Dunyo yangi pandemiya arafasidami? Maymunchechak haqidagi eng muhim ma’lumotlar


Saqlash
01:33 / 22.08.2024 869 0

Dunyoda hanuzgacha millionlab insonlarni bir-biridan tom maʼnoda uzoqlashtirgan, umriga zomin boʻlgan COVID-19 pandemiyasidan sovib ulgurgani yoʻq. Boz ustiga, bir tarafdan mavsumiy “tiriladigan”, qushlarning migratsiyasi natijasida tez-tez “sayohat qilib turadigan” viruslar, boshqa tarafdan iqtisodiy muammolar va siyosiy mojarolar dunyo aholisi uchun yillik “sinov rejasini” yetarlicha toʻldirib bermoqda.

 

Ammo soʻnggi kunlarda barchamizni sergak torttirgan yana bir kasallik paydo boʻldi – maymunchechak. Bu virus haqida eshitgan odamlarning koʻpchiligida uni yuqish yoʻllari, xavflilik darajasi haqida turli savollar paydo boʻlmoqda. Shuningdek, baʼzi bir insonlarga maymunchechak Afrika ya’ni uzoq qitʼada paydo boʻlgani bilan xavfsizdek tuyilayotgani ham bor gap.

 

Maymunchechak yoki boshqacha qilib aytganda Monkeypox SARS-CoV-2 virusi kabi yuqimli va keng tarqalgan emas. Biroq, nega dunyo sogʻliqni saqlash tashkilotlari va tibbiyot mutaxassislari bu kasallikka jiddiy eʼtibor berishmoqda?

 

Kasallikning qisqacha tarixi

 

Maymunchechak ilk bor 1958-yilda virus bilan zararlangan maymunda aniqlangan. Ushbu kasallik hayvonlardan odamga yuqishi mumkin boʻlgan zoonoz kasalliklar qatoriga kiradi. 1970-yilda esa ilk marta insonda aniqlangan holatlar qayd etildi. Asosan bu kasallik 16 yoshgacha boʻlgan bemorlarda uchraydi.

 

Kasallikning tabiiy oʻchoqlari asosan Markaziy va Gʻarbiy Afrikada boʻlib, soʻnggi paytlarda boshqa mintaqalarda ham tarqalmoqda.

 

 

Maʼlumot uchun, maymun chechagi virusi joriy yilning aprel va may oylarida Gʻarbiy Yevropaning bir qancha mamlakatlarida, shuningdek, boshqa qitʼalarda tarqaldi. Soʻnggi kunlarda u Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Shveysariya va Shvetsiyada, shuningdek, AQSh, Kanada va Avstraliya, BAA da ham aniqlangan.

JSST maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil boshidan buyon dunyoda 14 mingdan ortiq infeksiya holati qayd etilgan. Afsuski, joriy yilning uchdan ikki qismida chechak tarqalishi 2023-yildagi koʻrsatkichdan oshib ketgan.

 

Soʻnggi kunlarda AQShda ham maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan AQSh hukumati chechakka qarshi 13 million vaksina sotib olishga buyruq bergan.

 

Maymunchechak nimasi bilan xavfli?

 

Maymunchechak, boshqa zoonoz kasalliklar singari, insonga yuqqanidan soʻng infeksiya chaqiradi. Kasallikning eng muhim xususiyati – oʻlim koʻrsatkichining pastligi va kasallikning tez yuqmasligi. Shunday boʻlsa-da, virusning yangi mintaqalarda paydo boʻlishi va kengayishi global sogʻliqni saqlash tizimi uchun yangi muammo tugʻdirishi mumkin. COVID-19 pandemiyasi tajribasidan kelib chiqqan holda, dunyo mamlakatlari maymunchechakning tarqalishiga qarshi yanada jiddiy tayyor turishi zarur.

 

Infeksiyalangan odamlarning aksariyati bir necha hafta ichida tuzalib ketadi. Biroq, virusga qarshi dorilar yoʻq va maymun chechagining eng halokatli shtammlari bemorlarning 10 foizini oʻldirishi mumkin.

 

 

Virusning tarqalishi va xavf guruhlari

 

Maymunchechak odamlarga asosan hayvonlar orqali yuqadi. Biroq, insondan insonga ham yuqish ehtimoli mavjud boʻlib, bu asosan o‘zaro jinsiy aloqada boʻlgan kishilar orasida kuzatiladi.

 

Kasallikning dastlabki belgilariga isitma, bosh ogʻrigʻi va mushak ogʻrigʻi, shishgan limfa tugunlari, titroq va ozgʻinlik kiradi. Kasal boʻlganlarda koʻpincha yuzda boshlanib, keyin tananing boshqa qismlariga, jumladan qoʻllar, oyoqlar va jinsiy aʼzolarga tarqaladigan toshma paydo boʻlishi mumkin.

 

Kasallik qanday yuqadi?

 

– Infeksiyalangan odamlar yoki hayvonlarning biologik suyuqliklari orqali;

– Hayvonlarning tishlashi orqali;

– Yuqtirilgan hayvondan yomon ishlov berilgan goʻshtni isteʼmol qilganda;

– Balgʻam orqali (havo tomchilari);

– Yuqtirilgan odam tomonidan ishlatiladigan uy-roʻzgʻor buyumlari orqali (bunda kasal va sogʻlom odamlar uzoq vaqt davomida yaqin joyda boʻlsa).

 

 

Ushbu virusning ikkita shtammi mavjud: Clade I va Clade II. Birinchi shtamm bilan zararlangan har 10 kishidan 1 nafari vafot etadi. 2022–2023-yillardagi epidemiya Clade II tomonidan qoʻzgʻatilgan boʻlib, u bilan kasallangan bemorlarning 99 foizi omon qolgan.

 

Immuniteti zaif boʻlgan shaxslar, yosh bolalar va boshqa kasalliklar bilan og‘riganlar koʻproq xavf ostidagi guruhga mansub insonlar hisoblanadi.

 

Chechakka qarshi emlash odamlarni maymunchechak yuqtirishidan himoya qiladi, chunki ular oʻzaro bogʻliq viruslardir.

 

Kasallik belgilari

 

Maymunchechakning oʻrtacha inkubatsion davri 6 dan 13 kungacha, ammo u 5 kundan 21 kungacha ham boʻlishi mumkin. Virus yuqqanida quyidagi alomatlar kuzatiladi:

– isitma (harorat 38,5 darajadan yuqori);

– zaiflik;

– mushak ogʻrigʻi;

– oshqozon-ichak traktida noqulaylik.

 

 

Bundan tashqari, maymunchechakning oʻziga xos belgisi limfa tugunlarining yalligʻlanishi boʻlib, natijada hajmi kattalashadi.

 

Bu alomatlar 50-66 foiz hollarda yuzaga keladi va asosiy simptom – toshma paydo boʻlishidan oldin sodir boʻladi. Aytish joizki, bu kasallikning toshmasi suvchechakdan oʻzining tashqi koʻrinishi va tanadagi joylashishi bilan farq qiladi.

 

Maymunchechakka qarshi kurash

 

Bugungi kunga kelib, maymunchechak uchun maxsus vaksina mavjud boʻlmasa-da, ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda. Shuningdek, baʼzi mamlakatlar ilgari qoʻyilgan chechakka qarshi emlashlarni qayta koʻrib chiqishmoqda, chunki ular maymunchechakdan himoya qilishda ham yordam berishi mumkin.

 

Dunyo nimadan xavotirda?

 

2024-yil 14-avgustda JSST maymunchechak epidemiyasini xalqaro xavf deb eʼlon qildi. Maymunchechak pandemiyaga aylanishi ehtimoli juda past, ammo u sogʻliqni saqlash tizimlari uchun yangi sinovdir. Ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi hali tugamagan bir paytda yangi kasallikning paydo boʻlishi global hamjamiyatning eʼtiborini jalb qilmoqda. Yangi kasalliklar toʻlqinini oldini olish uchun dunyo davlatlari, xalqaro tashkilotlar va tibbiyot mutaxassislari birgalikda harakat qilishlari zarur.

 

Maymunchechakning yana bir xavfli tomoni – bu kasallikning nomaʼlumligini hisobga olgan holda, notoʻgʻri axborotlar tarqalishi va bu aholida yanada koʻproq xavotir uygʻotishi mumkin. Shu sababli, tibbiyot mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari ushbu kasallik haqidagi maʼlumotlarni toʻgʻri yetkazishlari va aholiga zaruriy profilaktik choralarni tavsiya qilishlari muhimdir.

 

Oʻzbekiston uchun qanchalik xavfli?

 

Mamlakatimizda maymun chechagi qayd etilmagan. Ammo chegaralarimiz ochiq va bu ehtiyotkorlikni saqlash kerakligini, profilaktikaga doimiy rioya qilish zaruratini talab qiladi.

 

Buning ustiga, rasmiy manbalarga koʻra, maymunchechakning yangi shtammi (Clade-1b) Pokistonga ham kirib keldi. Bu virus xavfining Markaziy Osiyo mintaqasiga yaqinlashganini anglatadi. JSST rahbari Tedros Gebreyesus zarur choralar koʻrilmasa, maymun chechagi Osiyo va Yevropa janubiga tarqalishi mumkinligi va insoniyat bu epidemiyaga jiddiy qarashi kerakligini aytgan edi.

 

 

Oʻzbekistonda maymun chechagi aniqlanishi ehtimoli va kutilajak choralar hamda tayyorgarlik haqida Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov shunday dedi:

 

 

“Dunyo hamjamiyatida chinchechakka qarshi vaksina bor. Maymun chechagiga qarshi vaksina mavjud emas. Chinchechak virusi dunyoning faqat ikkita davlatida – AQSH va Rossiya maxsus laboratoriyalarida saqlanyapti. Bu laboratoriyalarda ularni saqlashdan maqsad qachonki, chinchechakka oʻxshash kasalliklar paydo boʻlsa, uni solishtirish yaʼni qoʻzgʻatuvchilarni bir-biri bilan qiyoslash orqali aniq tashxis qoʻyish maqsad qilib olingan”.

 

“Kasallikka laboratoriya tashxisini qoʻyish uchun “polemeraza zanjirli reaksiya usuli”dan foydalaniladi. Buning uchun faqat test sistemasining boʻlishi yetarli. Shu nuqtai nazardan, hozir bu test sistemalarini Oʻzbekiston hududiga olib kelish choralari koʻrilyapti”.

 

Otabekov maymun chechagi katta yoshdagi kishilarda aniqlanmasligini taʼkidlagan. Virus asosan yosh bolalar uchun jiddiy xavf tugʻdiradi, chunki katta yoshli avlod chechakka qarshi emlangan boʻladi va immun tizimi nisbatan kuchli:

 

“Baʼzan internet tarmoqlarida koʻryapman. Baʼzi bir toshmalarni rasmga olib, joylashtirishyapti va chinchechak boʻlsa kerak, degan fikrlar olgʻa surilyapti. Aslini olganda, chinchechak kasalligiga katta yoshdagi odamlar chalinmaydi. Negaki, ularning aksariyatida chinchechakka qarshi immunitet bor. Yosh bolalarda kasallikka chalinish ehtimoli mavjud. Kasallikka chalingan taqdirda ham ular havo tomchi, yaqin muloqot yoʻli bilan hamda teri va shilliq qavatning jarohatlanishi bilan kechadigan jismoniy muloqotlar orqali ham yuqish ehtimoli bor. Qolaversa, ular kiygan kiyim, ular ishlatgan choyshablar orqali kasallik yuqish ehtimoli ham bor. Shunday ekan, kasallikning manbai bilan roʻbaroʻ kelmagan odamda kasallikka shubha qilish uchun asos koʻrinmaydi”.

 

Xulosa oʻrnida

 

Maymunchechak – bu kasallik haqida oldindan oʻylashimiz va tayyorgarlik koʻrishimiz kerak boʻlgan yangi chaqiriqdir. Kasallikning keng tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun, sogʻliqni saqlash tizimi yetarlicha tayyor boʻlishi kerak. Shu bilan birga, har bir inson oʻz sogʻligʻiga masʼuliyat bilan yondashib, zarur choralarni koʻrishi lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24012
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//