Abdulaziz Suyarov va Xadicha Suyarovalar “El-yurt umidi jamg’armasi” stipendiyasini qo‘lga kiritib, Buyuk Britaniyada tahsil olishmoqda. Xalqaro reytingda peshqadam universitetlarda tanlagan sohasi bo‘yicha o‘qiyotgan oila bilan u yerdagi ta’lim muhiti, ilmga munosabat, oila, qadriyatlar va kelajakdagi rejalari haqida suhbat qildik.
– Suhbatni Suyarovlar oilasining Buyuk Britaniyaga borish fikri, oila a’zolarning bunga munosabati, turmush o‘rtog‘ingiz bilan birgalikdagi qaroringiz haqida boshlasak. O‘zbekistondagi faoliyatdan nufuzli universitetgacha bosib o‘tilgan yo‘l qanday bo‘ldi?
– 2023-yilda 1-stipendiya tanlovi g‘oliblari bo‘lganimizni eshitib juda xursand bo‘lgandik. Turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda tayyorgarlik ko‘rib, hujjatlarni birga topshirganmiz. Ikkalamizda bu reja avvaldan bo‘lgan. Undan oldin turli xil dastur va stipendiyalarda o‘zimizni sinab ko‘rdik. Ammo eng maqbuli “El-yurt umidi jamg‘armasi” bo‘lgan. Chunki imkoniyatlari ko‘proq va karyeramiz davomida ham jamg‘arma bizni qo‘llab-quvvatlashini bilardik. Hozirda PhD tadqiqoti uchun ham jamg‘arma orqali borib o‘qib kelish niyatidamiz.
To‘g‘risini aytsam, yosh oila bo‘lganimiz uchun ham oson, ham qiyin bo‘ldi. Eng avvalo, kelajagimiz uchun ham, soha tanlashda ham Vatanimiz uchun muhim bo‘lganini tanlash kerak edi. Tanlov juda katta rol o‘ynaydi, chunki kelajakda bu yo‘nalishda ilm-fan qilasiz yoki ishlaysiz. Keyin esa jamg‘armaning talabiga ko‘ra, dunyoning Top-300 reytingiga kiradigan universitetga hujjat topshirishingiz lozim. Nufuziga qarab, talablari har xil bo‘lishi mumkin. IELTS muhim omil emas, kamida 5,5-6 ball olish yetarli. Yuqori reytingdagi universitetlar esa balandroq talab qo‘yadi.
Shaxsiy tajribamizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, yolg‘iz emas, do‘stingiz bilan birga tayyorgarlik ko‘rsangiz ko‘proq natijaga erishasiz. Chet el oliygohlari yil davomida hujjat qabul qiladi, lekin ertaroq harakatni boshlasangiz yaxshi. Buyuk Britaniyada magistratura 1 yil davom etadi – bu ham katta omil, chunki vaqtdan yutasiz.
Oila a’zolarimizga kelsak, ular bizni faqat qo‘llab-quvvatlagan. Hech qanday qarshilik bo‘lmagan. Hatto e’tibor bergan bo‘lsangiz, ikkimiz turli shaharlarda ta’lim olyapmiz: birimiz Angliyaning Lids shahrida, ikkinchimiz bo‘lsa Shotlandiya poytaxti Edinburg shahrida. Chunki biz shu universitetlarni tanladik va qarorimizni o‘zaro hurmat qildik, bir-birimizga yordam berdik. Bilasizmi, o‘zaro ishonch bizni ruhlantirardi va bu oxirida katta maqsadga aylandi.
Bir orzuyimiz bor, bitta tashkilotda ishlab Vatan rivojiga hissa qo‘shmoqchimiz. Sohalarimiz bir-biridan unchalik uzoq emas: birimizniki innovatsiya sohasi, birimizniki ta’lim boshqaruvi. Balki ta’limda innovatsiyalar qilarmiz, yo innovatsiyada ta’limni rivojlantirarmiz... Yaqinda qaytganda rejalarimizni amalda ko‘rishimizga ishonaman. Tadqiqotlarimizni ham bir-biriga yaqinroq qilib tanlashni rejalashtiryapmiz.
Qisqasi, birgalikda qilingan orzu-maqsadlar, o‘zaro ishonch va hurmat, harakat, shuningdek, yaratilgan sharoitlar bizni Buyuk Britaniyaga olib keldi.
– Boshqa davlatga o‘qish yoki ishlash uchun ketgan har bir odamda “culture shock” bo‘lishi tabiiy. Sizlarda madaniyatga, yashash tarziga moslashib ketish qanday kechdi?
– Tabiatan kirishimli bo‘lganimiz uchun unchalik qiyin bo‘lmagan. Bu yerda eng ko‘p sog‘ingan narsalarimiz – milliy taomlarimiz. Ularning qadri endi juda bilinyapti. Edinburg va Leedsda birorta ham o‘zbek milliy taomlari sotiladigan oshxona yo‘q. O‘zim milliy ovqatlarimizni pishirishni bilsam-da, nimadir yetishmaydi. Osh tayyorlaganimda ham mazasi yaxshi, lekin nimadir boshqacha. Bu yerda bizda topilmaydigan, noyobroq ko‘p ovqat turlari bor. Lekin baribir uyda onam tayyorlab bergan bitta Samarqand oshi, tandir somsalari yoki nonining o‘rnini bosadigani bo‘lmadi hali. Boshida, Buyuk Britaniyaga kelib “culture shock”ga uchramadim, tezda moslashib ketdim deb o‘yladim. Ingliz tilini bilaman, kinolari, kitoblari orqali ular haqida ancha-muncha tasavvurim ham bor edi. Endi o‘ylab qarasam, madaniyatlar o‘rtasidagi farq kattaligidan ko‘p hollarda “culture shock”ka uchrayotganimni sezmagan ham ekanman.
Masalan, “interesting” (qiziqarli) so‘ziga oid qiziqarli jumlalari bor. Leksiya davomida yoki shunchaki suhbat vaqtida professorlarga o‘zimning “aqlli” savollarimni berganimda, aksariyat holatlarda “Interesting question” (qiziq savol) degan gapni eshitardim. Oh, ana professorga qiziq bo‘lsa uncha-muncha savol bermabman-da, deb ichimga sig‘may yuraveribman. Keyinroq bilsam, inglizlar o‘zlari biror fikrga qo‘shilmaydigan yoki yoqtirmagan savollarga nisbatan shu jumlani ishlatar ekan. Ayrim holatlarda juda elementar yoki ular uchun sodda narsalarni so‘ralganda ham shu so‘zni ishlatilishini nihoyat tushunib yetdim. Yoki uzoq vaqt nimadir aytib bersangiz “very interesting” (juda qiziqarli) deb qo‘yishadi. Bu, aslida, juda ko‘p gapirding, zerikdim degani ekan. Yoki kimdir bir tekis ohangda “that’s very good” (juda zo‘r) deb qo‘ysa, bilavering, bu “juda rasvo” degani bo‘ladi. Eng qiziqarlisi, topshiriqlarga berilgan izohlarda bo‘lgan. O‘qituvchilar “feedback”ka juda zo‘r chiqqan deb yozishadi-yu, orqasidan kutilmagan past bahoni qo‘yishadi. Bular hammasi ularning madaniyatiga xos, to‘g‘risini aytib xafa qilmaslik va shunchaki odob yuzasidan. Buni qabul qilish oson bo‘lmadi. Kamina bo‘lsa bu gaplarni hali ham o‘zbekchasiga tushunishga harakat qilyapman. “Interesting” bo‘lsa “interesting”da, nima qildim o‘zimni xafa qilib!
– Suyarovlar oilasi tanlagan universitetlar nufuzi, dunyodagi tutgan o‘rni haqida gaplashsak… U yerda o‘zbek talabalari ham uchraydimi?
Xadicha Suyarova:
– Edinburg haqida qisqacha aytadiganlarim quyidagilar: Universitet juda qadimiy, 1583-yilda tashkil etilgan. Mazkur universitetda 45 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi. Xalqaro reytingga (QS) ko‘ra, dunyo bo‘yicha 22-o‘rinda turadi. Xalqaro talabalar ulushi 49 foizga teng. 19 ta Nobel mukofoti laureati Edinburg universitetida tahsil olgan. Bundan tashqari, universitetning 90 foizga yaqin ilmiy tadqiqot ishlari xalqaro maydonda yetakchi hisoblanadi. Bu universitetda ta’lim sifati juda yuqori. Hozirda Vatanimizdan men bilganlarim 5 kishi tahsil olayapti. Kamina ta’lim yo‘nalishida Sherzod aka Haydarov – shu soha bo‘yicha doktoranturada, Abdullajon Ne’matov TESOL yo‘nalishida. Ular ham EYUFchilar. Bizdan tashqari yana 2 ta bakalavr talabalari ham bor. Umuman olganda, o‘zbek talabalari kamroq.
Abdulaziz Suyarov:
– Men joylashgan shahar Angliyaning eng katta sanoatlashgan shaharlaridan biri hisoblanadi. To‘g‘ri bu shahar va tanlagan universitetim dunyoga unchalik ham mashhur emas. Yangi ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, asosan, innovatsiyalar va sanoat texnologiyalariga ixtisoslashgani meni o‘ziga jalb qilgan.
Lids universiteti (University of Leeds) 2023-2024-o‘quv yillarida QS reytingida 75-o‘rinni egallagan. Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universitetlari guruhi bo‘lmish Russel Group tarkibidagi ilm-fan va tadqiqot darajasi yuqori ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bu yil universitetda qariyb 40 ming talaba tahsil oladi. 700 ga yaqin o‘quv dasturlari taklif qilinadi.
Men tanlagan Global strategiyalar va innovatsiyalar menejmenti (MSc) mutaxassisligi universitetning yangi va dolzarb yo‘nalishlaridan bo‘lib, Biznes maktabidan joy olgan. Universitet xalqaro talabalarga juda ko‘p imtiyoz hamda imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, o‘zbek yoshlari 50 foizgacha grant olish imkoniga ega.
Aksariyat universitetlardan farqli ravishda Lids yoki Manchester aeroportidan bepul kutib olish, turli sneklar, shirinlig-u ichimliklar, bepul sim-karta hamda qo‘llanmalar mavjud “Welcome Food Box” yotoqxonada taqdim etiladi. 15-sentyabrdan boshlab 2-oktyabrga qadar universitetda “Welcome Orientation Days” tadbiri o‘tkazilmoqda. 300 dan ortiq klublar, jamiyatlar va ijtimoiy guruhlar tomonidan har kuni turli tadbir-u loyihalar bo‘lib o‘tadi. Universitetda LUU (Leeds University Union)ning o‘rni juda yuqori bo‘lib, yangi kelgan talabalar o‘zini yolg‘iz his qilmasligi, ko‘proq do‘stlar orttirishi uchun hamma ishni qilishadi. Jumladan, Global Cafe (bepul ichimlik va do‘stlar davrasi), Buddy Scheme (onlayn do‘stlar orttirish va ular bilan har kuni piknik qilish), Culture Shock Comedy Show (bir talabaning yangi davlatdagi kulguli sarguzashtlari teatri), Muslim Faith Tour (Musulmon talabalar uchun alohida tur), Program Inductions (har bir ta’lim dasturi uchun alohida tanishtiruv tadbirlari) kabilar. Eng e’tiborli jihatlaridan biri, universitet hududida musulmon talabalar uchun 4 ta masjid bo‘lib, ISoc (Islamic Society) guruhi ham faoliyat olib boradi.
Tadbirlar, dars jarayonlari haqida tez-tez pochta manzilimga xabar kelib turadi. Bundan tashqari, Minerva (bizdagi HEMIS) platformasi orqali ham ma’lumotlar olishim mumkin. Har bir binoda kovorking hamda ovqatlanish uchun alohida oshxona mavjud. Bino yonida esa katta yashil hudud bor.
Bilasizmi, nima menda ijobiy taassurot qoldirdi? Universitetning yirik kompaniyalar, biznes vakillari va tadbirkorlar bilan yaqin aloqasi. Men universitet binosida turli brendlarning reklamalarini juda ko‘p uchratdim (ta’limni moliyalashtirish uchun yaxshi uslub). Bundan tashqari, universitetga yaqin do‘konlar va kafelarda, jamoat transportida ham katta chegirmalar mavjud. Internet, kutubxona, universitet hududida velosiped, sport zali, kompyuter xonalari va kserokopiya talabalar uchun bepul. Bizning oliy ta’lim muassasalari uchun eng katta fishka bu yaqin atrofdagi biznes vakillari va tadbirkorlar bilan bemalol ishlash imkoniyatini ko‘rishsa foydali bo‘lardi. Talabalar shahar bozorida juda katta rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, yuqoridagidek ba’zi xizmatlarni mutlaqo bepul qilish yoki talaba o‘zi bilan olib kelgan tushlikni bemalol istib, qahva damlab olish imkoniyatiga ega oshxonalar tashkil qilish zarur. Yana bir narsa, men birinchi kundanoq bo‘sh kutubxona topa olmadim. Nima uchun desam, 1 ta leksiya yoki workshopga tayyorgarlik ko‘rish uchun kamida 5 ta yoki 10 tagacha maqola, ba’zida kitob ham o‘qib chiqish lozim ekan. Yana bir e’tiborimni tortgan jihat, Lidsda ham, Edinburgda ham xitoylik talabalar juda ko‘p edi. Guruhimda taxminan 60 foiz talaba xitoylik edi, adashmasam.
– Xadicha opa, universitetda aynan ta’lim yo‘nalishini tanlaganiga sabab nima? Kelajakda yurtimiz ta’lim tizimi uchun qanday takliflaringiz bor?
– Ta’lim yo‘nalishini tanlashimning asosiy sababi, ushbu sohada chuqur bilimlarga ega bo‘lish va shu orqali yurtimiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirish istagidir. Buyuk Britaniya universitetlari ta’lim bo‘yicha dunyodagi yetakchi markazlardan biri bo‘lib, ularning sohadagi tajribasi va yutuqlari juda katta ahamiyatga ega. Bu yerda oliy ta’lim va ta’lim falsafasiga oid kurslar o‘qib, ta’lim tizimining falsafiy asoslari va zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘rgandim.
O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun Buyuk Britaniya va AQSh tajribasidan bir necha muhim jihatlarni olish mumkin. Angliya ta’lim tizimida talabalar mustaqil va tanqidiy fikrlashga keng o‘rgatiladi. Bu yondashuv O‘zbekistonda ham talabalarning ilmiy izlanish va ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish uchun joriy etilishi kerak. Buyuk Britaniyada o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga katta e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonda ham o‘qituvchilarni zamonaviy ta’lim texnologiyalari va xalqaro tajriba bilan tanishtiruvchi malaka oshirish dasturlarini kengaytirish lozim.
AQSh va Buyuk Britaniyadagi oliygohlarning asosiy yutuqlaridan biri ularning kutubxonalari bilan bog‘liq. U yerda talabalarga tinch va osoyishta muhit yaratib beriladi. Talabalar katta kitoblar, noutbuklar va iliq kofe bilan o‘tirib, bilim olish bilan shug‘ullanishadi. O‘zbekistonda ham shunday motivatsiyaga ega kutubxona muhitini yaratish talabalarning dars qilishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi va ta’lim tizimida ulkan qadam bo‘lishi mumkin.
– Inglizlardagi ota-ona va farzand munosabatlariga to‘xtalsak. Ularda ilmga, urf-odat va qadriyatlarga qanday munosabat bildiriladi?
– Inglizlarda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘pincha mustaqillik va hurmatga asoslangan. Farzandlar yoshligidan mustaqil fikrlashga, o‘z qarorlarini qabul qilishga o‘rgatiladi. Ota-onalar bolalariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, lekin ularning shaxsiy tanlovlarini hurmat qiladi. Bu tarbiya usuli ularning kelajakda mustaqil va mas’uliyatli bo‘lishiga yordam beradi.
Ilmga juda katta hurmat bilan qaraladi. O‘zbekistonda ham hozirgi kunda ko‘pchilik ota-onalar farzandlarining ta’limiga juda katta ahamiyat beryapti. Inglizlar ilm-fan va ta’limni jamiyat rivojlanishining asosiy omillaridan biri deb biladi. Shuning uchun bolalarga yoshligidan ilm olish, yangi bilimlarni o‘rganish va tadqiqotlar qilish uchun qulay sharoitlar yaratib beriladi.
Urf-odat va qadriyatlarga nisbatan inglizlarda ko‘proq ochiq va tolerant yondashuv kuzatiladi. Ular o‘z madaniy an’analarini qadrlash bilan birga, boshqa madaniyatlar va urf-odatlarga ham hurmat bilan qaraydi. Bu ochiqlik va tolerantlik inglizlar jamiyatida ko‘p madaniyatli muhitni yaratishga yordam beradi.
O‘zbek oilalarida ham hurmat va axloqiy qadriyatlar muhim o‘rin tutadi, lekin bizda ota-ona va farzand munosabatlarida yanada yaqinlik va qo‘llab-quvvatlash hissi kuchliroq, – bu g‘arb bizdan o‘rganishi mumkin bo‘lgan yutug‘imiz. Shuningdek, bizda an’analar va urf-odatlarga ko‘proq amal qilinadi va ko‘pincha bu qadriyatlar avloddan avlodga o‘tadi. Inglizlarning ilmga bo‘lgan hurmati va farzandlarga mustaqillik berishga intilishlari o‘zbeklar uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin. Bizda ham bolalarning mustaqil fikrlashi, o‘z tanlovlarini mustaqil amalga oshirishi, yangi bilimlarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini rivojlantirish muhimdir. Lekin shu bilan birga, o‘zimizning boy madaniy merosimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni saqlab qolishimiz va avlodlarga yetkazishimiz kerak. Inglizlarning ochiq va tolerant yondashuvi bizga o‘z qadriyatlarimizni saqlagan holda, boshqa madaniyatlarni ham qabul qilish va ulardan o‘rganish imkonini beradi.
– Buyuk Britaniya ijtimoiy hayotidagi ijobiy va salbiy holatlar haqida aytib bersangiz. Nimalarni o‘rganishimiz, nimalardan saboq olishimiz kerak?
– Buyuk Britaniya ijtimoiy hayotida ko‘plab ijobiy jihatlar mavjud. Eng asosiylaridan biri bu jamiyatda yuqori darajadagi adolat va qonun ustuvorligidir. Fuqarolar o‘z huquqlarini yaxshi biladi va qonunlar ularning manfaatlarini himoya qiladi. Bu ijtimoiy barqarorlik va ishonchning shakllanishiga olib keladi. Shuningdek, britaniyaliklar jamiyatda bir-birlarini hurmat qilishga va xilma-xillikni qabul qilishga o‘rgangan. Bu esa ko‘p madaniyatli va ko‘p millatli jamiyatda tinch-totuv yashashga imkon beradi. Ta’lim va ilm-fan sohasiga bo‘lgan e’tibor ham ijobiy jihatlardan biridir. Britaniyada ta’lim sifati yuqori darajada va ilmiy tadqiqotlarga katta e’tibor qaratiladi. Bu yurt taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadi va global maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga yordam beradi.
Salbiy jihatlarga kelsak, Buyuk Britaniyada ijtimoiy hayotning ba’zi tomonlari o‘zbeklar uchun notanish yoki qabul qilinishi qiyin bo‘lishi mumkin. Masalan, jamiyatda individualizmning kuchliroq ekanligini kuzatasiz. Odamlar, ko‘pincha, o‘z shaxsiy hayotlari va manfaatlariga ko‘proq e’tibor qaratadi. Bu esa o‘zbek madaniyatidagi kabi yaqin ijtimoiy aloqalar, qo‘ni-qo‘shnichilik va oila ichidagi yaqin munosabatlarga nisbatan kamroq ahamiyat berilishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, jamiyatda ayrim hollarda an’anaviy qadriyatlarning zaiflashishi, urf-odat va madaniy merosning avlodlarga yetkazilmay qolishi kuzatiladi. Bu holatni O‘zbekiston uchun saboq sifatida qabul qilish mumkin, chunki o‘z madaniy merosimizni saqlab qolish va avlodlarga yetkazish muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
– Sizningcha ilm olish yo‘lida birgalikda harakat qilayotgan oilada ayolning o‘rni qanday? Qiyinchiliklar va boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlar haqida aytsangiz?
– O‘zbekistonda ilm olish yo‘lida ayolning o‘rni juda muhim, lekin ko‘pincha ijtimoiy struktura va iyerarxiya tufayli qiyinchiliklarga duch kelinadi. Ayollar ta’lim olish uchun o‘zlarini isbotlashi va ijtimoiy normaga mos kelishi kerak bo‘ladi. Chunki ko‘plab hollarda ayollar ikkinchi darajali hisoblanadi va ularning imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. Men shaxsiy tajribamdan bilamanki, turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi ilm olish yo‘lida, karyerada yutuqlarga erishishda katta ahamiyatga ega. Turmush o‘rtog‘im menga har tomonlama yordam beradi, bu esa o‘z bilim va maqsadlarimga erishishimda muhim rol o‘ynagan. Bu yondashuv boshqa oilalarga ham o‘rnak bo‘lishi kerak, chunki erning yoki oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlovisiz ayollarning jamiyatdagi roli faqat uy bekalik bilan chegaralanib qolishi mumkin.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda ham ayollaring ta’lim olishi, karyera qilishi muhimligi to‘g‘risida jamiyatda jiddiy burilishlar bo‘lyapti. Lekin bu ayol kishiga ta’lim bersak, iqtisodiy, ijtimoiy va hokazo foydalari bor, degan g‘oya bilan amalga oshirilyapti. Masalan, ayollar moliyaviy mustaqil bo‘lsa, oiladagi yetishmovchiliklar ikki tomon orqali hal etilib, oilaviy mustahkamlikka erishish mumkinligi aytilgan. Haqiqatdan ham shunday. Odamlar orasida “qizlarimizga, ayollarimizga ta’lim bersak, ertaga ular yetuk bilimli avlodni voyaga yetkazadi” kabi gaplarni ko‘p eshitamiz.
Xotin-qizlarga jamiyatda o‘rin berilishi kerakligini shunaqa manfaat keltiradi deb tushuntirmasa, bunday firklarga boshqalarni ishontirib ham bo‘lmasa kerak. Bunday qarashda ayollar inson sifatida qadrlanishi, tazyiqlarda va ikkinchi darajali bo‘lib yashamasligi emas, shunchaki ma’lum bir maqsadlarga yetishish vositasi bo‘lib qoladi.
Ishlamagan, ijtimoiy foyda keltirmagan ayol tazyiqlarga chidashi kerak yoki bilim olishi shart emas deganimi? Farzandi bo‘lmasa o‘qimasligi kerak deganimi (axir u bilimini farzand tarbiyasiga sarflamayapti-ku)? Menimcha, biror manfaat uchungina ayollarni qadrlash – ularning to‘liqligicha jamiyatda tan olinishiga to‘sqinlik qiladi. Chunki ayol kishidan keladigan foydasiz ham jamiyat o‘sha ijtimoiy, iqtisodiy marralariga erishishi mumkin. Hech qanaqa foyda keltirmasa ham, shunchaki ayol, rafiqa, opa-singil sifatida ularning huquqlarini hech kim poymol qilmasligi kerak.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bu xotin-qizlarning o‘zlari. Ha, ba’zi qizlarga o‘qish, izlanish, erkinlik kabi ne’matlar berilgan taqdirda ham ulardan foydalanishni o‘zlari xohlashmaydi. Mas’uliyatni bo‘yniga olgisi kelmaydi. Qiynalib maqsadlari ortidan quvib yurguncha, kimgadir tezroq turmushga chiqib, do‘konma-do‘kon aylanib yurishni ko‘zlaydiganlar ham kam emas. Ko‘zlagan maqsadiga erishib, haqiqatdan baxtli bo‘lib ketishsa yaxshi, lekin aksariyat holatda shirin orzular puchga chiqadi. Bu holatda qizlarning faqatgina yoshligi, hoy-u havaslarining falokatiga e’tibor qaratmoqchiman. Bu yo‘l bilan ular zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqoriroq.
Shunday qilib, jamiyatda ayollarning ta’limga haqli ekanligini faqat iqtisodiy yoki ijtimoiy foyda bilan baholash noto‘g‘ri. Ayol inson sifatida qadrlanishi va uning ta’lim olish huquqi faqat maqsadga erishish vositasi sifatida emas, balki uning to‘laqonli shaxs sifatida tan olingani uchun bo‘lishi kerak. Iqtisodiy foydaliligi tomondan baholanishi ularning shaxsiy qadr-qimmatini kamaytirishi mumkin.
Ayollar ta’limiga e’tiborni yanada kuchaytiraverish va xotin-qizlarni ta’lim olishga, mustaqil fikrli shaxslar bo‘lib yetishishga undash kerak. Ilm olish va shaxsiy rivojlanishni muhimroq baholash va ayollarga haqiqiy imkoniyatlar yaratish orqali biz jamiyatimizda ularning to‘liq qadrlanishini ta’minlay olishimiz mumkin.
Zulxumor ORIFJONOVA suhbatlashdi.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q