Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li 1824-yili Orol dengizining janubiy sohilida, Amudaryoning dengizga quyilishi, hozirgi Mo‘ynoq tumani hududida ochamayli va qiyot urug‘lari istiqomat qiladigan Qamish bo‘g‘ot ovulida tug‘ilgan. Ajiniyozning otasi Qusiboy, bobosi Boltabek, katta bobosi Oqjigitlar o‘z zamonasining peshqadam kishilari bo‘lgan. Onasi Nazira bibi ham so‘zga usta va chechan ayol edi. Ajiniyoz avval Xo‘jamurod eshon madrasasida, onasi vafot etganidan keyin tog‘asi Elmurod oxun madrasasida tahsil oladi. Ilmga chanqoq o‘spirin talaba madrasada o‘qish bilan bir qatorda kutubxonadagi ayrim kitoblarni ko‘chirish bilan shug‘ullanadi va mashhur kotib sifatida elga taniladi. U o‘n olti yoshida Alisher Navoiy devonidan kitob ko‘chirgani tarixda ma’lum.
Ajiniyoz o‘qishni Xivada davom ettiradi. Bu qadim shaharda u turkiy xalqlarning mashhur shoirlaridan biri Mahtumquli ta’lim olgan Sherg‘ozi madrasasi, so‘ngra Qutlimurod inoq madrasasida o‘qiydi. Madrasada diniy ilmlardan tashqari Alisher Navoiy, Hofiz, Sa’diy, Fuzuliy kabi Sharq mumtoz shoirlarining ijodi ham chuqur o‘rganilgan. Shu bois Ajiniyoz so‘z mulkining salaflari merosi, badiiy mahorat saboqlaridan keng bahramand bo‘lgan.
Tahsilni tugatgach Ajiniyoz o‘z ovuliga qaytib keladi, ammo ko‘p o‘tmay qozoq o‘lkalariga jo‘nab ketadi, bir yildan keyin yana yurtiga qaytib kelib, ochamayli urug‘idan Hamro ismli qizga uylanadi, uch o‘g‘il va bir qiz farzand ko‘radi. Shoirning avlodlari bugun Qo‘ng‘irot, Qangliko‘l, Shumanay tumanlari, Nukus shahrida yashaydi.
Xorazm vohasida yashaydigan xalqlarning o‘tmish turmushidagi yirik tarixiy voqealardan biri – 1858-1859-yillardagi Qo‘ng‘irot qo‘zg‘oloni Ajiniyoz she’riyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. U vatanparvar, ziyoli inson sifatida ushbu voqeaga beparvo qarab tura olmaydi va unda faol ishtirok etadi. Keyinchalik shoirni qo‘zg‘alon yetakchilaridan biri sifatida Xiva hukmdorlari turkman yerlariga badarg‘a qiladi. Surgun yillari shoir samarali ijod qiladi, madrasa tahsili paytida o‘qigan Maxtumquli she’riyatidan ko‘plab asarlarni qoraqalpoq tiliga tarjima qiladi. Oradan uch yil o‘tgach Ajiniyoz Vataniga qaytadi, lekin yana hukmdorlar ta’qibiga uchraydi. Shu sababli bepoyon qozoq dashtlariga safar qilishga majbur bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Ajiniyozning o‘zga o‘lkalarga uchinchi safari bo‘lgan.
1864-yili shoir hayotida yana bir muhim voqea ro‘y beradi. Ajiniyoz qozoqlarning oqin qizi Mengesh bilan aytishuv musobaqasida qatnashadi. El orasida muhim tarixiy voqeaga aylangan ushbu bellashuvda Ajiniyoz g‘alaba qozonadi. Ushbu musobaqa matni 1878-yili “Turkiston viloyati” gazetasida ham chop etiladi.
Yot o‘lkalarda sarson-sargardonlikda yurgan shoir yurtini nihoyatda sog‘inadi, bu uning ijodida alohida mavzu sifatida ifodalangan. Furqat-u ayriliqda kechgan bu yillarda shoir “Ellarim bordir”, “Bormikin?”, “Bordir”, “Mengzar”, “Ayrilsa”, “Xayrlashuv” kabi mashhur she’rlarini yozgan. Shoir eliga qaytib kelganidan so‘ng Bo‘zatov, Qamish bo‘g‘ot, Yetim o‘zak ovullarida bolalar uchun maktablar tashkil etadi va bolalarga o‘qish-yozishni o‘rgatishni, dars berishni boshlaydi. Shu bilan birga umrining oxirigacha tinimsiz ijod qiladi.
Ajiniyoz ijodi olimlar tomonidan teran o‘rganilgan, asarlari qayta-qayta nashr etilib, turli tillarga tarjima qilingan. Shoir ijodida qoraqalpoq xalqi tarixi jonli va badiiy mahorat bilan tasvirlanadi. “Bo‘zatov fojeasi”ning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan shoir vatandoshlari boshdan kechirgan og‘ir musibatlarni mashhur “Bo‘zatov” dostonida yuksak mahorat va og‘riq bilan yozadi. Bag‘oyat chuqur bilim, ilm, yuksak madaniyat sohibi, nozik his-tuyg‘u, sezim egasi bo‘lgan Ajiniyoz Sharq she’riyati an’analarini o‘rganish asosida qoraqalpoq she’riyatini badiiy-estetik jihatdan boyitgan, misralarga g‘aroyib, rang-barang badiiy shakl bag‘ishlagan, qoraqalpoq yozma adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan serqirra iste’dod egasidir. Uning asarlari to‘laligicha XIX asr qoraqalpoq she’riyatining gultoji hisoblanadi. Ajiniyoz ijodida vatan, vatanparvarlik mavzusi alohida o‘rin tutadi. Xalq tilidagi hikmatli iboralar, dilidagi oliyjanob tuyg‘ular, orzu-armonlar shoir qalamida charxlanib, noyob she’rlarga aylanadi:
Oshiq – yorsiz, bulbul – gulsiz,
Kiyik – cho‘lsiz, so‘na – ko‘lsiz,
Zevar aytur, yurtsiz, elsiz
Odam bir devona mengzar.
Hayotning achchiq-chuchugini tortgan, boshidan mushkul sinovlarni kechirgan Ajiniyoz el-yurtini, farzandlarini ogohlikka da’vat etadi. Vatan, el-yurt, sog‘lik-omonlik, tinchlik qadrini bilishga undaydi. Xalqona ohangdagi quyma misralar o‘quvchi yuragidan chuqur joy oladi:
Odam o‘g‘li hargiz g‘ofil bo‘lmasin,
Qizil guli g‘unchalanib so‘lmasin,
Oq yuziga sarg‘ish qayg‘u to‘lmasin,
Holi qiyin qanotidan qayrilsa.
Ajiniyoz she’rlarining tili boy. Xalq urf-odatlari, hayot tarzi, qadimiy an’analari mahorat bilan qalamga olinadi:
Qiz Mengesh, mol seniki, qalay etsang,
Kelmayman achchiqlanib qaytib ketsam.
Uchinsam, tuzalarman uch kun yotib,
O‘zingday keksa qizga uchuqlatsam.
Yosh bola shamollab, tobi qochganda, varaja qilib labiga uchuq toshganda qari kampir bolaning uchuq toshgan labini tishlab, go‘yoki, uchuqni “uzib” oladi, so‘ng bola kasaldan tuzaladi. Ana eski odat she’rda go‘zal ifodalangan. Shoir aytishuvda qiz Mengeshni mot qilgan.
Kuz bo‘lib, mezon tushsa, qaytar kiyik,
Merganlar kiyik ovlar cho‘qay kiyib.
Ushbu satrda berilgan “cho‘qay” so‘zi biz – bugungi avlod uchun notanish. “Chuqay” degani echkining terisidan ishlangan poyabzal. Uni kiygan ovchining oyog‘i tovushlari eshitilmaydi, ham turli tikanlardan, chag‘ir toshlardan saqlanadi.
Kam emasman qizil tilga Sherniyozdan,
Qo‘luzliq olib ketsam senday qizdan.
Oltindan haydari bor ul tug‘arsan,
Qo‘zi so‘yib, duo olsang Ajiniyozdan.
Bu satrda chorvador xalqning udumi ifodalangan. Qo‘luzliq – Mol so‘ygan qassobga go‘shtdan beriladigan mehnat haqi, qo‘l haqi, so‘yilgan so‘qimdan beriladigan ulush. Shoir chechanlik bilan qiz Mengeshga javob beradi, ayni paytda, mehringdan, sevgingdan menga ulush bergin, degan gapni ustalik bilan aytadi.
Shoir she’rlari o‘z ona tilida qayta-qayta nashr etilgan. Qo‘shiqlari, aytishuv, o‘lanlari xalq tilida doston bo‘lib ketgan. Nukusda o‘zbek tilidagi kitobi ham chop etilgan. Lekin shu paytgacha Ajiniyoz asarlarining to‘liq va mukammal tarjimasi o‘zbek tilida nashr etilmagan edi. Prezident qarori bilan shoirning bizga meros bo‘lib qolgan barcha asarlarining o‘zbek tilidagi nashri yaqin kunlarda ilk bora kitobxonlar qo‘liga yetib boradigan bo‘ldi.
Rustam MUSULMON,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q