Yangi va xilma-xil tajribalar avomni chalg‘itish uchun o‘ylab topilganday – Olim Toshboyev bilan ta’limdagi xatoliklar haqida suhbat


Saqlash
18:04 / 27.08.2024 325 0

– So‘zimizni siz-u biz uchun hayot-mamot ahamiyatiga molik ta’lim mavzusidan boshlasak. O‘zingizga ma’lum, Singapur qirq yil ichida dunyodagi eng qashshoq va korrupsiyalashgan davlatdan eng mutaraqqiy mamlakatlardan biriga aylandi. “Bunga qanday erishildi?” degan savolga islohotchi rahnamo Li Kuan Yu shunday javob bergan ekan: “Men vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos. Davlat byudjetini ta’limga yo‘naltirdim, muallimni eng quyi tabaqadan eng yuqori martabaga ko‘tardim. Singapurdagi mo‘jizalarni amalga oshirgan insonlar – muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnatni sevadigan kamtarin avlodni tarbiyaladilar. Buning uchun ulardan minnatdorman”. 

 

Olim aka, mamlakatimiz mustaqillikka erishganiga, inshaalloh, 33 yil bo‘ladi. Bizning orzudagi avlodni yetishtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz qanchalik samara berdi?

 

– Otdosh, judayam zalvarli savol beryapsiz. Ta’limda suyagi qotgan, shu sohada sochi oqargan odamlar sohadagi og‘riqlarni nozikroq his etadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida chiqqan qonunlardan biri “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun edi. Keyin “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi. O‘sha davrda bu hujjatlarning qabul qilinish jarayonini kuzatgan ziyolilar, ta’lim fidoyilari nekbin orzularga berilgani rost. Afkor omma yangi, mustaqil davlatning zamonaviy, jahon tajribasidan o‘tgan ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi ulkan yutuqlar garovi bo‘ladi deb inondi. Ammo o‘tgan yillar sarhisobi ta’limda ko‘p narsani boy berganimizni ko‘rsatdi.

 

Rivojlangan davlatlar tajribasini tatbiq etayotganimizda o‘zimizga moslab, yarmidan kesib qabul qilamiz yoki oxirgi “bekati” bo‘lmaydi. Kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarni olaylik. Amerika o‘tgan yuz yillikda ilg‘or ta’lim tizimi sifatida isbot etgan bu usulni chilpib qabul qildik va pirovardida kollejlarni bitirgan yuz minglab yoshlar ishsiz bo‘lib qoldi. Puxta o‘ylanmagan bu siyosatdan norozi odamlarning “E-e, qo‘y shu kollejingni. Texnikum yaxshi edi... ” degan achchiq ta’nalarini esa eshitmaganga oldik. Shu vajdan xorij tajribasi haqida gapirishga, ochig‘i, cho‘chib qolganman. Nega hamma joyda samara bergan mukammal tizimlar bizga kelganda beobro‘ bo‘lib qoladi? Singapur tajribasini yodga oldingiz. Keling, shu singapurliklarni ham janjalning uyasiga aylangan klaster kabi malomatga giriftor etmaylik...

 

Asrlar davomida islom dini, sharqona odob-axloq ruhida shakllangan milliy pedagogikamiz bor. Ta’limning zamonaviylashuvi, mutaraqqiy mamlakatlar andazalariga moslashuv asl milliy o‘zakdan ajralmagan holda amalga oshirilishi tarafdoriman. Qadim Movarounnahrda ustozning maqomi hamisha baland bo‘lgan. Davlatning eng muhim ichki siyosati bu – ta’lim. Mamlakat yetakchisidan tortib alifbodan saboq beradigan o‘qituvchigacha bitta tizim, maqsad, g‘oya atrofida birlashishimiz shart. Ta’lim millatning, davlatning kelajagi ekani ma’lum. Kelajak bilan esa o‘ynashib bo‘lmaydi.

 

– Biz maktab ta’limini sovet davrida olganmiz. Yaxshi eslayman, maktabimizga militsiya xodimining kelishi kamdan-kam yuz berardi. Favqulodda biror janjal yoki to‘polon bo‘lmasa, forma kiygan xodim ta’lim dargohiga qadam bosmasdi. Maktablarimizdagi davomat, intizom masalasi Milliy gvardiyaga topshirilgani tizimda katta muammolar yig‘ilib qolganini anglatadimi?

 

– Maktablarga Milliy gvardiyaning biriktirilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, ammo ijtimoiy tarmoqlar ota-onalar, ustozlarning e’tirozlariga to‘lib-toshdi. Mohiyatan olib qaraganda, maktabga mirshabning mas’ul etib tayinlanishi ustozlarga, ta’lim mutasaddilariga ishonch yo‘q degani emasmi? Mirshabning ota-onaga “Bolang qani?” deyishini qo‘ying, ustozlarni “Qayerda yuribsiz?” deb tergashi zamonaviy taraqqiyot talablariga mutlaqo zid. Nazarimda, kuch ishlatar tizimlar bilan muammoni yechishga urinish  –  muammodan qochish bilan barobar. Ustoz va ota-ona bilan hal bo‘ladigan masalaga uchinchi tomonning dallollik qilishi g‘alati. Gapni bolalatib, kalavani chuvalatmay ustozning mavqeini ko‘tarish, ota-onaning maktabga bo‘lgan ishonchini tiklash lozim. Ota-ona ustoz oldida bamisoli qarzdorday turishi kerak. Muallimga musht o‘qtalish, do‘q-po‘pisa qilish bilan bolalarimizning kelajagini mayib qilamiz, xolos. Ustozni kaltaklagan hokimto‘ra jazolanmagan joyda har qanday nekbin g‘oya hayotga ko‘chmaydi.

 

– Haqiqatan, boshqa sohalarda G‘arbdan o‘rganadigan joylarimiz bordir, lekin ustozga ehtirom borasida birovdan andaza olishga hojat yo‘q. “Ustoz otangdan ulug‘” degan gap bejiz aytilmagan, axir. Lekin keyingi jarayonlarni kuzatib, borimizni ham boy berib qo‘ymayapmizmi degan ishtiboh o‘tadi ko‘ngildan...

 

– Tabiatimizda qandaydir ohanjamalarga ishqibozlik bor. Ildizini surishtirmaymiz. “Yaltir-yultir, dikir-dikirdan muddao ne? Bu kimning nog‘orasi? Unga o‘ynash shartmi?” deb birov so‘ramaydi. Yaltirab ko‘rindimi, bas, biz uni shubhasiz tilla deb o‘ylaymiz. Eslasangiz, istiqlolning dastlabki yillari bozor iqtisodiga o‘tishning turk, shved, xitoy modellari muhokama qilingan edi. Muhokamalar yakuniga yetmasdan hammasi “puf, sassiq”qa chiqib, o‘zimizga xos, o‘zimizga mos model joriy etildi. Natija shu bo‘ldiki, bugun ham iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish haqida gapiryapmiz...

 

Yaqin o‘tmish saboqlarini eslaganim, “xos”larning chiroyli so‘zlar, jarangdor iboralarga ishqibozligi kaptarbozlarning kaptar uchirib zavqlanishiga o‘xshaydi. Ta’limdagi yangi va yangi, xilma-xil tajribalar go‘yoki avomni chalg‘itish uchun o‘ylab topilganday...

 

Qishloq xo‘jaligida ekinni qayta ekish fojia sanalmas. Ammo ta’limda yo‘l qo‘yilgan xato uchun butun bir avlod tovon to‘laydi.

 

– Joriy yil boshida Andijonga safar qilgan davlatimiz rahbari viloyatdagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatda ham bo‘ldi. Bu haqda Milliy axborot agentligi shunday ma’lumot tarqatdi: “Mazkur muassasa o‘tgan yili 50 milliard so‘m davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga barpo etilgan, 5–11-sinflar aniq va tabiiy fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan. Prezidentimiz bu yerda o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi, bir-birini takrorlaydigan darslarga yoshlarning vaqtini  ketkazmasdan ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi”.

 

Viloyatdagi eng namunali maktabda ahvol shunday bo‘lgach, boshqalardan nima kutish mumkin? Bunaqa kamchiliklarni o‘quv yili boshida bartaraf etish shunchalik qiyinmikan?

 

– Yurtboshimiz e’tirozidan anglashilyaptiki, maktablarda qanaqa fanlar o‘qitilayotgani jiddiy taftish etilmayapti. Yoki e’tirozlar, takliflar, mulohazalarni tinglaydigan mard yo‘q. Dunyoga mashhur kompaniyalar qanday mutaxassis tayyorlanayotganini doim nazoratda tutadi. Demak, bizda ham maktabda o‘quvchini hayotga tayyorlash masalasiga hukumat darajasida ahamiyat berilishi kerak. “So‘nggi qo‘ng‘iroq”da og‘zimizni to‘ldirib “Katta hayotga yo‘l olyapsizlar...” degan chiroyli tilaklarni aytamiz, lekin bolalarimiz hayotning shafqatsiz sinovlari qarshisida dovdirab, yo‘lini yo‘qotib qo‘yayotgani sir emas. Chunki aksar maktablarimiz o‘quv markazlari soyasida qolib ketdi. Ota-onalar maktabga ishonmaganidan bitta fanga kamida 400500 ming so‘m to‘lab bolasini o‘quv markazi yoki xususiy maktabga olib boryapti. “O‘qituvchining saviyasizligidan shunday bo‘lyapti” deyishingiz mumkin. Xo‘sh, saviyasiz o‘qituvchini kim yetishtiryapti? Albatta, oliy ta’lim. Universitet auditoriyalarida uyqusirab o‘tirgan, umrida bitta badiiy asarni to‘liq o‘qib chiqmagan bilimsiz bolalar osmondan tushmagandir? Mana, uzluksiz zanjir. Demak, bu nobop halqani to‘g‘rilash kerak. Ertaga, deylik, o‘n yildan keyin ham shu muammo haqida yana gap sotib o‘tirsak, demak, boshqa sohalar kabi ta’limga ham panja orasidan qaragan bo‘lib chiqamiz.

 

Mamlakatimiz aholisi so‘nggi yillarda salkam bir millionga ko‘payayotir. Bu juda katta resurs. Agar biz ta’lim sifatini oshirsak, O‘zbekiston dunyoga ish kuchi emas, ilm eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

– Xabaringiz bor, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish taraddudida. Tahririyatdan shu mavzuda bir reportaj tayyorlash topshirildi. Avgust oyi deng, oliy o‘quv yurtlariga qabul boshlangan. Qayoqqa qaramang, xususiy universitetlarning “O‘qishga marhamat!” degan reklama-yu e’lonlariga ko‘zingiz tushadi. Iqtisod yo‘nalishidagi institut va universitetlarni ajratib oldim-da, birma­bir qo‘ng‘iroq qilib chiqdim: “O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha intervyu mo‘ljallagan edik. Shu mavzuni sharhlab bersangiz...” Ishonasizmi, birorta xususiy universitetdan mavzuni tushuntirib beradigan iqtisodchi topilmadi.

 

– Saviya sadoqatning qurboniga aylansa chatoq ekan. Gapning daromadini aytay, sabrda mumtoz xalqimizning tibbiyotdan noroziligi haddi a’losiga yetdi. “Dok-1 Maks” ishi farmasevtikamiz korrupsiya iskanjasida ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Xususiy klinikalar nizomini o‘qisangiz, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tganiga guvoh bo‘lasiz. Bosh maqsad – pul ishlash. Aksari “Lo‘lining eshagini sug‘orib pulini ol” shiori bilan ish ko‘rayotir. Bu maqol ko‘pgina xususiy universitetlar uchun ham aqidaga aylangan. Qabul davri hazillashib pasport olib boring, ro‘yxatdan o‘tkazib, suhbatga chaqirishadi. Shartnoma pulini to‘lasangiz bo‘ldi, talabasiz! Shovvozlar aqcha topib aql topmagan dardisarni falon millionga to‘rt yil “o‘qitadi”. Hech bir universitetda bo‘lajak mutaxassis nimani o‘rgandi, ertaga ishga yaraydimi o‘zi, degan surishtiruv-monitoring yo‘q. Kimdir “Vaqti kelib miqdor o‘zgarishi sifat o‘zgarishiga aylanadi” deyishi mumkin. To‘g‘ri, lekin boy berilgan avlod-chi? Shuning uchun ham xususiy oliy ta’lim muassasasining o‘qituvchi-professorlar tarkibi, o‘quv jarayoni doimiy nazoratda bo‘lishi kerak. Bil’aks, “O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lsa yutadimi-yutqazadimi?” degan oddiy savolga ham javob berolmaydigan mutaxassislar urchiyveradi...

 

Ustozlarni tanlash xususiy universitet rahbariyatining ta’biga qarab hal qilinadi. Avvalo, tanish-bilishchilik. Yana bir nechta “mayda, arzimas” sabablar ham bor. Birinchidan, maosh katta. Ikkinchidan, qog‘ozbozlik, byurokratiya, tekshir-tekshir yo‘q. Uchinchidan, aksariyati “besh kunlik”. Davlat universitetlarida o‘qituvchining yuklamasi 600–800 soat bo‘lsa, xususiylarda 400–500 soat. Boz ustiga, dars davomiyligi 60 daqiqa. Kam ishlatib, ko‘p pul berayotgan universitetlarga o‘tib olgan, “kreditim bor...” deya mahzun jilmayayotgan ustozlarni ham tushunish kerak.

 

– Olim aka, so‘nggi vaqtlarda shov-shuv qo‘zg‘ayotgan millatlararo munosabatlar masalasida fikringizni bilmoqchi edim. Rossiya O‘zbekiston uchun juda muhim hamkor. Ikki mamlakat o‘rtasidagi yillik tovar ayirboshlash salkam 9 milliard dollarga yetadi. Rossiyaning MDH mamlakatlari bilan yillik savdo-sotig‘i 100 milliard dollardan kam emas. Yevropa mamlakatlari sanksiyalarga ko‘mib tashlagan bir sharoitda rossiyalik deputatlar, ekspertlar, siyosatchilarning Markaziy Osiyoni bosib olish, uning tili, tarixi haqidagi haqoratomuz gaplari g‘alati tuyuladi.

 

– Dashtda, tog‘da yashaydiganlar burgutni yaxshi biladi, juda mag‘rur qush. Tog‘ning ko‘rki, bezagi-da! Odamlar farzandiga bejiz Burgut deb ism qo‘ymaydi. Lekin ikki boshli burgut ham bor. Turkiston osmoni bir yarim asrdan beri ana shu burgutdan qutulolmayapti-da. Bu qurg‘ur har-har zamon xunuk ovoz chiqarib, chumchuq pirr etsa ham shig‘illaydigan yuraklarimizni qinidan chiqarish bilan mashg‘ul... Endi, yashirishning hojati yo‘q, yurtimizda o‘sha shovinistik targ‘ibot moyday yoqadiganlar adadi ham kam emas. Nazarimda, milliy g‘urur zaiflashgani, millat sifatida shakllanmaganimizning yaqqol ko‘rinishi shu! Qo‘pol bo‘lsa ham aytish kerak: bunday qarash musulmon yurt, xalq uchun jonini bergan ota-bobolar qabri ustida nojo‘ya qiliq qilgan bilan barobar!

 

Sovet imperiyasi qulashi arafasidagi milliy uyg‘onish jarayonlari ko‘pchilikning yodida. Boltiqbo‘yi baralla haq talab etganida biz mudroq edik. Negadir doim kech uyg‘onadigan xalqimiz o‘shanda o‘zbek tili uchun kurashda chinakam jonbozlik ko‘rsatdi. Ammo jamiyatda, hatto ziyolilar orasida ham ikkitillilikni qo‘llab-quvvatlaydiganlar, “O‘zbek tili davlat tili bo‘lsa qanday yashaymiz? Moskvadan ajralsak kunimiz o‘tmay qoladi-ku!” deydiganlar bor edi. Ana shu mafkura bugungacha yashab kelyapti. Davlat tili haqidagi qonunning tishini qoqib oldik. Hatto 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunini boshqalarning izzat-nafsi tahqirlanayotganday ming bir xijolat bo‘lib nishonlaymiz. Ona tili haqida kimlarningdir qosh-qovog‘iga qarab gapiryapmizmi, bilingki, bu xalqning qaddini ko‘tarish qiyin bo‘ladi, o‘zbek tili chinakam davlat tili bo‘lishi paysalga solinaveradi. Shu bois har qanday shovinistik qarashlarga dadil munosabat bildirish kerak.

 

– Bugungi kunda yoshlar asosan internetni, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi, lekin katta avlod uchun baribir televideniye birlamchi, ishonchli manba ekani sir emas. Afsuski, telekanallarimiz bu masalada tek turishni ma’qul ko‘rmoqda. Vaholanki, rossiyalik targ‘ibotchilar uchun mamlakatning federal kanallari, “РИА Новости” kabi agentliklari minbar vazifasini o‘tayotir.

 

– Ovoz chiqarmasligimiz qo‘rqoqligimizni bildiradi. Qarangki, ular “Bu yurt bizning qalamravimizda...” deya ochiq aytyapti! Hatto, o‘zbek kecha paydo bo‘lgan, deyishgacha bordi. Mustabid mag‘rur-u, mazlum millat muttahammi? O‘sha shovinistlar farang, yapon yo olmonning sha’niga shunaqa haqorat yog‘dirib ko‘rsin-chi!

 

Nega qo‘rqamiz, axir, davlat bizniki-ku! Ilg‘or fikrli, ko‘zi ochiq ziyolilarga, vatanparvar, mustaqillik uchun jonini beradigan odamlarga minbar beraylik. Istiqlol uchun jonidan kechgan jadidlar nomini ko‘taryapmiz. Mana, “Jadid” degan yangi gazeta chiqyapti. Yoki bular shunchaki bir murosaviy harakatlarmi?..

 

– Siz “Botindagi bo‘ron” asaringizda ta’riflagan amerikalik sayyoh Yujin Skayler Chor Rusiyasi amaldorlari Toshkentga turli maqsadlarda kelganini yozadi, birovi qarzdan qochib, birovi mo‘may daromad, boshqa biri pensiyaga chiqish uchun staj ilinjida shaharni makon tutgan: “Toshkentdagi rus jamiyati o‘lka haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish tugul, hatto unga umuman qiziqmasligi meni hayratda qoldirdi. Ayni choqda, ular nazdida ko‘ngilsizliklar makoni bo‘lgan bu mamlakatga qiziqqanim, shunchalik uzoqdan uni ko‘rishga kelganimni ko‘pchilik tushuna olmadi”. Skaylerning yozganlari haqiqat bo‘lsa, mintaqaning imperiyaga “qo‘shib olinishining progressiv ahamiyati” qayoqda qoldi?

 

– Yujin Skayler 1873-yili – qirg‘in avj olgan, toshkentlik savdogar Saidazimboy Xivani oqposhsho mahv etsa, gumburlatib to‘y berish harakatida yurgan bir kezda keladi. Sayyoh Toshkentda in qurgan chor zobitlari, iqtisodchi-yu sanoatchilari davrasida ko‘rgan-eshitganlarini ham kundaligiga bitib borgan. Ilk bor 1876-yili Londonda nashr etilgan, haqqoniy tarix ochilishidan xavfsiragan sho‘ro necha zamon berkitib kelgan “Turkiston” kitobi xalqimiz orasida shov-shuv bo‘lar deb o‘ylagan edim. Afsuski...

 

Skaylerning hamkasbi va hamsafari, “Nyu-York Herald” gazetasi muxbiri Yanuariy Aloiziy Mak-Gahan “O‘kuzdagi harbiy harakatlar va Xivaning qulashi” asarida xonlikdagi o‘zi bilan o‘zi ovora, tashqi xavf-xatarlardan zarracha ogoh bo‘lmagan amaldorlar xalqni naqadar jur’atsiz va mute saqlaganini nadomat bilan tasvirlaydi.

 

Ikki imperiya to‘qnashgan bu hudud haqida Piter Hopkirkning “Katta o‘yin” asari ham bor. O‘sha kezlar Angliya va Rossiya Markaziy Osiyoga tinimsiz josus yuborgan. Har ikki davlat maxfiy xizmatlari o‘zaro kelishmaydigan uch hukmdor va “yarim yovvoyi” xalq haqida yozadi. Bir taxayyul qilaylik: Kaspiy dengizidan Pomir tog‘larigacha cho‘zilgan ulkan hududda hukmron bo‘lgan ajdodlarimiz bir musht bo‘lganida bormi!..

 

“Ayiq” va “Sher” to hanuz o‘zini qadim Turkistonga doxil sanar ekan, XIX asrning birinchi choragida xufyalar qoldirgan meros – jild-jild ma’lumotlar zamonaviy katta o‘yinlarga asos bo‘lishi xavfi bor...

 

Yegor Meyendorfning “Orenburgdan Buxoroga sayohat” asarini o‘qiganlar raqobat ko‘lamini yaxshi biladi. Bu rus zobiti sharq tillarini puxta egallagan hamkasblari bilan Rusiya va Buxoro o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirish niqobi ostida 1820-yil kuzida Turkistonga qadam qo‘yadi. Asli Boltiqbo‘yi olmonlaridan bo‘lgan Meyendorf amirlik hududini shu qadar sinchkovlik bilan, qadam-baqadam o‘rganganki, yoqangizni ushlaysiz. Bunaqa “yo‘l xarita”lar juda ko‘p, ammo biz o‘zimizni bilmaymiz. Dunyoni bo‘lib olishga shaylangan davlatlar mintaqamizni, jumladan, musulmon xalqlarning zaif joylarini – kim kim bilan ziddiyatda, qaysi urug‘ yoki sulolani kimga qarshi qayrash mumkin – o‘ta mukammal tadqiq etgan.

 

Ayrim millatdoshlarimizning “Agar Rusiya bosib olmaganida xor bo‘lardik” deyishi sho‘rodan meros daqqi da’vo. Ikkinchi bir toifa esa ko‘zlari javdirab, “Angliya bosib olganida yaxshi bo‘larmidi...” deya kalovlanadi. Taajjub, nega bizni birov bosib olishi kerak? Yer yuzida boshqa birorta millat iztirobli o‘tmishini bu tarzda muhokama qilarmikan?! “O‘zingni qachon taniysan? Qachon ilm o‘rganib dunyoga o‘zingni ko‘rsatasan?..” deganlarni masxaralab, mustabidga yaltoqlanadigan xalqni qayerda ko‘rgansiz?! Qalb va ruhiyatga singib ketgan bu psixologiyaning paydo bo‘lishida nomunosib ishboshilarning ham yaxshigina hissasi bor.

 

Endi ishsizlik balosi haqida ikki og‘iz. Eng katta muammo mana shu yerda. Ya’ni davlat fuqarolariga ish topib berolmadi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan millionlab odamlar tirikchilik ilinjida Yevropa, Osiyo, Amerikaga ketishga majbur bo‘ldi. Asosiy qismi Rossiyaga yo‘l oldi. Tirikchilik ko‘yida uloqqan bu jonlarni, do‘ppi tor kelganda, “dangasalar” ham dedik.

 

Mana, uch-to‘rt yildan beri o‘sha yoriqni butlash maqsadida o‘nlab davlatlar bilan shartnoma qilinyapti ekan. Xalq xursand. Qo‘l kuchi, qora mehnat evaziga qozon qaynatgan o‘zbekka dunyo davlatlarining eshiklari ochilsin. Davlat fuqarolarning ijtimoiy, huquqiy himoyasini zimmasiga olayotgani rost bo‘lsin.

 

Butun dunyoda migratsiya masalasida katta tajribaga ega davlatlar bor. Turk qardoshlarimizning Olmoniyani “zabt etish” tarixini o‘rganish kifoya. Gyote vatanida bugun millionlab turk nufuzli sohalarda ishlayotibdi. Rossiya, Janubiy Koreya, Angliya, Polsha, Olmoniya, Amerikadagi millatdoshlarimiz katta-katta tadbirkor-u biznesmenlarga aylanishiga, mashhur olim, shifokor, muhandis, ixtirochilarni dunyoga keltirishiga ishonaman. Rishi Sunakning otasi muhojirlik jomadonini ko‘tarib Keniyadan Angliyaga yo‘l olganida farzandi Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lishini xayoliga keltirmagandir?..

 

– “Botindagi bo‘ron” kitobingizdagi mana bu jumlalar meni o‘yga toldirdi: “Evoh! Shariat asosiga qurilgan hayot shunchaki xo‘jako‘rsin uchunmidi? Xalqning boshida rais tursa “Olloh!” deydi-yu, nazorat bekor bo‘lsa kufrga ketadimi? Bunday riyokorlik istilo bilan birga keldimi yo uning urug‘i avvalroq unib chiqqanmidi?..”

 

– Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligida “rais”, “muhtasib” atalgan rasmiylar aholining masjidlarga qatnashi, noshar’iy ishlaru narx-navoni nazorat qilganidan boxabar Yujin Skayler liberalizm diniy hayotni parokanda etayotganini yozadi: “Ruslar Toshkentni bosib olgach, rais idorasi bekor qilinganidan beri dinga amal qilishda ancha sustkashlik kuzatilmoqda. Qozilarning aytishicha, burungi namozxonlarning yarmisi ham kunlik ibodatga chiqmay qo‘ygan...”

 

Islom ma’rifati mahkam bo‘lganida (XVI asrgacha bo‘lgan hayotni eslang!) ahvol bu qadar zabun bo‘lmas edi. Oqposhsho bosqini arafasida Turkistonda iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy hayot o‘ta abgor edi. To‘g‘ri, madrasa, masjid, rabot qurgan, ilmga, ta’limga g‘amxo‘rlik qilgan xonlarimiz ham yo‘q emas. Lekin ularning ezgu ishlari bulut to‘sgan oyga o‘xshab jaholat soyasida qolib ketgan.

 

Tabiatan jangovar xalqni harbiy intizomga bo‘ysundiradigan boshqaruv bo‘lmagan. XIX asrning birinchi choragiga qadar amirlik armiyasi urush xavfi tug‘ilsagina yig‘ilgan va jangdan so‘ng yana tarqalib ketgan. Bekor qolgan sarbozlar nafaqayi ro‘zg‘or – obodonchilik ishlari, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Ular boshiga qalandarlarniki kabi qora uzun kuloh, oq bo‘zdan shim, qishda harbiy mundir – kulucha kiygan. Amirlikni tashqi dushmandan himoya qilishi shart bo‘lgan askarga har ikki yilda yangi shim va mundir berilgan. Poyabzalni esa har bir sarboz o‘zi sotib olgan yoki tiktirgan. “Ertalab uydan eshagini sozlab, o‘rdugohga istar-istamas yo‘l olgan sarbozlarni ko‘rish kulgili edi. Harbiy namoyishlarda qatnashgan askarlar masxarabozlarga o‘xshab ketardi”, deb yozadi tarixchilar. 

 

Amir Abdulahad davrigacha harbiy xizmat umrbod bo‘lib, sarbozlar orasida 90 yashar chollarni ham uchratish mumkin ekan.

 

To‘pchilar har shanba kuni Samarqanddarvoza tashqarisidagi keng dalada harbiy mashq – “paxtaparron” o‘tkazgan. Sochma porox o‘rniga arpa qipig‘i solingan “paxtaparron” ko‘pincha fojia bilan yakunlangan. To‘pchilar uquvsizlik yoki kuchli tebranish tufayli halok bo‘lgan. Rusiya, Ovrupoda qilich jangi allaqachon urfdan qolgan bir davrda Buxoro sarbozlari va harbiy amaldorlar “chiniy”, “rusiy”, “rumiy”, “farangi”, “sulaymoniy”, “hindiy”, “damashqiy” kabi og‘irligi bir necha kilo keladigan qilich taqib yurishgan. Qolganlarida esa allaqachon eskirgan aslahalar – chaqmoqmiltiq, piltamiltiq bo‘lgan. Nosoz qurollar sarboz hisobidan ta’mirlangan. Miltiqlar shu qadar eskirganki, har bir yuzlikda ikki-uch nafar miltiqsoz erta-yu kech qurol-yarog‘ tuzatish bilan band bo‘lgan. Zamonaviy “Berdana-3“, “Berdana-8”, “Dragun” miltiqlarini yelkalagan  sarbozlar unda-bunda uchragan, xolos.

 

Harbiylarga kazarma yetishmagan. Xolmurodboy inoqi kalonning to‘pchiboshiga 1889-yil noyabrida yozgan arziga e’tibor bering: “Askarlar yashaydigan kazarmalar yemirilgan bo‘lib, ularni ta’mirlash kerak. Taxminan ikki oy ichida kazarma tamoman yemiriladi. Janobi Oliydan umid qilib shuni iltimos qilamanki, mazkur muddat ichida o‘zim 300 nafar askar va to‘ralar bilan Taxti Chorbog‘ kazarmasiga kelib joylashsak”.

 

Qo‘qon xonining o‘rdusi – qo‘shini bundan badtar bo‘lib, qat’iy intizom nimaligini bilmagan, kiyim-boshi aftodahol sarbozlarning aslahasi kaltak, so‘yil va piltamiltiq edi.

 

“Olloh taolodan boshqa hech kimning oldida hisobdor emasman” deya kerilgan hukmdorlarimizning tahqirli vassallik, muteligiga bir misol. Amir Muzaffar Turkiston voliysi Kaufmanga bunday maktub bitadi: “Joniral gubernator adyutant fon Kaufman Rusiya askariyasining sipohsolari va Turkiston lashkariyasining gubernator sardorig‘a. So‘z shulkim, Buxoroi sharif musulmonlari va beva-bechoralari suv uchun ko‘p mahtal bo‘lub tururlar. Suv vajhidin avvalg‘a ham va’da bo‘lub erdikim, suvning taqsimi boshdin na tariqaki bo‘laturg‘on bo‘lsa, vaqti bo‘lg‘anda berib bo‘ladur. Endi bir oy savr suvi zarur bo‘lubdur. Davlatlu va muruvvatlu ulug‘ podshohning haqqig‘a beva-bechoralardin duo olib, va’da bo‘lg‘an suv bir oy berilsunkim, musulmonlarning ekinlari zoye bo‘lmasun va yana kim musulmonlarg‘a vaqtig‘a suv berilmasa beva-bechoralar bezovta bo‘lub biza kelsalar, alarg‘a ne javob ayturmiz?! Fish shahri, muharram, 1207, Amir Sayyid Muzaffar”.

 

Mushtariy “Amir aldangan-da” deyishi mumkin. Hukmdorning aldanishga haqqi yo‘q! Rahbar yuho bo‘lsayam, go‘l-laqma bo‘lsayam xalq jabr chekadi. Abdulla Qodiriy qahramoni Yusufbek hojining “Ittifoq ne ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi” deya o‘rtangani o‘tgan kunlarda qoldi deb  o‘ylaysizmi?! Qirqinchi joriya yoki o‘ttizinchi tanmahram qayg‘usida yashagan, hukmdorlikni shohona ziyofatlar, zarbof to‘nlar, uzluksiz to‘y-marosimlar deb bilganlar xazinani yeb bitirib, qadoqqo‘l xalqning bir burda noniga ham ko‘z olaytirishgan. Qo‘qon xonligida oliq-soliq turlari shu qadar ko‘p bo‘lganki, hatto hovuz bo‘yida yashovchilar zuluk solig‘i to‘lagan. Masjidga tayinlangan imom xonlikka o‘n tanga, so‘fi esa besh tanga berishi lozim bo‘lgan. Kimda-kim o‘t-o‘lan, qamish yoki buta g‘amlagan bo‘lsa ham soliq to‘lashga majburlangan. Ko‘cha-ko‘yda hayvon o‘ynatib tomosha ko‘rsatuvchilardan ham soliq undirilgan. Xonning qiziqchilari bozorlarda tomosha ko‘rsatib xalqdan pul yiqqan va bu xonlik oshxonasining sarf-xarajatlariga ishlatilgan.

 

O‘sha xudbin, maishatparastlarning avlodlari bugun ham xalq mulkiga ko‘z olaytirayotgan bo‘lsa, beayov jazolanishi kerak.

 

– “Voh, XIX asr! Sen kim uchun oltin asr, lekin biz uchun botin asrsan! Eh, XIX asr! Ikki boshli burgutni zabardast qilding, ammo uch og‘a-ini qo‘lini past qilding...” deb yozasiz bir maqolangizda. Tasavvur qiling, oradan 100 yil o‘tar, 150 yil o‘tar, boshqa bir muxbir boshqa bir adib bilan suhbat qurib, ular ham “Voh, XXI asr! Eh, XXI asr!” deb qolmasmikan? To‘g‘ri, muammolar yetarli, lekin oydinlarning oydinligi muammolar yechimi borasida jo‘yali takliflar berishida emasmi?

 

– Bir qalamkash sifatida katta-kichik rahbarlar bilan muloqot qilib, aksari xalqdan uzilib qolganiga guvoh bo‘lganman. Hasratidan chang chiqqan eldoshlarim iltijoli termilganida sho‘rlik ziyolining qo‘li naqadar kalta ekanini ich-ichimdan his etganman. Ana o‘sha ezgin kuzatuvlardan so‘ng davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik bu – kadr, degan haqiqatga amin bo‘ldim. Davlatni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham kadr! Nobop turmushdan to‘ygan, adolatsizlikdan charchagan xalq avvalo tuman, shahar, viloyat hokimi yoki vazir eshigini qoqadi. Kunday ravshan: masala yechilmasa, hokim yo vazirdan emas, davlat rahbaridan norozi bo‘ladi. Demak, hokim, vazir tanlashda yetti o‘lchab bir kesish kerak ekan. “Qutadg‘u bilig”, “Fozil odamlar shahri”, “Qobusnoma”, “Siyosatnoma”, “Temur tuzuklari”, “Boburnoma” kabi asarlarda rahbar nasl-nasab jihatdan pok, adolatli, to‘g‘riso‘z bo‘lishi, mudom raiyat holidan ogoh bo‘lishi lozimligi bitilgan.

 

Kadr tayyorlashning yapon tajribasini ham esga olaylik: kursiga salohiyatli, intellektual shaxslar o‘tirishi kerak. Ana shundagina xalqning davlatga, siyosatga, hukumatga e’tiqodi baland bo‘ladi.

 

Olimjon SAFOYEV suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 2-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 570
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//