Behbudiyning so‘nggi istagi


Saqlash
13:11 / 22.11.2021 2465 0

 

Tarixnavis adib, so‘z san’atkori va jamoat arbobi Sadriddin Ayniy tarixiy-badiiy asarlarida turkistonlik taraqqiyparvar olimlar, ma’rifatparvar qalamkashlar, umuman, o‘z davri ziyolilari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Bu jihatdan uning “Tarixi amironi mang‘itiyai Buxoro” (“Buxoro mang‘it amirlarining tarixi”), “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar”, “Qisqacha tarjimai holim” va “Esdaliklar” kabi asarlari alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Ayniy ehtirom ila yodga olgan zotlardan biri – atoqli dramaturg, shoir, noshir va ma’rifatparvar adib Mahmudxo‘ja Behbudiydir. Ayniy XX asr boshlarida Behbudiyning shaxsiyati, jadidchilik faoliyati va qarashlari, ilmiy merosi to‘g‘risida o‘ndan ortiq maqola yozgan va ular jamlansa 30–40 sahifali ixchamgina risola bo‘ladi.

 

Muallif Turkiston jadidlarining peshvosini bunday ta’riflaydi: “Behbudiy hazratlari ko‘rinishda g‘oyat mahobatlik va salobatlik edi. Ahvolig‘a voqif bo‘lmag‘an kimsa, mutakabbur deb gumon qilur edi. Lekin, haqiqatda muloyim suhbatlik, takallufsiz bir odam edi, o‘z moli haqida bo‘lsin, xalq moli bo‘lsin, iqtisodg‘a ko‘p rioya qilar va ijtimoiy ahvolimizning tuzalishi uchun iqtisodg‘a rioya qilishni birinchi shartlardan bilar edi. Shuning uchun to‘y va azalarg‘a bo‘laturg‘on isroflarni o‘zi butun tark qilg‘on va so‘zig‘a quloq solaturg‘onlarni ham tark qildirg‘on edi” (Sadriddin Ayniy. “Behbudiy hazratlari to‘g‘risida xotiralarim”. “Zarafshon”, 1922-yil 25-mart).

 

Maqolada qayd etilishicha, Ayniy Behbudiy bilan 1908-yili Buxorodan Samarqandga safar qilganida tanishgan. “Ushbu sayohatimizda mulla Abdulqodir Shakuriy, mullo Ismatullo Rahmatullozoda va bir qancha Samarqand ma’rifatparvarlari oqshom majlisi uchun bizni bir yerga chaqirg‘on edilar… G‘urubdan keyin va’da qilingan uyga borib, hozir bo‘lg‘onlar bilan tanishgandan so‘ngra ushbu mahobatlik odam Mahmudxo‘ja, yosh bola uning o‘g‘li Mas’udxo‘ja bo‘lib chiqdi. Tabiiy, ushbu majlisning guli Mahmudxo‘ja edi. Bu kecha Mahmudxo‘ja ko‘pincha fanniy masalalardan so‘z chiqarib, ko‘kdan, oydan, yulduzdan, qisqasi, ul vaqtgacha biz eshitmagan narsalardan ko‘pgina so‘yladi. Yarim oqshomlarda majlis bitdi. Mahmudxo‘ja o‘z o‘g‘li Mas’udxo‘jani otig‘a mingashtirib ketdi. Mana bu Mahmudxo‘ja hazratlarini birinchi ko‘rishimiz va tanishimiz bo‘ldi”, deb xotirlaydi adib.

 

1912-yilning kuzida Behbudiy do‘stlarini yo‘qlab Buxoroga keladi. O‘shanda u Ayniyning Ko‘kaldosh madrasasidagi hujrasida mehmon bo‘ladi. Xotira-maqolada bu safar xususida quyidagi satrlarni o‘qiymiz: “Xoja Bahouddin turbati atrofida soling‘an qabatma-qabat masjidlarni ko‘rib ko‘p qizdi. “Namoz uchun bir yerda bir masjid va bir supa kifoya qilar erdi. Boshqa masjidlarni o‘rnig‘a maktab solinib, bunda yig‘ilgan faqir va yo‘qsullarning bolalarini o‘qitsalar edi, shuncha safil kimsalar o‘rnig‘a o‘z kunini o‘zi ko‘raturg‘on bir to‘da faol odamlar yetishar edi”, dedi. Amir Doniyol madrasasining xarobalarini ko‘rib g‘oyat xafa bo‘ldi. Xalqning bor-yo‘g‘ini yegan bilan to‘ymasdan o‘z bobolaridan qolg‘on vaqflarin har tomon musodara qilib, madrasalarini qabristonga aylantirib tashlag‘an amirlarga la’nat o‘qidi”.

 

1917-yil aprel voqealaridan keyin Ayniy Buxorodan Samarqandga ko‘chib ketadi. Bir muddat siyosatdan chekinib, ilmiy-adabiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. U aynan Behbudiyning sa’y-harakati bilan tashkil etilgan “Zarafshon”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Hurriyat”, “Shu’lai inqilob”, “Tayoq”, “Bolalar yo‘ldoshi” kabi gazeta-jurnallarda maqolalar chop ettiradi. “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining tarjima va tahrir ishlarida bir muddat Saidrizo Alizoda, Muhammadjon Yusufiy, Qori Muhammadrahim Toji, Sadriddin Ayniy afandilar xizmat etdilar. Bularning ichida birinchi darajada uzun muddat ishlagan kishi, shubhasiz, Ayniy afandi edi”, deya shohidlik beradi Hoji Muin (Samarqand matbuotining tarixi. Tanlangan asarlar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2005. 123-bet).

 

Ayniy Samarqandda muallim bo‘lib yurgan kezlar Behbudiy uning maktabiga ko‘p marotaba kelgan, tolibi ilmlarga mav’iza qilgan. 1919-yil fevralda Toshkentga borib kelgan Behbudiy safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashmoq istagida Samarqand muallimlarini yig‘ishni buyuradi, ammo xastaligi bois majlisga kelolmaydi. O‘sha kezlar ikki ma’rifatparvar ko‘chada uchrashib qoladi. “Mana bu oxirgi ko‘rishishimiz bo‘ldi. Oradan bir necha kun o‘tar-o‘tmas safarga chiqub ketganligini ham shul safarda Qarshi shahrida shahid bo‘lg‘onini eshitib, hayrat va hasratda qoldim”, deb yozadi tarixnavis adib.

 

Behbudiy 1919-yil 25-martda Qarshida o‘ldirilgan. Hoji Muin “Mufti Mahmudxo‘ja hazratlarining qanday shahid bo‘lg‘onlig‘i va aning tomonidan yozilg‘an vasiyatnoma” maqolasida ma’lum qilishicha, fojiadan uning shogirdlari va yaqin do‘stlari 1921-yil martda xabar topgan. Adabiyotshunos olim Naim Karimov esa manbalarni tadqiq etib, bunday xulosaga keladi: “Fitrat, Cho‘lpon va Ayniyning Behbudiy vafotiga bag‘ishlagan she’rlari 1920-yili yozilgan. Demak, aytish mumkinki, Behbudiyning sodiq do‘stlari va izdoshlari ustoz halok etilganidan bir yil o‘tgach, 1920-yilning aprel oyida xabar topganlar” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. To‘ldirilgan va tuzatilgan 3-nashri. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2006. 257-bet).

 

Ayniy “Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy va rafiqlarining o‘chlari olindi”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida”, “Mufti Mahmudxo‘jaga bag‘ishlab”, “Mahmudxo‘ja va rafiqlarining musibati”, “Buyuk motam kuni” kabi maqolalarida sirli qotillik tafsilotlariga to‘xtaladi. Xususan, “Buxoro axbori” gazetasida “Musofir” taxallusida e’lon qilgan maqolasida bunday yozadi: “Turkiston yosh fikrlilarining otasi bo‘lg‘on samarqandlik mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy afandi o‘zining rafiqlari Muhammadqul va Mardonqul o‘rtoqlar bilan birgalikda 1919-yil mart oyida zolim amirning qonxo‘r beklari tarafidan Qarshi shahrida o‘ldirilib, butun Turkiston jadid va maorifparvarlarini ulug‘ va  qattig‘ musibatga uchratqon edi. Ushbu musibat ta’siri bilan 1920-yil aprel oyida Samarqand shahrida umum xalq tarafidan amirga qarshi katta namoyish hozirlanib, zolimlarga jazo berilishi talab qiling‘on edi” (Musofir (Ayniy). Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy va rafiqlarining o‘chlari olindi. “Buxoro axbori”, 1923-yil 3-oktyabr).

 

1920-yil noyabrida Behbudiy vafotini taftish etish bo‘yicha yetti kishidan iborat komissiya tuziladi. Komissiya a’zolari zimmasiga Qarshiga borib, marhumning qabrini hamda qotillarini topish vazifasi yuklanadi. “Lekin u vaqt Qarshi hukumat doirasida ega va sohibnufuz bo‘lib o‘lturg‘on zot Og‘alik edi, – deb yozadi Ayniy. – Amir vaqtida ham hukumat eshigining sohibnufuzi shul Og‘alik mazkur shahidlarning o‘ldirilishlariga sababchi o‘zi bo‘lg‘onlig‘i uchun Behbudiyning qabri ham topilmadi, o‘ldurguchilar ham yuzaga chiqmadi. Samarqanddan komissiya bo‘lib borg‘on o‘rtoqlar Qarshi shahrining hukumat boshida o‘ltirg‘on odamlardan ma’yus bo‘lib keldilar. Mana bu kun haqiqat yuzaga chiqdi: Behbudiy va rafiqlarining o‘ldirilishiga sabab bo‘lg‘on va fuqaro hukumatining moliga xiyonat qilg‘on mazkur Og‘alik 19-sentyabrda hukumatimiz tarafidan otildi. Demak, Mahmudxo‘ja Behbudiy va rafiqlarining o‘chlari olindi”.

 

Manbalarga ko‘ra, Behbudiy o‘limi arafasida izdoshlariga vasiyatnoma yozib qoldirgan (unda Siddiqiy, Fitrat, Akobir Mahdum, Vadud Mahmud, Abdulqodir Shakuriy bilan birga Ayniyning nomi ham zikr etiladi). “Maorif yo‘lida ishlayturg‘on mualimlarning boshini silangizlar! Maorifg‘a yordam etingiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangiz! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingiz! Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatingiz!” deb xitob qiladi ulug‘ ma’rifatparvar so‘nggi maktubida (Hoji Muin. Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qanday shahid bo‘lg‘anlig‘i va aning tomonidan yozilg‘an vasiyatnoma. “Inqilob”, 1922-yil, 1-son).

 

Muxtasar aytganda, Ayniy qalamiga mansub xotiralar alloma Behbudiy shaxsini o‘rganish, uning qarashlarini tadqiq etishda qimmatli manba o‘laroq bugun ham ilmiy qimmatini yo‘qotmagan.

 

Farrux TEMIROV,

Buxoro davlat universiteti

tarix kafedrasi mustaqil izlanuvchisi

 

“Tafakkur” jurnali 2016-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16137
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi