Ma’naviyat
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi;
Samarqand viloyati hokimligi diqqatiga!
Surxondaryolik ijodkorlarni tanimaydigan surxondaryolik abituriyent
Ikki yil jurnalistika yoʻnalishiga hujjat topshirgan abituriyentlarning ijodiy imtihonida ishtirok etdim. Oʻtgan yili universitetlar¬ning birida shunday imtihonda yoshi 30 ga yaqinlashib qolgan bir yigit birorta ham savolga tuzuk javob berolmadi. Oxiri soʻradim:
− Qayerdansiz?
− Surxondaryodan.
− Surxondaryoning qayeridan?
− Oltinsoy tumanidan.
− Oltinsoylik qaysi ijodkorlarni bilasiz?
…
− Umuman, surxondaryolik shoir, yozuvchi, jurnalist, adabiyotshunoslardan kimnidir bilasizmi, eshitgandirsiz?
…
Inq etmadi! Bu endi jurnalist boʻlishga talabgor abituriyentning javobi… Bunday jurnalist desa jarjagʻ teleboshlovchini, tirikoʻrim blogerni tushunadiganlar koʻpayib qolgan. Hamma viloyatda. Jumladan, Samarqandda ham.
Mahmud Saʼdiysiz “Samarqand ijodkorlari”
2019-yil may oyida ustoz Mahmud Saʼdiyning sogʻligʻi yomonlashdi. 2019-yil iyun oyida ustoz Mahmud Saʼdiyga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni berildi. 2019-yil iyul oyida ustoz Mahmud Saʼdiy tavalludining 80 yilligini nishonladik. 2019-yil avgust oyida ustoz Mahmud Saʼdiy Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻldi. 2019-yil sentyabr oyida ustoz Mahmud Saʼdiy bilan (keyin bilsam) soʻnggi bor muloqotda boʻldim, telefonda. “Ishga yaramay qoldim, meni boʻshat” dedi. “Boʻshatmayman!” dedim… 2019-yil noyabr oyida ustoz Mahmud Saʼdiy chin dunyoga ketdi...
Bularni eslaganim sababi – qoʻlimga bir kitob tushib qoldi: “Samarqand ijodkorlari”. Varaqlab birinchi ustoz Mahmud Saʼdiyni izladim. Yoʻq! Bunday qarab chiqsam, Suvon Meli, Shomirza Turdimov, Shukur Sodiq, Shuhrat Sirojiddinov, Asliddin Boliyev ham yoʻq. Ustoz oʻzi boʻlganida bunday narsalarga qiziqmasdi, eʼtibor ham bermas edi! Lekin farzandlari, nevaralari, shogirdlariga, adabiyot, jurnalistika muxlislariga qiziq, kerak.
Oʻzi Samarqand Xudoning nazari tushgan joy shekilli, deyarli har bir qishloq, ovul, mahallasidan hech boʻlmasa bir ijodkor yetishib chiqqan. Mamlakat miqyosida dovruq qozonganlari qancha?! Lekin yaqin yillarda, masalan, Noqis(1868), Nurmon Abduvoy oʻgʻli(1862), Fozil Yoʻldosh(1872), Hoji Muin(1883), Saidrizo Alizoda(1887), Vadud Mahmud(1898), Qutbiddin Muhiddinov(1900), Mamarasul Boboyev(1911), Vohid Abdullo(1912), Haydar Yahyoyev(1927), Nuriddin Shukurov(1930), Shamsi Odil(1931), Boturxon Valixoʻjayev(1932), Samariddin Sirojiddinov(1932), Isomiddin Salohiy(1933), Oʻlmas Jamol(1934), Maʼruf Jalil(1936), Ahmadjon Muxtorov(1936), Surʼat Oripov(1937), Barot Boyqobilov(1937), Saydi Umirov(1938), Mahmud Saʼdiy(1939), Mashrab Boboyev(1941), Qambar Ota(1941), Nusrat Rahmat(1941), Raim Farhodiy(1942), Muslihiddin Muhiddinov(1945), Mamatqul Hazratqulov(1947), Asad Dilmurod (1947), Otayor(1947), Azim Suyun(1948), Safar Ostonov(1948), Oʻtkir Rahmat(1948), Anvar Joʻraboyev(1948), Ahmad Aʼzam(1949), Murod Muhammad Doʻst(1949), Yoʻldosh Eshbek(1950), Sharof Boshbekov(1951), Abdusaid Koʻchimov(1951), Suvon Meli(1951), Dilbar Saidova(1951), Shahodat Isaxonova(1951), Xurshid Davron(1952), Orziqul Ergash(1953), Jamol Sirojiddin-Xumiy(1955), Nurillo Oston(1955), Quddus Aʼzam(1955), Oʻktam Mirzayor(1956), Shomirza Turdimov(1957), Ravshan Fayz(1959), Zulfiya Moʻminova(1959), Abduvali Qutbiddin(1960), Karimberdi Toʻramurod(1960), Komil Sindorov(1960), Murtazo Qarshiboy(1961), Karim Bahriyev(1962), Abduqayum Yoʻldosh(1963), Muhiddin Omon(1963)larning yubileyi nishonlanganini eshitmadim. Yoki shu yil Soʻfi Olloyor(1644), Siddiqiy-Ajziy(1864), Poʻlkan shoir(1874), Islom shoir(1874) Abdulhamid Majidiy(1904), Kibriyo Qahhorova(1914), Habib Temir(1954) Abdurauf Qorjovov(1954)larning yubileyi nishonlanishiga tayyorgarlik koʻrilyaptimi?..
Oʻzi yubileylarni nishonlash nega kerak?
Yubiley bahona tugʻilgan qishlogʻi, mahallasi, oʻqigan maktabida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazilsa;
Maktab yoki mahalla kutubxonasiga kitoblari sovgʻa qilinsa;
Maktabda yo kutubxonada ijodkor hayoti va ijodiga bagʻishlangan burchak yoki xona tashkil qilinsa boyagi surxondaryolik abituriyentga oʻxshaydigan adabiyotbexabar yoshlar soni kamayarmidi, adabiyotga, ijodga qiziqadigan yoshlar koʻpayarmidi?
Samarqandda nega ijod maktabi yoʻq?
Xorazmda Ogahiy nomidagi, Namanganda Isʼhoqxon Ibrat nomidagi, Toshkentda Abdulla Qodiriy nomidagi, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi, Qoraqalpogʻistonda Ibroyim Yusupov nomidagi, Fargʻonada Erkin Vohidov nomidagi, Qashqadaryoda Abdulla Oripov nomidagi, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi, Andijonda Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi bor. Toshkent viloyati, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Samarqandda ijod maktabi yoʻq. Nega?
Samarqandda, masalan, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli nomidagi ijod maktabi ochilsa boʻlmaydimi? Shunda bu maktab viloyat yosh ijodkorlari markaziga aylanar, ijodiy muhit jonlanar, samarqandlik ijodkorlar hayoti va ijodi targʻibi kuchayar, yoshlarning qiziqishlari va xabardorligi ortarmidi? Qolaversa, Samarqand baxshichilik maktabi tiklanishiga turtki boʻlarmidi?..
Husan KARVONLI
“Ma’rifat” gazetasi, 2024-yil, 32-son.
“Samarqandga ijod maktabi kerak” maqolasi
Ma’naviyat
Vatandosh
Falsafa
San’at
Tarix
Adabiyot
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q