Oʻzbekiston tarixining maʼlumotlar yetarlicha koʻp, biroq juda kam yoritilgan sahifalaridan biri OʻzSSR davridir. Koʻplab oʻzbekistonliklar “qizil imperiya” davrida Oʻzbekistonni boshqargan insonlarni yaxshi tanimaydi va ularning aksariyatining faoliyatidan bexabar. Shunday rahbarlardan biri Oʻzbekiston SSRni besh yil boshqargan Amin Niyozovdir.
Chekistlikdan moliya vazirligiga
1950-yilning aprel oyida OʻzSSR Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi plenumi boʻlib oʻtadi. Unda respublikaning 13 yillik rahbari Usmon Yusupov SSSR Paxtachilik vaziri etib tayinlangani munosabati bilan lavozimidan ozod etiladi va uning oʻrniga OʻzSSR Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi birinchi kotibi etib Amin Ermatovich Niyozov tayinlanadi. Niyozov bunga qadar OʻzSSR Oliy soveti Prezidiumi raisi vazifasini bajarib kelayotgandi. Shu tariqa OʻzSSR boshqaruv tarixida yangi davr boshlanadi.
1903-yilda Fargʻona viloyatining Oqtepa qishlogʻida (Margʻilon shahri yaqinida) tugʻilgan Amin Niyozov 16 yoshidayoq mehnat faoliyatini boshlagandi. U 1919-yilda Fargʻona uyezdining Oziq-ovqat komitetiga ishga kiradi. Bu paytda butun ittifoq boʻylab, ocharlik hukm surayotgan palla edi. Niyozov bu lavozimda qanday (xalqchil yoki aksincha) ishlagani haqida aniq maʼlumotlar yoʻq.
Eng aniq maʼlumotlardan biri, OʻzSSRning boʻlajak rahbari 1920-yilda qilichidan qon tomib turuvchi, “qizil terror”ning asosiy ijrochisi boʻlgan “Aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash boʻyicha Butunrossiya favqulodda komissiyasi” (qisqartmasi CHK, xodimlari “chekist” deb atalgan) aʼzosiga aylanadi. Fargʻona shahar ishchi-dehqon militsiyasining maxsus boʻlinmalarida ishlagan Niyozov 1922-yilda CHK tugatilgach, CHKʼning vorisi boʻlgan NKVD qoshidagi Davlat siyosiy boshqarmasi(Государственное политическое управление – GPU)da faoliyatini davom ettiradi. 1930-yilga qadar sovet davlatining eng shafqatsiz jazolovchi organida ishlagan Niyozov respublikada oʻtkazilgan “gʻalla operatsiyasi”, “quloqlashtirish” va “yer islohoti”da faol ishtirok etadi.
O‘zSSR rahbariyati. Amin Niyozov birinchi qatorda o‘ngdan ikkinchi
Amin Niyozov GPUʼda ishlab yurgan kezlaridayoq Kommunistik partiyaga qoʻshiladi va turli partiya lavozimlarida mehnat qiladi. 1930-yilda Niyozov oilasi bilan Moskvaga yoʻl oladi. U bu yerda Butunittifoq sanoat akademiyasiga oʻqishga kiradi. Ushbu akademiya oliy oʻquv yurti hisoblansa-da, aslida oʻrta maktab darajasida, texnik taʼlim beruvchi muassasa edi. Niyozov akademiyada Nikita Xrushchyov, Nadejda Alliluyeva (Stalinning ikkinchi xotini) kabi sovet namoyondalari bilan birga tahsil oladi. Keyinchalik “Stalin nomidagi sanoat akademiyasi”ga aylangan ushbu oliygohdagi taʼlim Niyozovga kelajakda partiya pillapoyalaridan koʻtarilishga katta yordam beradi.
Oʻqishni tugatib, Moskvadan qaytgan Niyozov Chirchiq elektrokimyo kombinati qurilishida ishlaydi. Hali yoshligi va uncha katta lavozimlarni egallamagani sabab 1937-1938-yillardagi qatagʻonlardan qutilib qoladi.
Qatagʻon siyosatidan keyin boʻshab qolgan partiya oʻrinlarini toʻldirish doirasida Niyozov OʻzSSR Kompartiyasi MQʼning Qurilish boʻlimiga mudir etib tayinlanadi. Ikkinchi jahon urushi SSSR hududiga koʻchishi bilan, Niyozov OʻzSSR Moliya xalq komissari (vaziri) lavozimini egallaydi. Shu tariqa sobiq chekist respublikaning eng nufuzli mansabdorlaridan biriga aylanadi.
Sanoat fidoiysi
Maʼlumoti va ish tajribasiga koʻra, texnik boʻlgan Niyozov Ikkinchi jahon urushi yillarida SSSRʼning gʻarbiy hududlaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan zavodlarni tezkor loyihalashtirish va ishga tushirishda muhim rol oʻynaydi. Chunonchi, urush yillarida Oʻzbekistonda 280 ta yangi sanoat korxonasi qurilib, ishga tushiriladi. Sanoat ishlab chiqarishining yangi tarmoqlari — samolyotsozlik, ogʻir sanoat, rangli va qora metallurgiya hamda boshqa sohalar vujudga keladi. Ushbu qurilishlarni moliyalashtirish, cheklangan mablagʻni toʻgʻri taqsimlashda Niyozov ancha jonbozlik koʻrsatadi.
Usmon Yusupov va Amin Niyozov bir guruh mehnat faollari bilan
Amin Ermatovich 1946-yilda, OʻzSSR Vazirlar soveti Raisining oʻrinbosari (yaʼni, bosh vazir oʻrinbosari) etib tayinlangan soʻng ham respublikada sanoatni rivojlantirish, ichki zaxiralarni aniqlash va ulardan foydalanish, shuningdek, ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda faol qatnashadi.
Niyozov Kattaqoʻrgʻon va Chimqoʻrgʻon suv omborlari kabi yirik irrigatsiya inshootlarini qurish, Markaziy Fargʻona va Mirzachoʻl yerlarini oʻzlashtirish, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlari yerlarining meliorativ holatini yaxshilashda katta ishlarni amalga oshiradi. Ushbu xizmatlari uchun “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan quruvchi” medaliga ham sohib boʻladi.
Moskvaga oʻta sodiq rahbar
1946-yilda OʻzSSR Xalq komissarlari soveti Vazirlar sovetiga aylantiriladi. Niyozov Moliya vaziri lavozimidan Vazirlar sovet raisi oʻrinbosarligiga oʻtkaziladi. Amin Ermatovich bir yil davomida rais Abdujabbor Abdurahmonovga oʻrinbosar boʻlib ishlagach, 1947-yilda Abduvali Moʻminov oʻrniga respublikaning rasmiy rahbari – OʻzSSR Oliy soveti Prezidiumi raisi etib tayinlanadi. Biroq SSSRʼda Prezidium raisi rasman respublika rahbari hisoblansa-da, haqiqiy hokimiyat Kompartiya MQ birinchi kotib qoʻlida toʻplangandi. Oradan uch yil oʻtib Niyozov bu lavozimni ham egallaydi.
Stalinning sodiq safdoshlaridan biri hisoblangan Niyozov urushdan keyingi yillardagi tiklanish ishlari davom ettiradi. U oʻta qattiqqoʻllik va shafqatsizlikka asoslangan qayta tiklash ishlarida oʻzini koʻrsatadi.
SSSR Ministrlar soveti raisi Aleksey Kosigin Toshkentda. Chap tomonda Amin Niyozov va Sharof Rashidov
Niyozov Yusupov davridan meros qolgan “paxta koloniyasi” siyosatini davom ettiradi: 1950-yilda OʻzSSR ilk bor 3 million tonna paxta hosili oladi. “Tashselmash” zavodida SXM-48 rusumli birinchi mahalliy paxta terish mashinalari seriyali ishlab chiqariladi va amaliyotda qoʻllaniladi. Asosiy isteʼmol mahsulotlari yetishtirilishiga yetarli eʼtibor qaratilmaydi. Stalinga yoqishga intilgan Niyozov zoʻr berib paxtachilik va ogʻir sanoatni rivojlantirishga urinadi.
Buning natijasi oʻlaroq Niyozov ikki bor “Qizil yulduz” va “Lenin”, uch bor “Mehnat qizil bayrogʻi” ordeni bilan taqdirlanadi.
Amin Niyozov boshqaruv davrining yana bir muhim qismi 1950-yillardagi yangi qatagʻon siyosatidir. Ikkinchi jahon urushi tugagach “xalqlar qotili” Stalin SSSRʼda yangi repressiyalar toʻlqinini boshlaydi va bu Oʻzbekistonga ham yetib keladi. Xususan, 1952-yil 21-22 fevralda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining mafkuraviy masalalarga bagʻishlangan X plenumida Amin Niyozov respublikadagi mafkuraviy ishlar ahvoli va uni yaxshilash choralari toʻgʻrisida maʼruza qiladi. Maʼruzada Oʻzbekiston ziyolilarining bir qanchasi millatchilikda ayblanadi.
MQ tashabbusi bilan 1950-yillarda bir qator oʻzbek yozuvchi va shoirlari, jumladan, Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Maqsud Shayxzoda, Hamid Sulaymon, Shuhrat va boshqalar “millatchilik”, “aksilsovet harakati olib borgani” uchun qamoqqa olinadi va uzoq muddatlarga kesiladi.
1953-yilda “xalqlar qotili” Stalin vafot etgach ham Niyozov unga sodiqligini toʻxtatmaydi. U Xrushchyovning Stalin shaxsiga sigʻinishni fosh qiluvchi nutqlarini salbiy qarshi oladi. Birinchi kotibning makkajoʻxori siyosatini tanqid qiladi. Moskvaning OʻzSSRʼda Stalin portretlarini kamaytirish haqidagi buyrugʻini bajarishdan bosh tortadi.
Nikita Xrushchyov va Amin Niyozov KPSS sessiyasida
Bundan tashqari Stalinning “yagona sovet millati” gʻoyasi tarafdori boʻlgan Niyozov OʻzSSRda boshlangan milliy uygʻonish harakatiga qarshi chiqishda davom etadi, butun ittifoqda boshlangan kadrlarni mahalliylashtirish siyosatiga qoʻshilmaydi.
Koʻpchilik Amin Niyozovning milliylikka qarshi harakatlari va umuman markazga qattiq sodiqligini OʻzSSRʼning ikkinchi kotibi Roman Melnikov bilan bogʻlaydi. Biroq undan keyingi birinchi kotiblar Nuriddin Muhiddinov va Sobir Kamolov Melnikov bilan birga ishlagan holda ham milliy uygʻonish harakatini qoʻllab-quvvatlaydi va tizimni keng miqyosda “mahalliylashtirish”tiradi.
Amin Niyozov Stalin oʻlimidan soʻng ham birmuncha vaqt hokimiyatda qolishga erishadi. Faqatgina, 1955-yilda Xrushchyov bilan kelishmovchiliklar kuchaygach Niyozovni respublika siyosiy rahbarligidan olib tashlash kun tartibiga chiqadi. 1955-yil dekabrida MQ plenumida Amin Niyozov OʻzSSR Kompartiyasi MQ birinchi kotibi lavozimidan ozod etiladi va OʻzSSR kommunal xoʻjalik vaziri etib tayinlanadi. Nuriddin Muhiddinov Amin Niyozov oʻrniga OʻzSSR Kompartiyasi MQ birinchi kotibi boʻladi.
Turkmanistondagi faoliyat va soʻnggi kunlar
Niyozov vazir sifatidagi bir yillik faoliyatidan soʻng, Oʻzbekiston SSR Vazirlar Soveti qoshidagi Gazlashtirish bosh boshqarmasi rahbarligiga oʻtkaziladi.
Amin Niyozov mehnat fidoiysini taqdirlamoqda
1961-yilda Niyozov qoʻshni Turkmanistonga joʻnatiladi va Turkmaniston Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi kotibligiga tayinlanadi. Bundan tashqari u Turkmaniston Kompartiyasi MQ Byurosi aʼzosi ham boʻladi.
Biroq stalinsevarlikdan hali ham qutulolmagan Niyozov 1961-yilda Stalin jasadining Lenin mavzoleyidan koʻchirilishini qattiq tanqid qiladi va natijada egallab turgan mansablaridan boʻshatiladi.
Shundan keyin Amin Niyozov katta siyosat bilan shugʻullanmaydi va 1973-yil 26-dekabrda Toshkent shahrida vafot etadi.
Amin Niyozovning OʻzSSR rahbari sifatidagi faoliyati markazga oʻta sodiq qilib tarbiyalangan mahalliy kadrlar ishining yorqin namunasidir. Besh yillik boshqaruv davrida Niyozov Oʻzbekistonga emas, Moskvaga koʻproq xizmat qildi. Aksariyat oʻrinlarda markaz manfaatlarini respublika manfaatlaridan ustun qoʻydi. Oʻzbek ziyolilarni qatagʻon qilishda ishtirok etdi. Hatto imkon tugʻilganda ham milliy uygʻonishni qoʻllab-quvvatlamadi. Bu uning vatanparvarlik tushunchasini umuman boshqacha tarzda tushunishi bilan bogʻliq edi.
Muhammadqodir Sobirov
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q