XX asr boshlaridagi jadidchilik harakatining kenja vakillaridan biri Mashriq Yunusovga “Elbek” taxallusini Fitrat bergan. Fitrat o‘zbek xalqining erk-u hurriyatini, o‘zining achchiq armonlarini, Turkiston xalqining yana qaytadan ozod va erkin yashash onlarini shu ism orqali ifodalamoqchi bo‘lgandir, ehtimol.
Elbek garchi qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da, bir inson hayoti davomida vatani va millati uchun qilishi kerak bo‘lgan barcha ishlarni ortig‘i bilan amalga oshirdi.
Qolaversa, Elbekning ilmiy, folklor va publitsistik merosi nihoyatda katta bo‘lib, uning hali jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan, bugungi kun uchun ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan asar va maqolalari anchaginadir.
Elbekning ilmiy-publitsistik merosini o‘rganish jarayonida uning ana shunday dolzarb maqolalaridan biriga duch keldim. Bu “Turkiston” gazetasining 1923-yil 20-iyun sonida chop etilgan “Ortiq hissiyot” maqolasidir.
Elbekning ushbu kichik asarida Sobiq ittifoqdagi hukmron mafkura tomonidan yaratib berilgan qulay sharoit natijasida yuzaga kelgan mahalliychilik illati tanqid ostiga olingan.
Unutmaylikki, mahalliychilik – davlatning yaxlitligiga real xavf tug‘diradigan, uning mustaqillik asoslariga intensiv tarzda zarba beradigan yovuz kuchdir. Elbek buni o‘z vaqtida juda yaxshi anglab yetgan edi.
Ushbu maqola ana shu “anglash”ning xosilasidir.
Ortiq hissiyot
Farg‘onada chiqaturg‘on “Farg‘ona” gazetasining 81-sonining (1923-yil nazarda tutilmoqda – M.Alijonov) xabar qismida o‘rtoq Cho‘lponning Farg‘onaga ketishi munosabati bilan yozilg‘on ushbu jumlalarni o‘qidik. Aslicha: “Yurtig‘a qaytdi. Farg‘ona yigiti, andijonlik yosh shoirimiz “Cho‘lpon” (Abdulhamid Sulaymon) shahrimizga keldi. Albatta, bundoq falokatlar orasida cho‘mub qolg‘on yurtimiz Farg‘ona Cho‘lpon singari o‘zining yetishtirgan yigitlariga muhtojdir. Umidimiz, shoirimiz “Cho‘lpon” hamisha o‘z yurti Farg‘onada ishlar. Bundag‘i og‘a-inilari chekmakda bo‘lg‘on dardlarin birga dardlashar, to‘kilgan ko‘z yoshlarig‘a o‘rtoqlashar”.
Mana bul jumlalarni o‘qug‘on o‘rtoqlar, Cho‘lponning ilgari qaysi o‘runlarda ishlab yurganin bilmagan esalar, bu jumlaning ma’nosidan o‘zlaricha: “Cho‘lpon Yevropadami, Xitoydami yoxud boshqa bir mamlakatda bir ishda ekan, endi o‘z yurtig‘a qaytib ishga kirishmishdir” degan bir o‘yg‘a qolarlar.
Biroq, o‘qig‘uvchi o‘rtoqlar bunday anglayturg‘on esalar, yanglishg‘on bo‘ladirlar. Cho‘lpon o‘rtoq allaqayoqqa ketmagan edi, ul o‘zining yurtida ya’ni shul Turkistonda – o‘z eli orasida ishlab kelmakda edi.
Endi biz, “Farg‘ona” gazetasida yozilg‘on yuqoridag‘i jumlalarga kelsak, bu qaysi bir o‘rtoqlarimizning hech narsadan hech narsani o‘ylamay, o‘zlarining yanglish tushunchalari, yana to‘g‘risi, ko‘z yumib ish ko‘rishlari natijasida yozilib qolg‘on so‘zlardir.
Biz Turkiston o‘lkasida yashag‘on ekanmiz, biz uchun uning Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand va boshqa shunday o‘run ismlari bizcha hechdir. Yolg‘iz biz uchun turkistonlik bo‘lish yetadir.
Umid etamizkim, Turkistonda yashag‘uvchi o‘zbek eli ham bizning fikrimizda o‘rtoqlasharlar va yolg‘iz Farg‘onanigina o‘zlariga yurt hisoblamaslar. Ortiq hissiyotga berilib ishlash yaramaydir.
Elbek.
“Turkiston” gazetasi, 1923-yil 20-iyun.
Nashrga tayyorlovchi: Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q