Butun dunyo diqqat-markazida boʻlgan Olimpiada-2024 oʻyinlari sportchilar bellashuvidan tashqari, kutilmagan, taʼsirchan va tarixiy voqealarga ham boy oʻtmoqda. Masalan, vujudida 7 oylik homilasi bilan qilichbozlik oʻyinlarida ishtirok etish mumkinligini tasavvur qilolasizmi? Oʻyinga farzandining oʻyinchogʻi bilan chiqqan sportchini-chi, eshitganmisiz? “Oyina.uz” Parij-2024 oʻyinlaridagi eʼtiborga molik holatlar bilan boʻlishadi.
Qirgʻizistonlik sportchilarga bosh boʻlgan oʻzbekistonlik trener
Olimpiada-2024 oʻyinlaridagi boks bahslarida Qirgʻiziston sharafini himoya qilayotgan Munarbekning murabbiyi viza va akkreditatsiya ololmagani uchun Fransiyadagi yirik turnirga borolmagan. Bundan xabar topgan oʻzbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov qoʻshni qirgʻizistonlik bokschiga sekundantlik qilgan. Sportchi esa mamlakat boks tarixida ilk bor Olimpiada yarim finaliga yoʻllanma olgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda bellashuvni uyida kuzatib, shogirdining gʻalabasidan xursandchilik koʻz yoshini toʻkayotgan qirgʻizistonlik murabbiyning videolari, shu bilan birga, oʻzbekistonlik murabbiyning qoʻshni mamlakat sportchisiga sekundantlik qilayotgan jarayoni tarqaldi. Ushbu holat tarmoq foydalanuvchilari orasida keng olqishga sabab boʻlib, qoʻshni-qardosh xalqlar shunday ogʻir vaziyatlarda bilinishi taʼkidlangan va oʻzbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov sharafiga koʻplab minnatdorchiliklar bildirilgan. Koʻrsatilgan yordam esa “Markaziy Osiyo birodarligi” deya eʼtirof etilgan.
Ruhiy zoʻriqishlar bilan erishilgan gʻalaba
Shpaga boʻyicha jamoaviy bahslarda bellashgan polshalik qilichboz Aleksandra Yaretskaya gʻoliblikka erishish uchun nafaqat jismonan, balki ruhan toliqishga ham majbur boʻldi: oʻyinlarda avvaliga unga xatolik bilan ortiqcha ball hisoblandi. Hakamlar bu xatoni xitoylik qilichboz hisobni tenglashtirilganidan keyin payqagach, Aleksandradagi ball xitoylikka qaytarildi. Shundan keyin raqib oldinga chiqib oldi. Bu holat polshalik sportchiga ruhiy zarba boʻlsada, uni taslim qilmadi. Yaretskaya soʻnggi soniyalarda hisobni tenglashtirdi, overtaymda esa birinchi boʻlib zarba berdi va jamoasi uchun bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Maxsus moslamalarsiz nishonga urgan sportchi Ilon Mask bilan uchrashadi
Turkiyalik 51 yoshli Yusuf Dikech nishonga otish sportida ishtirok etish uchun hech qanday maxsus koʻzoynak, quloqchin va boshqa moslamalarsiz gʻalabaga erishdi. Yusufning bir qoʻli choʻntakda, ikkinchi koʻzini ham yummasdan shunchaki tepkini bosib, nishonga urishi tarmoq foydalanuvchilarini hayratga soldi. Uning oʻyin jarayonidagi video va suratlari tarmoqlarda keng tarqab, turli memlarga sabab boʻldi. Tarmoq faollari “Turkiya Olimpiadaga killer yubordimi?” deya uni filmlardagi aktyorlarga taqqosladilar. Eng qizigʻi, sportchi X ijtimoiy tarmogʻida amerikalik milliarder, kosmik kemalar ishlab chiqaruvchi SpaceX kompaniyasi asoschisi Ilon Maskni Istanbulda uchrashishga taklif qildi va bu taklif javobsiz qolmadi:
“Salom, Ilon! Nima deb oʻylaysan, kelajakdagi robotlar Olimpiya oʻyinlarida qoʻlini choʻntagiga solib, medal yutoladimi? Qitʼalarni birlashtiruvchi madaniy poytaxt Istanbulda shu masalani muhokama qilishga nima deysan?”
Ilon Mask esa Yusufning tvitiga shunday izoh qoldirdi:
“Robotlar har doim nishonning aniq markaziga uradi. Istanbulga borishni intiqlik bilan kutaman. Bu dunyoning eng buyuk shaharlaridan biri”.
Sport siyosatdan ustun kelgan holat – Janubiy va Shimoliy Koreyalik sportchilar tarixiy kadrni suratlarga muhrladi
Parij-2024 da stol tennisi boʻyicha aralash juftliklar oʻrtasidagi bellashuvda Shimoliy Koreya kumush, Janubiy Koreya esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Oltin medal boʻlsa, Xitoy jamoasiga nasib qilgan. Turnirning taqdirlash marosimidan keyin Janubiy va Shimoliy Koreya tennischilari birgalikda jamoaviy suratga tushdi. Ushbu tarixiy surat kamdan-kam uchraydigan holatni ifodalagan.
Yahoo nashrining yozishicha, ikki mamlakat oʻrtasidagi nizolar soʻnggi vaqtlarda eng yuqori nuqtasiga yetgan: Yadro quroliga ega Shimoliy Koreya Janubiy Koreyani bu yil oʻzining asosiy dushmani deb eʼlon qilgan.
Kino qahramonlaridek oʻq uzgan Kim Ye Dji
Janubiy Koreyadan boʻlgan 31 yoshli Kim Ye Dji Olimpiada oʻyinlarida ilk bor ishtirok etdi. Sportchi JCH-2024 da oltin medalni qoʻlga kiritgan boʻlsada, u haqda koʻpchilik bilmagan. Olimpiada oʻyinlaridagi chiqishdan keyin esa Kim Ye Dji dunyoga tanildi.
Kim Ye Djidagi sovuqqonlik va oʻzgacha uslub dunyo boʻylab muxlislarning eʼtiborini tortdi. U xuddi Djon Uik filmi qahramoniga oʻxshardi. Uning surati turli moda nashrlari, jumladan, GQ va Glamourʼdan joy oldi. Kim Ye Djini muxlislari unga filmlarda rol ijro etish taklif qildi. Hatto, Ilon Mask ham shunday fikrda ekanini bildirdi:
“U jangovar janrdagi filmlarda chiqishi kerak. Unga hatto, aktyorlik ham kerak emas”, – deb yozadi Twitterʼda.
Bu orada tomoshabinlar Kim Ye Djidagi yana bir detalga diqqatini qaratdi: sportchi oʻyinga kamariga ilingan oʻyinchoq bilan chiqqan. Maʼlum boʻlishicha, fil shaklidagi bu oʻyinchoqni Kim Ye Djinning qizi sovgʻa qilgan boʻlib, sportchi unga omad tumorchasi sifatida qaraydi.
7 oylik homila bilan maydonga tushgan qilichboz
Misrlik qilichboz Nada Xafez Olimpiada-2024 oʻyinlarida ishtirok etish uchun homiladorligini yashirgan.
Nada Xafez Olimpiadadagi chiqishini yakunlagach, vujudida yetti oylik homilasi borligini maʼlum qilgan. U turnirdan keyin shunday post yozadi:
“Agar bellashuv maydonida 2 kishi boʻlgan, deb oʻylagan boʻlsangiz adashasiz. Aslida, 3 kishi edi. Bu men, mening raqibim va hali dunyoga kelmagan farzandim! Farzandim bilan ham jismoniy, ham ruhiy tomonlama ozmuncha qiyinchilik boʻlmadi. Homiladorlik vaqtida Amerikancha attraksionda uchish oʻzicha qiyin, lekin hayot va sport oʻrtasidagi muvozanatni saqlash boshqa daraja. Lekin harakatlarning barchasi bunga arzirdi. Men omadliman, chunki meni turmush oʻrtogʻim va oilam bu yoʻlni bosib oʻtishimda qoʻlladi”.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻyinga qadar bu haqda hatto, uning murabbiyi ham bilmagan. Parij-2024 Nada Xafezning Olimpiada oʻyinlaridagi 3-ishtiroki boʻldi. Bundan avval sportchi Rio va Tokiodagi oʻyinlarda ham ishtirok etgan.
Yugurish yoʻlakchasidagi siyosiy aksiya