Iyaksiz odam


Saqlash
15:59 / 29.08.2024 667 0

Ikkinchi jahon urushida iyagidan ajralib, 100 yil umr ko‘rgan jangchi hikoyasi

 

“Askar, o‘zingga kel, uyg‘onishing kerak…”

 

“Ozgina chida, iltimos, yetib qoldik…”

 

“O‘lma, o‘lishga haqqing yo‘q…”

 

Qulog‘imga uning so‘zlari elas-elas eshitilar, keyin yana jimlik, qorong‘ulik. Avvaliga u meni opichlab oldi, iyagimdan oqqan qon uning plashiga surkalib borardi, uning og‘zidan chiqayotgan hovurni, olayotgan nafasini his qilib turardim…

 

***

Men – Xolnazar Xolmurodov, XX asrning 20-yillarida Qashqadaryo viloyatida tug‘ildim. Oilada uzoq kutilgan farzand edim, ota-onam kitoblik sohibkaromat nuroniydan duo olishgach, men tug‘ilgan emishman. Keyin meni olib sohibkaromat buvaning yoniga borishgan. O‘zingiz qulog‘iga azon aytib, ism qo‘yib bering, deb. Buva bir kitobni ochib, onamga “shu kitobning istalgan betiga barmog‘ingni bos”, debdi. Ko‘rsalar “nazar” degan so‘z chiqibdi. “Xudoyning nazari tushgan bola ekan, yuzida xosiyatli xoli ham bor, ismi Xolnazar bo‘lsin, qayda bo‘lsa O‘zi uni panohida asrab yursin”, deb duo qilibdi. Mendan so‘ng oilamizda bir qiz dunyoga keldi, undan keyin tug‘ilgan egizaklarimiz turmadi, ota-onam qattiq o‘ksidi, lekin Alloh yana bir qiz bilan siyladi, undan keyin ukam Shonazar tug‘ildi…

 

 

Urush…

 

Urush boshlanganida ukam hali yosh bola, oilaning suyangani men edim. 1941-yilda urushga ketdim. Mening bo‘yim ikki metrga yaqin bo‘lgani uchun ko‘pincha oldingi saflarda joylashtirilardim. Jangdan tashqari ochlik, sovuq, tinimsiz yo‘l yurish bizni ko‘proq holsizlantirib qo‘ygich edi. Har tong Oliy bosh qo‘mondonning bir qadam ham ortga chekinmaslik haqidagi jangovar buyrug‘i bilan uyg‘ondik.

 

Albatta, har bir buyruq so‘zsiz bajarilishi kerak. Askarlar bir qadam ham ortga chekinmasdan jon berardi. Old safda emasmizmi, birinchi o‘q bizga qaratilar, nishonga ilk o‘qni ham uzardik. Bu albatta, e’tiborsiz qolmagan. Stalinning tashakkurnomalari bir necha bor o‘qib eshittirildi. Yarador yotganimda esa qo‘limga keltirib berishdi.

 

 

Birinchi jarohat

 

Shunday janglardan birida qurshovga tushib qoldik, asosiy qo‘shin bilan oramizni ajratib qo‘yishdi. Bu yerda bizga fashistlardan ham beshafqat dushman – ochlik hujum qildi. Fashistni otib o‘ldirish uchun qo‘limizda qurol bor, lekin ochlikka qarshi qurol yo‘q. Shunchalik holdan toydikki, avtomatni ko‘tarishga majol qolmadi. Jangovar topshiriq – qishloqni himoya qilish, asosiy kuchlarimiz, dushmanni oradan siqib chiqarmaguncha, ularni bu yerga kirgizmaslik. Bir burda non odamning hayotini saqlab qolishi mumkinligini o‘shanda his qildim. Safdoshlarim ochlikdan hushdan ketib qolar, sovuq qorni yeb, kun kechirardik. Shunday kunlarda qishloq aholisi bizning hayotimizni, biz ularning hayotini saqlab qoldik, desam ham bo‘ladi. Bir kun tong qorong‘isida xira sharpa ko‘rindi, keksa kampir, u bizga bir burda non, bir bo‘lak pishloq, bir dona pechenye olib kelgan ekan, kechiringlar, bolalarim, boshqa yegulik topolmadim, deb yig‘ladi. Qishloq ahli qon qotib yag‘iri chiqib ketgan kiyimlarimizni yuvib kelib berishar, yaralarimizga malham qo‘yardi. Tinimsiz jang, uzluksiz ochlik holdan toydirdi hammamizni, bu yoqdan qanday chiqqanimizni bilmayman, aytishlaricha, oxirgi jangda o‘q yebman, biznikilar yetib kelishgan, qishloq saqlab qolingan. Gospitalda hushimga keldim. Shifoxonada urushga kirganimdan beri ilk marta tiniqib uxlabman. Oxirgi marta bunday uyquni qishloqda, tutlar tagidagi so‘rimizda olgandim. Tuni bilan uyimni, onamni, qishlog‘imizni, ukalarimni sog‘inib yig‘ladim, ertasiga jangga kirishga tayyor ekanimni, jarohatim og‘riq bermayotganini aytdim.

 

 

Bir rotadan 20–30 kishi omon qolardi

 

Frontga qaytganimda bir rotada men bilan yelkama-yelka jang qilgan do‘stlarimdan hech kim yo‘q edi. Hammasi halok bo‘lgan. Qulog‘imda hamon otamdan eshitganim, nuroniy boboning so‘zlari aylandi: “Xudoyning nazari tushgan bola ekan… qayda bo‘lsa, O‘zi uni asrab yursin!” Stalingrad uchun jang men ko‘rgan eng qonli, beshafqat jang edi. Urushdan so‘ng tushlarimga kirib chiqqan, alahsib dodlab uyg‘onishimga sabab bo‘lgan xotiralar shu jangdan qolgan. Har to‘qnashuvdan so‘ng bir rotada 20–30 kishi qolardi, tiriklarni jamlab, yana rotalar tuzilib, jangga tashlanardi.

 

Har safar urushga kirganda bizdan avval ketganlarning jasadlari ustidan o‘tardik, yerga oyoq qo‘yish imkoni yo‘q. Bu janglar tarix kitoblarida qanday bitilgan, qanday raqamlar bor, bilmayman. Mening xotiramda olov bilan tilib yozilgan u kunlar. Har kun tirik ekanimni, yana jangga kirishim kerakligini eslab uyg‘onardim. Ba’zan agar o‘lgan bo‘lsam-chi, bu jang ro‘yo bo‘lsachi, deb o‘ylagan paytlarim bo‘lgan. Agar o‘lgan bo‘lsam-u, bu ro‘yo bo‘lsa, shu ro‘yoda ham dushmanni yo‘q qilishim kerak.

 

 

Ikkinchi jarohat

 

Dushman doim tong qorong‘isida hujumga o‘tadi. Shunday janglardan birida qor bo‘roni kuchaydi, o‘q qaydan kelayotganini sezib bo‘lmaydi. Oldingi safda boshqalardan gavdam kattaroq shekilli, dushmanga nishon bo‘lib qolaverdim. Harakatlanib bo‘lmay qoldi. Shu payt qulayroq pozitsiyaga o‘tish uchun qimirlaganimni bilaman, kuragimdan o‘q yedim, ortimdan “yoot!” degan qichqiriq keldi, o‘zimni qorga tashladim. Og‘riq zo‘ridan holsizlanib, hushimdan ketdim. Hushimga kelib qarasam, atrofda hech kim yo‘q, qor bo‘roni, shamol ovozidan boshqa tovush eshitilmaydi. Yerni bir metrga yaqin qor qoplagan. Bu jimlikning vahimasi urushdan ham dahshatli. Ustimni qor qoplay boshladi. Chalqancha yotib oldim, nafasim tafti yuzimni qor qoplab olishiga qo‘ymas edi. Qani edi, shu joyda jonim chiqsa, hammasidan qutulardim, degan o‘y o‘tdi miyamdan.  Jon-ku chiqmadi, ammo jarohat qimirlasam og‘rirdi. Tong otib, atrof yorishgach, o‘zimni amallab o‘nglab o‘rnimdan turdim. Og‘riq zo‘raydi, har qimirlaganda jonim chiqib ketay derdi. Mayli, chiqaqol, hammasi tugasin, deb harakat qilaverdim. Allohga tavakkal qilib, bir tomonga yuraverdim. Oyoqlarimda kuch bor, miyam hech narsani sezmas, ketaverdim. Qor qalinligidan yo‘l bormi, yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi, to‘satdan oyog‘im toyib, qor uyumi ichiga sho‘ng‘ib ketdim. Kichik jarlik ekan, tepaga qaradim, ha, shu yergacha ekan. “Mayli, shu yerda jonimni olaqol, bu umrdan roziman, oilamizda mendan boshqa o‘g‘il bor. Ota-onamga o‘zi qaraydi. Peshonamga yozilgani shu yerda nom-nishonsiz o‘lib ketish ekan, yashagan umrimga roziman”. Shunday deb, jarlikda yotaverdim. Hushim joyida edi, tanamda harakat qilay desam kuch bor. Xudo bergan jonini mendan so‘rab olmaydi. Bu yerdan chiqish kerak. Shunday dedim-u, tepaga tirmasha boshladim, qorni o‘yib, yergacha yetib bordim, yerni tirnab chiqishga urindim. Tirnoqlarim sovuqdan, kuchli tirmashishdan qonab ketardi. Belimdagi kamarni yechib, u bilan tuproqni o‘yib, zinapoya yasay boshladim. Bir kecha-kunduz deganda, jarlikdan chiqib oldim. Odamning jonini O‘zi uzmasa, osonlikcha uzilmas ekan. Yana yo‘lga tushdim. Qancha yurganimni bilmayman, uzoqdan bir qishloqning qorasi ko‘rindi, tanamga qon yugurgandek bo‘ldi, qadamimni tezlatay derdim-u, madorim yo‘q, bir uyning ostonasiga yetganda hushdan ketdim.

 

Ikki soatcha yotdim, chamasi. Ko‘zimni ochganimda atrofimdagi odamlarni ko‘rib, ho‘ngrab, yig‘lab yubordim. Ular ust-boshimni alishtirdi, qornimni to‘ydirdi, yaramga malham qo‘ydi. Bu sodda odamlarni o‘zimning qishloqdoshlarimga o‘xshatdim. Dunyodagi hamma yomonlar o‘zicha yomon, lekin hamma yaxshilar bir xil yaxshi ekanligini his qildim. Ular o‘zimga kelib olganimdan so‘ng meni harbiy gospitalga yetkazishdi. Shifoxonada yana bir oy davolanib chiqdim. Urushga, uni boshlaganlarga bo‘lgan nafratim yanada oshgandi. Endi o‘limdan qo‘rqmay qo‘ydim, agar o‘lishim kerak bo‘lganda, o‘sha jardan omon chiqmasdim, dedim. Mening ismim – Xolnazar, O‘zi nazar qilgani rost bo‘lsa, bu urush tugamaguncha o‘lmayman. Jang maydoniga qaytdim.

 

 

Xushvaqt momoning jasorati

 

Jangda yaralanganim haqida do‘stlarim uyga xat yuborgan ekan. Tilab olgan farzandining 2 marta yaralanganini eshitgan ota-onamning holini tasavvur qiling. Onam urushni qarg‘agan, “o‘g‘limning yoniga boraman, uni fashistdan o‘zim qo‘riqlayman”, deb dod solgan. Otam “hoy esingni yig‘, u yoqda urush bo‘lyapti, seniyam otib tashlashadi”, desa, “mayli, o‘g‘limni bir martagina ko‘rsam bo‘ldi, keyin otib tashlashsa ham roziman”, deb sochini yulib yig‘lagan. Bir tongda onam hech kimga aytmasdan uydan chiqib ketibdi. Poyezdga yetib borib, Rossiyaga yo‘l olibdi. Izlab-izlab xatda yozilgan harbiy gospitalni topib kelibdi. Indamasa, jang maydoniga kirgulik shaxti bor Xushvaqt momoning jasoratiga qoyil qolgan harbiy rahbarlar meni jang maydonidan chaqirib olib, o‘n kun onamning yonida qolishga ruxsat berishdi. Onam, onaginam qishloqdan qand-qurs, mayiz-turshak, issiq to‘qilgan jun kiyimlar olib kelibdi.  Ikki yillik sog‘inch 10 kunda arirmidi?! Lekin urush bo‘lyapti, safdoshlarim jon olib, jon beryapti. Onamning qaytish oldidan duosi qulog‘imdan jaranglab qoldi: “Seni Ollo(h)ga topshirdim, O‘zi menga omon qaytarsin”.

 

 

Uchinchi jarohat: o‘q iyagimni yulib ketdi

 

Jang Yevropaning ichiga qarab siljib borar, shahar va qishloqlar galma-gal ozod etilardi. “O‘t och!” buyrug‘i berilgandan o‘q yomg‘iri ostida jangga otilamiz. Har tong odamning miyasiga dahshatdan boshqa narsa qoldirmaydigan holatlar bilan yuzlashamiz… Bizdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda bomba portladi. Chang-to‘zon ichidan oldinga intilardik. Oldindagi askar ham ko‘rinmas edi tutundan. Shu vahima orasida yonginamda kimdir minani bosdi… O‘zimni qo‘lga olishga ulgurmasimdan dushman o‘qi vizillab kelib, iyagimni sidirib ketdi. Haykaldek qotib qoldim. Iyaksiz qolgan jag’imdan tilim osilib qoldi. Hech narsaning farqi yoq edi. Dushman snayperi oq uzgan tomonga qarab tik turaverdim. Otib tashlasin, qutulay. Atay otmadi, qiynalib olishimni istadi. Yerga quladim…

 

Atrofda biznikilar sochilib yotar, ingroq ovozlari tinmasdi. Ora-orada juda yaqindan o‘q ovozi quloqqa chalinyapti. Bildimki, dushman yotgan yaradorlarni o‘ldirib chiqyapti. Yuzim qonga belangan, ingrashga ham holim yo‘q. Meni ham kelib, tepib ko‘rdi. Agar tirik ekanimni, qo‘l-oyog‘im but ekanini bilishganda, asir olib ketishlari shubhasiz edi. Ular ketgach, biroz muddat o‘tib, yaradorlarni olib ketish uchun biznikilar yetib keldi. Pastki jag‘imni, labimni sezmayapman. Ovozim chiqmayapti. Ular yaradorlarni alohida mashinaga olib borishyapti. Mengacha kelishmadi. Elas-elas bizdan nari ketayotgan tibbiy mashinani ko‘rib turardim. O‘zimni o‘lik sonida ekanimni, shu yer oxirgi manzilim bo‘lishini o‘ylab xo‘rligim kelib, bor ovozim bilan baqirib yubordim. Oxirgi marta mashinadan otilib tushgan hamshiraning – men tomonga yugurib kelayotgan hamshiraning sharpasini ko‘rdim, hushdan ketdim.

 

“Askar, o‘zingga kel, uyg‘onishing kerak!..”

 

“Ozgina chida, iltimos, yetib qoldik!..”

 

“O‘lma, o‘lishga haqqing yo‘q!..”

 

Qulog‘imga uning so‘zlari elas-elas eshitilar, keyin yana jimlik, qorong‘ilik. Avvaliga u meni opichlab oldi, iyagimdan oqqan qon uning plashiga surkalib borardi, uning og‘zidan chiqayotgan hovurni, olayotgan nafasini his qilib turardim. Yana jimlik. Men jasadlar bilan emas, bemorlar bilan gospitalga olib kelindim. O‘lim mening yonimda edi. Ammo bu safar ham olib ketmaslikka qaror qildi. Biroq men charchadim. Baribir shu yerda o‘lsam kerak, yashab ham nima qilaman, og‘zim bo‘lmasa, ovqat yeya olmasam, qanchaga ham borardim, deb o‘ylardim.

 

 

“Senga o‘zim turmushga chiqaman, askar”

 

Menga alohida hamshira biriktirib qo‘yishdi. U og‘zimga rezina ichak bilan ovqat quyar, yaralarimga malham bosar, tomirimdan osma ukol yuborar, oyoq-qo‘llarimni uqalardi. Shu alfozda meni operatsiyaga tayyorladi. Bir oy deganda o‘zimga keldim. Hamshira qizning meni hayotga qaytarishga urinishlarini befarq qoldirishga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Operatsiyaga rozilik berdim. Jarrohlar oyog‘imning son qismidan teri kesib olib, pastki labimni tiklashmoqchi edi. Lekin bu operatsiya ijobiy bo‘lmadi. Oyoqdan olingan et o‘rniga malham surib bog‘lab qo‘yishdi. Bir azobim ikki azob bo‘ldi. Lekin yana bir marta urinib ko‘radigan bo‘lishdi. Endi ko‘krak qismimdan namuna olib, uni lab o‘rniga tikishni reja qilishdi. Avval lab o‘rniga ilashtirib, teriga yopishib ketsa, operatsiya qilamiz, deyishdi. Bir necha kun kutgandan keyin Allohning irodasi bilan teri og‘iz qismimga yopisha boshladi. 16 soat davom etgan amaliyotdan so‘ng menda yangi iyak va lab paydo bo‘ldi. Operatsiya bir necha bosqichda o‘tdi, birinchi bosqichda iyak “yasalgan” bo‘lsa, keyin terining ustki qismi og‘izning ichiga qatlanib, lab hosil qilingan. Shu sabab ham keyinchalik har soqol olganda labimning ichi bilan oladigan bo‘ldim. Bu esa bir marta urush dahshatini his qilish degani edi. Operatsiyadan so‘ng 6 oy davolandim. Bu vaqt davomida hamshiram mendan ham ko‘p qiynaldi. Bu rus qizining harakatlari meni hayotga qaytardi. Gohida unga “Nima qilasan menga buncha g‘amxo‘rlik qilib, qancha askar yordamga muhtoj, ularga yordam ber!” deb xarxasha qilardim. “Yo‘q, askar, sen tuzalib, uyingga qaytishing kerak, yaqinlaring seni kutyapti”, derdi qiz. “Yuzimni qara, endi bir umr shu yuz bilan yashashim kerak, qishloqqa borganim bilan birov qizini bermaydi menga”, dedim alam bilan. “Agar hech kim senga tegmasa, mana, men senga turmushga chiqaman, sen bilan ketaman, butun umr senga qarayman, chunki sen Vatan uchun shu ahvolga tushding, o‘sha senga tegmaydigan qizlar, ularning tug‘ilajak bolalari uchun shu ahvolga tushding, tushunyapsanmi, askar, sen qahramonsan, bizning qahramonimizsan, mening qahramonimsan”. Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi. U ko‘zlardagi umidni sindirmaslik uchun ham tuzalishga qaror qildim.

 

Hamshira uch mahal menga suyuq atalani qoshiqda ichirar, go‘shtni qiymalagichdan o‘tkazib yedirar edi. Shunday qilib, 6 oy deganda odam soniga kirib qoldim. Bu paytda urush tugagan, Germaniya taslim bo‘lgan, Reyxstagga bayroq ilingan edi. Shifoxonadan chiqqan askarlar o‘z uyiga jo‘nab ketayotgandi. Shifokorim men bilan “Sen bola uch marta o‘limning og‘zidan qaytding, endi kamida 100 yil yashaysan!” deb xo‘shlashdi. Hamshira qizning yoniga borib, men bilan ketishini so‘radim. “Askar, mening vazifam seni hayotga qaytarish edi, vazifa bajarildi, boraqol qishlog‘ingga, seni baxting kutyapti”, deb ko‘zyosh bilan xayrlashdi.

 

 

Bozor momoning yolg‘iz qizi

 

Qishloqqa kelganimda meni ko‘rganlar ko‘ziga ishonmasdi, avvalgi basavlat, bo‘ydor, kelishgan yigitdan asar ham qolmagan. Yuzim tanib bo‘lmas ahvolda. Ota-onam bag‘riga qaytganimdan so‘ng iqtisod yo‘nalishida o‘qib kelib, kolxozda hisobchi bo‘lib ishlay boshladim. Onam meni uylantirish payiga tushdi. Ammo qay eshikka bormasin, “qizim endi butun umr atala pishirib o‘tadimi”, deb rozi bo‘lishmas ekan. Onam qattiq o‘ksinar, mening avvalgi savlatimni, qiyofamni eslab, urushni qarg‘ab chiqardi. Shunday kunlarning birida onamning yaqinlari Bozor momo uni yupatadi. Mana, men qizimni beraman o‘g‘lingga, deb. Shunday qilib, Omon bobo va Bozor momoning yolg‘iz qizi menga qayliq bo‘ldi. Qiz bir kun ko‘chadan yig‘lab kelib, Bozor momoga hasrat qiladi: “Men butun umr atala qilib o‘tarkanman, dugonalarim ustimdan kulyapti”. “Ularning gapiga e’tibor berma, bu yigit biz uchun jonini xatarga qo‘yib jang qilib keldi, qancha o‘limdan qoldi, uning xizmatini qilib, duosini ol, hali hammasi yaxshi bo‘ladi”.

 

 

Quroldosh va ketmondoshlar

 

Urushdan keyin hayot davom etardi. Bu zamin kimlarning qoni evaziga omon qolganini his qilib turgan odam hayotini shunchaki yashay olmaydi. Mening bolalarim, mening avlodlarim urush ko‘rmasligi shart. Buning uchun qo‘limdan keladigani tinmay mehnat qilish edi. Ishdan keyin dehqonchilik bilan shug‘ullanardim, hovlimizda katta ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulotni yetishtirardim. Shunday kunlardan birida men bilan bir safda jang qilgan quroldoshim Yaxshi Omonov o‘zi raislik qilayotgan kolxozga ishga taklif qildi. Bu yerda urush qatnashchilari ko‘p edi, ular bilan bir safda mehnat qilish men uchun sharaf edi. Zaminni vayron qilmoqchi bo‘lganlarga qarshi birga kurashgan edik, uni obod qilish uchun ham birga mehnat qila boshladik. Yaxshi Omonov boshchiligida Qarshi tumanining bir chetidagi kolxoz oyoqqa turdi, odamlarning hayoti yaxshilandi, qurilishlar, obodonliklar bo‘ldi. Shu ishlar sabab kolxoz sobiq SSSR mamlakatlari uchun namuna sifatida tanlab olindi. Hech kimning haqqiga xiyonat qilinmadi. Yaxshi Omonov qoloq kolxozni dunyoning oltidan bir qismiga egalik qilayotgan mamlakat darajasida o‘rnak qilib ko‘rsatdi. Hayotni va mehnat maydonini mendan oldin tark etdi. Vafotidan keyin jamoa xo‘jaligiga uning nomi berildi. Lekin o‘zidan yorqin iz qoldirdi. U qurdirgan binolar hozir ham Qovchin qishlog‘i aholisiga xizmat qilib kelyapti.

 

 

G‘oyam – mehnat, axloqim – halollik

 

Biz kommunizm g‘oyasi bilan ulg‘aydik, shu g‘oya uchun jangga kirdik. Ammo odamning bosh a’moli boshi ustida hilpirayotgan alvon shiorlar bilan emas, qalbida ustuvor bo‘lgan tuyg‘ular bilan belgilanadi. Biz inson uchun jang qildik, g‘oyamiz kindik qonimiz to‘kilgan tuproqlarda odamlar tinch-totuv yashashini ta’minlash edi. Urushdan keyin mehnat biz uchun shunday g‘oya bo‘ldi. Halollik axloq darajasida bo‘ldi, axloqsizlik qilmadik. Bunda siyosiy targ‘ibotning o‘rni katta, lekin biz – urushdan jonini omon olib chiqqan odamlar faqatgina mehnat yurtning obodligi, insonlarning farovonligini ta’minlashiga e’tiqod darajasida ishonganmiz. Hozir sizda shunday g‘oya bormi?! Meni urush dahshati har kuni muttasil ta’qib qilardi. Katta alyumin qoshiqda ovqatlanardim, bo‘g‘zimdan o‘tayotgan har bir luqma boshim uzra portlagan snaryadlar dahshatini qayta-qayta eslatar edi. Bolalarimga u kunlarni so‘zlab berishdan charchamadim. Chunki ular bu tinch hayotga qanday erishilganini unutmasliklari, o‘qishdan, mehnatdan og‘rinmasliklarini istardim. Har suhbatdan so‘ng ko‘zlarim yosh, yuragim ma’yus bo‘lib qolardi.           

 

* * *

Shunday qilib, men – Xolnazar Xolmurodov 2015-yil 1-sentabrda O‘zbekistonimizning mustaqillik ayyomi kuni, jang maydonida uch bor o‘lim ostonasidan qaytgan jonimni Allohga topshirdim. Umrimni odamlarga, qishlog‘imga, yurtimga bag‘ishladim. Ilmga, mehnatga ixlos qo‘ydim. Nima bo‘lganda ham Xudoy bergan umrni munosib yashashga harakat qildim. O‘g‘il-qizlarimni o‘qitdim: to‘rt qizim muallim bo‘ldi, o‘g‘illarim el xizmatida yurib, e’tibor topdi. Bugun men ularda, ularning o‘g‘il-qizlari, nevaralarida yashayapman. Ushbu xotiralarni katta qizim, kutubxonachi qizim Hanifa sabab o‘qib turibsiz.

 

Suhrob ZIYO

 

 “O‘zbekiston armiyasi” jurnali, 2023-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23625
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//