Hayot tomoshalarining no‘noq o‘yinchisi


Saqlash
21:34 / 29.08.2024 1309 0

– Hojiakbar Nurmatov – aktyorlarning aristokrati.

– Hojiakbar Nurmatov – aktyorlarning shoiri.

– Hojiakbar Nurmatov – hayot sahnasining no‘noq o‘yinchisi...

– Hojiakbar Nurmatov ko‘ksiga qamalgan ehtiroslarini YASHAY olmay ketgan INSON.

Tuyg‘ulari cho‘ng, fikri hassos odam.

U – o‘zbek san’atining Hamleti, yolg‘izlarning yolg‘izi edi!

 

Necha kundirki Hojiakbar aka bilan bog‘liq uch-to‘rt voqea meni tinimsiz ta’qib etyapti. Bilmayman, nega? Xotiralarga ko‘chgan voqealar orasidan uning iztirobga to‘la ko‘zlari, nurli qiyofasi xayol to‘lqinlarida tez-tez qalqib chiqyapti... Agar yozganlarimda jinday pafos sezsangiz meni kechiring, jinday shafqat qiling.

 

***

O‘tgan asr saksoninchi yillarining o‘rtalari. Hamza teatrida bosh rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev ketgani tufayli talato‘plar avjida, guruhbozlik kuchaygan. Ra’no Abdullayeva hokimiyatidan bebosh aktrisa Dilorom Karimovani partiyadan o‘chirish uchun buyruq keladi. Partiya majlisi chaqirilib, bir necha banddan iborat ayblar qo‘yiladi. Kotib hukmiga rozilar birin-ketin jo‘r bo‘lib qo‘l ko‘taradilar, “qarshilar bormi” degan savolga faqat bitta odam “Men qarshiman!” deb baland ovozda bu ommaviy tomoshaga e’tirozini bildiradi. U – Hojiakbar aka edi!

 

Bu voqeani eslayapman-u, qaysidir ijodkorning sazoyi etilganida yoki qayerlardadir kimdir nohaq toshbo‘ron etilayotganida ko‘zimizni lo‘q qilgancha tomoshabin rolini qay darajada ado etdik, deb o‘z-o‘zimga savol beraman...

 

***

O‘tgan asrning saksoninchi yillar adog‘i. Hojiakbar Nurmatovning hujjatlari “Xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni uchun MKga yuborilishi kerak. O‘shanda aktyor “men Rimmadan oldin unvon ololmayman” deb aytgan ekan. Shu voqeani aktyorning o‘zlariga eslatganimda u kishi “Chunki Rimma opam teatrga mendan oldin kelib ancha-muncha rollarni o‘ynagan edilar, dublyajda ham mendan ko‘proq ish qilishga ulgurgandilar, faqat “ayb”lari bosh rejissyorning xotini edilar, shuning uchun papkalari qolib ketar edi. Chindan ham o‘shanda Rimma Ahmedova mendan ko‘ra haqli edi”, deb javob bergan edi...

 

Yigirma yil oldin bu gaplarni tabiiy qabul qilganman, xuddi shunday bo‘lishi kerakdek tushunganman. Lekin bugun hayron aqlim bilan o‘ylayman, hayratlanaman... Chunki nafslar ichida yengishning eng mushkuli shuhratga, e’tiborga, e’tirofga bo‘lgan tashnalik ekan. Taomga, hirsga oylab ro‘za tutgan kimsa oniy shuhrat shavqiga mag‘lub bo‘lishi hech gap emas. Ne-ne xalq shoirlarini, yozuvchilarni ko‘rdim – o‘zgaga yarashib turgan o‘zga libosni o‘zlariniki qilib oldilar. Mehnati singmagan narsani meniki deb da’vo qildilar... Ha, nomni o‘yladilar-u, sha’nni o‘ylamadilar. Sharafsizlikni sharaf deb bildilar.

 

****

Hojiakbar aka aytib qoldilar: “Men tantanali yubiley o‘tkazishdan qo‘rqaman. Tassavvur qiling-a, sahnada terlab-pishib o‘tiribman. Notiqlardan biri “Hojiakbar mard odam, vijdonli odam, halol inson” deb alqayapti. Lekin zalda o‘tirgan qorako‘zlar ichida mening qayerdadir tuban tushganimga, yolg‘on gapirganimga guvoh bo‘lgan ko‘zlar bor. O‘sha o‘tkir nigohlardan hayo qilaman”.

 

Qayerdadir mo‘minning nigohidan qo‘rq, degan o‘gitni o‘qib qolgandim. Bu hikmatni basirat ko‘zi ochiq odamdan, ko‘ngli ko‘zga aylangan odamdan uyal, deb tushunganman. Demak, kim haqdadir yozayotganingda yo gapirayotganingda ta’rif-u tavsiflardan imkon qadar tiyil. Sening “qahramoning”ni sendan-da yaxshiroq taniydigan KIMdir bor... O‘shandagina so‘zing ham, o‘zing ham burdingni yo‘qotmaysan.

 

***

Hojiakbar Nurmatovning suhbatini o‘qigan jurnalist Kamol aka shunday degan edi: “Chindanam bu aktyor boshqacha ekan-ey. Boshqalarga o‘xshamaydi. Qaysidir yil mustaqillik bayrami arafasida Hojiakbar Nurmatovdan dil so‘zlarini yozib olib, bayram sonimizning birinchi betida chiroyli rasmi bilan qutlov berishimiz kerak edi, “Uzr, ukam, men nimani o‘ylasam shuni gapiraman, o‘zingizni ham, meni ham qiynamang” deb rad etgan”.

 

U yurt mustaqilligiga beparvo edimi? Yo‘q. U bu qutlovlar faqat bitta o‘quvchi uchun ekanini bilar edi. Undagi bunyodkorlik haqidagi bitiklar faqat bitta shaxsga ma’qul kelish uchun yozilishini bilardi. U so‘zlaridan ta’ma va xushomadning hidi ufurib turishini o‘ziga ep ko‘rmasdi, xolos. Hojiakbar Nurmatov sahna va ekranda qanchalik “gibkiy” bo‘lsa, ya’ni har qanday qiyofaga qanchalik oson kira olsa, hayot tomoshalarida o‘shanchalik no‘noq, lekin aristokrat o‘yinchi edi...

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 110
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//