Ko‘z ochirmaydigan axborot to‘zoni davrida yashamoqdamiz. Xabarlar daryolar kabi har tomondan oqib kelib ongimiz dengizini to‘ldirmoqda. Tashnalik bilan dalillarni, nazariya va tushunchalarni qabul qilamiz, terabaytlar hajmidagi ma’lumotlarni o‘zlashtiramiz, bilimga bo‘lgan tuganmas chanqog‘imizni qondirishga harakat qilamiz. Ammo o‘zimizni olim deb hisoblash uchun shunchaki ma’lumot to‘plash va uni tavsiflash kifoya qilmaydi. Bir o‘ylab ko‘raylik, bilimdonligimiz ichki bog‘liqlik va amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan, bir-biridan uzilgan va o‘zaro farq qiluvchi dalillarning oddiy to‘plamiga aylanib qolmayaptimi?
Bilim va ilm – bir tanganing ikki tomoni, ular dunyoni anglash yo‘lidagi ikki bosqich. Bilim – ustiga ilm binosi quriladigan poydevor. U bizda qurilish ashyolari sifatida mavjud, ammo ijodiy ishning mazmunini taqdim etmaydi. Olaylik, tarix bo‘yicha yuzlab kitoblarni o‘qishimiz mumkin, lekin ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuniyatlarini tushunmaymiz. Fizik qonunlar formulalarini yodlab olishimiz va bexato aytib, yozib berishimiz mumkin, biroq amalda qo‘llay olmaymiz. Demak, ular ongimizda bilim, ya’ni passiv ma’lumot sifatidagina o‘rnashgan, xolos.
Ilm ma’lumotni oddiy qayta ishlash (idrok etish) tugaydigan joyda boshlanadi. U shunchaki jamg‘arma emas, balki faol ijod mahsuli, kishining tahlil qilish, sintezlash, aloqalarni topish, umumlashtirish, xulosa chiqarish va yangi g‘oyalarni taqdim etish amallari samarasi.
Ilm dalillarning shunchaki tizmasi yoki jo‘n bayoni emas, balki hatto hali hech kim bermagan savollarga topilgan javobdir. Unda ma’lum bo‘lganlardan tashqariga chiqiladi, buning uchun esa ilmiy muammoni aniqlash, muntazam fikrlash, qiyinchiliklarni dadil yengib o‘tish, natijalarni tinimsiz izlash lozim bo‘ladi.
Haqiqiy olim darsliklarni o‘ylamasdan yodlaydigan va bayon etadigan “transformator” emas, balki tanqidiy fikrlay oladigan, umume’tirof etilgan haqiqatlarga shubha bilan qaraydigan, noan’anaviy yechimlarni qidiradigan va ularni topib, tavsiya etadiganlar bo‘lishadi. Shu ma’noda olimlarni 4 toifaga ajratish mumkin: “generator” (ilmiy g‘oyalar beruvchi) olimlar, “transformator” (generatorlar g‘oyalarini tarqatuvchi) olimlar, “akkumulyator” (quvvat (zaryad) olib-olib, ma’lum vaqt o‘tgach ishdan chiqadigan) olimlar va “batareya” (dissertasiya himoya qilib, ya’ni bir marta quvvat olib, tugaydigan) olimlar. Hech bo‘lmasa, oxirgisi bo‘lib qolmang.
Har birimiz ilm-fanga o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin. Buning uchun aslida professor yoki ixtirochi bo‘lish shart emas (jamiyatda ilmiy daraja yoki unvonga ega bo‘lmagan qancha chin olimlar bor), balki savol berishdan, javob izlash, tajriba o‘tkazish va qoliplardan chiqib fikrlashdan qo‘rqmaslik kifoya.
Faqat ma’lumot iste’molchisi bo‘lib qolmaslik kerak. Bilimni ijod quroliga aylantirish talab etiladi. Va keyin o‘qigan sahifalaringizdan tashqarida kashfiyot va yutuqlarga to‘la ajoyib ilm olami ochiladi. Bu olamning qanchalik go‘zal, charog‘on va rohatbaxshligini unga kirgan kishigina his qiladi.
Ilmiy darajangiz ilmingiz bilan Sizni boqishi ham kerak
Bilim, kashfiyot, ilmiy cho‘qqilar sari intilishda muqarrar savol tug‘iladi: ilmiy daraja nima uchun kerak? Bu haqiqatan ham shunchaki bir maqsadmi? Yo‘q, ilmiy daraja maqsad emas, balki yangi imkoniyat va mustaqil ilmiy fikrga yo‘l ochuvchi vosita, kalitdir. Bu, avvalo, ilmiy hamjamiyatda ovoz berish, tadqiqotlarni amalga oshirish, dunyo haqidagi tasavvurlar bilan o‘rtoqlashish va fan rivojiga hissa qo‘shish imkoniyatini taqdim etadi. Bir film esimda. Kino qahramoni dissertatsiya himoya qilmoqchi bo‘ladi. Ilmiy daraja senga nima uchun kerak deyishsa, u “mustaqil fikrimni bayon qilish uchun” deb javob beradi. Bu gapda hikmat bor.
Ilmiy daraja faqat intellektual qatlam olamiga yo‘llanmagina bo‘lib qolmaydi. Ilmiy darajali shaxs muayyan mas’uliyatlarni ham o‘z zimmasiga oladi. Ular halollik, to‘g‘rilik, bilimi va ilmidan yaxshilik uchun foydalanish, adolatli va farovon dunyo qurish hamda hayot kechirish uchun javobgarlik kabilar hamdir.
Ilmiy daraja – shunchaki martaba bo‘lmasdan, axloqiy fazilat, bilimini nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki insoniyatning global muammolarini hal qilish uchun ishlatishga tayyorlikni ham o‘z ichiga oladi.
Ilm-fanning insonlar hayotiga ta’siri kuchayib borayotgan, fan yutuqlaridan ham naf ko‘rish, ham zarar berish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan dunyoda olimlardan ongli mas’uliyat talab etiladi. Chunki ilmiy daraja – shunchaki diplom emas, u ma’naviy burch, haqiqatni izlayotgan, dunyoni yaxshilashga intiladigan kishilar safiga kirishdir. Bilim, ilm, inson o‘zini takomillashtirish ustida ishlamasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’naviyatli bo‘lishni ta’minlamaydi. Zotan, katta olim bo‘lsa-da, ta’ma qilmasdan taqriz bermaydigan, rozilik xati yoki xulosasini, yoki himoyada ovozini bermaydiganlar uchrab turishini hammamiz bilamiz.
Ilmga bo‘lgan intilishlaringiz faqat bilimga chanqoqlikkina bo‘lib qolmay, balki bilimlaringizni o‘zingiz va butun insoniyat manfaati uchun ishlatish istagi bilan hamroh bo‘lishi ham lozim.
Iqtisodiy jihatdan nochor yashaydigan yetuk olim bo‘lish g‘alati. Bu, albatta, dissertatsiya himoya qilgandan so‘ng biror lavozimni egallab, yaxshi yashashgina deb o‘ylamaymiz. Yaxshi olim – “xaridorgir” mutaxassis, ilmiy mahsulotlarining rohatini ko‘ruvchi intellektual mulkdor demakdir. Olimlik halol bo‘lgan holda farovon yashamoqni taqozo etadi. Olim jamiyatning vijdoni va yoniq so‘zi ham bo‘lmog‘i lozim.
Ilmiy maktabning direktori kim deb qidirib yurmang
“Ilmiy maktab” tushunchasi, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohalarda anchayin mavhum va yuzaki tushuniladi. Go‘yo bir ustoz bir guruh shogirdlari bilan ilmiy maktabni tashkil qiladi deb tushunish ustuvor. Aslida ularning aksariyati ilmiy maktab emas, balki ilmiy “to‘da”, guruhdir.
Haqiqiy fan bosib o‘tilgan yo‘llar bo‘ylab harakatlanishiga toqat qilmaydi. Ilm – har doim ma’lum chegaralardan tashqariga chiqib, noma’lum dunyoga yangi, o‘tilmagan katta (magistral) yo‘l ochish istagining totli mevasi. Aynan mana shu – ilmiy maktabning mohiyati, u qilingan ishlarni shunchaki takrorlash emas, balki tadqiqotning yangi, o‘ziga xos yo‘nalishini yaratishdir. Ilmiy maktab muammolarga yondashuvlarning originalligi, betakrorligi, tizimliligi va jamoaviyligiga asoslanadi. U go‘yoki sistema, undagi bir tadqiqot ikkinchisisiz amalga oshmaydi. Ilmiy maktabni ko‘p qavatli uyga ham qiyoslash mumkin. Undagi bir xonadon atrofidagi boshqa xonadonlarsiz mavjud bo‘la olmaydi. Umumiy devor, umumiy yo‘lak, lift va boshqa qator bog‘lanishlarga ega. Birining shifti ikkinchisining poli, birining o‘ng devori boshqasining chap devori va h. Xullas, bu xonadonlar o‘zaro yaxlit (ajratib bo‘lmas) sistema sifatidagina mavjud bo‘la oladi, xolos.
Tasavvur qiling, dunyo xaritasida kashfiyotchilar tomonidan chizilgan yo‘nalishlar tasvirlangan. Bu xaritalarning ilk ko‘rinishlarini tolmas tadqiqotchilar poyi-piyoda yurib chizib chiqishgan. Hamma narsa allaqachon kashf etilgan, o‘rganilgan, tasvirlanganga o‘xshaydi. Ammo fan tirik organizm, u doimo rivojlanib, tadqiqotchilarni yangi ufqlariga chorlab turadi. Aynan Siz bu noma’lum o‘lkalar kashshofi bo‘lasiz. Nafaqat ustozlaringiz izidan borishingiz, balki o‘z yo‘lingizni ochishingiz, yangi ilmiy yo‘nalish (maktab)lar yaratishingiz, tesha tegmagan ilmiy muammolarga o‘z qarashingizni shakllantirishingiz kerak bo‘ladi.
G‘oyalaringizda asosli, yondashuvlaringizda noan’anaviy, farazingizda dadil bo‘lishdan qo‘rqmang. Ana shunda bir qarashda dunyo haqidagi g‘oyalarimizni o‘zgartiradigan kashfiyotlar tug‘iladi. Ilmiy maktab buning uchun kerak bo‘lgan hamma narsani beradi: izlanishingizga yo‘l ko‘rsatadigan dono murabbiylar, zamonaviy infratuzilma, ijodiy izlanish muhiti va h. Lekin asosiysi, bu Sizga fikrlash, yaratish va jur’at qilish erkinligini taqdim etadi.
Shunday ekan, imkoniyatingizni boy bermang. Ilmiy maktabingizni o‘z kashfiyotlaringiz uchun vositaga aylantiring, toki nomingiz jahon ilm-fani xaritasida yangi, noyob magistral timsoliga aylansin.
Ilmiy aqidaparastlik zararlari
Siz har kuni yangi kashfiyotlar olib keladigan va koinot haqidagi odatiy g‘oyalarni ag‘darib tashlaydigan ajoyib olam – ilm olamida turibsiz. Ilm yo‘li esa tikanli va u nafaqat obyektiv qiyinchiliklarga, balki ilmiy muhitda yashiringan xavf-xatarlarga ham to‘la. Toza va yorug‘ ko‘ringan ilm-fan olami, afsuski, harom o‘yinlar va qabih yolg‘on va boshqa kirdikorlardan ham xoli emas.
Siz nafaqat yangilik yaratasiz, balki ularni raqiblardan, muxoliflardan, hasadgo‘ylardan tish-tirnog‘ingiz bilan himoya ham qilishingiz kerak. Olimlarni qiyin ahvolga soladigan, ilgari yurishingizga to‘sqinlik qiladigan yana bir toifa olimlar ham bor. Ular ilmiy aqidaparastlardir.
Hukmi jozibasiga bo‘ysunish, ustozlarning e’tiqod haqidagi g‘oyalarini so‘zsiz qabul qilish va sevimli ilmiy maktabi tushunchalarini mustahkam dogmalar darajasiga ko‘tarish oson. Ammo bu yerda tuzoq paydo bo‘ladi. Aqidaparstlik zanjirlari bilan bog‘langan fan o‘zining qarama-qarshi tomoniga – o‘ylamasdan takrorlanadigan chayir “haqiqat”lar to‘plamiga, rivojlanishga qodir bo‘lmagan, panjara bilan o‘ralgan tizimga aylanadi.
Ilmiy aqidaparastlik juda xavfli, chunki u ilmiy tadqiqotning mohiyatini – shubhani o‘ldiradi. U o‘rnatilgan nazariyalar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligi, tadqiqotning muqobil yo‘llari borligi, yangi dalillar buzilmasdek tuyulgan “haqiqat”larga shubha uyg‘otishi mumkinligi haqidagi fikrlarga yo‘l qo‘ymaydi. Buni hazrat Navoiy “Lisonut-tayr” dostonida “O‘z borur yo‘liga har bir muftaxir, yo‘lni aylab o‘z yo‘liga munhasir” (Mazmuni: Har biri o‘zi boradigan yo‘ldan faxrlanib, o‘zgalarning yo‘lini ham o‘z yo‘liga burib…”) deb yuksak badiiy ifoda etganlar.
Ilm-fan tarixini eslang, qarshi chiqishdan, shubhalanish va o‘z yo‘lini izlashdan qo‘rqmaganlar tomonidan yaratilgan yangi kashfiyotlar inkor etilib, aqidaparast olimlar hujumi ostida buzilmasdek tuyulgan ilmiy poydevorlar necha martalab qulab tushgan. Lekin ular muttasil kurashlar natijasida yana qayta tiklangan.
Innovatsiya, erkin va mustaqil fikrlash – ilm-fan taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi. Ammo qotib qolgan biron hukmga, har qanday, hatto eng go‘zal va uyg‘un nazariyaga ham, tanqidiy munosabatda bo‘lmaslik mumkin emas. Ilmiy aqidaparastlar esa qotib qolgan eski qarashlar asosida fikr yuritib, yangiliklarni qabul qila olmaydilar. Ular uchun yangicha yondashuv fanni izdan chiqarib yuboradigan ulkan xavf sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘zbek tilida 9 ta unli, 10 ta kelishik bor degan xulosangiz bamisoli ilmiy aqidaparastlar ustiga tushgan bombadek aks-sado beradi. Yoki Navoiy g‘azallarini o‘quvchilarga moslashtirilgan matnlar sifatida taqdim qilish kerak degan ilmiy asosli qarashingiz bilan go‘yo qadriyatlar dushmaniga aylanasiz. Ilmiy aqidaparastlar o‘z mavqeyi va vakolatlaridan foydalanib, “mening dig‘onim dig‘on” deya oyoq tirab turib oladilar. Ularni san’at va mahorat bilan aylanib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. Axir, bejiz “himoya” deyilmaydi. Himoya mudofaa demakdir.
Siz ilm-fanga boshqalar ortidan o‘ylamay takrorlash uchun emas, balki fan tarixida o‘z izingizni qoldirish uchun kelgansiz. Shubha qilishdan, bahslashishdan qo‘rqmang, o‘z yo‘lingizni toping. Bu – ilm-fanni chinakam olg‘a siljitadigan kashfiyotlar qilishning yagona yo‘li.
Fan yo‘lidagi xizmatlarning eng buyugi unga yangi g‘oyalarni olib kirishdir. Ilmiy aqidaparastlik esa, aksincha, fanning zavoli, ilmiy taraqqiyot kushandasi.
Ilmiy izlanishingiz qotib qolgan ilmiy aqidalardan xalos bo‘lishiga, dadil g‘oyalar va ijodiy kuchga to‘lishiga harakat qiling. Aqidaparastlar har doim bo‘lib kelgan, ammo o‘zingiz ular toifasiga kirib qolmasangiz bo‘ldi.
Ilmiy demagog – soxta olim
Ilmiy safsatabozlik – chiqishlarda aravani quruq olib qochish, ilmiy dalillarsiz gapdonlik qilib, ko‘p gapirish yoki yozish orqali o‘zini go‘yo bilimdondek qilib ko‘rsatish, bu orqali o‘zining nafaqat ilmsiz, hatto bilimsiz ham ekanligini bekitish xatti-harakatidir. Ilmiy demagogiya (safsatabozlik) kasalligining tashxisi oson. Sohangizda Siz tushunadigan mavzuda soatlab qilingan nutqni tinglab, pichoqqa ilinadigan hech narsa ololmaganingizni sezdingizmi, demak, biling-ki, demagogga duch keldingiz. Bu – ilmiy doiralarda uchratib turadiganimiz tanish holat. Psixolingvitikada “словесный панос” deb atalgan, nutq asosida tashxislanadigan ruhiy xastalik turi bor. Ilmiy safsataboz, mening nazarimda, shu kasallikka chalingandek tuyuladi.
Ilmiy safsatabozlik shunchaki chiroyli so‘zlar emas, bu his-tuyg‘u va zaifliklar ustida puxta o‘ylangan o‘yin. Safsataboz soxta shon-shuhratga intiladi, shaxsiy manfaatini yashirish uchun davlat va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qiladi.
Ilm-fandagi demagoglar tadqiqotlarida haqiqiy ilm yoki yutuqlarga intilmaydilar, ularning maqsadi – soxta bo‘lsa-da, mashhurlik va shaxsiy manfaat. Safsatabozlar har doim o‘zlari xohlagan narsaga erishish uchun halollik, xolislik, adolatning har qanday tamoyillarini qurbon qilishga tayyor bo‘lishadi. Ularda ilmga e’tiqod bo‘lmaydi.
Demagoglar ma’lumotlarni mohirona manipulyatsiya qiladilar, dalillarni buzib ko‘rsatadilar, isbotlanmagan farazlarni shov-shuvli kashfiyotlar sifatida taqdim etadilar va kerakli natija – shon-shuhrat va foyda olish uchun shubhali tadqiqot usullaridan foydalanadilar. Ammo, bilingki, ilmiy izlanish – ommani jalb qilishi shart bo‘lgan shou emas, balki halol va mashaqqatli mehnat. Bu nafaqat aql-idrok, balki axloq, mas’uliyat va o‘z xatolarini tan olishga tayyorlikni ham talab qiladi.
Ilm – demagoglar nazaridagi soxta olimlar uchun boshpana emas, balki chin olimlar uchun halollik va mardlik maydoni. Bunda tez bo‘ladigan natijaga shoshiluvchilar emas, balki halol va qat’iyat bilan o‘z yo‘lidan yurganlar g‘olib bo‘ladi.
Ilmiy yo‘lingiz halollik, haqiqatga intilish bilan to‘la bo‘lsagina haqiqiy obro‘ga ega bo‘lasiz. Shuningdek, asl olimlar bilan ilmiy safsatabozlarni farqlay olishingiz ham kerak bo‘ladi. Ular ilm gulshanidagi shumg‘iya ekanligini har doim esda tuting.
Ilmingizni farroshga ham tushuntirib bera oling
Fan haqiqati sari yo‘l ilmiy ishlar sahifalarida tugamaydi, u tor mutaxassislar doirasidan chiqib, jamoatchilik muhokamasi bosqichiga o‘tadi.
Ilm-fan hayotimizga tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazayotgan, uning yutuqlari ham global muammolarni hal etishi, ham yangi muammolarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan dunyoda Sizdan nafaqat o‘z sohangizni chuqur bilish, balki g‘oyalaringizni keng auditoriyaga yetkazish qobiliyatini ham talab qiladi.
Ilmiy qarashlaringizni faqat soha mutaxassislari tushunishlari yetarli, albatta. Lekin agar Siz ularni ommaga ham tushuntira olsangiz, demak, zo‘r olimlarning eng yaxshisisiz. Zero, shundagina kashfiyotlaringiz, izlanishlaringiz, asarlaringiz laboratoriyalar devoridan chiqib, taraqqiyot lokomotiviga, o‘zgarishlar quroliga aylanadi.
Ilm haqida aniq, tushunarli va qiziqarli gapirish qobiliyati nafaqat chiroyli nutq, balki murakkab ilmiy fikrlarni hamma tushunadigan tilga o‘gira olish san’ati hamdir. Ilmiy nutq har doim ham oddiy odamning ongi yetmaydigan murakkab atamalar minorasi bo‘lmasligi kerak. U fan olamini oddiy kishilar dunyosi bilan bog‘lovchi, yangi g‘oya, yangi bilim, yangi yechimlar oqib o‘tadigan ko‘prikka ham aylanmog‘i lozim.
Tadqiqotlaringiz haqida shunday gapirishni o‘rganingki, u odamlarning qalbi va ongiga ta’sir qilsin. Ular ilmiy dunyongizning bir qismi bo‘lishini, fanni shunchaki dalillar to‘plami sifatida emas, balki tirik kuch o‘laroq ko‘rishni istashadi. E.Rezerford aytganidek, olim fikrini laboratoriyasini supurayotgan farroshga tushuntira olmasa, demak, uning o‘zi ham tushunmaydi. Albatta, mutaxassislarga taqdim etgan ma’ruza yoki ishlaringizning tili o‘z yo‘liga.
Yetuk olim bo‘lishni istasangiz, ilmiy qarashlaringizni ham mutaxassisbop, ham ommabop ifodalay olishni o‘rganing.
Bir tadqiqot – bir jumla
Deylik, murakkab formula va mavhum tushunchalar olamiga sho‘ng‘ib ketdingiz. Ammo ilmingiz butunlay murakkab atamalar qasriga qamalib qolmasligi kerak, zotan fan dunyoni aniq-tiniq tushuntirishga intiladi.
Agar Siz tadqiqotingizning xulosasini sodda, tushunarli, o‘ziga xos bir qisqa jumla bilan ifodalay olsangiz, tadqiqotingizda qandaydir yangilik, ilmiy shu’la borligiga shubha qolmaydi. Tasavvur qiling, har kuni yangi kashfiyot va nazariyalar paydo bo‘ladigan ma’lumotlarga to‘lib-toshgan dunyoda tadqiqotingiz alohida ajralib turishi, esda qolishi va qiziqish hosil qilishi kerak. Va buni ishingizning mohiyatini aks ettiradigan yorqin, ixcham, esda qolarli jumladan boshqa nima ham yaxshiroq namoyish qila oladi?
Oddiylikdagi haqiqat shunchaki yoqimli gap emas, u – ilm-fanning asosiy tamoyili. Axir, haqiqiy kashfiyot nafaqat bilim chegaralarini kengaytiradi, balki uni hamma uchun tushunarli qiladi. Shuning uchun, soddalashtirishdan qo‘rqmang, murakkab narsalar haqida oddiygina gapirishdan andisha qilmang. Tadqiqotingiz nafaqat tahlil chuqurligi, balki uni shakllantirishning go‘zalligi va ravshanligi bilan ham esda qolishi lozim. Kashfiyotlaringiz nafaqat ilmiy yutuq, balki hamma uchun haqiqat yo‘lini yorituvchi mayoqqa aylanishi kerak.
Men nomzodlik dissrtetsiyamning xulosasini A.Eynshteyn o‘giti asosida “O‘zbek tilidagi barcha grammatik qo‘shimchаlar sintaktik vazifa bajaradi” deb aytgan bo‘lsam, doktorlik dissertatsiyamning xulosasini esa “Til sathlari o‘z mohiyatlarini nutqda o‘zaro hamkorlik asosida voqelantiradi” deya ifodalaganman. Ustozim ana shu bir jumlani aytmagunimcha himoyaga ruxsat bermaganlar. Oliy Attestatsiya komissiyasida tadqiqotlarning ilmiy yangiligini bayon etishga qo‘yilayotgan kimlardir uchun “yoqimsiz” tuyulayotgan talablar, shu ma’noda, juda o‘rinli qo‘yilmoqda.
Qani, Siz ham shunga bir urinib ko‘ring-chi! Agar buni uddalay olmasangiz, sababi quyidagilardan biri bo‘ladi:
1) tadqiqotingizning mohiyatini tushunmaysiz;
2) ishingizda hech qanday yangilik yo‘q.
Bunday qila olmagan olim ilm bilan emas, balki ilmiy demagogiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘ladi deb hisoblayman. (Esda tuting, bu jumladagi fikr hech kim aytmagan, mutlaqo yangi bo‘lishi kerak.)
Omad yor bo‘lsin!
Baxtiyor MENGLIYEV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori,
filologiya fanlari doktori
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q