“Matritsa”ga ilhom bergan, dunyoni sehrlab olgan janr – animelar haqida nimalarni bilmaymiz?


Saqlash
21:49 / 16.08.2024 330 0

2000-yillar boshida dunyo kino prokatida “Matritsa”ning hissasi katta bo‘ldi. Aka-uka Vachovskilarning filmi zumda ommalashdi va reytinglarni birma-bir egalladi. U kino olamida nafaqat kompyuter grafikasini, balki dunyo falsafasi haqidagi tasavvurni ham o‘zgartirgan ijod mahsuli sifatida ko‘riladi. Ammo Vachovskilar intervyulardan birida yapon animelarini tilga olib, kinoning g‘oyasida “Qurol-aslahali sharpa”dan ilhomlanganlarini aytishdi. Bu esa o‘z navbatida yapon madaniyatiga va aynan anime janriga qiziqishni oshirib yubordi. Bugungi maqolada ushbu janr – animening qanday paydo bo‘lgani, qanday falsafalarni o‘z ichiga olishi va janrning bosh tomoshabinlari haqida tahlil qilamiz.

 

Anime tarixi XX asr boshlariga borib taqaladi, o‘shanda yapon kinoijodkorlari Yevropalik hamkasblarining multiplikatsion texnologiyalaridan foydalana boshladilar va 1907-yilda uch soniyalik ilk namuna paydo bo‘ladi. Biror nom bilan atalmagan ushbu multiplikatsiya namunasi matros libosidagi bolakayning taxtaga “harakatlanuvchi suratlar” deb yozishi va bosh kiyimini yechishidan iborat.

 

1917-yilda ommaga 2 daqiqalik komediya: “Namakura Gatana” taqdim etiladi. Ushbu animatsion filmda yapon samurayi o‘zining yangi qilichini amalda qo‘llab ko‘rmoqchi bo‘ladi, ammo ko‘r mashshoqqa mag‘lub bo‘ladi. Film ko‘p yillar muqaddam yo‘qotilgan hisoblanardi, biroq 2008-yili Osaka antikvarlar do‘konchasidan uning nusxasi topildi va qayta namoyish qilindi.

 

Janrning o‘z shakl-shamoyiliga ega bo‘lishi va katta tezlik bilan rivojlana boshlash davri 1963-yilga to‘g‘ri keladi. Aynan shu yili yapon telekanallarida “Qudratli Atom” (Tetsuwan Atom) seriali efirga uzatila boshlandi. Bu katta kuchga ega bo‘lgan robot-bolakayning qahramonliklari haqida hikoya qilinadigan multfilm edi, keyinchalik u Yevropa teleekranlariga “Astroboy” sifatida talqin qilindi. Serial muallifi Osama Tedzukani bekorga “animening otasi” deyishmaydi. U janrning asosiy belgilarini kiritdi, janrgagina xos bo‘lgan uslublar yaratdi, 500 ga yaqin manga (yapon komikslari, “komikku” deb ham ataladi) chizdi. Osama keyinchalik Mushi Productions studiyasiga asos soldi, “Astroboy” serialidan keyin esa, yuqorida ta’kidlanganidek, anime janrida portlash yuz berdi.

 

 

O‘sha davrda yaratilgan anime seriallarning xarakterli jihati – ularning qahramonlari xuddi atomga o‘xshab qudratli kuchga ega bolalar ekani edi. Ular o‘z qudrati bilan dunyodagi yaxshilik muvozanatini tutib turishga, odamlarga yordam berishga harakat qilishadi. Bu o‘z-o‘zidan emas – buyuk nemis faylasufi Nitshening super odam (ya’ni komil inson) g‘oyasiga ko‘ra odamda kamolotining uch davri mavjud: tuya, sher va BOLA. Nitshe ham, yapon animelari ham bolalar nafaqat o‘zlarini, balki dunyoni ham yaxshi tomonda tutib turishiga ishongan.

 

Anime-seriallarning ommalashishiga yangi studiyalarning paydo bo‘lishi katta hissa qo‘shdi. Masalan, 1965-yili Toei Animation studiyasi Hans Kristian Andersen va Jonatan Svift asarlari asosida “Gulliverning kosmik sarguzashtlari” to‘liq metrajli filmini ishlab chiqardi. 1966-yili esa sehrgar qizaloqlar haqidagi serial – “Salli ismli yalmog‘iz” dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu serial qizaloqlarga atalgan birinchi anime sifatida tarixda qoldi, undan so‘ng animeda alohida – qizaloqlar va o‘smir qizlarga atalgan syodzyo janri paydo bo‘ldi. Syodzyolarning ayricha jihati ularda notabiiy kuch va xususiyatlarga ega bo‘lgan bosh qahramon qiz bola bo‘lishi hisoblanadi.

 

 

1980-yillar anime uchun oltin yillar deb ataladi, bu davrga kelib u alohida submadaniyat sifatida shakllangan, nafaqat o‘z vatanida, balki chet mamlakatlarda ham shuhrat qozona boshlagandi.

 

1984-yili Xayao Miyadzaki “Shamollar vodiysi malikasi Navsikaya” filmini namoyish etadi. Bu asar yapon stimpanki (ilmiy-fantastika janr bo‘lib, bug‘ texnologiyalarini boshidan-oxirigacha o‘zlashtirgan sivilizatsiyalar yaratiladi) ning yorqin namunasiga aylandi. Unda uzoq kelajak, to‘g‘rirog‘i atom urushidan tirik qolgan, ekologik fojealar ichidagi sayyora tasvirlanadi. Yer sathi havoga zaharli spora chiqaradigan o‘simliklardan iborat o‘rmonlar bilan qoplangan, tirik qolgan odamlar esa o‘rmonlardan uzoqroqda, vodiylarda jamoa bo‘lib yashaydilar. Shunday maskanlardan biri – Shamollar vodiysi bo‘lib, uni yosh va jasur malika Navsikaya boshqaradi. U dunyoni batamom yo‘q qilish uchun yangi qurol yaratish bilan shug‘ullanayotgan dushmanlarga qarshi kurashadi. Filmni yaratish jarayonida “Gibli” studiyasi hosil bo‘ldi, uning boshqa to‘liq metrajli filmlari: “Osmon qo‘rg‘oni Laputa”, “Mening qo‘shnim Totoro”, “Jodugarlar yetkazuv xizmati”, “Porko Rosso” o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

 

Oxirgi yillarda anime janrining mavzu jihatidan juda ko‘p ishlarga qo‘l urganini ko‘rish mumkin. Bu filmlar faqatgina dunyoning nafaqat oq va qoradan iboratligi tasvirlanmaydi, balki tamoman boshqacha falsafalar bilan sug‘orilganini ham ta’kidlash lozim. Bundan tashqari animelar faqat bolalar va o‘smirlar uchun emas, katta yoshdagi tomoshabinlarga ham mo‘ljallangan bo‘ladi.

 

Anime qahramonlari nega oddiy insonlardan boshqacharoq tasvirlanadi?

 

Animega janr sifatida tamal toshini qo‘ygan “Astroboy”dagi xarakterli katta ko‘zlar va hissiyotlarning ko‘pligi boshqa film qahramonlariga ham ko‘chib o‘tgan. Xo‘sh, nega anime qahramonlari bunday ko‘rinishda tasvirlanadi? Chunki dumaloq yuz, katta ko‘zlar va anchagina kichik burun tomoshabin diqqatini personajning his-tuyg‘ulariga qaratishda qo‘l keldi. Yana animelar katta planlarda ko‘p ishlanishiga ahamiyat bergan bo‘lishingiz mumkin, bu ham qahramonning emotsional holatini tasvirlashga urg‘u berishning yo‘li.

 

Faqat katta planlarning o‘z yetmaganida esa mualliflar qo‘shimcha vizual uslublardan foydalanadilar: anime qahramonlarining fe’l-atvori va tuyg‘ulari uning yuzida deyarli “yozib qo‘yilganini” ko‘rasiz. Masalan, yuzdagi ulkan yoki mayda-mayda ter tomchilari qahramonning emotsional bosimdaligini, lavlagidek qizarishi – qattiq uyalishni, ko‘zlarida yulduzchalar porlashi – hayrat va quvonchni bildiradi. Agar qahramonning atrofida to‘lqinsimon chiziqlar paydo bo‘lsa, qahramonning kimningdir oldida hayajonlanayotganini anglash mumkin. Deylik, uning boshi atrofida uch-to‘rtta qisqa chiziq hosil bo‘lsa, bu uning juda hayron bo‘lganidan. Bularning bari o‘ziga xos anime tili bo‘lib, tomoshabin tomonidan osongina tushuniladi.

 

 

Animelar nega bu qadar tez ommalashdi?

 

Yapon animatsiyalari avval-boshda kichik yoshdagi bolalarga emas, o‘smirlar va kattalarga mo‘ljallangan edi. Shu bois janrning ko‘plab tarmoqlari yuzaga keldi. Bundan tashqari, ko‘plab anime seriallari va filmlari murakkab va muhim mavzularni ko‘tarishadi. Bular, deylik, notenglik, ekologiya, hayot yo‘lini tanlash, texnologiyalardan foydalanish, muhabbat, do‘stlik, qadriyatlar bo‘lishi mumkin. Anime chini bilan o‘smirlar dunyosini egalladi, ularning qiziqishlari, istaklari, intilishlarini tasvirlar ekan, odatiy bolalar multfilmlari-yu, kattalarning jiddiy, zerikarli filmlaridan o‘zib ketdi va o‘z tomoshabiniga ulkan tanlov berdi. Bu turfalik animedagi janrlarga ham, mavzularga ham xos bo‘lib, har bir odam unda o‘zini ilhomlantiradigan qahramon yoki syujet topa oladi. Aynan shu bois animening butun dunyo bo‘ylab ishqibozlari ko‘p va u zamonaviy subkultura hisoblanadi.

 

Animelarning ildizi qayerda?

 

Animening asosiy qismiga manba bo‘lib yapon madaniyati, miflari va xalq og‘zaki ijodi hamda manga komikslari xizmat qilgan. Bundan tashqari jahon badiiy adabiyoti klassikasining ayrimlariga ishlangan anime-adaptatsiyalar ham bo‘lib, ularning ayrimlari originaldan tashqariga chiqmagan, ba’zilari esa asosiy mazmunni saqlagan holda ishlangan.

 

Yosh tomoshabin uchun lug‘at

 

Quyida animega oid ayrim atamalarni keltirib o‘tamiz. Ular yordamida janrga endigina qiziqa boshlagan tomoshabin anime dunyosida bemalol yo‘nalish olishga qiynalmaydi, deb o‘ylaymiz:

 

Ranobe – ommaviy yapon adabiyoti turi bo‘lib, u o‘zining turfa xilligi, dialoglarga boyligi, xayoliy syujetlarning mo‘lligi, anime va manga uslubidagi illyustratsiyalari ko‘pligi bilan ajralib turadi. Ranobe asosan o‘smirlarga mo‘ljallangan bo‘ladi.

 

Isekay – bosh qahramonning boshqa dunyoga tushib qolishiga asoslangan anime janri.

 

Kodomo — 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan anime va manga.

 

 

Manga — yapon komikslari, ayrim holatlarda komiku deb ham ataladi. Deyarli barcha mangalar oq-qora qilib chiziladi va chop etiladi, ammo rangli mangalar ham mavjud.

 

Mangaka – manganing muallifi.

 

Maxo-syodzyo – bosh qahramoni sehrgar qizaloq bo‘lgan anime.

 

Mexa – odamsimon robotlar jangiga asoslangan janr.

 

Otaku – anime, manga va yapon madaniyatiga muhabbati kuchli odam.

 

Sensey – animelarda qahramonlar ustoz va ustalarga shunday murojaat qiladilar. Yana manga va animelar mualliflarini ham shu so‘z bilan atash ham urfga kirgan.

 

Syodzyo – anime va manganing 12–18 yoshdagi qizlarga mo‘ljallangan janri.

 

Syonen – anime va manganing 12–18 yoshdagi o‘smir bolalarga mo‘ljallangan janri.

 

Seynen – anime va manganing 18–25 yosh yigitlarga mo‘ljallangan janri.

 

Spokon – personajlarning sportdagi muvaffaqiyatlari haqida hikoya qiluvchi anime janri.

 

Alisher FAYZULLAYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:10 / 23.10.2024 0 159
To‘ydan to‘ygacha, qarzdan qarzgacha o‘tayotgan umr

Adabiyot

15:10 / 21.10.2024 0 326
Kichik xonimning katta “urushi”

Til

11:10 / 21.10.2024 0 373
Eshiklar ochiq, lekin...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20520
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//