Antilopalardan qasos olgan akatsiyalar – Oʻsimliklar oʻylay oladimi?


Saqlash
23:14 / 02.08.2024 879 0

Charlz Darvin oʻzining “Oʻsimliklarda harakatlanish qobiliyati” kitobida: “Bunday deyilsa mubolagʻa boʻlmaydi: ildizning uchi… qandaydir pastroq hayvonlarning miyasidek ишлайди… his-tuygʻulardan taassurotlarni toʻplaydi, harakatlarni boshqaradi”, deb yozgan boʻlsada, yaqin vaqtlargacha ham koʻplab olimlar oʻsimliklarda aql boʻlishi mumkinligi mavzusini muhokama qilishdan bosh tortishardi, chunki oʻsimliklar miyaga ega emas, shunday ekan, ular faoliyatga ega boʻlolmaydi, degan fikrda edilar.

 

Hayvonlarda aqlining mavjudligi amalda hal qilingan masala. Shunga koʻra, 2008-yil Ispaniya parlamenti odamsifat maymunlarning yashash va erkinlik huquqlarini tan oldi. Yangi Zelandiya barcha hayvonlarning sezgir mavjudotlar ekanini va odamlar bilan bir xil darajada his-tuygʻularga egaligini rasman taʼkidladi. Bir qator davlatlarda nafaqat fan, balki qonun ham hayvonlarning tarafini oladi.

 

Ammo oʻsimlik intellekti masalasiga kelsak, Darvin davridan to hozirgacha koʻp narsa oʻzgarmadi. Zotan, bu tushunarli holat. Chunki oʻsimliklarning aql-idroki haqidagi savolni muhokama qilganimizda oʻz-oʻzidan noqulaylik hissi paydo boʻladi. Buning sababi, masalan, daraxtni fikrlaydi va his qiladi degan fikrni qabul qilish qiyin. Qachonki, u Pinokkio (Buratino) boʻlmasa.

Shu nuqtai nazardan, oʻsimliklarning ikkita muhim kamchiligi bor deyiladi:

 

1. Bizdan va hayvonlardan farqli oʻlaroq, ular harakat qilmaydi.

2. Ularning asab tizimi yoʻq, yaʼni ular tashqaridan olingan maʼlumotni idrok etish va tahlil qilish uchun hech narsaga ega emas.

 

Birinchi masala boʻyicha Charlz Darvin qatʼiy ishonch bilan quyidagi fikrni ilgari surgan edi: “Odamlarda oʻsimliklarning sekin harakatlanishi kuzatish uchun sabr-toqat yetishmaydi. Ammo sekinlik ularning omon qolishiga yordam beradi: oʻsimliklar hayvonlardan farqli oʻlaroq, tana vaznining 90 foizini yoʻqotganidan keyin ham oʻzini tiklab olishga qodir boʻladi.

 

Chindan ham odamlar emanzorlarning qanday oʻsishini toʻliq kuzata olishmaydi. Negaki, eman daraxti 400 – 1500-yil yashaydi. Shvetsiyaning Fulufellet togʻidagi Qariya Tikko deb ataluvchi archa esa dunyodagi eng qadimiy daraxtlardan biri biri hisoblanadi. Uning ildizlari 9 565 yoshda…

 

Oʻsimliklarda “tushunish”, “muloqot qilish” qobiliyati borligi birinchi marta oʻtgan asrning 80-yillarida Janubiy Afrikada sodir boʻlgan bir voqea tufayli kashf etilgan edi. Pretoriya universiteti zoologi Vouter van Xoven kudu antilopalarining ommaviy ravishda nobud boʻlishlarining sababini oʻrganadi. Mahalliy chorvadorlar ularni maxsus dalalarda boqishardi, ammo hayvonlar hech qanday sababsiz birin-ketin nobud boʻlardi. Ular kasal boʻlmas, och ham qolmas, doimiy qorinlari akatsiya yaproqlariga toʻla boʻlardi. Kunlarning birida jirafalarning ham shu hududlarda oʻtlab yurgani Van Xovenning eʼtiborini tortdi, ular ham akatsiya barglari bilan oziqlanardi. Ammo qandaydir gʻalati tarzda: ular hech qachon bir daraxtning tagida uzoq muddat qolishmasdi. Bir daraxtdan barglarni uzib olganidan keyin yonidagi daraxtlarning “mehmonnavozligiga” qiyo ham boqmasdan 350-400 metr uzoqlikdagi daraxtlarga qarab borardi, bu vaqtda ular har doim shamolning esishiga teskari qarab yurishardi. Oʻlik antilopalar tekshirilganda hayvonlarning jigarini ishdan chiqaruvchi zaharli modda – taninning darajasi haddan tashqari koʻp ekani qayd etilgan. Jirafalar tanasida esa tanin miqdori bir necha barobar past boʻlgan. Zoolog shuningdek, akatsiya daraxti hayvonlar himoyalanish uchun yaproqlarida tanin miqdorini oshirganini aniqlaydi. Ammo daraxtlar barglarini tanin moddasi bilan toʻyintirish vaqti kelganini qanday anglab yetgan? Ayon boʻlishicha, hayvonlar birinchi boʻlib yeyishni boshlagan akatsiya daraxti qoʻshnilarini kimyoviy usul yordamida tajovuzkorlar bosqinidan ogohlantiradi: hayvonlar barglarni isteʼmol qilayotganda, etanol gazi ajralib chiqadi. Birinchi daraxtdan uchib chiqqan moddani boshqa daraxtlar ilib olganidan soʻng ular buni xatarli signal sifatida qabul qiladi va 5-10 daqiqa ichida barglardagi tanin miqdorini oshiradilar. Shuning uchun ham jirafalar qoʻshni daraxtning yaproqlarini yemaydi va shamolga qarshi harakatlanadi. Antilopalar esa oldidan chiqqan akatsiyalarni paydar-pay yeb ketaverishi natijasida oʻlim yuz bergan.

 

Professor Andre Kessler va uning sheriklari tashqi tahdidlarga javoban oʻz xatti-harakatlarini oʻzgartiradigan oʻsimlikning ajoyib namunasini topishgan. Bu Shimoliy Amerika, Yaponiya, JAR, ayrim Yevropa davlatlari va Rossiyada oʻsadigan oltin novda (goldenrod) nomli yovvoyi oʻtdir. Faqat u turdoshlari bilan “muloqot qilish” uchun asab tizimining oʻrniga kimyoviy signallar tizimidan foydalanadi.

 

Biologlar haqiqiy xatar yaqinlashgan sharoitda – oʻsimlik bargi qoʻngʻiz lichinkalari hujumiga uchragan chogʻda oltin novdaning xatti-harakatlarini oʻrganishdi. Tajovuzkorlik harakatlari boshlanishi bilan oltin novda SOS signalini tarqata boshlaydi. Toʻgʻrirogʻi, u VOC (volatile organic compounds) – uchuvchi organik birikmalarni chiqarib, hasharotlar hujumi haqida qarindoshlarini xabardor qiladi va giyohlar uni eshitadi! Yaqin atrofdagi boshqa oltin novdalar qoʻshnisini hasharotlar yutib yuborayotganini bilib, tanasini jangovar holatga keltiradi va barg qoʻngʻizi lichinkalarini qaytaradigan maxsus kimyoviy birikmalar ishlab chiqaradi.

 

– Ayon boʻlishicha, oʻsimliklar hidlarni juda aniq sezadi, hatto birgina hujayra ham ularni “taniy oladi”, – deydi professor Kessler.

– Shunday qilib, oʻsimlik qarindoshlaridan olgan signallarga javoban oʻzining standart xatti-harakatlarini oʻzgartiradi. Mana shu aql boʻlmasa, nima, sizningcha?

Oʻsimliklardagi xatti-harakatlarning bu modeli faqat birgina oltin novdaning super kuchi emas, uni 80 dan ortiq oʻsimlik turlari ham namoyon qiladi.

 

“Basharti, biz oʻsimliklarning xatti-harakatini aqlga muvofiq deb hisoblagan taqdirimizda ham, u hayvonlarnikidan farqli boshqa aql turidir”, deydi Andre Kessler. Masalan, oʻsimliklar ham, hayvonlar ham asosiy hayotiy vazifa – muvaffaqiyatli koʻpaya olishadi. Faqat ular buni turli yoʻllar bilan bajaradilar. Qizigʻi shundaki, bu sunʼiy intellektning xatti-harakati va ambitsiyalariga qarama-qarshidir. Sunʼiy intellektning qobiliyati insonning aql-zakovatidan oshib ketishiga shubha yoʻq. Ammo oʻsimliklar va hayvonlardan farqli oʻlaroq u nasl qoldirish istagini oʻzida hosil qila olmaydi, uning maqsadlari bevosita insoniy istaklar asosida belgilanadi. Shunga qaramay, odamlar oʻsimliklarning aql-zakovatini inkor etadi, lekin qalbsiz temir parchasida aql-idrokni qabul qilishmoqda.

 

Ushbu maʼlumotlarni oʻrganarkanman, bir voqea yodimga tushdi. Mashhur navoiyshunos olim Yoqubjon Isʼhoqov tok daraxtini qanday qilib qoʻrqitganini soʻzlab bergandi. Domlaning hamma toklari uzum solarkan-u, ammo bittasi sira hosil qilmas ekan. Yoqubjon aka bir kuni ayoli bilan kelishib olibdi. Kelishuvga muvofiq ayoli oʻsha uzumning oldida nimadir ish bilan band boʻlgandek aylanib yuribdi. Domla qoʻliga bolta koʻtarib, “Shu tokni chopib tashlayman, shuncha yilgacha bir boshgina ham uzum solmadi”, deb vajohat bilan otilib chiqibdi. Ayoli “Hay, hay, oʻzingizni bosing, bu yil meva qiladi!” deb yoʻlini toʻsibdi. Kutilganidek, uzum kelgusi yili rosa koʻp hosil solibdi.

 

Bizning hovlimizda besh toʻp anor daraxti bor edi. Toʻrtovi yaxshi meva berardi-yu, bittasi hatto gullamasdi ham. Karantindan oldingi yilgi kuz faslida biz ham domlamizning tajribasini qoʻllab oʻsha anorni qoʻrqitgan boʻldik. Daraxt bechoraning “oʻtakasi” yorilgan ekanmi, bahorda shunchalar koʻp hosil qildiki, shoxlari yerga tegib qoldi…

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:11 / 13.11.2024 0 385
Ibn Sinoning asl surati saqlanib qolganmi?

Ma’naviyat

12:11 / 13.11.2024 0 198
Ma’naviy ekspertiza kerakmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 21827
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//