Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir izohni o‘qib qoldim. “Avvallari kinolar hayotdan olinardi, endi hayotimiz kinolardan olinyapti”, deya yozgan izoh muallifi. Shu bir og‘izgina jumlada bugungi media olami, TVlarning umumiy manzarasi va ularning hayotimizga ta’siri juda aniq ifodalangan. Biz o‘zbek ma’naviyati, tarbiyasi, odob va axloq haqida ming jon kuydirib gapirmaylik, millionlab xalqimiz tomosha qiladigan kundalik dasturlar hatto Gollivud filmlarida ham ko‘tarilmaydigan jirkanch va tabu mavzularni namoyish etayotgan bo‘lsa, barcha harakatlarimiz benaf ketadi. Ijtimoiy tarmoqlarda behayo kontentlar ko‘pligidan noliymiz. Ular bir ummonday gap, bir o‘zanga yig‘ishning, boshqarishning imkoni yo‘q. Biroq telekanallarimiz tomoshabin oldidagi mas’uliyatni his qilmayotgani, efirga berilayotgan seriallar-u telenovellalar oldida ijtimoiy tarmoqlar ham ip esholmay qolayotgani achchiq haqiqat. Bu holatga ziyolilar befarq qarab turmasligi, efirdagi kontentlarning yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun munosabat bildirishi zarur deb o‘ylayman. Seriallar haqida uzoq gapirish mumkin, lekin biz diqqat qaratmoqchi bo‘lgan jihat – telenovellalar masalasi. Bir paytlar telenovella deganda faqat “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvini tushunardik. Unda hayotda uchrab turadigan turli illatlar, oilalardagi nosog‘lom munosabatlar o‘ta mahorat bilan ko‘rsatib berilardi. Albatta, novella so‘nggida qissadan hissa aytilardi, ya’ni tomoshabinga bu voqea orqali yetkazmoqchi bo‘lgan mushohadalar bayon etilardi. Bugun efirga uzatilayotgan novellalarning mavzusi, syujeti o‘z yo‘liga, ammo ularning “ko‘rish”lar soni izidan quvib, har qanday xaypga berilayotgani, hayotni bo‘rttirib, trendbop voqeliklarni bo‘rttirib, beparda aks ettirayotgani achinarli. Nafaqat achinarli, balki kishini xavotirga ham soladi.
Telenovellalar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Telenovella aslida serialga parallel tarzda Lotin Amerikasida chiqarilgan to‘liq syujetli teleserial hisoblanadi. U 1950-yillarda paydo bo‘lgan va bora-bora Lotin Amerikasi mamlakatlarida televideniyaning asosiy janriga aylangan. Telenovella formati serialga o‘xshab ketsa-da, xilma-xil syujetlar va turfa qahramonlar taqdirini ko‘rsatib berishi bilan Amerika seriallaridan farq qilgan. Amerika telenovellalarida ham ko‘pincha er-xotin va ularning oilaviy hayoti syujetning asosini tashkil etgan. Bundan tashqari, telenovellalarning cheklangan translyatsiya muddati taxminan olti oyni tashkil qilgan va epizodlar soni 180 dan 200 tagacha o‘zgarib turgan. Mabodo reytingda muvaffaqiyat qozongan taqdirda bu raqam yanada ko‘paygan.
1950- va 1960-yillardagi telenovellalar asosan romanlar yoki boshqa adabiy asarlarning ekranga moslashtirilgan talqini bo‘lib, faqat bir nechta Lotin Amerikasi dramaturglarigina telenovellalar uchun original hikoyalar yozib berishgan. 1960-yillarning oxiriga kelib, prodyuserlar telenovellalarni suratga olingan mamlakatning madaniy muhitiga bog‘liq qilib, original ssenariylar yaratishni boshlashgan. O‘sha yillarda Lotin Amerikasida faqat telenovellalar ishlab chiqaruvchi maxsus televizion tarmoqlar tuzilib, ular butun dunyoga o‘z mediamahsulotlarini eksport qilishgan. 2018-yilga kelib butun dunyoda telenovellalarning mashhurligi pasaya boshladi. Bizda esa shu vaqtga kelib, telenovellalar ommalasha boshladi. Bugunga kelib ularning soni kundan kunga ko‘payib bormoqda. Sir emaski, telenovellalar bugun xususiy telekanallarning asosiy reytingbop dasturlari sifatida qaralmoqda.
Xususan, “Milliy” telekanalida “Iqror”, “Zo‘r” telekanalida “Saboq”, “Taqdirlar iskanjasi”, “Sevimli” telekanalida “Taqdirlar”, “Mening yurtim” telekanalida “Voajab” kabi turkum telenovellalar taqdim etiladi. Bu telenovellalar asosan praym-taym vaqtida namoyish etiladi. Masalan, “Zo‘r” telekanalida shu paytgacha “Saboq” telenovellasi namoyish etilgan bo‘lsa, endilikda haftada 4 kun davomida kechki soat 21:00 da “Taqdirlar iskanjasi” telenovellasi efirga uzatiladi. “Sevimli” telekanali haftada 5 kun davomida kech soat 21:15 da “Taqdirlar” telenovellasini tomoshabinlarga taqdim etadi. “Milliy” kanalidagi “Iqror” telenovellasi ba’zan 18:05, ba’zan 20:00da namoyish qilinadi. Bu aynan odamlar dasturxon oldiga kelib, televizor qarshisiga joylashgan paytga to‘g‘ri keladi.
Telekanallar ushbu novellalarni efirga uzatishdan tashqari ularni o‘z Yutub kanallariga joylab borishadi. Eng ko‘p e’tirozga sabab bo‘ladigan jihat, aynan ushbu novellalarning Yutubdagi sarlavhalari ekanini aytish lozim. Ko‘proq ko‘rilishi, odamlarni jalb etishi uchun na etika, na mantiqqa to‘g‘ri keladigan nomlar bilan joylashtiriladi. Biz maqolani yozish chog‘ida telekanallarning Yutub kanallariga qo‘yilgan ushbu telenovellalarni qaytadan ko‘rdik va diqqatni tortadigan nomlardan ba’zilarini sizga ham havola qilishni lozim topdik. Masalan, “Iqror” telenovellasining turli qismlari “Teng tengi bilan”, “Shilqim qaynota”, “Kuyovning mebeliga kelinning pardasi mos kelmadi”, “Do‘stimning ayoli menga yoqadi”, “Erga tega olmayotgan qiz”, “Onasi tanlaganiga uylangan yigitlar to‘ydan keyin boshqa qizni sevib qolishsa nima qilish kerak?”, “Ovsinimning nayranglari”, “O‘g‘ri qizlar”, “Qo‘shnimning xotinini sevib qoldim”, “Begona kelin” va hokazo sarlavhalar bilan nomlangan.
“Sevimli” telekanali Yutub sahifasiga “Taqdirlar” telenovellasining turli qismlari “Qizini pullagan ota”, “O‘g‘ri kelin”, “Mahr mashmashasi”, “Otasini o‘ldirgan narkoman o‘g‘il”, “Ziqna qaynonam o‘zini o‘ldirdi”, “Ikkinchi eridan baxtini topgan ayol”, “Erimga mehr berishni kundoshimdan o‘rgandim”, “Alkash ota qizini...” kabi nomlar bilan joylashtirilgan. Yoki yaqindan “Zo‘r” telekanalida berilayotgan “Taqdirlar iskanjasi” telenovellasi sonlariga “Pochcham meni zo‘rladi”, “Kelinim meni o‘qitgan”, “Ovsinimni o‘ldirdim”, “Ko‘chadagi ayollarning makri”, “Irimchi qudalar”, “Qimorga tikilgan qiz”, “Kelinimdan jirkanaman”, “Qaynonam aktrisa ekan” kabi sarlavhalar qo‘yilgan. Avvalroq namoyish etilgan “Saboq” telenovellasining qismlari esa “Go‘zalligiga aldangan qiz”, “Bolani o‘ldirgan pardalar”, “Kelinini o‘ldirib qo‘ygan qaynona”, “O‘z uyimdan quvildim”, “San’atkorni xo‘rlagan qaynona”, “Qayniukam tegajog‘lik qildi”, “Otam meni boyga pullamoqchi”, “Bir uyda ikki kundosh”, “O‘lgan erim qaytib keldi” kabi nomlar bilan Yutub sahifasiga joylashtirilgan. Afsuski, ular 500 ming, 1 mln, ba’zilari 2 mlndan oshiqroq ham tomosha qilingan.
Balki, telenovellalar ijodkorlarining niyati ezgudir, ular odamlarni egri yo‘ldan qaytarmoqchi, to‘g‘ri yo‘lga burmoqchidirlar. Lekin bu kabi mavzular, hayotni bu qadar tubanliklar va jirkanch manzaralar bilan to‘lib toshgan ko‘rinishda tasvirlashdan muddao nima? Buni aslo oqlab bo‘lmaydi. Reyting uchun “ko‘rish”lar soni ketidan quvaverib, xalqimizning fitratini buzib qo‘yishdan qo‘rqmaydilarmi? Telenovellalarda tasvirlanishicha, o‘zbek jamiyatining asosiy muammosi faqat oila atrofidagi muammolar, xolos. Go‘yoki hech bir oilada tinchlik yo‘q. Faqat xiyonat, aldov, firibgarlik va eng yomoni qotillik. Axir siz-u bizning atrofimizda shu qadar tubanliklar bo‘lyaptimi? Masalan, ming shukurki, men bunday gap-so‘zlarni eshitmaganman. Ba’zan saytlardan, ijtimoiy tarmoqlardan onda-sonda o‘qigandirman, lekin bu degan telenovellalardagi voqelar hayotiy asosga ega, ular syujetni real voqelikdan olishyapti degan fikr o‘zini oqlamaydi. Balki, shunday tubanliklarni sodir qiladigan odamlar bordir. Lekin ular juda kam, Xudoga shukur. Shuncha ezgulik turganda bir siqim tubanlikni namoyish qilish qanchalik to‘g‘ri?
Telenovellalarga xos umumiy jihatlarni sanab o‘tsak. Eng avvalo, doim xiyonat mavzusi bor. Er hamisha xiyonat qiladi, kelin va qaynona doim urishadi, odatda, qaynona juda yomon, qahri qattiq xarakterda ko‘rsatiladi. Ovsinlar hech qachon kelishmaydi, faqat aka-ukalarning orasini buzadi. Mehr-oqibat degan tuyg‘ular yo‘qolib bo‘lgan. Ikkinchi xotin va kundosh mavzusi ham uzoq “chaynaladigan” mavzuga aylanib bo‘ldi. Men bu ijodkorlarga qarata, “siz nahotki, o‘zbek degan buyuk millatni shu mayda va tuban illatlar atrofida tasavvur qilasiz”, degan savolni bergim keladi. Axir bu telenovellalar kurakda turmaydigan mavzulari bilan tomoshabinning nafaqat qimmatli vaqtini o‘ldirmoqda, balki ularning miyasini ham zaharlamoqda. Axir bu kabi voqeliklarni ko‘rsataverish bora-bora tomoshabinda istalgan tubanlikka odatiy hol sifatida qarashdek loqaydlikni paydo qilmasligiga kim kafolat beradi? Hatto bir marta yomonlik qilmagan insonga har kuni “yomonsan” deyaversa, o‘sha inson begunoh holida o‘zining yomonligiga ishonib qoladi-ku.
Ehtimol, xususiy telekanallar bu kabi arzon xayplarga o‘chligiga moddiyatni ro‘kach qilib keltirishlari mumkin. Lekin dunyoda moddiy manfaatdan ko‘ra yuksakroq tushunchalar bor. Bu millat ma’naviyati va tarbiyasi masalasi. Unga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Abdulla Avloniy bejiz “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo falokat, yo saodat – yo halokat masalasidir” deb yozmagan edi. Axir televideniya ijodkorlari ham shu millatning ma’naviyati uchun mas’ul bo‘lgan insonlar. Tomoshalar soni uchun emas, sifat uchun, millat ma’rifatini yuksaltirish, badiiy didini oshirish uchun harakatni qachon boshlaymiz? Axir qachongacha odam o‘ldirish, xotinini pichoqlash, erini zaharlash, ikkinchi xotin, johil qaynona, qotil kelin kabi maishiy, tuban mavzularni tomosha qilib yuraveramiz?
Televideniya tomoshabin ortidan ergashishi emas, balki sifatli va yuksak saviyali kontent izidan tomoshabinni ergashtira olishi lozim. Haqiqiy professional ijodkorlarning prinsipi bo‘lishi kerak. Agar faqat moddiy maqsad bilan yashayversak, millat ma’naviyatini boy beramiz. Yoshlarning tarbiyasi, oriyat, nomus, uyat, andisha kabi tuyg‘ularni yo‘qotamiz. Muhtaram Prezidentimiz o‘tgan yilning 22-dekabrida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “milliy kontent” masalasi haqida bejiz to‘xtalmadilar. Biz tezroq xalqimiz uchun manfaatli bo‘lgan, millat dunyoqarashi va ma’naviyati foydali bo‘lgan milliy kontentlar yaratish ustida bosh qotirishimiz lozim deb o‘ylayman.
Biz ommaviy madaniyat, chet elning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi kurashimiz kerak deymiz-u, lekin o‘zimizning oyinayi jahonda namoyish etilayotgan buzuq g‘oyali, millat ma’naviyatiga mos kelmaydigan telenovellalardan keladigan xavf ham ulardan qolishmaydi. Bugun telekanallarimizda namoyish etilayotgan telenovellalarning badiiy saviyasi, mavzular mundarijasi xususida jiddiy o‘ylab ko‘rish payti keldi. Mazkur masalaga asosiy yechim sifatida telekanallar qoshidagi Badiiy kengashlar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, ularning jiddiy ish olib borishini ta’minlash deb o‘ylayman. Badiiy kengash tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidan mutaxassislar va ekspertlar bo‘lishi lozim. Bugun jamiyatga kerakli, hammaga birday manfaatli mediamahsulotlar yaratish uchun barcha ziyolilar birday javobgar va shu millat ma’naviyatiga hammamiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Kamoliddin TO‘RAEV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Shermatov AVAZBEK,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
kichik ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasi, 2024-yil 23-avgust, 35-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q