Turkistonda o‘nlab yangiliklarga sabab bo‘lgan, Behbudiyni o‘zgartirgan haj ziyorati


Saqlash
18:03 / 05.08.2024 940 0

Rossiya imperiyasining bosqinchilik siyosatiga, zulm va zoʻravonligiga qarshi vujudga kelgan jadidchilik harakati mustamlakachilar uchun eng katta xavfga aylangan edi. Jadidlarni oʻz qoʻllari bilan yoʻq qilib, jahon maydonida obroʻyini toʻkishni istamagan bosqinchilar ularni ayrim yurt sotqinlari, xoinlari qoʻli bilan yoʻq kirishga kirishdilar. Ular orqali xalq orasida jadidlarni islom diniga qarshi chiquvchilar, kofirlar deb targʻib qila boshlashdi. Holbuki, jadidlar maktab va madrasada islomni toʻliq anglagan, uning ibodatlarini doimiy ado qilib boruvchi oʻz davrining yetuk ulamolaridan edi. Misol uchun, Munavvarxon Abdurashidov Qurʼonni toʻliq yod olgani uchun qori unvoni olgan boʻlsa, Mahmudxoʻja Behbudiy shariat qonunlari bilimdoni boʻlgani uchun mufti darajasiga koʻtarilgan edi. Behbudiyning otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli Ahmad Yassaviyning avlodlaridan boʻlib, imom-xatiblik bilan shugʻullanib kelgan. Mahmudxoʻja togʻasi – qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida voyaga yetadi. Arab tili grammatikasini kichik togʻasi Mulla Odildan oʻrganadi. Buxoro madrasalarida tahsil olib yurgan paytlarida dastlab onasi (1893), soʻng otasi (1894) vafot etgach, moddiy qiyinchiliklar sabab oʻqishni nihoyasiga yetkazolmaydi. Samarqandga qaytib, Muhammad Siddiq qozixonasida mirzolik qila boshlaydi. Tez orada shariat qonunlarini mukammal darajada oʻzlashtirib, qozilikdan mufti darajasigacha koʻtariladi. 

 

Bu paytda Turkistonda Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmi kuchayib, unga qarshi tez-tez xalq qoʻzgʻolonlari boʻlib turardi. Dukchi eshon boshchiligida 1898-yili yuz bergan Andijon qoʻzgʻoloni milliy ozodlik harakatining eng yiriklaridan boʻlib, chor hukumati tomonidan shafqatsizlarcha bostiriladi. Qoʻzgʻolonning oqibati shu yurtning ziyolisi sifatida Mahmudxoʻjani chuqur qaygʻuga botiradi. U jarayonni har tomonlama tahlil etib, tish-tirnogʻigacha qurollangan mustamlakachilar tomonidan oʻttiz yil davomida ham maʼnan, ham moddiy jihatdan qulga aylantirilgan avom bilan ozodlikka chiqish mumkin emasligini anglab yetadi. Demak, ozodlikka erishish uchun ham maxsus tayyorgarlik lozim.

 

1899–1900-yillarda Mahmudxoʻja Behbudiy haj ziyoratiga otlanadi. Sakkiz oylik sayohati davrida ozodlik uchun kurash yoʻllarini qidiradi. Jahonda boʻlayotgan voqea-hodisalar, jumladan, milliy ozodlik harakatlari va ularning sabablari, mohiyatini millat manfaati nuqtai nazaridan tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazadi. Sharqning Yevropa davlatlari mustamlakasi ostida boʻlgan boshqa mamlakatlari ahvoli haqida xabar toʻplab, ularning hurriyat yoʻlidagi harakatlarini oʻrganadi.

 

 

Vataniga qaytgan mutafakkir tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini taftish qiladi, bu masalalar borasida maslakdoshlari Hoji Baqo, Hoʻqandboy Abduxoliq oʻgʻli, Badriddin singari dunyoqarashi keng insonlar bilan munozaralar oʻtkazadi. Ana shu bahslar, fikr almashuvlar natijasida xulosalar chiqarib, Turkistonning mustamlakaga tushib qolishi sabablarini koʻrsatadi va yurtni ozod qilish boʻyicha rejalarini ishlab chiqadi. Ammo ularni amalga oshirish yoʻlida bir-biridan kuchli toʻsiqlar bor edi. Ularning eng ogʻiri xalq ommasining parokandaligi, ijtimoiy va huquqiy ongining tubanligi edi. Shuning uchun ham Mahmudxoʻja Behbudiy va uning safdoshlari hurriyat uchun kurashning dastlabki va zaruriy bosqichi – millatni maʼrifat bilan “qurollantirish”ni tanlaydilar.

 

1903-yili Mahmudxoʻja Behbudiy tashabbusi bilan shogirdlari Siddiqiy Ajziy Halvoyi, Abduqodir Shakuriy Rajabamin qishlogʻida, Hoji Muin Xoʻja Nisbatdor mahallasida jadid maktablarini ochadilar. 1908-yili “Qiroatxonayi Behbudiya” (keyinchalik “Behbudiya” nomi bilan mashhur boʻlgan) kutubxonasi tashkil etiladi. Ushbu kutubxona ikki navbatda – soat 9 dan 17 gacha va soat 18 dan 24 gacha ishlab, 60 dan 110 gacha boʻlgan kitobxonlarga xizmat koʻrsatgan. Alloma “Samarqand kutubxona islomiyasi” maqolasida kutubxonada 600 ta kitob va risola, gazeta va jurnallar esa undan ham koʻp boʻlganini yozadi. 1914-yilgi sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Yunoniston, Bulgʻoriston, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida boʻlib, u yerlardan oʻz kutubxonasi uchun juda koʻp kitob va risolalar olib keladi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish, darsliklar yozish, kutubxona ochish bilan cheklanib qolmagan. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib borish, millat va Vatan ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlish uchun 1913-yildan matbuot ishlarini yoʻlga qoʻyadi va shu yilning aprelidan “Samarqand” gazetasi hamda avgust oyidan “Oyina” jurnali chiqa boshlaydi. “Samarqand” gazetasi oʻzbek va tojik tillarida, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 1913-yil 17-sentyabrda gazetaning 45-soni chiqqan boʻlib, bir tomondan, mustamlakachilar senzurasi, ikkinchi tomondan, yetarli mablagʻ boʻlmagani sabab toʻxtatiladi. “Oyina” haftalik jurnal boʻlib, oʻzbek va tojik tilidagi maqolalar berib borilgan. Uning obunachilari nafaqat Turkiston, balki Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyada ham bor edi.

 

 

Mahmudxoʻja Behbudiy 1914-yili ikkinchi bor haj ziyoratiga otlanadi. U Usmonli turk sultonligi hamda Hijozdagi zamonaviy oʻzgarishlar va islohotlarni “Sayohat xotiralari”da qayd qilish bilan cheklanmay, uni Turkistonda joriy etishga kirishadi ham. Behbudiy Usmonli turk sultonligiga qarashli Adarna shahridagi maktab va dorilmualliminlar bilan tanishgan. Shahardagi dorilmuallimin 3 qavatli boʻlib, 200 talaba tahsil olishiga moʻljallangan. Unda 12 nafar muallim 105 ta talabaga turli fanlardan dars bergan. Bundan tashqari, Adarnada maktabi sultoniy, maktabi sanoʻ, dorilaytom (yetimxona), rushdiy (oʻrta) va 17 ta ibtidoiy (boshlangʻich) maktablar boʻlgan.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy Madina shahridagi zamonaviy oʻzgarishlarni eʼtirof etib, Usmonli turk sultonligi tomonidan temir yoʻllar qurilayotganligini ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulayliklardan biri deb hisoblaydi. Shuningdek, Madina shahrida dorilfununlar qurilishi boshlanganligini qayd qilib, dunyoviy bilimlar oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilganligini qayd qilib oʻtadi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy Damashq shahridagi maktab va madrasalar faoliyatini oʻrganish jarayonida taʼlim tizimida Usmonli turk sultonligi tartiblari joriy etilganining guvohi boʻladi. Behbudiyning yozishicha, yangi maktablar – hukumatning mulki eʼdodiy (oʻrta maxsus), mulki askariy, mulkiya rushdiya, askariya rushdiya, sultoniy turkiy, sultoniy arabiy va yana bir necha ibtidoiy maktablaridan iborat boʻlgan. Shuningdek, shaharda hukumatning bitta “Maktabi sanoyeʼ” (“Madaniyat maktabi”)si va ikkita katta kutubxonasi boʻlgan. Damashqda 2-3 turdagi gazetalar chop qilingan boʻlib, bir nechta matbaalar faoliyat yuritgan.

 

 

Shuningdek, Damashqda aholi uchun shifoxonalar va dorixonalar faoliyat koʻrsatgan. Turkiston aholisi esa bu paytda sogʻligini tabiblar, duoxonlar va folbinlarga ishonib, zamonaviy tib ilmi natijalaridan foydalanmasligidan afsuslangan. Damashq shahrida ochilgan koʻplab zavod va fabrikalar mahalliy aholi tomonidan ochilgani ilm-fanning rivojlanishi mahsuli, deb hisoblaydi u va: “Musulmonlar qoʻlinda muz fabrikasi, tamaki va popirus, najjori va sadafkori yogʻoch ishlari fabrikasi, harir bofi fabrikasi hamda shisha fabrikasi bordur”, deb taʼkidlaydi. Turkiston va Buxoroda yer osti va yer usti boyliklari koʻp boʻlsada, mahalliy aholi tomonidan ularni qayta ishlovchi zavod va fabrikalar ochilmagani, haligacha qoʻl mehnatiga asoslangan hunarmandchilik bilan mashgʻul ekanini ilmsizlikdan, deydi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy Istanbul, Qohira va Damashq shaharlaridagi teatrlar, musiqaxonalar va kino uylarini ham borib koʻradi. Uning yozishicha, madaniy hordiq chiqarishga moʻljallangan bu joylar shom namozidan keyin ochilgan. Bundan koʻzlangan maqsad xalq bunday joylarga ozroq muddatga borib, behuda pul sarflamasligini taʼminlash boʻlgan. Shu bilan birga Behbudiy Istanbulda boʻlgan vaqtida turli taʼlim jamiyatlari, maktablarda boʻlib, ular bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi. Jumladan, turk yoshlarining xorijda taʼlim olishiga koʻmak beruvchi “Hiloli ahmar” jamiyati mudiri bilan uchrashadi. Turkistonlik yoshlarning Qohiradagi Al-Azhar va boshqa dorilfununlarda taʼlim olishlari uchun yordam berishlarini soʻraydi. Jamiyat mudiri Behbudiy taklifini mamnuniyat bilan qabul qiladi. Turkistonga qaytganidan soʻng, Mahmudxoʻja Behbudiy shu jamiyat yordamida bir necha Samarqand yoshlarining Qohirada tahsil olib kelishlarini taʼminlaganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi.

 

Behbudiy Istanbul, Qohira, Damashq shaharlarida ayollarning ham masjidda namoz oʻqishlari, u yerda oʻz uylaridek tikish qilib oʻtirganlarini koʻrib hayratga tushgan. Bozorlarda erkaklar bilan barobar savdo bilan shugʻullanayotgan ayollar oʻz ishining ustasi ekaniga guvoh boʻlgan. Barcha sohalarda islohotlar qilishni yoqlab chiqqan Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston jamiyatidagi ayollar mavqeyi oldingidek saqlanib qolishi tarafdori boʻlgan va ayollar masalasida anʼanaviylik fikrida qolgan: “… Masalan, xotunlar masalasini hozir oʻrtadan chiqarmoq kerak. Mana bul butun Turkistonni ixtilofiga sabab boʻlub, doʻstlarimiz bagʻrini qon va dushmanlarimizni xursand etar. Bizni ittifoqimizni xohlaganlardan rijo etarmizki, xotunlar masalasidan hozir bahs etmasunlar va muvaqqat zamongʻa havola etsunlar”.

 

 

Mahmudxoʻja Behbudiy Bayrut shahrida ham taʼlim tizimi bilan tanishib, quyidagi xulosalarga kelgan: “Ushbu shahar Usmonli turk sultonligi Bayrut viloyatining markazi boʻlib, ilm va maorif jihatdan Qohiradan soʻng Sharqda birinchi shahar boʻlub, ammo maorifning homiysi Ovrupo va Amriqo missionerlaridurki, tarafona maktab va dorilfununlarini taraqqiyigʻa saʼy etarlar”. Uning yozishicha, Bayrut dorilfununlarini yevropaliklar va amerikaliklar boshqarsa ham, arab tili va tadris fanlari oʻqitilgan. Fransuz, nemis va ingliz tillari ham alohida fan sifatida oʻrgatilgan. Bu dorilfununlarda Turkiston va Buxoro talabalaridan tashqari dunyodagi barcha islom davlatlaridan, shuningdek, Yaponiyadan ham talabalar kelib oʻqigan.

 

Behbudiy Quddus shahrida ochilgan teatr va kino uylari haqida ham batafsil maʼlumot berishga harakat qilgan. Ushbu safardan qaytgach, Turkistonda teatr ishlarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga ahd qilgan. U Yofa shahridagi taʼlim tizimi va matbuot ishlarini Samarqand bilan qiyoslab tahlil qilgan: “Turklarning bir sultoniy va bir necha ibtidoiyya maktablari boʻlub, Yofaning oʻn ming musulmonlari bizni Samarqandning 80 ming musulmonidan oʻqimoq toʻgʻrisinda aʼlodur. Sultoniy maktabda yuz qadar talaba boʻlub, arabiy, turkiy, fransaviy oʻqiydur. Fransuz missioner maktabida ham musulmondan 20 qadar talaba bor. Samarqanddagi hukumat maktabida nufusi Samarqanddan uning yarmi qadar ham musulmon bolasi yoʻqdur. Mundan maʼlum boʻlurki, Yofaning arablari bizni musulmonlardan koʻra taraqqiydadurlar”.

 

Shu tariqa Mahmudxoʻja Behbudiy haj ziyorati davrida Istanbul, Makka, Madina, Bayrut, Quddus, Yofa shaharlaridagi maorif, sanʼat va madaniyat, ayollar va yoshlar masalalari bilan tanisharkan, Turkistonda ham ilmiy, ham madaniy yangiliklar qilishni zudlik bilan amalga oshirish vaqti kelganini tushungan. Taʼlim sohasini isloh qilish, islom dinini turli bidʼat va xurofotlardan tozalash kerakligini anglab yetgan. Ushbu anglashlar natijasida Mahmudxoʻja Behbudiy vafoti, yaʼni 1919-yilga qadar butun Turkistonda yangi usul maktablari faoliyatini kengaytirishga erishgan, Munavvarqori Abdurashidxonovning oliy taʼlim yoʻlidagi harakatlarini qoʻllab, 1918-yil may oyida ochilgan Turkiston dorilfununining Samarqand boʻlimini boshqargan. Turkiston xalqi ozodligi, farovonligi va taraqqiyoti uchun musulmon davlatlarida koʻrib, oʻrgan tajribalarini imkoni boricha joriy qilgan.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari doktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//