Oyina.uzda maxsus ekspeditsiya: Chipor ot mingan Oqxon, boʻri terisidan tayyorlangan boʻrk – oʻzbeklarga oʻxshagan va oʻxshamagan xakaslar madaniyati (2-maqola)


Saqlash
21:26 / 09.08.2024 411 0

Xakas folklorini chetdan turib oʻrganish yoki tavsiflash mumkin emas. Chunki, xakaslarning tili kabi folklori ham oʻzgacha bir ruh bilan sugʻorilganki, bu ruhiyatni boshqa turkiy oʻlkalarda topish mushkul. Shu paytgacha men xakas eposlarini rus tilidagi tarjimalari orqali boʻlsa ham tushunishga harakat qilganman, ammo natija boʻlmagan. Xakasiyada boʻlganimizda “Ulger”(Hulkar) folklor ansamblining rahbari Ayjariq Sayin Kuchen bizga xakas folklorining mohiyatini tushuntirib berdi. Unga koʻra, xakas folklori boshqa turkiylarning folkloridan farq qiladi. Xakaslar maqolni qipchoox, topishmoqni tapchang yoki sispek, ertakni nimax, dostonni – aliptix(alp soʻzidan) nimax deb atashadi. Xakas folklorida taxpax deb ataladigan boshqa bir janr ham bor va u asosan toʻrtlik shaklida tuzilgan badiha shaklida ijro etiladi.

 

Xakaslar baxshilarni xayji deb atashadi va bu oʻzbekcha kuychi soʻzining buzilgan shaklidir. Dostonlar aytoladigan va ularning yangi variantlarini yarata oladiganlarni xayji-nimaxji(kuychi dostonchi) deb atashadi va ular ham kompozitor, ham mashshoq, ham shoir, ham ijrochi sifatlarini oʻzida jamlagan boʻladi. Ular orasida Semyon Kadishev, Moisey Bainov, Petr Qurbijekovlar xakas dostonchilik maktabining asoschilari sanalishadi. Yangi davrda dostonchilikni saqlab kelayotgan xayjinimaxjilarning eng koʻzga koʻringani “Ӱлгер” folklor ansamblining rahbari Ayjariq Sayin Kuchen va uning shogirdlari Tagir Asachax, Mirgen Irgitlar sanaladi.

 

 

Xakas aliptix nimaxlari yaʼni dostonlaridan yuzlab namunalar saqlanib qolgan. Aymergen, Aydolay, Altin Toychi, Altin Chus(yuz), Qora toʻriq ot mingan Qoraxon(Xara toro attih Xaraxan), Chipor ot mingan Oqxon(Ax pora attigʻ alip Axxan), Koʻkxon dostonlari alohida ahamiyatga molik. Ular orasida Qoraxon, Oqxon, Koʻkxon dostonlarining nomlari Oʻgʻuzxon davri qahramonlarini eslatadi. Oqxon – “Aq pora attigʻ alip Aqxan” nomidagi “Aq pora” oltoy Alp-Manashida Aq boro yaʼni oq-koʻk ola rangni bildiradi. Bu esa Alpomishning oti Boychiborning rangidir.

 

Xakaslarning musiqasi va musiqiy cholgʻu asboblari ham oʻzgacha. Ular orasida chatgʻan (xak. chadыgʻan) deb ataladigan koʻp torli chertib (noxunsiz) chalinadigan asbob oʻzbek changiga oʻxshab ketadi, ammo hajmi katta va qoʻl bilan chalinadi. Uning ot yolidan tayyorlangan torlari 3 tadan 14 tagacha boʻlishi mumkin. Asbobning ovozi korpusi bilan torning orasiga joylangan suyak – oshiqni harakatlantirish hisobiga sozlanadi. Chatgʻan ikki tizzaning ustiga qoʻyib yoki bir uchi yerga qoʻyib oʻtirgan holatda chalinadi.

 

 

Pirgʻi (burgʻu) – xakaslarning puflab chalinadigan cholgʻu asbobi boʻlib, uzunligi 50–70 sm. Uning yarmi konussimon, qolgan qismi silindrsimon qilib ishlanadi. Pirgʻi qayragʻoch kedr yogʻochidan tayyorlanadi. Chalganda urgʻochi Sibir boʻgʻusining ovozini chiqaradi. Shuning uchun uni xakaslar ovda erkak boʻgʻularni avrab chaqirish uchun qoʻllashgan. Xakaslarda doʻmbirasimon asbob xobis deb atalarkan. Xakas nayi esa xobirax, deyiladi. Bundan tashqari ular daf(dovulbaz) va boshqa turli hayvonlarning tovushlarini chiqaradigan sodda asboblardan ham foydalanishadi[9]. Maqollar – qipchooxlar xakas folklorining asosini tashkil qiladi. Maqollar bolalarni va yoshlarni yurtiga va xalqiga sadoqatli qilib tarbiyalash, yigitlarda botirlik, joʻmardlik, qizlarda ibo, hayo kabi axloqiy fazilatlarni shaklantirishda muhim oʻrin tutadi. Tabiiyki, oʻrmon va taygʻaning egasi boʻlgan xakaslarning maqollarida ovchilik va ov(xakascha ang) bilan bogʻliq mavzular koʻp uchraydi:

 

Аннабазан азыран полбассын

(Ov qilmasang omon qolmassan)

 

****

Аңҷы кiзi ачын полбаҷан

(Ovchi kishi ochkoʻz boʻlmagay)

 

Boshqa turkiylar kabi xakaslarda ham maqollarning asosiy qismini yaxshilik va yomonlik mavzulari egallaydi:

 

Чабанын, ахсына чағ чарабаан

(Yomonning ogʻzi yogʻ yalamas)

 

****

Чабан тилге тас таа чарылган

(Yomon til(soʻz)ga tosh ham yorilar)

 

 

Umuman olganda maqollarda xakaslarning hayoti, turmush tarzi aks etadi:

 

Пабаның ибі истіг, iӌенің ибі паарсах

(Otangning uyi issiq, onangning bagʻri yumshoq)

 

****

Ағасты пір хати саап аңдар полбассың

(Daraxtni qattiq bir urib agʻdarolmassan)

 

***

Кӱс сағысха алдырӌаң

(Koʻz aqlni aldaydi)

 

***

Астаан кізее алтын кирек чогыл

(Och kishiga oltinning keragi yoʻq)

 

****

Аңнап парчатсаң чолдаң айланма

(Ovga borayotgan boʻlsang yoʻldan qaytma)

 

****

Ат ӧлзе изері халар

(Ot oʻlsa ham egari qolar)

 

****

Тангдагызы тангда пiлдiрер, танг атса коршер

(Ertagini tongda bildirar, tong otsa koʻrarsan)

 

****

Харам кизинен алымны харагай пурi туссе аларзин

(Qurumsoq kishidan qarzingni qaragʻayning bargi yerga tushsa olarsan)

 

****

Суга юргелекте, одш суурба,

Тага сыххалахта, таях таянма

(Suvdan yurgan boʻlsang etiging yechma,

Toqqa chiqquningcha tayoqqa tayanma)

 

****

Хойнинг табизиннан пасхази прай кирекка парча

(Qoʻyning maʼrashidan boshqa hamma narsasi roʻzgʻorga kerak boʻladi)

 

Xakaslarning turmush tarzi koʻproq ovchilik va chorvachilik bilan bogʻliq. Shuning uchun oshxonasining asosiy qismini oʻrmon, asalarichilik hamda chorvachilik mahsulotlari va ulardan tayyorlangan taomlar tashkil qiladi. Ularning koʻpi bizga tanish: Ayran(ayron), talgʻan(talqon), potxi(boʻtqa), ugre(ugra osh), chalbax(chalpak), pizilax(pishloq), koche(goʻja), pocha(boʻza), xurut(qurut), poorzoox(boʻgʻirsoq) va hakozo. Xan(qon) yaʼni qondan tayyorlanadigan xasip xakas oshxonasining sevimli taomlaridan biri. Shuningdek, xarban deb ataladigan shoʻrva, xayma(xakascha qazi), togʻramchi(kalla-pocha), koptirges(koʻpgan xamirdan lochira), tutpas(xakascha chuchvara) ham sevib isteʼmol qilinadi.

 

 

Liboslar milliy madaniyatning eng muhim elementi sanaladi. Unda millatning hunarmandchilik sanʼati, milliy bezaklarning betakror namunalari aks etadi. Xakas milliy libosi boʻyicha mutaxassis Raisa Abdinaning “Хакастардинг кибирлиг културазинда националнай қип-азах (Xakaslarning anʼanaviy madaniyati milliy libos)” nomli kitobida bu haqda muxtasar va mukammal maʼlumotlar berilgan[10].

Xakaslarning ustki liboslari ton(toʻn) deb ataladi. Toʻnlarning teri toʻn, kiis(kigiz) toʻn, xirna(qirib tozalangan teri) toʻn, talbax(sigir terisidan) toʻn, kis(susar) toʻn, torgʻi(ipak bilan qoplangan) ton, sikpen(movut bilan qoplangan) ton, plis(baxmal bilan qoplangan) ton kabi turlari bor. Xakasiya hududlari iqlimi sovuq va keskin oʻzgaruvchan boʻlgani uchun toʻnlar turli sharoitlarga moslangan. Ular qishda yoki yozda, yomgʻirda yoki quruq kunlarda, bayram va toʻylarda kiyilishiga qarab alohida bichimda tikilgan. Toʻnlar yengsiz, yengli, uzun, qisqa (belgacha), yengil yoki ogʻirligi, rangi va sifatiga qarab ajratilgan. Ayollarning toʻnlari, ayniqsa, kelin va qudagʻaylarning toʻnlari juda chiroyli bezaklar bilan bezatilgan.

 

 

Xakaslar koʻylakni koʻganak deb atashadi. Koʻganaklar ir koʻganak (erkaklar koʻylagi) va ipchi koʻganakka(ayollar koʻylagi) boʻlinadi. Bu yerda ir – er, ipchi – ev kishisi yaʼni ayol maʼnosini anglatadi. Ir koʻganaklar belgacha yoki tizzagacha tushib turgan va turli yorqin rangdagi matolardan tikilgan. Ipchi koʻganaklar etagi yerga tegib turadigan darajada uzun, koʻproq gulli matolardan tikilgan.

 

Xakaslar bosh kiyimlarni poʻrik (boʻrk), deb atashadi. Xakas tilida boʻri – puur. Maʼlumki, turkiylar qadimda bosh kiyimlarni boʻri terisidan tayyorlagan va shuning uchun uni boʻruk, deb atashgan. Poʻriklarning yozgi (чайғы) va qishgi(хысхы) turlari boʻlgan. Ular koʻpincha boʻri, tulki, quyon, qunduz, suvsar hamda barra qoʻzining terilaridan tikilgan. Shuningdek, kigiz (kiis poʻrik) yoki jun (tuk poʻrik) matolardan ham boʻrk tikilgan. Xakas ayollari ham boʻrk kiyishgan, biroq ularning shakli biroz nafisroq ishlangan.

 

Ayollar bosh kiyimi asosan turli hajmdagi roʻmollardan tarkib topgan. Xakaslarda roʻmol soʻzining turkiychasi unutilgan shekilli, lugʻatga plat shaklida qabul qilingan. Ammo, shevalarda archol shakli ham bor[11]. Xakas roʻmollarining saal(shol) va xil/qil(jun) roʻmol kabi turlari bor. Ayollar roʻmol ostidan “tagʻayax” deb ataladigan aylana doʻppiga oʻxshash bosh kiyimini kiyishgan. R. Abdiananing taʼkidlashicha, tagʻayax soʻzi tatarlar orqali oʻzlashgan arabcha “taqiyya”ning oʻzgargan shakli boʻlishi mumkin[12]. Ayni bosh kiyimini boshqa turkiy xalqlarning ayollari ham kiygan va ularni salla deb atashgan.

 

 

Xakaslar oyoq kiyimni maymax(maymoq) yoki oʻduk(etik) deb atashadi. Tayga va Sibir hududlarining iqlimi sovuq, yozi ham yomgʻirli boʻlgani uchun xakaslar koʻproq etiklardan foydalanishgan. Toʻpiqdan past kiyiladigan oyoq kiyimlari esa asosan uy ichi va hovlida kiyilgan. Xakaslarda etikning koʻn (ishlov berilgan teri), koʻlboʻs(yovvoyi echki terisi), pisxax(yirik hayvonlarning oyoq terisi), sagʻir(ot sagʻrini), sazan(yumshoq teri), tim(ayollar oyoq kiyimi uchun yuqori sifatli teri), talbax(ishlov berilmagan teri), tuup(oshlangan teri), xara(qoraga boʻyalgan teri), xatigʻ(qattiq teri), kigiz va boshqa turli matolardan tikilgan oʻnlab turlari bor. Bolalar etigi yoki boshmoqcha koʻpincha oʻta yumshoq teridan yoki kigizdan tikilgan. Ayollar va erkaklarning bayramona etiklariga koʻproq oʻsimlik gulli bezaklar berilgan.

 

Liboslar va ularning qismlari, hamda taqinchoqlarining xakas va oʻzbek tilida solishtirma jadvali:

 

Xakascha

Oʻzbekcha

Oʻzbek shevalarida

 

тон

toʻn

 
 

устун чапчан

ustki yopinchiq

 
 

тўзек-частих

toʻshak yostiq

 
 

киис

kigiz

kiyiz

 

кўгенек

koʻylak

koʻgan

 

морқам

qadama yeng

qaytarma yeng

 

ээн/ингмен

yelkapoʻsh

qadimda:kiyim yelkasiga taqilgan bezak

 

кўбее

jiyak, uqa

chiroz

 

хузуруғ

xotin-qizlar koʻylagining uzaytirib tikilgan orqa etagi

quyruq

 

обирчи

jiyak

chiroz

 

мойиндириғ

yoqa

boʻyinturugʻ maʼnosidan

 

идег

etak

koʻylakning etagi

 

паар

ayollar koʻylagining ol kesimi

bagʻir, bovur

 

сиинчах

qiyiq

zulfak

 

чииринди

burma

jirindi

 

холтих

qulfak, xishtak, (koʻylakning qoʻltigʻiga boshqa rangdagi materialdan solingan parcha).

 
 

истан

ishton

shalvar

 

чайғи

yozgi kiyim

 
 

хисхи

qishgi kiyim

 
 

арчол

roʻmol

 
 

Саал арчол

sholroʻmol

 
 

маймах

oyoq kiyimi

moymoq

 

чарқи

oyoq kiyimi

choriq

 

изирға

sirgʻa

 
 

пурба

boldoq

 
 

чустук

uzuk

 
 

пилектес

bilaguzuk

 
 

мончих

munchoq

 
 

поғо

koʻkrakpesh

boʻqoq

 

ингелдирик

igna igna qadab qoʻyiladigan yostiqcha

iyna ildirgich

 

пелбағ

belbogʻ

 
 

чипег

ip, kalava

ipak/jipak soʻzi bilan bogʻliq

 

марха

tugma

 
 

торғи

ipak

 

 

Ornamentlar xakaslar madaniyatining badiiy obrazi sanaladi. Unda millatning butun tarixi, buguni, kelajagi aks etgan. Ornamentlar asosan uch turda – geometrik, astral, oʻsimlik gulli va zoomorf mazmundagi bezaklardan tashkil topgan. Xakaslarning bezaklari qoyatoshlarga, meʼmoriy va boshqa yodgorliklar, xususan qoyatoshlar, balbaltoshlar, bitiktoshlarga, turli predmetlar, xususan ov va ish qurollari, kiyim-kechaklarga tushirilgan. Urugʻlarning tamgʻalari, tangrichilik dini aqidalariga koʻra koʻzdan asrovchi, himoya va omad keltiruvchi duolar aks etgan belgilardan ham ornament sifatida foydalanilgan.

 

Xakaslar ornamentida eng koʻp qoʻllaniladigani oʻsimlik gulli bezaklardir. Ular orasida azir, chaxayax xoozi, ibirki xoozi, chistek xoozi, purek, irgek kabi ornamentlar koʻp uchraydi. Azir – gulbarg. Ular ikki, uch yoki undan koʻp miqdorda boʻlishi ham mumkin. Chaxayax xoozi – gul koʻzi. Uni baʼzan quyosh guli ham deb atashadi. Irgek – toq sonli yaproqlardan tashkil topgan yelpigʻ gul. Irgek doim ornamentlar kompozitsiyasining markazini tashkil qilgan. Chistek xoozi ornamentida gulbargli mevalar tasvirlangan. Chistek mevaning xakascha nomini anglatadi. Purek – buyrak shaklidagi gul boʻlib, u shunday nomlansa-da, aslida unda “yaralish gʻoyasi” olma mevasining ichidagi urugʻ tasvirlangan.

 

 

Xakas ornamentlarida ranglar uygʻunligi alohida mazmun kasb etadi. Unda har bir rangning oʻziga xos maʼnosi bor: qizil rang – quvonch, goʻzallik, sevgi, toʻkis hayot; oq rang – poklik; koʻk rang – osmonning, suv, havo; yashil rang – yoshlik, yaralish; toʻq sariq rang – iliqlik, oltin, boylik; sariq rang – bugʻdoyning, kuzning, hosildorlik ramzi sanalgan[13]. Hunarmandlar ularni oʻz oʻrnida, vazifaviyligiga mos tarzda qoʻllay olishi chinakam sanʼat sanalgan.

 

Xakas ornamentlarida oʻsimlik gulli ornamentlarning koʻpligi ularning tabiatga boʻlgan muhabbatidan darak beradi. Zero, boshqa koʻplab turkiylarning bezaklarida zoomorf – qoʻchqor muyiz, baliq dum, tuya oʻrkach, quyon quloq, ajdar kabi elementlar koʻproq uchraydi[14].

 

Xulosa oʻrnida Xakaslar – turkiy el. Qipchoq emas. Ular Enasoy qirgʻizlarining avlodlari. Bunga koʻplab dalillar keltirilgan[15]. Xakaslar antropologiyasi mongoloid va yevropeoid, hamda ikki irqning qorishuvidan iborat. Koʻz tuzilishi sibir tatarlarinikiga oʻxshash. Ayrim xakaslar yuz tuzilishi Amerika hindularini eslatadi.

 

Ornamentlar tahlili shuni koʻrsatadiki, unda umumoltoy, umumturkiy elementlar ustunlik qiladi. Qipchoq ornamentlari kam. Tili qipchoq, qarluq va oʻgʻuz lahjalaridan farq qiladi va turkiy tillarning xakas tillari guruhiga kiradi. Xakas tilida 17 unli, 24 undosh tovushlar bor. Unlilarning talaffuzi boshqa lahjalarnikidan farq qiladi. Chunki koʻplab unlilar choʻzib talaffuz qilinadi. Grammatikasi sof turkiy. Leksikasida moʻgʻul va rus tilidan soʻzlar koʻproq oʻzlashgan. Arab va fors tillaridan soʻzlar oʻzlashmagan. Xakas tili oʻrxun-enasoy yozuvlari tiliga juda yaqin. Eng qizigʻi hozir ham xakaslarning juda katta qismi Enasoy yozuvlarini oʻqiy oladi.

 

Anvar BOʻRONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori


[9] Stoyanov A. Opisaniye xakasskix narodnыx muzыkalnыx instrumentov. Abakan, 1985.

[10] Abdina R.P. Natsionalnыy kostyum v traditsionnoy kulture xakasov. – Abakan: Xakasskoye knijnoye izdatelstvo. 2018. – 96 str.

[11] Archol – archmoq oʻzagidan hosil boʻlgan. Oltoy tilida archuul shakli bor.

[12] Abdina R.P. Natsionalnыy kostyum v traditsionnoy kulture xakasov. – Abakan: Xakasskoye knijnoye izdatelstvo. 2018. – S 54.

[13]

[14] Kыzlasov L.R., Korol G.G. Dekorativnoye iskusstvo srednevekovыx xakasov, kak istoricheskiy istochnik”. ‒ M. “Nauka”, 1990. 224 s.

[15] Potapov L. P. Xakasы // Narodы Sibiri. — M.-L., 1956. — S. 376—419. — S. 384.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

12:02 / 05.02.2025 0 513
Hind yig‘isi

Ta’lim-tarbiya

17:02 / 03.02.2025 0 462
O‘zbek bog‘cha qidirgan tarbiyachi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24359
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//