
Debocha
Xongirey va Zarema ismi koʻpchilikka Pushkinning “Bogʻchasaroy fontani” dostoni orqali tanish. Gʻussali tarix, hazin hikoya! Asarni otashnafas shoirimiz Usmon Nosir oʻzbek tiliga tarjima qilgani gʻussani yanada kuchaytiradi. Qrimdagi favvora juvonmarg boʻlgan muhabbatgaginamas, yoshligi qamoq va surgunda xazon etilgan Usmon Nosir, mashʼum qatagʻonda qatl qilingan millat oydinlari, jadidlarimiz, davlat arboblari uchun ham koʻzyosh toʻkayotgandek tuyuladi. Xongirey nomi oʻzbek adabiyotiga ham begona emas. Yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” romani personaji – oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillari Maskovda faoliyat olib borgan jinoiy toʻda rahbari oʻziga shu laqabni oladi.
Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan Xongirey esa 1930-yillarda repressiya tuzogʻiga ilingan qrimtatar knyazidir. Uning taqdiri ham davr va tuzum evrilishiga shohid boʻlgan yuz minglab zamondoshlariniki kabi gʻoyatda chigal, chalkash. “Taqdir-u tasodiflar shamoli” (adabiyotshunos Bahodir Karim taʼbiri) bir-biri bilan uchrashmogʻi dushvor boʻlgan kishilarni yuzma-yuz qiladi, biri boshqasining taqdiriga yo ijobiy, yo salbiy yoʻsinda taʼsir koʻrsatadi. Alhol, “Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi” deganlari rost.
Rus yozuvchisi Varlam Shalamovning “XanGirey” hikoyasini mutolaa qilganimdan keyin (“Рукописи не горят”. Из антологии русской прозы ХХ века. Москва, “Молодая гвардия”, 1990) shu vaqtgacha yurtimiz tarixining eng qonli davrlari – xonliklarning tugatilishi, milliy ozodlik hamda jadidlik harakatlari, qatagʻon davriga oid oʻqiganlarimdan qolgan xotiralar xuddi ohanrabo atrofiga yigʻilgan maʼdan parchalari kabi bir joyga jam boʻldi. Bitiklarimizda tadqiqot unsurlari oz-moz boʻy koʻrsatsa-da, uni tom maʼnoda tarixshunoslik deb daʼvo qilish fikridan yiroqmiz. Sirasi, buni ilmiy asar sifatida emas, balki bir adabiyotchi yozarmanning qoralamalari deb qabul qiling, aziz mushtariy. Yozuvchi Aleksandr Dyuma taʼkidlaganidek, “Tarixiy faktlar oʻtmish devoridagi mixlardir va men ularga oʻz suratlarimni ilib chiqaman”.
Gʻaroyib va gʻarib taqdir sohibi
Shoʻro davlati 1930-yillar qatagʻonigacha ham “tozalash” tadbirlarini oʻtkazgan, ulardan omon chiqqanlar yoki kichikroq jazo bilan qutulib qolganlar “katta tozalash”da baribir qatl mashinasi domiga tushgan. Ulugʻ adibimiz Abdulla Qodiriyning fojeiy qismati bunga misol. Aslzoda xonadon vakili Xongirey (1882 – 1938) ham bir necha bor qatagʻonga uchragan gʻaroyib va gʻarib taqdir sohibidir.
“Aleksandr Aleksandrovich Tamarin-Mireskiy aslida na Tamarin, na Mireskiy edi. U Nikolay Ikkinchining ayonlaridan boʻlmish tatar knyazi Xongireydir. General Kornilov 1917-yilning yozida shohga taxtini qaytarib olib berish uchun Petrogradga yurish qilgan chogʻida Xongirey hukmdorga oʻta sadoqatli Qofqozdagi harbiy qismlar – Yovvoyi diviziyaning shtab boshligʻi edi. Kornilov Maskov ostonasida tor-mor qilingach, Xongirey gʻirt bekorchiga aylandi. Keyinroq general Burisilovning daʼvatiga koʻra Qizil armiya safiga qoʻshildi va qilichini kechagina doʻst boʻlgan safdoshlariga qaratdi. Ayni shu vaqtda Xongirey gʻoyib boʻlib, oʻrnida otliq kavaleriya komandiri Tamarin paydo boʻldi. U fuqarolar urushida ishtirok etdi. Keyin esa oʻziga biriktirilgan harbiy qism bilan “bosmachilar”, Anvar poshoga qarshi janglarda mustaqil ravishda qatnashdi. “Bosmachilar” tor-mor etiladi, deyarli asirga olingan Anvar posho esa qandaydir moʻjiza bilan Buxoro yaqinidagi qumli biyobonga qochib ketadi. Oradan birmuncha muddat oʻtib, yana oʻz jangchilari bilan muhorabaga kirgan vaqti halok boʻladi. Shu tariqa Sovet Rossiyasiga gʻazovot eʼlon qilgan isteʼdodli siyosatchi, lashkarboshi hayotiga nuqta qoʻyiladi.
Anvar posho va uning sheriklari har tarafdan oʻrab olingan vaqti qochishga muvaffaq boʻlgan edi. Bu holat yuzasidan oʻtkazilgan tergov Tamarinni gumondor deb topdi. U aybsizligini isbotlab bergan esa-da, baribir Anvar posho koʻzga koʻringan arbob edi. Tamarin isteʼfoga joʻnatildi, buguni va istiqbolidagi jamiki imtiyozlardan mahrum oddiy odamga aylandi-qoldi. Koʻchaga quvilgan Tamarinning eski koʻngilochar mashgʻuloti – adabiyot bilan shugʻullanishga vaqti bisyor edi. Endi u Mireskiy taxallusi ostida gazetalarda adabiy esselar chop etib tirikchilik yurgiza boshladi. Hayoti izga tusha boshlagan pallada Anvar poshoning qochishiga doir tergov ishi qaytadan koʻrildi. Tamarin yana soʻroqqa tortildi. Aybini boʻyniga olganida jazo yengilroq boʻlarmidi… 1928-yili u uch yillik qamoqqa hukm qilindi…” (V. Shalamovning “Xongirey” hikoyasidan)
Yozuvchi Varlam Shalamovning (1907 – 1982) oʻzi ham ikki marta qatagʻon qilingan, besh yil umri Shimoliy Ural, oʻn yetti yillik umri Kolima lagerlarida kechgan. Adib tutqungohda Xongirey bilan uchrashib suhbatlashadi. Keyinroq unga bagʻishlab hikoya yozadi. Qiziq, qrimlik Xongirey va istanbullik Anvar posho qachon, qayerda, qay tariqa uchrashib qolgan?..
Sarkarda, islohotchi, inqilobchi
Anvar posho (1881 – 1922) – atoqli davlat arbobi, sarkarda, “Yosh turklar” harakati, “Ittihod va taraqqiy” partiyasi rahbarlaridan biri. 1903-yili Istanbul Bosh shtab akademiyasini tugatgan. Usmoniy davlatining Berlindagi elchixonasida harbiy attashe boʻlib ishlagan. 1908-yili Turkiyada davlat toʻntarishiga rahbarlik qilgan. Anvar posho garchi usmoniylar xonadoniga kuyov boʻlsada, sulton Abulhamid Ikkinchi hokimiyatini cheklab qoʻyadi. Sulton rasman davlat boshligʻi boʻlsada, mamlakatni uch-toʻrt partiyadan saylangan deputatlar majlisi boshqarar edi. Buni Islom olamidagi ilk burjua inqilobi deb atash mumkin. Anvar posho 1913-yili Talʼat posho, Jamol posho kabi obroʻli harbiy sarkardalar bilan ittifoq tuzadi. Mustafo Kamol Otaturk (1881 – 1938) boshchiligidagi “Hurriyat va ittihod” partiyasi hukumatdan chetlatiladi. Triumvriat (uchlik) rahbarligini qoʻlga olgan Anvar posho Germaniya bilan harbiy ittifoq tuzish va Birinchi jahon urushida qatnashish tashabbuskori boʻladi.
Birinchi jahon urushida u usmoniylar davlatining bosh qoʻmondoni, sultonning noibi sifatida armiyaga rahbarlik qiladi. Turkiya urushda yengilgach, 1917-yili Kamol Otaturk rahbarligida milliy ozodlik inqilobi amalga oshiriladi. Uy qamogʻiga hukm qilingan sulton Abdulhamid 1918-yili vafodor xotini Mushfiqaning qoʻlida vafot etadi. Bu vaqtda sultonning oila aʼzolari chet elga badargʻa qilingan edi. Anvar poshoning davlat arbobi, mohir siyosatchi, iqtisodiy islohotchi va sulton oilasining kuyovi sifatida Sharq-u Gʻarbda obroʻsi baland edi. Turkiston musulmonlari turk sultoni ismini bilmasa ham Anvar posho nomini yaxshi bilardi. Turk qoʻshini Bolqon yarimorolidagi jangda gʻalaba qozonganidan keyin koʻpchilik turkistonliklar chor Rusiyasi istibdodidan xalos boʻlishda Anvar posho koʻmagiga umid qila boshladi. Oʻsha kezlar Anvar eng koʻp qoʻyiladigan ismlardan biri edi. (Abdulla Qodiriy ham “Mehrobdan chayon” romani qahramoniga Anvar nomini berishda oʻsha anʼanaga suyangan boʻlsa ajab emas.)
Siyosiy vaziyat oʻzgarib, doʻppi tor kelib qolgach, Anvar posho Turkiyani tark etadi. Avval Ozarboyjonga, u yerdan Germaniyaga yoʻl oladi. Keyin davlat toʻntarishi uyushtirgan inqilobchi, RSFSR Xalq nozirlari kengashi rahbari Vladimir Lenin (Ulyanov) bilan uchrashgani Rossiyaga keladi. Turk siyosatdoni shoʻro dohiysini Oʻrta Osiyoda oddiy xalq oqposhsho tarafdorlariga qarshi isyon koʻtarishiga ishontiradi. Ellik yoshlarga borib qolgan Lenin oʻttiz olti yoshli Anvar poshoni yangi turk jumhuriyatidan ekani, boz ustiga, oʻzi kabi Germaniyadan musofirlikdan qaytganini inobatga olib, unga bino va moddiy koʻmak ajratadi. 1920-yillarning boshida “Yosh buxoroliklar” harakati rahbari, yigirma toʻrt yoshli Fayzulla Xoʻjayev (1896 – 1938) Maskovda yashayotgan edi. Taqdiri ilohiy Anvar posho va Fayzulla Xoʻja yoʻlini ham tutashtirdi.
Dor ostidan qaytish
Fayzulla Xoʻjayevga Maskov oʻz uyiday boʻlib qolgan edi. U bu shaharga oʻn bir yoshida kelib, kadetlar maktabiga oʻqishga kiradi. Otasi Ubaydullaxoʻja Maskov doʻkonlariga qorakoʻl teri yetkazib beruvchi badavlat savdogar boʻlib, rus va tatarlardan tanish-bilishi koʻp edi. 1912-yili otasidan ayrilgan oʻn olti yoshli Fayzullaga juda katta meros qoladi. F. Xoʻjayevning savdogarzodadan inqilobchiga evrilish yoʻlini Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor “Buxoroning jin koʻchalari” asarida maromiga yetkazib tasvirlagan. Buxoro va xorijiy shaharlar oʻrtasida ilm-maʼrifat, taʼlim va shaharsozlik borasida farq-tafovutni koʻrgan yosh Fayzulla qalbida yurtni jaholatdan xalos etib, taraqqiy sari boshlash orzusi alangalanadi. U otameros savdogarlik kasbini shunchaki davom ettirishda maʼni-mazmun koʻrmaydi. Sirasi, boyligini koʻpaytirishdan koʻra Alisher Navoiy kabi topganini el-yurt farovonligi yoʻlida xarjlash, ezgu ishlarga bosh boʻlish ishtiyoqi gʻolib keladi. Uning katta orzularidan biri – Buxorodan Makka shahrigacha temir yoʻl qurish edi.
Sadriddin Ayniy (1878 – 1954) va Turkiyada oʻqib qaytgan Abdurauf Fitrat (1886 – 1938) Buxorodagi jadidchilik harakatining sardorlari edi. Ular 1910-yillarda amirlik taʼlim va sudlov tizimini isloh qilish tashabbusi bilan chiqadi. Buxoro amirligi chor Rusiyasi hukmi ostida boʻlgan kezlar amir maʼmuriyati maʼrifatchi Ahmad Donish, uning shogirdlari, keyinroq paydo boʻlgan jadidchilik harakati aʼzolariga kuchli tazyiq oʻtkazishdan choʻchirdi. 1917-yilgi Oktyabr inqilobidan keyin tuzilgan RSFSR hukumati Buxoro amirligini mustaqil davlat deya tan olib, mustamlaka maqomini bekor qilgach, Amir Olimxon “Yosh buxoroliklar” harakatiga qaqshatqich zarba beradi. Xususan, Sadriddin Ayniy zindonband etiladi va darralanadi. Bundan dargʻazab boʻlgan “Yosh buxoroliklar” harakati aʼzolari amirlikni tugatib, dunyoviy respublika oʻrnatish harakatiga tushadi. Shu vaqtgacha ular amir hukumati bilan murosa qilsa boʻladi degan kayfiyatda edi.
Harakatning yigirma ikki yoshli dangalchi va badavlat aʼzosi Fayzulla Xoʻjayev tashabbusni qoʻliga olib, Toshkentdagi Sovet Turkistoni Xalq komissarlari kengashi raisi Fyodor Kolesov bilan uchrashadi va undan Amir Olimxonni taxtdan agʻdarishda yordam soʻraydi. 1918-yilning martida Toshkentdan Kogon shahriga qizil askarlar boʻlinmasi yetib keladi. Amirga isteʼfo berish talab qilingan ultimatum yuboriladi. Ammo amir qoʻshini katta xunrezlikni amalga oshiradi. “Yosh buxoroliklar”ning bir yarim ming nafari halok boʻladi, minglab kishi Buxoroni tashlab ketadi. Amir Olimxon F.Xoʻjayev va sheriklarini tutib, dorga osish haqida farmon beradi. F. Xoʻjayev bir necha safdoshi bilan Rossiyaga qochadi. Maskov yoʻlida ularni oqposhsho armiyasi atamani Aleksandr Dutov qoʻlga tushirib, oʻlimga hukm qiladi. F.Xoʻjayev va sheriklari joniga Rossiyadagi turkchilik harakati dargʻalaridan biri, Boshqirdiston muxtoriyati ideologi Ahmad Zakiy Validiy (1890 – 1970) ora kirib, ularni oʻzi bilan olib ketadi. Validiy bu vaqtda bolsheviklar bilan murosaga kelib, hamkorlik qilayotgan edi. Majburiy musofirot “Yosh buxoroliklar” harakati vakillarini bolsheviklar bilan yanada yaqinlashtiradi. F. Xoʻjayev ikki yil mobaynida tashqi ishlar vazirligida xizmat qiladi, Lenin va inqilobning boshqa yoʻlboshchilari bilan tanishadi. 1920-yili Toshkentga qaytib, “Yosh buxorolik inqilobchilar” partiyasini boshqaradi.
Oqposhsho zobitlari va askarlari Buxoro amiri panohida jon saqlayotgan edi. Afgʻonistondagi Angliya elchixonasi bilan aloqa yoʻlga qoʻyilgan edi. Avomning Amir Olimxonga ixlosi hamon baland boʻlib, ular “Yosh buxoroliklar”ga ergashishni istamasdi. Shu sabab F. Xoʻjayev boshchiligidagi harakat faollari vaqtincha kommunistlar libosini kiyishga ham rozi edi. 1920-yil 27-avgustda “Yosh buxoroliklar” harakati boshlagan inqilobga sovet Turkistoni harbiy boʻlinmalari ham qoʻshildi. Buxoro aeroplandan bombalanishi oqibatida 1-sentyabrda amir va uning ayonlari Arkni tashlab, janubiy sarhadlar tomon qochadi. U kezlar harbiy havo kuchlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etmay, koʻproq psixologik taʼsirga ega edi.
Buxoro asosan sovet Rossiyasi armiyasi bosqini tufayli qoʻlga kiritilganiga qaramay, mustaqil Buxoro Sovet Xalq respublikasi taʼsis etilib, Fayzulla Xoʻjayev Xalq nozirlari kengashi raisi, Abdurauf Fitrat taʼlim noziri lavozimini egallaydi. Yosh respublika taʼsiri unchalar katta emas edi. Amir Olimxon hamon janubiy hududlarni oʻz nazoratida tutar, Surxonda askar toʻplab poytaxtga yurish qilishga shaylanmoqda edi.
Anvar posho turkchilik gʻoyasi tarafdori ekani ayon boʻlgach, Lenin asosiy eʼtiborni Turkiya rahbari Mustafo Kamol Otaturkka qaratadi. Posho esa imkon borida etakni yigʻishtirib, Buxoroga yoʻl oladi. F. Xoʻjayev unga harbiy nozir lavozimini taklif qiladi. Biroq joni jasadiga sigʻmagan sarkardaning niyati bundan-da kattaroq edi: Iroqdan to Xitoygacha boʻlgan hududlarni oʻz ichiga olgan turkiy davlat tuzish! Anvar posho Amir Olimxonga maktub yuborib, Buxoro xazinasi va islom qoʻshinini ana shu ulugʻ maqsad yoʻlida safarbar etish, Turkistondagi yer osti va usti boyliklarini olmon mutaxassislarini jalb qilib qayta ishlash, ingliz zobitlarini maslahatchilikka yollab kuchli armiya tuzish rejalarini bayon qiladi. Taklif Amir Olimxonga ham maʼqul kelib, uni “Islom lashkari bosh qoʻmondoni” lavozimiga tayinlash orzusida ekanini bildiradi.
F. Xoʻjayev Anvar poshoning soʻrovi bilan Maskovga Buxoroda oʻrnashgan RSFSR askarlarini olib chiqib ketish talab qilingan maktub yoʻllaydi. Bu masalada oʻzaro ixtilof bor edi. Zakiy Validiy boshchiligidagi “Milliy birlik” tarafdorlari va Buxoro Markaziy ijroiya qoʻmitasi raisi Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev shoʻrolar bilan ochiq jang qilish yoʻlini tanlaydi. F. Xoʻjayev va Fitrat tarafdorlari esa shoʻro tuzumi doirasida milliy davlatchilikni maʼqullardi. Buxorodan qizil armiyachilarni olib chiqib ketish talabi aks taʼsir koʻrsatib, oʻlkaga qoʻshimcha harbiy boʻlinmalar va oʻq-dori yuboriladi. Ellik yoshlardagi Xongirey ham shu tariqa otliq gvardiyasi bilan Buxoroga kelib qoladi.
Ajal koʻlankasi
Anvar posho Buxorodan Amir Olimxonning Surxondagi lashkariga qoʻshilish niyatida yoʻlga tushadi. “Amirul-moʻminin” unvoniga musharraf koʻrilgan Ibrohimbek uni dastlab Buxoro Xalq respublikasi joʻnatgan xufiya degan gumon bilan hibsda saqlaydi. Afgʻonistonda vaqtincha boshpana topgan Amir Olimxondan kelgan nomada poshoga bemalol ishonish mumkinligi bayon qilingan edi. Anvar posho Ibrohimbekka harbiy maslahatchilik qiladi, qizillar bilan boʻlgan bir qator janglarda gʻalaba qozonadi. Shoʻro hukumati Anvar poshoni qoʻlga tushirish uchun qoʻshimcha kuch joʻnatishga, mukofot taʼsis etishga majbur boʻladi.
Gʻanim bilan janglardan birida katta talafot koʻrgan islom lashkari togʻ orasiga kirib jon saqlaydi. Qamalda qolgan Anvar posho raqib boʻlinma komandiri Xongirey bilan muzokara olib borib, muqarrar asirlikdan qochishga muvaffaq boʻladi. Oqibatda, maqola avvalida bayon qilganimizdek, Xongirey harbiy unvonlardan mahrum etilib, isteʼfoga chiqariladi. Yiqilib kurashga toʻymagan Anvar posho yana Surxon togʻlarida berkinib yurgan musulmon qoʻshini safiga qaytib, targʻibot ishlarini kuchaytiradi. Fargʻonadagi Shermuhammad qoʻrboshi, Xivadagi Junaidxon bilan yaqin aloqa oʻrnatib askar sonini yigirma mingga yetkazadi. Afgʻoniston hukumati va Angliya elchixonasi Amir Olimxon qoʻlidagi Buxoro xazinasi evaziga qurol-aslaha yetkazib turadi. 1922-yilgi janglarda Qizil armiyaning qoʻli baland keladi. Anvar posho shu yil 4-avgustda Baljuvondagi (Tojikiston Respublikasi hududidagi qishloq) toʻqnashuvda halok boʻladi. Islom lashkari kichik guruhlarga boʻlingancha tarqab ketadi.
1924-yili yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston SSR rahbarligiga Fayzulla Xoʻjayev tasdiqlanadi. Turk shoiri va maʼrifatparvari Tavfiq Fikratning “Nechun yoʻlning soʻngida jarlik?!.” degan satri bor. Bu misra maqolamiz qahramoni boʻlgan uch tarixiy shaxsga ham taalluqlidek. 1937-yilning kuzagida Ittifoq boʻylab qatagʻon mashinasi ishga tushadi. Dastlab oliy rutbadagi rahbarlar, keyin oʻrta halqadagilar, keyin quyidagilar jazolanadi. F.Xoʻjayev 1937-yil 9-iyul kuni aksilshoʻro faoliyatda ayblanib qamoqqa olinadi. U 1938-yil 12-mart kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida, soʻnggi soʻzida bunday deydi: “Biz tarixga biror bir ezgu ishimiz bilan kira olishimizga koʻzim yetmay qoldi”. Bu soʻzlarda haqiqat ustunmidi yoki zaharxanda – uning oʻzigagina maʼlum. F. Xoʻjayev uch kundan soʻng “xalq dushmani” deb topilgan sobiq katta mansabdorlar – Nikolay Buxarin, Aleksey Rikov, Genrix Yagoda, Akmal Ikromov qatori otib tashlanadi…
“Menga qoʻyilgan ayblarni boshdan-oyoq rad etaman. Haqiqat yoʻlida hech qanday jazodan, qiynoqdan qoʻrqmayman. Agar otmoqchi boʻlsalar, koʻkragimni kerib turaman…” – bular Abdulla Qodiriyning oʻlim arafasi, tergovda aytgan soʻnggi soʻzlari…
Qafas ahli hur yashay olurmi?
Qatagʻon davrida otuvga hukm qilinganlarning aksari oʻrta yoki keksa yoshdagilar boʻlgan. Yosh, kuchga toʻlgan mahbuslar umrbod yoki uzoq muddat qamoqqa hukm qilingan. Albatta, bu borada istisnolar ham bor. Qahramonimiz Tamarin keksayib qolgani va bogʻbonlik salohiyati hisobga olinib, qamoqxonaga ajratilgan yerlarda dehqonchilik ishiga rahbar qilib qoʻyiladi. Qrim – atirgullar vatani. Xongirey ham yoshligidan atirgul oʻstirishning hadisini olgan edi. Nikolay Ikkinchi armiyasida xizmat tugab, pensiya yoshiga yetayotgan aslzoda knyaz keksalik davrida atirgullarning yangi navlarini yetishtirish, Rim shoiri Vergiliy ijodini tadqiq qilishni rejalashtirib turganida koʻz koʻrib quloq eshitmagan hodisalar roʻy berdi: jahon muhorabasi, oqposhshoning taxtdan voz kechishi, Lenin boshchiligida yoʻqsillarning davlat toʻntarishi, fuqarolar urushi, Oʻrta Osiyoda mahalliy aholining qoʻzgʻolonlari… Xongirey ozodlikda topolmagan osudalikni qamoqxonada topadi. Ammo u antik adabiyot tadqiqini chetga surib, agronomlikka doir kitoblarni oʻqishga beriladi. Tutqungoh issiqxonasida sabzavotlar qatorida atirgullar yetishtirishni yoʻlga qoʻyadi – qamoqxona boshligʻi boʻlmish oʻttiz yoshlardagi Eduard Berzinning stoliga har kuni yangi ochilgan atirgul yetkazib turardi.
Chor ofitseri boʻlgan E. Berzin yigirma toʻrt yoshida hayotini butunlay boshqa izga burib yuborgan ishga qoʻl uradi. 1918-yili poytaxt Petrogradda Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH elchilari rus aksilinqilobchilari bilan kelishib fitna hozirlaydi. Aksilinqilobchilar safida boʻlgan E. Berzin bu haqda shoʻro hukumatiga – Butunrossiya Favqulodda ishlar qoʻmitasiga chaquv-maʼlumotnoma yetkazadi. Elchilar Rossiyadan chiqarib yuboriladi, fitna ishtirokchilari qamoqqa olinadi. Berzin esa chekistlik ishiga olinib, lavozim zinalaridan koʻtarila boradi.
1930-yillar boshida xorij matbuotida Anvar poshoning memuarlari chop qilinadi. Xotiralarda Xongirey zikr qilinmagan boʻlsa-da, kitobga soʻzboshi yozgan turk harbiysi Anvar poshoning qizillar qoʻlidan qutulishida uning hissasi borligi, ikkovlon Nikolay davridayoq maktub yozishib turganini qistirib oʻtgan ekan. Tamarinning uch yillik qamoq muddati oʻn yilga koʻpaytirilib, olis Kolimaga – oltin konlari ochilgan sovuq oʻlkadagi qamoqxonaga joʻnatiladi. Shu vaqtda E. Berzin ham oʻsha qamoqxonalar boshligʻi etib tayinlanadi. Eski tanishlar qayta uchrashadi…
“Kolimada oltin borligi eskidan maʼlum edi. Ammo biror hukmdor oltmish darajaga yetadigan sovuq iqlimda mahbuslarning ogʻir mehnati evaziga oltin qazib olishni xayoliga ham keltirmagan edi. Bunga faqat Stalin qoʻl urdi…” (“Xongirey” hikoyasidan)
Oxota dengizi qirgʻogʻidagi Magadan shahriga kemalar har hafta yuzlab mahbuslarni yetkazib kelardi. Oltin konlari materikning toʻrt-besh yuz kilometr ichkarisida, Shimoliy muz okeaniga qarab oqadigan Kolima daryosi boʻyidagi Taskan vodiysida edi. AQSHning Alyaskasida bundan ellik yillar burun avj olgan “oltin jazavasi” endi Kolima sohiliga yetib kelgan edi…
Taskan vodiysida ishga yaroqsiz boʻlib qolgan mahkumlar issiqxona qurishga safarbar qilinadi. Uch oygina davom etadigan qorsiz mavsumda sabzavot va atirgul yetishtirish qamoqxona boshligʻi Berzin va keksa agronomning ehtirosli mashgʻulotiga aylanib qolgan edi. Tamarin oʻjar shimol iqlimiga moslashgan karam, oshqovoq va kartoshka navlarini yaratdi. Mahkum holida Uzoq Sharq Fanlar akademiyasining Kolimadagi boʻlimini boshqarar, Vladivostok, hatto Maskovga borib maʼruza oʻqib kelardi.
“Bir yildan keyin lagerlar Kolimasi birinchi tonna oltinni qazib oldi. 1935-yili Berzin Lenin ordeni bilan taqdirlandi. Seleksioner Tamarinning fidokorona mehnatlari munosib baholanib, unga qoʻyilgan ayblar bekor qilindi va ozodlikka yoʻl ochildi. Ammo Tamarinning issiqxonalar xoʻjaligini boshqarishdan voz kechgisi yoʻq edi. Bu yerlarga oʻrganib qolgan, yoshi yetmishga qarab ketayotgan edi” (“Xongirey”dan). Mirzo Abdulqodir Bedil yozganidek, “Bu jahonda yoʻq boʻlish har kimsani xomush qilur / Kim, qafas ahlin yashashga beqafas imkoni yoʻq”.
Yosh mahbuslar mehnatidan foydalanish ularni otib tashlashdan koʻra foydaliroq ekani amalda isbotlandi. Kolima nafaqat oltin, boshqa rangli metallarga ham boy oʻlka edi. Taygada daraxt kesish, konlarga eltuvchi temir yoʻllar yotqizishga ham tekin ishchi kuchi kerak boʻlardi. Shoʻro davlati navbatdagi katta qatagʻonga hozirlik koʻrayotgan edi.
“1937-yilning noyabrida Kolima qamoqxonalari boshligʻi Berzinga mehnat taʼtili berildi. Berzin yoʻlda hamrohlik qilishi uchun keksa Tamarinni oʻzi bilan olib ketdi. Tunda Maskovga yaqinlashgan poyezd Aleksandrovkada toʻxtadi. Berzin nimadir xarid qilgani perronga tushib ketgancha vagonga qaytmadi. Qirq ikki yoshli Berzin perronning oʻzida hibsga olingandi. Bundan oʻn toʻqqiz yillar burun, 1918-yilda maxfiy tarzda tayyorlangan va Berzin tufayli fosh etilgan chet el elchilari fitnasi boʻlmish “Lokkart ishi” haqida xorijda nashr etilgan memuaristik ocherklarda Berzin eng faol ishtirokchi sifatida eslangan ekan” (“Xongirey”dan).
Buni oʻziga xos qasos usuli deyish mumkin. Xorij matbuotidagi maqolalarga shoʻrolarning koʻzga koʻringan arboblari nomi tirkab qoʻyilsa bas – chekistlar pashshadan fil yasagancha oʻsha shaxsni qamoqqa tiqardi. Bunday “xoʻrak” tekin ishchi kuchiga ehtiyojmand shoʻro hukumatiga ham kerakday edi.
Oʻz davrida yuzlab “xalq dushmanlari”ni qamoqqa tiqqan, otilib ketishiga sababchi boʻlgan Berzinning oʻzi ulardan biriga aylandi. Homiysidan ayrilgan keksa agronomni yangi Maskovda deyarli hech kim tanimas edi. Kolimada durust edi: muntazam maosh, hurmat-ehtirom… Oltmish besh yoshda qarib-churib qolgan Tamarin oʻzini Kolimaga joʻnatishlarini soʻrab koʻplab idoralarga arz-dod qilib bordi. Telbavor cholning soʻziga kim ham quloq osardi?! Bu vaqtda fashistlar Germaniyasi Ikkinchi jahon urushini boshlashga zimdan hozirlik koʻrayotgan edi…
Olloyor XOʻJANDIY
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil, 2-son.
“Nechun yoʻlning soʻngida jarlik” maqolasi
San’at
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q