri tushunish, bugungi kunning shukronasini qilish uchun ham ushbu yaqin tarixni o‘rganish lozim. Qolaversa, haqiqat nisbatda bilinadi. Bugun ayrim vatandoshlarimizning mustabid tuzumni qo‘msashi bilan bog‘liq salbiy holatlar mazkur masalaga e’tibor berishimizni talab qilmoqda.

 

Yuqorida bayon etilgan masalalarga ahamiyat bersak, yaqin tariximizda yo‘l qo‘yilgan xatolarimizni e’tirof qilsak, shubhasiz, mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi yetti-sakkiz yil ichida qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz salmog‘i yanada ravshanroq ko‘rinadi.

 

Keling, yaxshisi, shularning ayrimlari xususida to‘xtalib o‘taylik.

 

Birinchidan, biz bugun mamlakatimizda yashovchi barcha xalqlar va millatlarning qadr-qimmati, haq-huquqlari, ayniqsa, rivojlanish huquqini hurmat qilish, imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish g‘oyasi real haqiqatga aylanganini ko‘rishimiz mumkin.

 

Bularning bari ushbu maqsadlarga tinch, adolatli, har qanday ijtimoiy to‘siqlardan xoli, inklyuziv va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, hokimiyat organlarining barcha bo‘g‘inlarida samarali boshqaruv, oshkoralik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish orqali erishish imkoniyatlari va tizimini shakllantirmoqda. Keyingi yillardagi eng katta yutuqlarimizdan biri jamiyatda “inson jamiyat davlat” tamoyilining hayotga joriy etilishi bo‘ldi, deyish mumkin. Bu fikrlarning hayotdagi ifodasini esa qonunchiligimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar soni 3,5 barobar oshirilganida, 40 dan ortiq yangi konstitutsiyaviy huquq muhrlanib qo‘yilganida ko‘rish mumkin.

 

Ikkinchidan, mamlakatning salohiyati, millat ravnaqi iqtisodiyotning barcha jabhalaridagi taraqqiyot darajasiga, zamonaviy davlat esa innovatsion iqtisodiyot va yangi texnologiyalarga asoslangan industriyaga bog‘liq. Ana shu haqiqatni e’tiborga olgan holda bugun bilimlar va innovatsion iqtisodiyotni mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston milliy qiyofasida alohida o‘ringa ega bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari o‘z faoliyatining ilk kunlaridanoq keng ko‘lamli ilmiy-texnik kooperatsiya va yangi texnologiyalarni, ilm-fan va texnika yutuqlarini iqtisodiyotga joriy etmasdan turib, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin emasligini bot-bot ta’kidladi.

 

Innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yangi ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish, inson kapitali hamda ilm-fan sohalarini rivojlantirish maqsadida 2019-yildan O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2030-yilgacha ta’lim, ilm-fan va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni nazarda tutadigan dasturiy loyihalar hamda “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasi hayotga tatbiq etilmoqda.

 

Uchinchidan, agar 2016-yilgacha ham davlatni boshqarish, iqtisodiyotga rahbarlik qilish borasida davlat monopoliyasi va boshqaruvning ma’muriy usullari saqlanib qolgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, bu borada jiddiy sifat o‘zgarishlari va oldinga siljishlar yuz berdi. Davlat monopoliyasiga asta-sekinlik bilan chek qo‘yilishi, iqtisodiyot sohasida sog‘lom raqobat muhiti yuzaga kelishi, ijro hokimiyati tizimi isloh etilishi, ma’muriy-byurokratik to‘siqlar olib tashlanishi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirib yubordi.

 

Hozir davlat monopoliyasida bo‘lgan elektr generatsiyasi, issiqlik ta’minoti, kimyo, aviatsiya, ta’lim kabi sohalarga xususiy sektor jadal kirib kelmoqda. Xususiylashtirish dasturi doirasida davlat ulushi mavjud korxonalar soni 6 barobar yoki hozirgi 2,3 mingtadan 360 taga kamaydi. 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinib, ularga ham xususiy sektor faol jalb qilindi.

 

To‘rtinchidan, Yangi O‘zbekistonda inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari, butun jamiyatning eng ustuvor va muqaddas maqsadiga aylangan. Buni ayrim raqamlar ham tasdiqlab turibdi. Masalan, 2023-yili davlat byudjetida 130 trillion so‘m, ya’ni barcha xarajatlarning salkam 50 foizi ijtimoiy sohaga ajratilgan. 2017-yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, hozirgi kunda 2 milliondan ortiq oilaga moddiy ko‘mak berilyapti. Ajratilgan mablag‘ esa 7 barobar ko‘paydi.

 

Xalqimizga qulay hayot sharoitini ta’minlash uchun 300 ga yaqin davlat xizmati to‘liq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatildi.

 

Beshinchidan, bugun yurtimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Bunday hajmdagi qurilish ishlari mamlakatimiz poytaxtida 1966-yilgi zilziladan keyin bo‘lmagan edi. Natijada so‘nggi 6 yilda respublika bo‘yicha 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga qaraganda 10 barobar ko‘p uy-joy qurildi. Odamlarni sifatli uy-joy bilan ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish amaliyoti joriy etilmoqda. Birgina 2023-yilda 38 ta shunday massiv tashkil topdi.

 

Bunday misollarni yuzlab, minglab keltirish mumkin. Yurtimizdagi barcha bunyodkorlik ishlari, tub islohotlardan ko‘zlangan maqsad esa xalqimizning tobora ortib borayotgan moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, odamlarimizga sifatli hayot uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir. Ayni paytda mamlakatimizning xalqaro nufuzi yildan yilga ortib bormoqda, Yangi O‘zbekistonni o‘zining yaqin hamkori, ishonchli sherigi sifatida ko‘rishni istaydigan davlatlar, xalqaro tashkilotlar soni yanada ko‘paymoqda. Aslida, mustaqillikning real ko‘rinishi ham shundan iborat.

 

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

 

Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 30-avgust, 175-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//