Inson koinotdagi yagona mavjudot. Unga komillik yo‘lidan o‘tish va individual kamolotning eng to‘liq tajribasiga ega bo‘lish uchun noyob imkoniyat berilgan. “Inson haqidagi falsafiy ta’limot inson idealini ham o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga bu ta’limot Komil Inson (Inson bosh harf bilan) obrazini berishga intiladi. Komil Inson esa nafaqat o‘z mazmun-mohiyatini to‘liqligicha namoyon eta olgan, balki ma’lum ma’noda undan oshib o‘tgan yoki uni yanada rivojlantirgan, ya’ni uni transendentlashtirgan kishidir. Transendentlashtirishni faqat qandaydir shartsiz va mutlaq Avvalga (Boshlanishga) nisbatan ijobiy amalga oshirish mumkin”.
Shunday qilib, inson amalda haqiqiy metafizikani anglay boshlaydi. Bu kosmik ma’nolar va olamdagi o‘zaro munosabatlarni ongli ravishda tushunishga qo‘yilgan birinchi qadamdir.
Borliqda ikkita qutbli dunyo – ruhiy olam va moddiy olam mavjud. Bu ikki olamga mos ravishda hayotning ham ikki shakli mavjud: hayotning abadiy va rivojlanuvchi-mukammal shakli, evolyutsion. Shuningdek, hayot tajribasining ikki turi bor: mukammal hayot tajribasi va hayotni komillashtiradigan tajriba.
Sharq peripatetiklari ta’limotida jannat ma’naviy olamning eng oliy darajasi va komil hayot cho‘qqisi, Yer esa moddiy olam hamda rivojlanuvchi hayotning eng quyi nuqtasi sanaladi. Hayot tadriji sof moddiy hayotdan sof ma’naviy hayotga tomon harakatlanadi. Insonning Yerdagi hayoti nomukammal moddiy hayotning eng quyi pog‘onasidir. Oldinda esa uni kamolot bosqichlari orqali abadiy ma’naviy hayotga ko‘tarilish yo‘lidagi uzoq va juda ajoyib zina kutmoqda.
Musulmon an’analari xitoy an’anasi kabi chuqur ildizga ega. Sharq peripatetizmi, ma’lumki, o‘rta asr musulmon falsafasi yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning asosiy vakillari al-Kindiy, al-Forobiy, Ibn Sino, Ibn Tufeyl, Ibn Rushd (Averroes) hisoblanadi. Bunda biz N.X.Jolmuhamedovaning quyidagi fikrlariga qo‘shilamiz: “Ushbu muammoni o‘rganishga peripatetizm vakillari (al-Farobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd) o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shganlar, ular axloqan komil shaxs haqidagi antik g‘oyalar va tasavvurlarni o‘zlashtirib, uni keyinchalik yanada rivojlantirganlar. Ular ruhiy kamolotning chuqur ratsionalistik obrazini, uning yaratilish tizimini tashkil etuvchi element sifatida mikro va makrokosmlarni bog‘lab turuvchi kuch tushunchasini ishlab chiqdilar, chunki inson tabiati tana, ruh va ma’naviyat birligidan iborat”.
Darhaqiqat, Sharq peripatetizmi antik tafakkur, birinchi navbatda, Aristotel va neoplatonchilar merosiga tayangan. Ba’zi bir tadqiqotchilarning fikricha, sharq peripatetizmi neoplatonizmning borliq to‘g‘risidagi ta’limoti va bilishning peripatetik nazariyasining eklektik sintezi hisoblanadi. Biroq bu davrdagi vaziyatning o‘ziga xosligi Sharq peripatetizmining eklektikligi haqidagi tezisning to‘g‘riligiga shubha uyg‘otadi, chunki “ilk o‘rta asrlarda diniy-falsafiy va sof diniy tafakkurdan farqli o‘laroq faqat Arab mintaqasida mavjud edi”.
Sharq peripatetizmiga Antik ilmiy merosni sharhlashdan tashqari falsafa sohasidagi qator yangiliklar ham taalluqlidir. Ular musulmon tamaddunining klassik davriga xos bo‘lgan nazariy tafakkur yo‘nalishlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, shuning uchun Sharq peripatetizmi klassik arab falsafasining boshqa sohalari bilan yaqindir. Sharq peripatetiklari tasavvuf ta’limotining rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganlar.
Musulmon Sharqining taniqli tadqiqotchisi Y.Frolovaning fikriga ko‘ra, sharq peripatizmi ma’lum darajada dunyoviy falsafa bo‘lib, u diniy tafakkurdan farqli bo‘lgan “falsafa” hisoblanadi.
O‘rta asr arab falsafasi u yoki bu tarzda islom dini bilan bog‘liq bo‘lib, musulmon falsafasi vujudga kelgan asosiy g‘oyaviy poydevor islom dinidir. Aynan islom ma’naviy o‘zak bo‘lib, uning atrofida jamiyat shakllangan va Sharq peripatetiklari dunyo va hayotni tushunish uchun yangi asoslarni taklif qilishgan. Shu sabab ratsionalistik falsafiy tafakkurning rivojlanishi bilan ular insonga tobora ko‘proq diqqat-e’tiborni qarata boshlaydilar.
Arab-musulmon falsafasi Yaqin va O‘rta Sharq xalqlarining ilk o‘rta asrlar ijtimoiy tafakkurida gumanistik g‘oyalar rivojida yangicha, yuksak bosqich bo‘lganligining tarixiy zaruriyat ekanligini ta’kidlash uchun, bizning fikrimizcha, hech bo‘lmaganda falsafiy fikrning o‘zi paydo bo‘lgan vaziyatni umumiy jihatdan yoritish lozim. Bu davrda ijtimoiy-siyosiy tafakkurda inson muammosi yangi kuch bilan uyg‘ondi, chunki hayotning o‘zi shaxsni voqelikni faol o‘zlashtirishga, uni ratsional anglash muammosini ilgari surishga undar edi.
Iqtisodiy va madaniy taraqqiyot davrida Arab xalifaligining intellektual muhitida yangi turdagi bilimli shaxs paydo bo‘ladi, uning obyekti sifatida o‘z borlig‘ining turli jihatlarida insonning o‘zi bo‘ldi. O‘tmishga bo‘lgan qiziqish o‘zgardi, unga baho berish ham o‘zgarib bordi va Sharq peripatetiklari falsafaning asosiy vazifalaridan birini aynan insonning kamolotida ko‘ra boshlashdi.
O‘rta asr musulmon Sharqida inson o‘zini abadiy saodatga tayyorlagan, unga bu dunyodagi xayrli amallari tufayli erisha olishi mumkin bo‘lgan. Aytilgandan shunday xulosa kelib chiqadiki, oxirat uchun ajr-u mukofot tushunchasi arab madaniyatida shaxs ongining shakllanishi uchun zamin yaratadi. Bu narsa insonning botiniy erkinligi g‘oyasini targ‘ib qiladigan so‘fiylar, islom mutasavviflari ta’limotining ba’zi jihatlarida o‘z aksini topdi. Botiniy hurlikka ega bo‘lish esa o‘zlikni anglash rivojlanadigan va shaxs shakllanadigan asos hisoblanadi.
Sharqiy peripatetiklari komil inson har doim rahm-shafqatli, hatto rahmdillik unga vaqtinchalik zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa ham yaxshilik, adolat qiladi deb hisoblaganlar. Komil inson hayotining asosiy mazmuni Alloh bilan uchrashishga munosib tayyorgarlik ko‘rishda, chunki faqat u insonga bu dunyodagi solih turmush kechirgani uchun haqiqiy mukofotni bera oladi. Komil insonning eng muhim fazilatlari: rahmdillik. muruvvat va olijanoblik, ezgulik va adolat, itoatkorlik va sabr, mas’uliyat, riyozat va xayrli amallarni qilish bo‘lishi lozim.
Shu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, arablar doim fasohatni – tilni yaxshi bilishni qadrlab, uni inson kamolotining ustunlaridan biri hisoblaganlar. Insoniyat madaniyatiga bunday chuqur ehtirom to‘g‘ri nutq, balog‘at va go‘zal odobga erishish yo‘lida intilishni harakatlantiruvchi kuch bo‘lgan. Binobarin, axloqni nafis odob-axloq asosida takomillashtirish san’at va adabiyotning kuchli rivojlanishi bilan birga parallel ravishda amalga oshgan. Islomdan oldingi davrda ham (johiliya davrida) arablar uchun she’riyat va musiqa odatiy an’ana bo‘lgan. Bundan tashqari, komillikka intilish asnosida islomdan oldingi davr arablari bo‘sh vaqtlarini nazm yoki musiqa tinglash bilan o‘tkazishgan.
Inson kamoloti muammosini hal etishda axloqiy an’ananing asosiy yo‘nalishi fazilatli amallarni (fazoil) va illatlarni (razilat) o‘rganish bo‘lgan. Fazilat deganda ikki yomonlikning chegarasi orasidagi “o‘rtaliq” tushunilgan. Bunday turdagi birinchi tizimli bayon etgan olim Yahyo ibn Adiy hisoblanadi (974-y.v.e.). Ushbu janrning keyingi asarlari singari u “Axloqni tuzatish” deb nomlanib, ular bilan umumiy jihatga ega, ya’ni axloq (xulq) ham tabiatga xos (instinktlar), ham orttirilgan deb tushuniladi. Shu bilan birga insonning maqsadi o‘z axloqini yaxshilash hisoblanadi. Bu vazifani bajarishni osonlashtirish uchun axloqni tizimli ravishda bayon etish amalga oshiriladi.
Ushbu turdagi asarlarning yana bir umumiy jihati bu nafsning sufliy qismlarini jilovlashga va insonni komillikni yetkazishga yagona qodir bo‘lgan aqlning (ruhning aqlga ega qismi) ustun bo‘lishi zarurligini ta’kidlashga xizmat qiladi. Ibn Adiy yovuzlikning manbai deb nafsning past, shahvatparast qismini biladi, garchi ruhning o‘rta qismi ham insonda salbiy sifatlarning namoyon bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Aqlni nazorat qilishdan tashqari xulqning maqtovga loyiq fazilatlarini tarbiyalashda odat katta rol o‘ynaydi, shundan kelib chiqib, inson bolaligida tarbiyalangan muhitning o‘rni katta.
Komil inson bu dunyo va o‘zi bilan uyg‘unlikda hayot kechiruvchi ham avliyo, ham donishmand, ham faylasuf va komil hukmdordir. Biroq o‘zgaruvchan voqelik sharoitida insonning komil bo‘lganini qanday bilish mumkin? Shu o‘rinda faylasuflarning o‘zlari inson kamoloti muammosiga bo‘lgan qarashlarini tahlil qilib ko‘ramiz. Masalan, IX–X asrlarda vujudga kelgan “Ixvon us-safo” (Soflik birodarlari) diniy-falsafiy tashkilotini olaylik.
Ular abadiy saodatga agar insonlar odamlar doimo haqiqat va adolatga intilishgan taqdirda, jamiyatda va tabiatda esa “mutlaq komillik”, butunlik va uyg‘unlik hukmron bo‘lsagina erisha oladilar, deb hisoblaganlar.
“Soflik birodarlari” ta’limotida inson kamoloti muammosini hal etishning kaliti o‘tkinchi dunyo amallaridan yuksakroq maqsadlarga o‘tishdadir. Bu harakatning mazmuni nafsning axloqiy kamolotida va uning samolarga ko‘tarilishidadir. “Soflik birodarlari”ning axloqiy va ijtimoiy-siyosiy qarashlari besh qismdan iborat bo‘lgan “Boshqaruv ilmi” asarida jamlangan holda bayon etilgan. “Shaxsiy boshqaruv” nomli beshinchi bobda aynan axloqiy komillik masalalari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda ularning qarashlari yorqin aks ettirilgan.
Biz ularni quyida sanab o‘tishni lozim topdik:
– o‘z-o‘zini anglash va o‘zining axloqiy fazilatlarini bilish;
– shahvat, g‘azab va xotirjamlik holatida o‘z xatti-harakatlari hamda so‘zlarini kuzatish;
– o‘zining barcha harakatlarini nazorat qilish.
So‘ngra unda shunday keltiriladi: “Barchasidan maqsad ma’lum bir vaqtgacha ne’matlardan bahramand bo‘lish, lazzatlanmoqdir. Ma’lum vaqtgacha ne’matlardan lazzatlanishdan maqsad esa haqiqat, go‘zal sifatlar, to‘g‘ri niyatlar va pok amallar bilan bilish orqali nafsni komil qilishdir. Nafs kamolotidan maqsad uning Samo mulkiga ko‘tarilishiga imkon yaratishdan iboratdir”.
Ko‘rinib turganidek, inson hayoti qarama-qarshiliklarga to‘la bo‘lgani uchun komillik masalasini hal etish ancha murakkab va mushkul: “...Inson do‘stlik va adovat, faqirlik va boylik, yoshlik va qarilik, qo‘rquv va umid, rostlik va aldov, haqiqat va yolg‘on, to‘g‘rilik va xatolik, yaxshilik va yovuzlik o‘rtasida chopadi, bu insonning axloqiy fazilatlari va turli qarama-qarshi amallari hamda so‘zlarida ko‘rinadi ...”
O‘zining fitratdagi asl pokligini yo‘qotgan, inson nafsiga aylangan ruhni poklash zarurdir. Ruhning inson o‘limidan keyingi taqdiri insonning amallariga bog‘liq. Donishmand kishi nafsni ilm va unda yaxshi fazilatlarni jamlash bilan poklashga qodir. Bunday nafs tana qobig‘idan ozod bo‘lib, yana sof individual ruhga aylanadi, chunki tana o‘lgan kun ruhning qayta tug‘ilish kuni hisoblanadi. Biroq agar inson illat va yolg‘on xayollardan poklanmagan bo‘lsa, unda jazo tariqasida ruh biror bir hayvonning tanasida qayta tiriladi. Shunday qilib, “Soflik birodarlari” o‘zlarining axloq-odob tamoyillarni e’lon qildilar, ularga rioya qilish esa insonning kamolotga erishishida yordam beradi.
Buyuk mutafakkir Farobiyning musulmon madaniyatida tutgan o‘rnidan unga berilgan “Ikkinchi muallim” faxriy unvoni ham dalolat beradi. Forobiyning jamiyatning mukammal tuzilishi haqidagi qarashlari bayon etilgan ijtimoiy-siyosiy risolalari muhim ahamiyatga ega. Farobiyning fikricha, barcha odamlarga ularning hamkorligi tufayli erishish mumkin bo‘lgan komillikka intilish xosdir. Farobiy falsafaning amaliy qismi odamlar va shaxsning jamiyatdagi xulq-atvori bilan bevosita bog‘liqligini aytadi. Aynan atrof-muhitni, dunyoni bilish bilan birga hayot mazmunini, insonning undagi o‘z o‘rnini bilishi, shuningdek, o‘z-o‘zini bilish zarurati tug‘iladi. “Falsafa” – insonga “Fozil odamlar shahar”ida “baxtli hayot kechirishi” uchun munosib sharoit yaratishni talab qiladi.
Farobiy o‘z risolasida insonda tana a’zolaridan tashqari, aqlga ega ruhni ham ajratib ko‘rsatib, inson kamolotining tavsifiga faol boshlanish – Faol Aqlni kiritgan. Faqat Faol Aql orqali hukmdorlar aholining barcha qatlamlarini fazilatli va baxtli qilishga umid qilishlari mumkin bo‘ladi. Farobiy nafaqat shaxs, balki ijtimoiy kamolot bilan ham shug‘ullangan. Uning “Fozil odamlar shahr”i (Madina fozila) bunga yaqqol misoldir. Shunday qilib, Farobiy asarlari uning shaxs kamoloti va jamiyatning barcha fuqarolari kamoloti haqidagi qarashlari haqida tasavvurni shakllantiradi.
Farobiy chinakam saodatga inson faqat oxirat dunyoda erishishi mumkin, deb hisoblaydi. Saodat – bu mutlaq tushunchadagi yaxshilik, mutlaq yaxshilik esa mutlaq borliqdir.
Bunday narsaga Birinchi vujud egalik qiladi. Tana va ruhning ikkilanishini (dixotomiyasi) Forobiy juda aniq ko‘rsatib beradi: ruh to‘rtta birinchi unsurlardan tashkil topgan “qamoq”da azoblanadi va uning ozodlikka bo‘lgan yagona umidi donishmandlik (hikmat), ya’ni haqiqiy va to‘liq ilm hisoblanadi. Bu ilm olamning metafizik boshlanishi bilan ruhning “birlashishi”ga (ittihod) sabab bo‘ladi.
Haqiqiy baxt-saodatdan tashqari, soxta baxt ham bor. Bir tomondan bu odamlar baxt deb xato qabul qiladigan va u haqda hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan narsadir. Biroq boshqa tomondan, bu haqiqiy baxtga erishishga yordam beradigan yerdagi hayotning o‘ziga xos tuzilishidir. Gap shundaki, haqiqiy saodat va ne’mat uchun foydali bo‘lgan hamma narsa ham yaxshilik va baxtdir. Lekin u o‘z-o‘zidan emas, balki bu maqsadga xizmat qilgani uchun shundaydir.
“Baxt, Farobiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zida qudratli integratsiya qiluvchi kuchga ega. Sharqning Birinchi muallimi yozgan barcha narsa, uning turli bilim sohalariga oid ko‘plab risolalari yagona leytmotiv bilan singib ketgan bo‘lib, ular oliy ezgulik – insoniy saodatga intilish bilan uyg‘un bog‘langan. Baxt ezgulik, insonning maqsadi, barcha komillik tojini o‘zida mujassamlashtirgan Birinchi Zotga borib taqaladigan asosiy kategoriyalar orqali belgilanadi”, “...baxtni axloqning asosi deb hisoblab bo‘lmaydi, chunki u yaxshilik va yomonlikni farqlashga befarqdir”.
Biz faylasufning fikriga qisman qo‘shila olamiz, darhaqiqat, baxtli inson qandaydir rohat, halovat va xotirjamlik holatida bo‘ladi, ammo shu bilan birga, Farobiydagi “saodat” tushunchasi, bizningcha, tamoman boshqa narsa, chunki unda ideal, mukammal obraz mavjud. Komil inson darajasiga erisha olgan, “ilohiy” darajaga ko‘tarilgan odamgina ezgulikni yovuzlikdan, axloqni axloqsizlikdan ajratib biladi, o‘zini baxtli deb hisoblay oladi; axloqiy qadriyatlarni farqlay olmaydigan kishilar uchun baxt xayoliy va haqiqiy emas.
“Fozil odamlar shahri kabi ontologik tarkibiy qism uchun baxtga alohida o‘rin ajratiladi. Fozil va johil odamlar shahri farqlanadigan mezon aynan baxt ekanligi juda ahamiyatlidir... Birinchi vujudga ontologik burilishni amalga oshirgan haqiqiy shahar nomukammallik zulmatida haqiqiy Ne’mat va ma’noning uchqunlarini ko‘ra olish imkonini beradi”.
Shunday qilib, Forobiyning fozil odamlar shahri bu umumbashariy saodat jamiyatidir. Forobiyning ideal shahrida faylasuflar o‘ylagan barcha narsalar mavjud: Birinchi vujud, materiya va shakl, ongli ruh va uning holatlari, sifatlarining ta’rifi; odamlarni birlashishiga olib keladigan inson ehtiyojlarining tavsifi; fozil odamlar shahri va unga qarama-qarshi bo‘lgan johil va adashgan odamlar shahri tushunchalarining ta’rifi; shahar imomiga nasihatlar, shuning uchun ideal shahar bir vaqtning o‘zida juda haqiqiy, dunyoviy ishlarning ham tashkil etilishi ramzi sifatida aks ettiriladi.
Ibn Sino, Ibn Bojja, IbnTufayl, Ibn Rushdlar Farobiyga ergashib, inson muammosiga ratsionalistik, falsafiy yondashish zarurligini ta’kidlaganlar. Forobiy komil insonda adolat sifati bo‘lishi, uning “adolatni sevishi va adolatli bo‘lishi” zarur deb hisoblagan.
Forobiyning aql va baxt muammosini hal etishi uning fazilatlar haqidagi tushunchasini belgilab beradi. Biroq inson yaxshilik nima ekanligini qaerdan bilishi mumkin? Fazilatlarga, Forobiy fikricha, inson hayoti jarayonida ega bo‘ladi. Haqiqiy fazilat esa insonning komillikka erishish qobiliyati bilan bog‘liq.
Fazilatni o‘rganish mumkinmi? “Insonda ikki komillik xos – birinchi va oxirgi. Oxirgisiga biz bu hayotda emas, balki faqat oxirat hayotida erisha olamiz, bu bizning shu hayotimizda birinchi komillikka erishgandan keyingina bo‘ladi. Birinchi komillik bu insonning barcha fazilatlarning amallarini bajarishidir.
U harakat qilmasdan nafaqat fazilatga ega bo‘la oladi; inson kamoloti uning xatti-harakatlarni amalga oshirishidan iboratdir va u harakatlar sodir bo‘ladigan sifatlarni kasb etishga bog‘liq emas”.
Bu yerda juda muhim bir jihat bor – fazilat faol bo‘lgandagina komillikka aylanadi. Farobiy fikricha, inson gunoh va yomonlik qilishga mahkum emas, balki u ezgulikka intilmaslik sharti bilan shunday bo‘ladi.
“Insonning kamoloti, unda fazilatlarning shakllanishi bu uning butun umri davom etadigan va o‘lim bilan tugaydigan jarayondir”.
Fazilatlar, Farobiyning fikriga ko‘ra, turli usullar bilan erishiladi: ta’lim berish, tarbiyalash, ishontirish. Ularning qo‘llanilishiga ko‘ra Farobiy odamlarni xalq, omma va olimlarga ajratadi. Olimlar ishonchli dalillar orqali fazilatlarni o‘zlashtiradigan tanlangan kishilardir, Farobiy fikricha, u haqiqiy ilmning yagona manbai hisoblanadi. Farobiy o‘rab turgan tevarak-atrofdagi voqelikning xulqning shakllanishiga ta’sirini etirof etib, insonga xos bo‘lgan ichki quvvatga e’tiborini qaratadi, ya’ni insonning iroda kuchini tan olishga asoslangan holda o‘zini-o‘zi shakllantirishini uqtiradi. “Inson erkinligi uchun faqat aql-idrokning o‘zi yetarli emas, kuchli iroda ham zarur. Sog‘lom fikrga va kuchli irodaga ega bo‘lgan inson shunga loyiq erkindir”.
“Farobiy o‘zining baxt konsepsiyasini to‘g‘rilab, yana bir muhim – fazilat kategoriyasini kiritadi... fazilatni o‘rgatish mumkin, deb hisoblaydi Farobiy va bu uning konsepsiyasida juda muhim o‘rin egallaydi”.
“Farobiyda insonning kamolotga erishish imkoniyati insoniy fazilatlar g‘oyasi bilan bog‘liq. Shuni alohida ta’kidlash joizki, fazilat faqat faol bo‘lgandagina komillikka aylanadi... Farobiy insonlardan aynan fazilatlarni rivojlantirish orqali o‘zini kamol toptirishni talab qiladi”. Farobiy ta’limotida fazilat markaziy kategoriyalardan biri bo‘lib, u orqali har bir inson baxt va komillikka erisha oladi, biroq mutafakkir inson tug‘ilgandanoq fazilatli bo‘la olmaydi va inson o‘zida ijobiy sifatlarni rivojlantirish hamda tarbiyalash orqali o‘z hayoti davomida komillikka erishadi deb hisoblaydi.
Insonda tafakkur qobiliyatidan kelib chiqadigan istak shakllanadi, deb uqtiradi Farobiy: “Bu oxirgisi erkin ixtiyor deyiladi, u faqat insonga xosdir. Va uning sharofati bilan inson maqtovga loyiq va qoralanadigan, yaxshi va yomon amallarni qilishi va buning uchun ajr-mukofot va jazo olishi mumkin”.
Shunday qilib, Farobiy inson uchun o‘z davrining ruhiyatiga mos keladigan gumanistik qarashlar tizimini ishlab chiqdi. U birinchilardan bo‘lib inson tabiatini, uning hayot mazmunini, olamdagi o‘rnini, jamiyatdagi rolini ko‘rib chiqish chegaralarini kengaytirdi. Insonning intellektual rivojlanish darajasini ham tug‘ma, ham orttirilgan shaxsiy fazilatlar bilan bog‘lagan holda, Farobiy har bir insonning o‘ziga xosligi va mustaqil qadriyatini e’tirof etdi. Farobiy yaratgan “komil inson”, “fozil odamlar shahri” konsepsiyalari Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari o‘rta asr falsafasining keyingi vakillariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.
Farobiy Sharq ilm-fani, falafiy tafakkuri, sivilizatsiyasining mohiyatiga favqulodda zukkolik bilan chuqur nazariy-metodologik to‘g‘ri kirib bora olgan, jahonshumul katta ahamiyati, ta’sirlariga oid munosib ta’rif, ilmiy holis xulosa, talqin bera olganligi ham o‘ta hayratli, taajjubga sazovor ekanligini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.
Inoyat ESHPULATOV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q