
Ayol-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari yillar davomida muhokama qilinib haligacha toʻliq yechim topmagan global muammo sifatida qolmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi har uchinchi ayol hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikka uchraydi. Bu holat koʻplab mamlakatlarda jinoiy ish sifatida koʻrib chiqilsa, baʼzi mamlakatlar qonunchiligida oilaviy zoʻravonlik boʻyicha tegishli moddalar mavjud emas.
Qurbonlar Germaniyada ishonch telefonlari orqali maslahat olishi va maxsus inqiroz markazlariga joylashtirilishi mumkin. Avstraliya bu borada boshqacharoq yoʻl tutgan – ular jabrlanuvchiga zoʻravondan uzoqroqda boshpana topish uchun pul taklif qiladi. Qozogʻiston boʻlsa, zoʻravonlikni yana jinoyat ishi sifatida koʻrib chiqmoqda. Oʻzbekistonda vaziyat qanday?
Istanbul konvensiyasi
Bugungi kunda oilaviy zoʻravonlik toʻgʻrisidagi eng progressiv xalqaro hujjat deb ayollarga nisbatan har qanday tazyiqlarni toʻxtatishga qaratilgan “Istanbul konvensiyasi”ni aytish mumkin. Yevropa kengashining ushbu hujjati 2011-yilda Istanbulda (shuning uchun Istanbul konvensiyasi deb ham yuritiladi) qabul qilinib, 2014-yil kuchga kirgan. Konvensiya ayollarga nisbatan har qanday diskriminatsiya (kamsitish) va zoʻravonlikni tugatishni, qolaversa, xotin-qizlarni zoʻravonlikdan holi yashashi uchun asosiy insoniy huquqlarini taʼminlashni maqsad qilgan. Bugungi kunda dunyoning 39 mamlakati Istanbul konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Armaniston, Bolgariya, Chex respublikasi, Vengriya, Litva va Slovakiya respublikasi kabi Yevropa kengashiga aʼzo davlatlar esa hujjatni imzolagan, biroq ratifikatsiya qilmagan.
Turli mamlakatlarda oiladagi zoʻravonlikka qarshi qanday kurashiladi?
Germaniya
Foto: "Kirche und Leben" – Ayollar boshpanasida qoʻrquv va kaltaklarsiz Rojdestvo
Anonim chatlar, ishonch telefonlari, inqiroz markazlari va maxsus yotoqxonalar – Germaniyada zoʻravonlikdan aziyat chekkanlar bir necha usulda yordam olishi mumkin.
Germaniya federal hukumati 1999-yilda Ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan. Uning asosiy maqsadi davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, birgalikda zoʻravonlikdan omon qolganlar markazlarining umummilliy tarmogʻini yaratish sanaladi. Ushbu rejaga qadar ham hamkorlik mavjud boʻlgan, lekin oʻta tarqoq, asosan, shahar va mintaqaviy darajada boʻlgan. Masalan, Berlindagi Oilaviy zoʻravonlik boʻyicha inqiroz markazi Berlin meriyasi tomonidan, Shlezvig Golshteyn yerlaridagi inqiroz markazi esa Ayollar ishlari boʻyicha mintaqaviy hokimiyat tomonidan moliyalashtirilgan.
Bu ishlar qanday natija bergan?
– Zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun;
– Tazyiqlarsiz tarbiyalash toʻgʻrisidagi qonun (Germaniyada 2000-yildan boshlab bolalarga nisbatan istalgan jismoniy jazo turlarini qoʻllash qonunan taqiqlangan);
– Germaniyada ayollarga nisbatan zoʻravonlikning tarqalishi, uning joriy holati va oqibatlari boʻyicha birinchi vakillik tadqiqoti;
– Ayollarga nisbatan barcha turdagi zoʻravonliklarga qarshi kurashish uchun federal darajadagi Inqiroz markazlari tarmoqlarini yaratish kabi ishlar amalga oshirilgan.
2001-yilda Frankfurtmaynda Ayollar boshpanalari ishini muvofiqlashtirish assotsiatsiyasi (FHK)ga asos solingan. 275 ga yaqin ayollar bosh panasi va 300 ta ixtisoslashtirilgan maslahat markazlari bilan birga tashkilot aʼzolari zoʻravonlikdan aziyat chekkan ayollar va ularning farzandlarini qoʻllab-quvvatlash hamda yordam berish tizimi faoliyatini taʼminlaydi.
2013-yilda esa zoʻravonlikdan aziyat chekkanlar uchun 24 soatlik Hilfetelefon, yaʼni yordam (ishonch) telefoni tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, u ham davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladi. Bu orqali jabrlanuvchilar nemis yoki boshqa tillarda, anonim tarzda maslahat va maqsadli yordam olishi mumkin.
Bundan tashqari, Germaniyada Zoʻravonlik qurbonlarini himoya qilish federal (BFF) assotsiatsiyasi ham boʻlib, u mamlakat boʻylab 210 dan ortiq inqiroz markazlarini tashkil etgan. Tashkilot seminar va konferensiyalar oʻtkazib, amaliy tajribalar bilan boʻlishadi va muammo boʻyicha axborot materiallarini ishlab chiqadi.
Avstraliya
Moliyaviy koʻmak, maslahat markazlari va foizsiz kreditlar.
2011-yilda hukumat 2010-2022-yillarga moʻljallangan Ayollar va bolalar zoʻravonligini qisqartirish boʻyicha toʻrt bosqichda amalga oshiriladigan milliy rejani tasdiqlagan. Unga koʻra, NNTlarning ishtiroki davlat organlariga “Ayollarning turli ehtiyojlarini tushunish va javob berish”da, shuningdek, “Aholining turli guruhlari bilan aloqalarni yaxshilash”da yordam berishiga qaratiladi.
Birinchi bosqichda har bir shtat yoki hududda ishchi guruhga oiladagi zoʻravonlik masalalariga ixtisoslashtirilgan kamida bitta mahalliy NNT biriktirilishi kerak. Ikkinchi bosqichda maslahat markazlari, boshpanalar va 24 soatli ishonch telefonlari yordam koʻrsatadi. Shuningdek, zoʻravonlik boʻyicha arizalarni koʻrib chiquvchi sud va huquqni muhofaza qilish organlari ishini yaxshilashga qaratilgan dasturlar oʻtkaziladi. Uchinchi bosqichda tashkilot va dasturlar Avstraliya hukumati, shtat va hududi byudjetidan moliyalashtiriladi. Toʻrtinchi bosqichda esa mamlakat byudjetidan 328 million Avstraliya dollari profilaktika ishlari, boshpana va tibbiyot xodimlarini tayyorlash uchun ajratiladi.
Shu bilan birga, har bir shtat oilaviy zoʻravonlikka qarshi kurash boʻyicha alohida choralar qabul qiladi. Masalan, Kvislendda ixtisoslashtirilgan sudlar va agressorlar ishi boʻyicha markazlar faoliyat koʻrsatadi.
Avstraliya iqtisodiy zoʻravonlikka qarshi kurashga ham alohida eʼtibor qaratadi. 2019-2020-yillarda mamlakat byudjetidan 119,2 Avstraliya dollari miqdoridagi mablagʻ ayollarning “Moliyaviy xavfsizligini mustahkamlash”ga yoʻnaltirilgan. Maʼlum boʻlishicha, oiladagi zoʻravonlikka uchragan ayollarning 90 foizi iqtisodiy zoʻravonlikka ham duch keladi. Bundan tashqari, mamlakatda qisqa muddatli foizsiz kreditlar tizimi mavjud. Bunda zoʻravonlikka uchragan ayollar 3000 dollargacha boʻlgan summani hamkor banklardan foizlarsiz ikki yil muddatga olishi va uni turar joy ijarasi yoki kommunal toʻlovlarga sarflashi mumkin.
2021-yilda esa Avstraliya hukumati oiladagi zoʻravonlik qurbonlariga bir martalik toʻlov tartibini joriy qilgan. Jabrlanuvchi bu pulni alohida turar joy ijarasiga yoki boshqa xonadonga koʻchib oʻtishga sarflashi mumkin.
Qozogʻiston
Sobiq SSSR mamlakatlarida ayollar uchun birinchi inqiroz markazlari 1990-yillardan paydo boʻla boshlagan. Oilaviy zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha qonunchilik bazasi boʻlsa, XXI asr birinchi oʻn yilligining oxirlarida paydo boʻlgan. Xususan, Qozogʻistonda 2009-yil “Maishiy zoʻravonlikni oldini olish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. Unda davlat organlari zoʻravonlikka qarshi kurash chora-tadbirlari, masalan, profilaktik suhbatlar oʻtkazish va himoya orderini taqdim etish kabilar sanab oʻtilgan. Bundan tashqari, qonun jabrlanuvchilar bilan ishlashda individual yondashuvga tayanib, ularning maxfiyligini taʼminlashni nazarda tutgan.
2017-yilga qadar mamlakatdagi zoʻravonlik holatlarini koʻrib chiqishda jinoyat kodeksining qasddan yengil zarar yetkazish moddalari qoʻllanilgan. Biroq oʻsha yilning iyun oyida tegishli moddani bekor qiluvchi qonun qabul qilingan. Oʻzgartirishlarga koʻra, agar ishda ogʻirlashtiruvchi holatlar, masalan, jabrlanuvchi homilador boʻlmasa, sud jarima oʻrniga yoki yozma ogohlantirish bilan cheklanishi yoki 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlashi kerak boʻlgan.
Kuni kecha dunyo axborot maydonida keng muhokamalarga sabab boʻlgan “Bishimbayev ishi”dan keyin esa zoʻravonlikka oid xatti-harakatlar Qozogʻistonda yana jinoyat ishi sifatida koʻrib chiqiladigan boʻldi. Unga qadar politsiya xodimi zoʻravonga jabrlanuvchi bilan 30 kungacha aloqani cheklash boʻyicha buyruq berishga haqli boʻlgan. Buyruq buzilgan taqdirda esa zoʻravonga 10 sutkagacha qamoq jazosi tayinlangan.
Armaniston
Oiladagi zoʻravonlikdan aziyat chekkanlarni himoyalash toʻgʻrisidagi qonun 2017-yil dekabrida qabul qilingan.
Qonun eng avvalo, mojaroga huquq-tartibot organlarining tezkorlik bilan aralashuvini nazarda tutadi. Jabrlanuvchining 1-02 ishonch telefonlariga murojaatidan keyin hududiy-boshqaruv politsiya guruhi tegishli manzilga yetib boradi. Politsiyaning birinchi qiladigan ishi – zoʻravonlikni oldini olish sanaladi. Agar muammo jismoniy zoʻravonlik ustida borayotgan boʻlsa, jinoyatchi bir yil muddatga maxsus roʻyxatga olinadi.
Kaltaklaganlik uchun ikki oygacha qamoq jazosi tayinlanadi. Qonun loyihasi shuningdek, ikki institut ishini tartibga soladi. Bular jabrlanuvchilar reabilitatsiya qilinishi yoki oʻn ikki oygacha yashashi mumkin boʻlgan ijtimoiy himoya markazlari va boshpanalardir.
Oʻzbekiston
Shelter, ishonch telefoni, bepul yuridik xizmat va onlayn maslahatxona.
Zoʻravonlik illatidan Oʻzbekiston ham holi emas, albatta. Bu masala huquq tartibot organlari, ayol va inson huquqlari boʻyicha mutaxassis va boshqa jamoatchilik faollarni oʻylantiradigan doimiy muammolardan sanaladi. Unga qarshi kurash, jabrlanuvchilarni esa himoyaga olish masalasi nafaqat davlat organlari, balki nodavlat tashkilotlar va boshqa koʻngillilarning masʼuliyatida.
Qonunchilikka keladigan boʻlsak, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan hamda jabrlanuvchining huquqlarini koʻrsatuvchi bir qancha qonun moddalari bor. Eng soʻngi va muhim qaror sifatida “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni keltirish mumkin. Unda zoʻravonning tazyiqlariga uchragan qurbonga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida, himoya orderi talab etmasdan turib ijtimoiy va yuridik xizmat koʻrsatish nazarda tutilgan.
Jabrlanuvchilar qayerlarga murojaat qilishi mumkin?
Tazyiq yoki zoʻravonlikka uchragan fuqarolar turli shakllarda tegishli organlarga murojaat qilib, yordam olish imkoni yuqoridagi va boshqa qonunlar bilan mustahkamlangan.
Jabrdiyda 102 raqami orqali IIOning navbatchilik qismi yoki profilaktika inspektorlariga, 112 – yagona dispetcherlik xizmati yoki 1146 – ishonch telefonlariga murojaat qilishi mumkin. Natijada, murojaatdan keyingi 24 soat ichida jabrlanuvchilarga himoya orderi rasmiylashtirilib, muammoni oʻrganishga qaratilgan chora-tadbirlar oʻtkaziladi. Aniqroq qilib aytganda, dastlab xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktik inspektor tajovuzkor bilan suhbat oʻtkazadi. Ijtimoiy xodim esa jabrlanuvchi va uning voyaga yetmagan farzandlari holatini baholaydi. Profilaktik inspektor zoʻravonlikka uchragan ayolga himoya orderi rasmiylashtirib, zaruratga koʻra birlamchi koʻmak xonalariga joylashtirish uchun dalolatnoma rasmiylashtiradi va qurbon(lar)ning roziligi bilan himoya va koʻmak xonalariga oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, jabrdiyda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimiga ham murojaat qilishi mumkin. “Inson” va Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlari zoʻravonlik qurboni va uning voyaga yetmagan farzand(lar)iga ijtimoiy xizmat koʻrsatadi.
Markazlar nima maqsadda tashkil etilgan?
Markazlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga mahalla darajasida kompleks ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatishni maqsad qilgan. Bunda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar, keksalar va voyaga etmaganlarga ijtimoiy-psixologik xizmat koʻrsatiladi. Tizim mutaxassislari ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs yoki oilani “Keys menejment” orqali baholaydi. Natijaga koʻra, jabrlanuvchi davlat tomonidan kafolatlangan yordam va xizmatlardan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Shuningdek, oilaning kuchli tomonlaridan foydalanib ularni ogʻir vaziyatdan olib chiqish choralari ham koʻriladi.
Maʼlumot uchun, ushbu markazlar nafaqat zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayol-qizlarga, balki ogʻir ahvolga tushib qolgan yoki tushish xavfi boʻlgan shaxs va oilalarga, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashaydigan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ham yordam choralarini koʻrib, uyda parvarish qilish va qoʻllab-quvvatlash, reabilitatsiya hamda sanator sogʻlomlashtirish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tizim tashkil etishda yordam beradi.
Kelasi 2025-yildan boshlab Ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoki shunga moyilligi boʻlgan shaxslarning reyestri yuritiladi.
Bundan tashqari, respublikaning turli hududlarida ayollarni reabilitatsiya qilishga moʻljallangan vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan: 2021-yilning may oyida “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-5116 qabul qilingan. Qarorga asosan, Oʻzbekistonda mavjud 197 ta Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlarini optimallashtirish hisobiga 29 ta Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlar, shu jumladan, 1 ta Respublika markazi, 14 ta hududiy markazlar va 14 ta namunali tumanlararo markazlarni tashkil etilishi belgilangan.
Unga qadar ham NNT shaklida tashkil etilgan shelterlar boʻlgan. Biroq ularni moliyalashtirish, mutaxassislar yetishmovchiligi va shelter xodimlari va unda yashovchilarning xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarga duch kelingan. Shundan keyin tegishli qaror qabul qilingan.
Zoʻravonlikka uchragan oʻzbekistonliklar qayerdan huquqiy yordam va maslahat olishi mumkin?
Vazirlar mahkamasining 2020-yil 30-oktyabrdagi 678 son qarorining 16-bandida jamiyatda ayol va erkaklarning teng huquqliligini taʼminlash, ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida “Gender-madad” elektron huquqiy maslahatchi loyihasini ishga tushirish belgilangan. Qonun ijrosi oʻlaroq, Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil avgust oyida “gendermadad.uz” elektron huquqiy maslahatchi platformasi ishlab chiqilgan. Madad NNTdan fuqarolar huquqiy masalalar boʻyicha bepul onlayn maslahat va maʼlumotlar, shuningdek, huquqiy yordam ham olishi mumkin. Bunda jabrlanuvchi portaldagi onlayn-maslahatchi chat orqali mutaxassislar bilan bogʻlanadi. Tashkilotning “Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali esa gender tenglik va unga erishish strategiyasi, ayollarning huquqiy himoyasi va oiladagi zoʻravonlik kabi boʻlimlardan muhim savollarga javob topish mumkin.
Bugunga qadar portalga 2653 nafar murojaat kelib tushgan.
Muqaddas MUSAYEVA,
“Oyina.uz”
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q