LOYQA SERIALLAR. Kimdir buni nazorat qiladimi?


Saqlash
20:45 / 01.08.2024 1116 0

Bong

Milliy seriallarimiz haqida gapirish urf boʻldi. Biroq ular haqida qancha koʻp salbiy fikr aytilsa, xuddi atay qilganday, shuncha avj olayotir. Tentakka tentak desang arpa boʻyi oʻsadi degani shudir balki. Avvallari seriallar xususida ekspert, kinoshunos, jurnalistlar soʻz aytgan boʻlsa, bugun oddiy tomoshabinlar ham fikr bildirayapti. Internetda televideniye orqali efirga ketayotgan seriallar haqida yuzlab odamlarning fikrini oʻqishingiz mumkin. Ahamiyatlisi, bu fikrlar seriallarni suratga olish jarayoni tugamay aytilmoqda. Ijodkorlar ham serialni tomoshabinlar tanloviga, maslahatiga qarab davom ettiradi. Qoyilmisiz?

 

Masalan, “Mening yurtim” xususiy kanalida ikki yil oldin “Xon films” ijodkorlarining “Nomus” seriali efirga berilgan edi. Adashmasam, shu kunlarda takroran namoyish etilmoqda. Tomoshabinlarning izohlariga eʼtibor qaratamiz:

 

50-qism. O.: «Bu benomuslar qachon tugaydi? Shu kinoni ishlab chiqarganga laʼnatlar boʻlsin. Shu kinoning qayerini yaxshi deb ayta olasizlar, yana ikkinchi faslga balo bormi? Oʻzbekistonda bunaqa odamlar boʻlishi kerak emas». “Bu serialning nomi “Nomus” emas, “Benomuslar” boʻlishi kerak. Nimasi nomus buning, farzandi kimdanligini bilmagan ayolni ikki erkak talashib yotibdi”.

 

Mazkur serial 247-qismgacha davom etgan. Demak, bir yil davomida ekrandan tushmagan. Istaydimi-yoʻqmi, odamlar bir yil qahramonlarning tuturuqsiz hayotini tomosha qilishga majbur. Toʻgʻri, serialdagi voqealar hayotimizda uchrab turadi. Ammo ssenariy shu qadar boʻsh, saviyasiz yozilganki, voqealarga ishonish qiyin. Serialda bir qarasang bosh qahramonlardan biri Alisherning sochi majnunnikidek oʻsib aqldan ozadi, bir qarasang, yana bir qahramon Gʻolib daydiga aylanib qoladi. Ikki erkak ham bir ayol – Gulnorani sevadi. Gulnoraning farzandi Alisherdan, ammo u Gʻolibga tegaman deydi. Gʻolib esa bola birovdanligini bilib turib ham baxtli. Buni koʻrgan bir tomoshabin yozayapti: “Tavba, Alisher oʻz xotinini erga berayapti?..”.

 

Serial boshida Gulnora Gʻolibni tanlaydi, oxirida esa Alisherga tegishga rozi boʻladi. Hayotda bunga oʻxshagan voqealar uchrab turadi. Ammo bu borada qaror qilish shu qadar tez va oson emas. Serial qariyb bir yil davom etsa-da, insonning ichki olami ochib berilmaydi. Qahramonlarning ruhiy kasal boʻlishi ham, bomj boʻlishi ham, hatto bir yumalab tuzalishi ham oson.

 

Shu oʻrinda yana tomoshabinlarning fikrlariga diqqat qilaylik.

 

S.: «Murojaat, hurmatli rejissyor, iltimos, qizlarimiz baxti bilan hazillashmang, qaysi serial boʻlmasin, qizning toʻyi kuni olib qochib ketadi. Nahotki shunchalik past ketasizlar! Push ishlash kerak deb har xil uydirma narsalarning nima keragi bor?».

 

M.: “Gʻolib rolini zoʻr oʻynagan, haqiqiy chiqqan, omadini bersin, hayotda bunday oilalar boʻlmasin, birining erini tortib olgan, birining xotinini sevib qolgan”.

 

D.: «Kino nima boʻlib ketdi, men anchadan beri koʻrmay qoʻygandim, chalkashib ketdimi, Alisher shunda nechanchisiga uylanayapti?».

Bir izohda tomoshabinlarning biri shunday yozadi: “Oʻlim oʻyinchoq, bola oʻyinchoq, qizlarning iffati ham oʻyinchoq, muhabbat ham oʻyinchoq. Agar muhabbat oʻyinchoq boʻlmaganida Alisher serialdagi butun personajlarni navbati bilan sevib qolmas va oxirida yana Gulnoraga qaytmas edi...”.

 

66-qismda esa bir muxlis serial ichida adashib qolganini yozadi: «Goʻzal rostdan oʻlganmi yoki yana tiriladimi? Javob yozinglar, iltimos, hech vaqt kinodagi bosh qahramon ham oʻlib qoladimi?».

 

Akbar Insopov, rejissyor, prodyuser: «Maishiy mavzular uchun senzura yoʻqligi gʻalati. Fahsh sahnalar ketayapti. Seriallarda mavzu bir xil: opasining eriga singlisi tegib oladi, kimdandir homilador boʻlib qoladi va hokazo. Bu bilan hech kimning ishi yoʻq. Juda ochiqchasiga koʻrsatilayapti. Buning sababi shuki, telekanallar shu narsalarni talab qilayapti. Nega kanallar oʻshani talab qilayapti? Chunki tomoshabinlar bugun xususiy kanallarni koʻproq koʻrayapti va reyting mana shunday farosatsizlik va bachkanalik orqali koʻtarilayapti. Reytingi yuqori kanallarga esa koʻp reklama berishadi.

 

Odamlarning koʻrishi uchun sifatli mahsulot boʻlmagach koʻradi-da. Lekin xalq shuni koʻrarkan deya tiqishtiraverish ham notoʻgʻri. Telekanallarga saviyali narsalarni olib borsangiz, “bizning kanalga toʻgʻri kelmaydi” degan javobni eshitasiz. Ularniyam tushunsa boʻladi, yon qoʻshnidagi kanal maishiy mavzudagi serial qoʻyadi va reytingda oʻzib ketadi. “Mening yurtim” telekanalida “Piramida” degan yaxshi serial qoʻyildi, boshqa kanalda esa maishiy mavzudagi. Oqibatda bugungi dolzarb mavzu – firibgarlik haqidagi “Piramida” seriali reyting ololmadi. Yana bir rejissyor 20 qismli serial suratga oldi. Ichki ishlar mavzusi boʻyicha. Chet el filmlaridek, Hollivuddagiday katta pul sarflandi. Bu serial ham reyting ololmadi.

 

Tomoshabinni yengil-yelpi asarlarga oʻrgatib qoʻydik. Bundan qutulishning yagona yoʻli barcha kanallarda bachkana mavzularni taqiqlash kerak. Shu tariqa odamlarni saviyali mavzularga oʻrgatish lozim. Asta-sekin saviyali koʻrsatuvlarni koʻrishga moslashadi va did oʻsadi...».

 

Shu kunlarda “Milliy” telekanalida yana bir serial namoyish etilmoqda. Jahongir ismli bosh qahramon 15-yil birga yashagan xotini Ismiguldan osongina voz kechib ketdi.

 

Mazkur serialga yozilgan izohlarda koʻpchilik Ismigulning farzandli boʻlib Jahongirni jazolashini istayapti. Ismigul esa shallaqi, urishqoq Jamila opaning qizi. Jamila opa rolida Saida Rametova. “Yigʻlagan qizlar” serialining bosh gʻoyasi nomaʼlum. Xotinidan voz kechgan va bir nechta qizning boshini aylantirgan subutsiz Jahongirning toʻxtagan bekati Nargiza ismli yana bir shantajchi ayol. Umuman, bu seriallarda ayollarning deyarli barchasi omi, pulga oʻch, maqsadi faqat qanday qilib boʻlsa-da erga tegish qilib tasvirlanadi. Jamila opa Nargizani kuyovini ilintirishi, u haqda maʼlumot toʻplashi uchun yollaydi. Nargiza esa buyurtmani bajarish oʻrniga Jahongirni chindan sevib qoladi. Ammo ularda farzand boʻlmaydi. Nargiza eri haydab yubormasligi uchun homilador degan soxta hujjat toʻgʻrilaydi.

 

Bir kuni Jahongir xizmat safariga ketganda sobiq erining yoniga borib, urish chiqarmoqchi, undan kaltak yemoqchi va bola tushib qoldi deb aldamoqchi boʻladi. Tasavvur qilayapsizmi, bu qahramon yoshlarga, kelajak avlodga nimani oʻrgatayapti? Nargizaning sobiq eriga aytgan soʻzlariga eʼtibor bering: “...iflos, maraz, it, erkak boʻlmay oʻl”. Oltmish yoshdan oshgan Jamila opaning soʻz boyligi ham xuddi shunday: “Sen iflosga koʻrsatib qoʻyaman, bezbetlar, ifloslar...”. Hatto oʻzining qizlaridan tortib begonalarning farzandigacha laqab qoʻyishga usta: “boʻtakoʻz, linzakoʻz, koʻkarmas”. Toʻgʻri, Saida Rametova oʻz rolini juda qoyillatib oʻynagan, har bir soʻzni mimikalari va ohanglar bilan yetkazib bergan, lekin yana oʻsha savol: bu tomoshabinga nima beradi? Serialning bir qismida kuyov boʻlmish Jahongir qaynonasi haqida shunday deydi: “itga oʻxshab iskab keladi...”.

 

Keling, yana serial haqida odamlarning fikrlariga eʼtibor qaratamiz.

 

20-qism. D.: “Mahzunaning sochini tekislanglar, har koʻrganda asabim oʻynaydi, hech boʻlmasa peshonasidagi sochini”.

 

Mahzunaning sochi har safar xuddi shunday tanqid qilinadi. Keyin yana izohlarda shunday eslanadi: “Bizni oʻqishadimi deyman, Mahzunaning sochi oʻzgarib qolibdi, boʻlmasa juda qoʻzichoqnikidek jingalak edi...”.

 

60-qismga kelganda esa yana bir muxlis shunday yozadi: “Mahzuna, sizga jingalak soch yarashmas ekan, shu sochingiz yarashibdi...”.

 

55-qism. Sh.: “Kinoning maʼnosi qolmadi, shilta singil, dayus aka, faqat mingʻir-mingʻir...”.

 

Z.: “Shuncha voqealar boʻldi-yu, Saida opa haliyam uyiga bormadi, ana bizning kinolar”.

 

N.: “Nargizaning akasi kerakmas obraz, qamoqqa ketsin, rejissyor amaki...”.

 

M.: “Mahzunaning homilador boʻlgani qachon edi-ku, menimcha aytish esidan chiqib ketgan...” (kulgan smaylik qoʻyilgan).

 

R.: Sabinani yoʻqotinglar, ortiqcha pul toʻlayapsizlar, shu qizni koʻrmasdan baribir oʻtkazib yuboramiz».

 

D.: “Jahongirning opasi-singlisi yoʻqmi degandik, opasi paydo boʻlib qoldi, bizni oʻqishadimi deyman-da...”.

 

Bu qanday kino sanoati ediki, tomoshabin serial oʻzanini qayoqqa burishni ijodkorga oʻrgatib tursa? Bu seriallarning tomoshabini haqiqiy sanʼatsevar, kino shinavandalari emas, shunchaki bekorchilar. Aksiga olib, seriallar ularning talabi bilan yozilmoqda, davom ettirilmoqda.

 

– Oʻn besh yildan beri shu sohada ishlayman, – deydi bir tanish prodyuser. – Jar yoqasiga kelib qolishimizning asosiy sababi shuki, kim koʻproq oʻsha kanalni koʻrsa, shunga koʻp pul, yaʼni reklama keladi. Oldin MTRK olgan “Opa- singillar”, “Tutash taqdirlar” degan seriallar boʻlardi. Endi shunaqa serial olsangiz, reyting koʻtarmaydi. Hozir tajribaga ega boʻlmagan odamlar ham serial olayapti. Dramaturgiyadan xabarsiz, epizod bilan epizod bogʻlanmaydi. Yengil-yelpi asarlar million-million koʻriladi. Telekanallar oʻzini mablagʻ bilan taʼminlash uchun shunday seriallarni ishlashga majbur. Fikrimcha, bularning barchasiga birdaniga taqiq qoʻyish lozim. Seriallar muhokamaga qoʻyilsin. Avvaliga besh seriyasi taqdim qilinsin, agar talabga javob bersa, qolganlarini ham suratga olishga ruxsat berilsin. Hozir seriallarning besh qismi yaxshi ishlanadi, kanallar bilan shartnoma qilib olingach hammasi atala boʻlib ketadi. Masalan, “Qodirxon” serialini koʻpchilik koʻrgan. Oʻlib ketgan odam tirilib kelayapti. Bir paytlar Qozogʻiston, Qirgʻiziston havas qilardi bizning kino sanoatimizga. Hozir-chi, onalar seriallarimizda qizini u erdan olib bu erga berib yotibdi. Ijodkor xalqning orqasidan emas, xalq ijodkorning orqasidan ergashishi kerak. Afsuski, hozir ijodkorlar avomning orqasidan ketayapmiz. Ikkita serial oldim. Unda xiyonat, fahsh boʻlmagani uchun reytingi koʻtarilmadi. Yana bir katta fojeamiz – turk seriallari bizga ana shu xiyonat, fahsh mavzularini olib kirdi. Oqibatda ulardan oʻtib ketdik. Televizor oldidan erkaklarni qochirib yubordik, faqat ayollar qoldi.

Barno SULTONOVA
Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:09 / 18.09.2024 0 66
Afandi kimga xizmat qilgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20382
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//