“Yirik boy, quloq, bosmachilar to‘dasini tashkil etgan va ularni qurol-aslaha bilan ta’minlagan” Abdurahmon Abdullaxonov taqdiri


Saqlash
17:34 / 19.08.2024 175 0

Qo‘limizdagi hujjat mahbus Abdurahmon Abdullaxonovning 5369-sonli ayblov ishi yuzasidan NKVD Marg‘ilon shahar boshlig‘i Davlat xavfsizligi katta leytenanti Kuleshovning ayblov xulosasi. U OzSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bilan ayblangan. Ayblov xulosasi quyidagicha:

 

“Sobiq podshoh amaldori, davlat dumasi a’zosi, yirik savdogar, muxtoriyatchilik harakati ishtirokchisi, aksilinqilobiy tashkilot “Milliy ittihod”ning rahbari aksilinqilobiy ishlari va 1920-yili bosmachilar to‘dasi bilan aloqada bo‘lgani uchun Marg‘ilon shahrida FK tomonidan hibsga olingan. Shu kunda dushman kayfiyatida bo‘lgan Abdurahmon Abdullaxonov aksilinqilobiy guruhlar va boshqalarni o‘z atrofiga to‘plab, ish olib borgan, partiya va Sovet hokimiyati tadbirlariga qarshi norozilik ko‘rsatgan.

 

Paxta zavodiga rahbar paytida tuzumdan norozi bo‘lgan Karimboboyev, Mulla Mamasharipovlarni o‘z tomoniga og‘dirib, “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilot raisi o‘rinbosari sifatida bosmachilikni qo‘llab-quvvatlab, sovetlarga qarshi kurash olib borgan. 1920-yili millatchilik, teskarichilik, 1933-yili aksilinqilobiy faoliyati uchun Marg‘ilon GPUsi tomonidan qamoqqa olingan.

 

Ish bo‘yicha tergov jarayonida quyidagilar aniqlangan: avval aksilinqilobiy kayfiyatda bo‘lgan, muxtor hukumat davrida ad’yutant bo‘lib, “Milliy ittihod”ning faol a’zosi sifatida davlatga qarshi kurash olib borgan. 1920-yili Marg‘ilon ChKsi ad’yudanti, Marg‘ilon uyezd-shahar revolyutsion komiteti sobiq raisi, hozirda xalq dushmani Shomansur Alixo‘jayev yordami bilan jazodan qutulib qolgan.

 

1922-yili qo‘rboshi Muhammad Ibrohimov Marg‘ilon rayoni militsiyasi birinchi boshlig‘i etib tayinlandi. Militsiya sobiq bosmachilar bilan aksariyat kambag‘al dehqonlarni talashgan, terror etgan, ularning ayollarini zo‘rlagan, qarshilik ko‘rsatganlarni o‘ldirishgan. Shuningdek, ular Sovet hokimiyatiga ishongan, halol militsiya xodimlarini, masalan Yusufjon Tojik va boshqalarni ham o‘ldirgan. Marg‘ilon shahrida yer-suv islohotini o‘tkazish davrida Karimboboyev shtab raisi bo‘lgan, xizmat vakolatini suiiste’mol qilib aksilinqilobiy tashkilot “Milliy ittihod” topshirig‘i bo‘yicha ongli ravishda partiya va hukumatning direktivalarini buzgan. Karimboboyev avvalida aksilinqilobiy “Milliy ittihod”ning kotibi bo‘la turib, 1935-yilgacha xalq dushmanlari – Markaz xodimlari, hozirda qamoqqa olingan Shomansur Alixo‘jayev, Abdulla Karimov va boshqalar bilan yaqindan aloqada bo‘lgan.

 

Abdurahmon Abdullaxonovning o‘zi – yirik boy, paxta tayyorlovchi zavodchi, quloq. Qo‘qon muxtor hukumatining a’zosi. Marg‘ilondagi “Milliy ittihod” tashkiloti raisining o‘rinbosari va a’zosi. Bosmachilar to‘dasini tashkil etgan, qurol-aslaha bilan ta’minlagan. 1920-yili Karimboboyev va “Milliy ittihod”chilar bilan birgalikda Marg‘ilon favqulodda komissiyasi tomonidan hibsga olingan. Biroq Marg‘ilon uyezd-shahar revolyutsion komitetining sobiq raisi Shomansur Alixo‘jayev tomonidan ozod qilingan.

 

Abdurahmon Abdullaxonov 1929-yili Marg‘ilondagi aksilinqilobiy tashkilot “Azizovchilik”ning rahbari bo‘lgan. Bu tashkilot aksari o‘quv muassasalarida millatchilik ishlarini olib borib, o‘quvchilarning kommunistik tarbiyasini orqaga surgan. Abdullaxonov o‘qituvchilik qilish bilan birga o‘quvchilar orasida fashistik targ‘ibot olib borgan. Buning uchun u Marg‘ilon rayon­ijroiya komiteti tomonidan haydab yuborilgan. Xalq ta’limida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

 

Abdullaxonov Karimboboyevning yordami bilan shu yili kooperativ “Sovet” nomli kolxozga ishga joylashtirilgan. U bu yerda quloqlardan iborat yirik guruh tashkil etgan. Kolxozdagi ishlab chiqarishni izdan chiqarish, sotsialistik mulkni talon-taroj qilish, kolxozda zararkunandachilik olib borish, faollar, komsomol a’zolarini quvish, kolxozchilar orasida tartibsizlik keltirib chiqarishga harakat qilgan.

 

Yuqorida Karimboboyev va Abdurahmon Abdullaxonovning aksilinqilobiy faoliyati O‘lmas Jalilov, Ortiq Absarov, Sharipjon Abdullayev, Muxtor Isomiddinov, Qosim Hakimov, Abdulaziz Melixo‘jayev va boshqalar ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan. Ishda tegishli ma’lumotlar mavjud.

 

Ayblanuvchilar o‘zlariga bildirilgan ayblarni e’tirof etmaganlar.

 

Abdurahmon Abdullaxonov 1892-yilda tug‘ilgan, Marg‘ilon shahridan. “Sovet” kengashi ko‘chasida yashagan. Yirik savdogar. 40 tanob yerga ega, chorikorlarni ekspluatatsiya qilgan, oilali, partiyasiz. 1920-yili aksilinqilobiy faoliyati uchun ChK organlari tomonidan qamoqqa olingan. 1930-yili ikkinchi marta aksilinqilobiy faoliyati uchun GPU organlari tomonidan qamoqqa olingan. Hibsga olingungacha Marg‘ilon qishloq matlubotida magazin mudiri bo‘lib ishlagan. Harbiy majburiyati bo‘lmagan. SSSR fuqarosi, Marg‘ilon shahar militsiyasi tomonidan pasport olgan. Karimboboyev va Abdurahmon Abdullaxonovning jinoyat ishlari O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bilan belgilangan. Karimboboyev va Abdurahmon Abdullaxonovning ayblovi bo‘yicha bu ish uchlik tomonidan O‘zSSR NKVDsida ko‘rib chiqilgan.

 

1937-yil 27-noyabrda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi O‘zSSR NKVD Marg‘ilon shahar bo‘limi Uchlikning yig‘ilishida Abdurahmon Abdullaxonov sobiq quloq, “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilot rahbari sifatida 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilingan. Muddati 1937-yil 14-sentyabrdan hisoblangan.

 

Oradan 12 yil (!) o‘tib, 1949-yil 21-martda Farg‘ona oblast prokurori o‘rinbosari, Farg‘ona oblast davlat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Avanesovning profilaktika chorasini belgilash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Uning ijrosini ta’minlash Farg‘ona oblast davlat xavfsizligi boshqarmasi tezkor vakili, katta leytenant Arustanov, davlat xavfsizligi 5-bo‘lim mudiri, mayor Mitrofanov, tergov bo‘limining boshlig‘i, mayor Iksanovlarga yuklatilgan.

 

Qarorda shunday deyilgan: “Men, davlat xavfsizligi ministrligi boshqarmasi Farg‘ona oblasti katta operativ vakili, katta leytenant Arustanov Farg‘ona oblasti Marg‘ilon shahrida 1892-yili tug‘ilgan, millati o‘zbek, SSSR fuqarosi, partiyasiz, savodli, katta boy oilasidan, tug‘ilgan joyi bo‘yicha yashayotgan, aniq mashg‘uloti bo‘lmagan Abdurahmon Abdullaxonovga tegishli materiallarni ko‘rib chiqib, quyidagilarni ma’qul topdim.

 

Abdurahmon Abdullaxonov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bo‘yicha jinoyatchilikda shubha ostiga olinganligidan ozodlikda yurib tergov va suddan bosh tortmasligi va ishni tekshirish jarayoniga ta’sir etmasligi uchun O‘zSSR Jinoyat kodeksining 49-, 51-moddalariga asoslanib qaror qildim:

 

Tergov va suddan bosh tortgani, qarshilik bildirgani uchun Abdurahmon Abdullaxonov chora sifatida Davlat xavfsizligi ministrligi Farg‘ona oblasti boshqarmasiga qarashli ichki turmada saqlansin va mazkur qarordan tilxat asosida mahbus ogohlantirilsin.

 

O‘zSSR Jinoyat kodeksining 52-moddasiga muvofiq, mazkur qaror nusxasi prokuror va turma boshlig‘iga yuborilsin va mahbusning shaxsiy ishiga kiritilsin”.

 

1949-yil 3-avgustda SSR Ittifoqi davlat xavfsizligi ministrligi qoshidagi maxsus kengashda Abdurahmon Abdullaxonov RSFSR Jinoyat kodeksi va O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bilan ayblanib, sovetlarga qarshi millatchilik tashkilotiga mansubligi uchun surgun qilingan.

 

Izoh: Qahramonimizning so‘nggi taqdiri haqida ma’lumotlar izlanmoqda. Bu inson haqida xotiraga ega bo‘lganlar tahririyatga va muallifga xabar qilishi so‘raladi.

 

Rustambek SHAMSUTDINOV,

tarix fanlari doktori, professor

 

“Jadid” gazetasi, 2024-yil 16-avgust 34-son.

“Millat fidoyilari: Abdurahmon Abdullaxonov” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:09 / 24.09.2024 0 115
Ajiniyoz obraziga bir nazar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20411
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//