Cheka, NKVD va KGB. Sovet Oʻzbekistoni xavfsizlik xizmatlari va ularning rahbarlari


Saqlash
14:42 / 27.08.2024 560 0

SSSR xavfsizlik idoralari oʻzining qattiq intizomi, shafqatsizligi bilan butun dunyoga tanilgandi. Sovet davlatining qurilishi va 75 yil umr koʻrishida xavfsizlik xizmatlarining roli juda katta. Aynan ular millionlab insonlarni qatagʻon qildi, dahshatli qiynoqlar orqali yuz minglab odamlarning irodasini sindirdi. Oʻzbekistonning bir asrga yaqin qullikda saqlanishida ham ushbu boshqarmalarning oʻrni beqiyos edi. 

 

VCHKʼdan KGB’gacha

 

Sovet davlati oʻzining ilk kunlaridanoq jazolovchi kuchga tayanishni boshladi. Xususan, oktyabr inqilobidan koʻp oʻtmay, 1917-yil dekabr oyida bolsheviklar hukumatining qilich va bolgʻasi – VCHK (Aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash bo‘yicha Butunrossiya favqulodda komissiyasi – Всероссийская чрезвычайная комиссия по борьбе с контрреволюцией и саботажем) tuziladi. Ushbu idora vazifalari va xarakteri jihatdan davlat xavfsizlik xizmati edi. VCHK yoxud Cheka xodimlari (“chekistlar” deb atalgan) sovet davlati raqiblari, aksilinqilobchilar, sinfiy dushmanlarni qidirgan va ularni joyida yoʻq qilgan. Sovetlarning chet el mamlakatlari hamda oq gvardiyachilar bilan kurashda gʻalaba qozonishida VCHK faoliyati juda katta ahamiyat kasb etgan.

 

1922-yilda Fuqarolar urushi tugashi bilan favqulodda holat tashkiloti boʻlgan VCHK ham tugatiladi va uning vakolatlari RSFSR (Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi) Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) qoshidagi Davlat siyosiy boshqarmasiga (Государственное политическое управление, qisqartmasi ГПУ) oʻtkaziladi.

 

Ammo oradan bir yil oʻtgach, SSSR tuzilishi bilan davlat xavfsizlik xizmatini endi Rossiya emas, butunittifoq darajasidagi muassasaga aylantirish kerak boʻladi va Davlat siyosiy boshqarmasi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi(Объединённое государственное политическое управление, qisqartmasi – ОГПУ)ga aylantiriladi. Shuningdek, xavfsizlik xizmati Ichki ishlar vazirligi tasarrufidan olinib, toʻgʻridan-toʻgʻri Xalq komissarlari soveti(Vazirlar mahkamasi)ga boʻysundiriladi.

 

Biroq SSSR xavfsizlik xizmatlari evolyutsiyasi shu bilan yakun topmaydi. 1934-yilda OGPU qayta tashkil etilgan SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi ixtiyoriga qaytariladi hamda Davlat xavfsizligi bosh boshqarmasiga oʻzgartiriladi.

 

VCHK rahbari Feliks Dzerjenskiy chekistlar bilan

 

Ushbu boshqarma 1937-1938-yillardagi Stalin repressiyalarida asosiy zarbdor kuch boʻlgan va millionlab insonlarni qatagʻon qilgan.

 

1943-yilda SSSRʼda alohida Davlat xavfsizligi xalq komissarligi (НКГБ) tashkil etiladi va qisqa tanaffus bilan 1954-yilga qadar faoliyat yuritadi (1946-yildan Davlat xavfsizligi vazirligi sifatida).

 

1954-yilda, nihoyat, dunyoga mashhur sovet xavfsizlik xizmati – Davlat xavfsizlik qoʻmitasi (Комитет государственной безопасности – КГБ) tuziladi hamda shundan soʻng SSSR xavfsizlik tizimi boshqa oʻzgarishga uchramaydi.

 

SSSRʼdagi barcha davlat xavfsizlik xizmati tizimlari har jihatdan VCHKʼning merosxoʻrlari edi.

 

Ushbu xavfsizlik idoralari ittifoq respublikalarida amalda davlat boshqaruvini olib borgan va barcha tashkilotlarni nazorat qilgan. Jumladan, Oʻzbekiston SSRda ham xavfsizlik xizmati rahbarlari juda katta taʼsirga ega boʻlgan.

 

OʻzSSR xavfsizlik xizmatlari

 

VCHK va GPU RSFSR ixtiyorida tashkil etilgan tuzilmalar boʻlib, ularning hududiy boʻlimlari respublikalar Ichki ishlar xalq nozirliklari, yoki mintaqaviy okruglar tarkibida boʻlgan. Masalan, 1924-yilgacha mavjud boʻlgan Buxoro va Xiva xalq sovet respublikalari, shuningdek Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasida chekistlar qoʻriqlash kuchlari tarkibida ishlagan. Umumittifoq xavfsizlik idorasi hisoblangan OGPU oʻzining Oʻrta Osiyo vakolatli boshqarmasiga ega boʻlgan. Markaziy Osiyo respublikalari GPU boʻlimlari aynan ushbu boshqarmaga boʻysungan.

 

 

Faqat 1934-yilda OGPU Ichki ishlar xalq komissarligi nazoratiga oʻtgachgina, respublikalarda alohida, tizimlashgan, vertikal xavfsizlik xizmatlari ishlay boshlaydi. Ittifoqdosh respublikalarda Ichki ishlar komissarlari aksariyat hollarda bir vaqtning oʻzida Davlat xavfsizlik bosh boshqarmasi rahbari ham hisoblangan.

 

1934-yildan 1943-yilgacha, yaʼni Davlat xavfsizligi xalq komissarligi (NKGB) tuzilgunga qadar OʻzSSRʼda quyidagi insonlar Ichki ishlar xalq komissari lavozimida ishlagan.

 

Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) rahbarlari

 

1. Naum Markovich Lextman. Lextman juda qisqa vaqt OʻzSSR Ichki ishlar komissari lavozimida ishlagan – 1934-yilning iyulidan noyabr oyiga qadar.

 

Davlat xavfsizligi katta mayori hisoblangan Markovich Ukrainaning Vinnitsa viloyatida tugʻilgan. 1933-1934-yillarda OʻzSSR XKS qoshidagi GPU raisi boʻlib ishlagan va maxsus xizmat NKVD tarkibiga oʻtkazilgach, Ichki ishlar xalq komissari etib tayinlangan.

 

Sovet tuzumi bolgʻasida ishlaganiga qaramay Lextmanning oʻzi ham 1937-yilda qatagʻonga uchrab, otib tashlangan.

 

2. Lev Zalin. 1934-yil 4-noyabrdan 1935-yil 9-yanvarga qadar OʻzSSR Ishki ishlar vaziri. Davlat xavfsizligi 2-rang komissari.

 

Zalin Belorus respublikasining Grodno viloyatida tavallud topgan. Bir necha turli respublikalarda GPU xodimi boʻlib ishlagan. U OʻzSSR Ichki ishlar komissarligidan soʻng Qozogʻiston NKVDʼni ham boshqargan.

 

Lev Zalin

 

Zalin ham oʻzi ishlagan tizim qurboni boʻlgan va 1940-yilda otib tashlangan.

 

3. Nikolay Zagvozdin. 1935-yil 9-yanvardan 1937-yil 19-avgustgacha OʻzSSR NKVDʼni boshqargan Zagvozdin Oʻzbekiston tarixida “maxsus uchlik”dagi faoliyati bilan alohida oʻrin tutadi.

 

Garchi qatagʻon siyosatining eng avjiga chiqqan pallasida Tojikiston NKVDʼga oʻtkazilgan boʻlsa-da, Zagvozdinning imzosi OʻzSSRdagi koʻplab otuvga hukmlarda mavjud edi.

 

Stalin repressiyasining asosiy tashkilotchilaridan biri boʻlgan xavfsizlik xizmatining bu rahbari ham 1939-yilda, oʻtmishdoshlari kabi otib tashlangan.

 

4. Derenik Apresyan. Zagvozdin oʻrniga OʻzSSR Ichki ishlar xalq komissari lavozimiga tayinlangan Apresyan Oʻzbekistondagi qatagʻon siyosatida faol qatnashgan. U “maxsus uchlik” boshligʻi sifatida “katta terror”ning asosiy tashkilotchisi boʻladi, otuv hukmlarini chiqargan va ularning ijrosini nazorat qilgan. 1937-yil 19-avgustdan OʻzSSR NKVD rahbari lavozimiga kirishgan Apresyan bu mansabda 1938-yil 21-noyabrgacha qoladi.

 

Apresyan ko‘plab o‘zbek jadidlari, jumladan Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Rahim Inog‘omov, Qayum Ramazon va boshqalar qamoqqa olinishi, so‘roq qilinishi va o‘limga hukm qilinishida ishtirok etgan va ijro qilgan.

 

Drenik Apresyan

 

Biroq, tizimga qanchalik sodiqlik bilan ishlamasin, bu sovet “jallodi”ning oʻzi ham “aygʻoqchilik” aybi bilan hibsga olinib, 1939-yilda otib tashlanadi.

 

5. Aleksey Sadjaya. 1938-yil noyabrdan 1941-yil fevralga qadar OʻzSSR NKVDʼni boshqargan Sadjaya Gruziyaning Kutaisi viloyati tugʻilgan. Unvoni davlat xavfsizligi 3-rang komissari.

 

Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan biroz oldin OʻzSSR NKVD rahbarligidan ketgan Sadjaya Kavkazorti fronti harbiy soveti aʼzosi qilib tayinlangan va oldingi oʻtmishdoshlaridan farqli oʻlaroq, repressiya emas, portlash oqibatida halok boʻlgan.

 

Aleksey Sadjaya

 

6. Yoʻldosh Bobojonov. OʻzSSRʼning mahalliy aholidan chiqqan ilk xavfsizlik xizmati rahbarlaridan biri. Xorazmning Gurlan tumanida tugʻilgan Bobojonov 1941-yilda Ichki ishlar komissarligi rahbarligini qabul qilib olgach, oradan biroz oʻtib Germaniya SSSRʼga hujum boshlaydi.

 

Urushning birinchi oyida NKVDʼni boshqargan Bobojonov 1941-yil iyulda lavozimidan tushiriladi va vazir oʻrinbosari etib tayinlanadi. Biroq urush tugagach yana Ichki ishlar vaziri lavozimini egallaydi va 1953-yilgacha respublika NKVDʼsini boshqaradi.  

 

7. Amayak Kobulov. Kobulov mashhur SSSR razvedkachisi edi. Uning ismi OʻzSSR NKVD boshligʻi boʻlganidan tashqari, Germaniyada elchi maslahatchisi boʻlib ishlagani bilan ham taniqli. Aynan u professional aygʻoqchi boʻlmagani uchun soxta maʼlumotlarga ishonib, Germaniyaning SSSRʼga hujumini oldindan baholay olmagan va Stalinni Germaniya bilan urush boʻlmasligiga ishontirgan.

 

Berlindagi faoliyatdan soʻng, 1941-yil iyuldan 1945-yil yanvarga qadar OʻzSSR Ichki ishlar vaziri boʻlib ishlagan Amayak davrida NKVD tizimida boʻlinish sodir boʻladi. 1943-yilda mamlakat xavfsizlik xizmati Ichki ishlar komissarligidan ajratiladi va alohida OʻzSSR Davlat xavfsizligi xalq komissarligi (NKGB) tuziladi.

 

Amayak Kobulov ham oʻzi ishlagan tizim tomonidan qatagʻon qilinib, 1955-yilda otib tashlanadi.

 

Davlat xavfsizligi xalq komissarligi (NKGB, keyinroq MGB) rahbarlari

 

Mixail Kaverznev. 1943-yil 7-maydan 1945-yil fevralga qadar OʻzSSR NKGBʼning yetakchisi sifatida ishlagan Kaverznev Ukrainaning Odessa shahrida tugʻilgan.

 

Urush yillarida respublika xavfsizlik xizmatini boshqargan Mixail oldingi hamkasblaridan farqli oʻlaroq, qatagʻonga uchramagan.

 

Yevgeniy Pitovranov. 1945-yil fevraldan 1946-yil iyungacha OʻzSSR xavfsizlik xizmati rahbari. Rossiyaning Saratov shahrida tavallud topgan.

 

Pitovranov ittifoq darajasidagi harbiy amaldor edi. U Andropov, Primakov kabi sovet davri namoyondalarining ustozi sifatida koʻriladi. Oʻzbekistondagi faoliyatidan soʻng Butunittifoq Davlat xavfsizligi vaziri oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

 

Uning davrida OʻzSSR Davlat xavfsizligi xalq komissarligi (NKGB) nomi OʻzSSR Davlat xavfligi vazirligiga (Министерство государственной безопасности — MGB) oʻzgartiriladi.

 

Yevgeniy Pitovranov

 

Mixail Baskakov. Stalin repressiya tashkilotchilaridan biri. 1946-1951-yillarda OʻzSSR MGB rahbari. Moskva shahrida tugʻilgan Baskakov Oʻzbekistondan tashqari Karelo-Fin va Belorussiya SSR kuchishlatar tizimlariga ham rahbarlik qilgan.

 

Karelo-Fin respublikasidagi fin xalqini qirgʻin qilganiga qaramay, Baskakov Stalin oʻlimidan keyin jinoiy javobgarlikka tortilmagan va oliy jazo(oʻlim)dan omon qolgan. Uning OʻzSSR MGB rahbarligi davri respublikada yangi qatagʻonlar siyosati boshlanishi bilan xarakterlanadi.

 

Pavel Drozdeskiy. 1951-yilning 3-yanvaridan 13-noyabrga qadar OʻzSSR Davlat xavfsizligi vaziri. Stalin qatagʻonlarida faol qatnashgan.

 

Jumladan, soxta “Tampilyerlar ordeni” jamiyatini fosh qilgan va uning aʼzolarini oʻlimga hukm qilgan. Shuningdek, 1950-yilgi ikkinchi qatagʻon toʻlqinida ham ishtirok etgan.

 

Drozdeskiy ham qator jinoyatlariga qaramay javobgarlikka tortilmagan.

 

Sergey Goglidze. SSSRʼning qotil ofitserlaridan yana bir. 1951-yil noyabrdan 1952-yil fevralgacha OʻzSSR MGBʼni boshqargan.

 

Goglidze 1941-yilgi moldovan xalqi deportatsiyasi tashkilotchilaridan biri edi. Uning tashabbusi bilan Bessarabiya va Ukrainaning chegara viloyatlarida yashovchi moldovan aholi Qozogʻiston hamda Gruziyaga majburan koʻchirilgan. Ushbu koʻchish jarayonida minglab moldovan halok boʻlgan.

 

Shu bilan birga, Goglidze “shifokorlar ishi”da ham kuratorlardan biri boʻlgan. 1953-yilda, Stalin oʻlimidan koʻp oʻtmay, “vatanga xiyonat”da ayblanib, otib tashlangan.

 

Sergey Ogolsov. 1952-yil fevral-noyabr oylarida OʻzSSR MGB vaziri. SSSRʼning katta nufuzga ega xavfsizlik xodimlaridan biri. Bir muddat SSSR MGB rahbari ham boʻlgan Ogolsov SSSR xalq artisti Solomon Mixoelsni oʻldirish operatsiyasi tashkilotchisi edi. Aynan shu “xizmati” uchun yuqori unvonlarga loyiq koʻrilgan.

 

Sergey Ogolsov

 

Ogolsov 1953-yilda SSSR Davlat xavfsizlik vaziri birinchi oʻrinbosari lavozimiga qaytishi munosabati bilan OʻzSSR MGB rahbarligidan ketgan.

 

Qurbon Roʻzmetov. Ogolsovdan keyin vazir oʻrni 1953-yil martgacha, yaʼni Stalin oʻlimiga qadar boʻshab qolgan va OʻzSSR MGB vaziri birinchi oʻrinbosari Qurbon Roʻzmetov vaqtincha vazir vazifasini bajargan.

 

Urganchda tugʻilgan Roʻzmetov MGB vaziri oʻrinbosari boʻlishdan oldin Xorazm, Namangan, Buxoro viloyatlari xavfsizlik boshqarmalariga rahbarlik qilgan. Keyinchalik OʻzSSR KGB raisi oʻrinbosari, OʻzSSR prokurori darajasigacha koʻtarilgan.

 

1953-yil 1-martda “xalqlar qotili” Stalin vafot etgach, uning eng yaqin safdoshlaridan biri Lavrentiy Beriya Davlat xavfsizlik va Ichki ishlar vazirligini yana birlashtiradi hamda uning yagona rahbariga aylanadi. Biroq 1953-iyunda Beriya qamoqqa olinib, dekabrda otib tashlangach, kun tartibiga Ichki ishlar va xavfsizlik xizmatini qayta ikkiga boʻlish masalasi chiqadi.

 

1954-yilda sovet davlatining eng mashhur idorasi — Davlat xavfsizligi qoʻmitasi (Комитет государственной безопасности, qisqartmasi KGB) tuziladi. Bu xavfsizlik muassasasi endilikda toʻgʻridan-toʻgʻri SSSR Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasiga (respublikalarda mahalliy MQʼlarga) boʻysunishi belgilanadi.

 

OʻzSSRni qullikda saqlab turishdan asosiy quroli boʻlgan OʻzSSR KGB tuzilmasi rahbarlari haqida keyingi maqola toʻxtalamiz.

 

Muhammadqodir Sobirov

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:09 / 24.09.2024 0 101
Ajiniyoz obraziga bir nazar

Adabiyot

17:09 / 23.09.2024 0 758
Usmon Azimning “ramka”ga tushmagan portreti





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20411
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//