Turkiston demokratik respublikasi va Turkiston armiyasi. Inglizlarning Markaziy Osiyoga tarixdagi yagona bosqini


Saqlash
14:46 / 02.08.2024 1620 0

Buyuk Britaniya imperiyasi butun dunyo tarixidagi eng katta imperiya hisoblanadi. Ushbu metropoliya barcha qitʼalarda mustamlakalarga ega boʻlgan va Rossiya bilan Markaziy Osiyo uchun ham kurash olib borgan. Garchi, dastlab bu kurashda Rossiyaga yon bergan boʻlsa-da, inglizlar keyinchalik baribir Markaziy Osiyoni egallashga harakat qildi. 1918-1919-yillarda Ashxobodni qoʻlga olgan Britaniya askarlari mahalliy aholi va oq gvardiyachilarga Turkistonda sovet hokimiyatini qulatishga bevosita yordam bergan hamda oʻlkada oʻz hukmronligini oʻrnatishga uringan.

 

1918-yil. Turkistondagi vaziyat

 

1918-yil fevralida Turkiston muxtoriyati qulatilgach, mintaqada sovet hokimiyatiga qarshi qurolli (istiqlolchilar harakati) kurash boshlanadi. Toshkentni Moskva bilan bogʻlovchi Orenburg shahri va uning atroflari Dutov boshchiligidagi oq gvardiyachilar tomonidan egallangach, Toshkentdagi sovet hokimiyati markaz taʼminotisiz qoladi va istiqlolchilar bilan kurash olib borishda jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi.

 

Sovetlar Germaniya bilan Brest tinchlik shartnomasini imzolagan boʻlsa-da, nemislar va ularning ittifoqchisi boʻlgan Usmonlilar sobiq Rossiya imperiyasining hududlarini oʻziga qoʻshib olish niyatidan butunlay voz kechmaydi. Xususan, Usmonlilar “Sharq” harbiy guruhini tuzib, 20 mingdan koʻproq qoʻshin toʻplaydi. Ushbu boʻlinmaning bosh maqsadi Ozarboyjon, Dogʻiston, Shimoliy Kavkaz hududlarini Usmonlilarga qoʻshib olish boʻlgan.

 

 

1918-yilda turklar allaqachon Kavkazda faol harbiy harakat olib borayotgandi.

 

Britaniya nemis-usmonli kuchlari Kavkazni qoʻlga olsa, ular uchun Turkistonga yoʻl ochilishidan xavotirda edi. Chunki bu paytda Turkistonda 60 ming atrofida nemis, turk, avstro-venger asirlari saqlanayotgan, mintaqa usmonli kuchlari tomonidan zabt etilsa, ular tezda qurollantirilib, jiddiy kuchga aylanishi mumkin edi. Bu jiddiy kuch esa Buyuk Britaniyaning eng asosiy mustamlakasi – Hindiston va Eron uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid tugʻdirardi.

 

Qolaversa, dunyo paxta bozoridan uzilib qolgan Germaniya va Usmoniylar uchun Turkiston xomashyo bazasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etgan.

 

Aynan shu sabablar va kommunizmning dunyo boʻylab tarqalishi xavfi tufayli London sobiq ittifoqchisi hududiga bostirib kirishga qaror qiladi.

 

Turkistonga ilk va yagona bosqin

 

1918-yil yanvar oyida inglizlar turklarning Kaspiy dengiz tomon yoʻlini yopish uchun general Lionel Denstervil boshchiligida maxsus boʻlinma tuzadi va uni Kavkazga yuboradi. Ushbu guruhning vazifasi Kaspiy janubida mustahkamlanish, soʻngra asosiy port-shaharlar boʻlgan Enzeli va Bokuni qoʻlga olish edi.

 

 

London Denstervil missiyasining ehtimoliy muvaffaqiyatsizligini ham hisobga oladi va ikkinchi chiziq sifatida Kaspiyorti viloyatini (hozirgi Turkmaniston hududlari) egallashni rejalashtiradi. Bu vazifani bajarish uchun asosan hindlardan iborat britan-hind alohida boʻlinmasi tuziladi va unga general-mayor Uilfrid Malleson qoʻmondon etib tayinlanadi. Malleson bunga qadar Turkiston, Afgʻoniston va Erondagi Britaniya razvedka xizmatini boshqargan, shu bois oʻlka ahvolidan yaxshi xabardor boʻlgan tajribali zobit edi.

 

U 1918-yilning iyun oyida oʻz boʻlinmasi bilan Eron shimoliga yetib keladi va sovet Turkistoni bilan chegaradosh Mashhad shahriga joylashadi. London Malleson zimmasiga “Usmonli-Germaniya bosqiniga mahalliy qarshilikni tashkil etish”, “Markaziy Osiyo temiryoʻli xavfsizligini taʼminlash”, “Kaspiy dengiz nazoratini qoʻlga olish”, “dushman agentlarini ushlash”, “dushman propagandasiga qarshi turish” kabi vazifalarni yuklaydi.

 

Bu paytda, 1918-yil 11-12 iyul kunlari Kaspiyorti viloyatida bolsheviklarga qarshi eserlar va mensheviklar boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtariladi hamda mintaqadagi sovet hokimiyati tugatiladi. Kaspiyorti muvaqqat hukumati tuzilib, uning tarkibiga eserlar, mensheviklar, dashnoqlar va turkman xonlari kiradi. 28-iyul Chorjoʻy yaqinidagi jangda Kaspiyorti hukumati qoʻshini qizil armiyadan magʻlubiyatga uchraydi va hukumat mavjudligi xavf ostida qoladi. Vaziyatga Buyuk Britaniya qoʻshinlari aralashadi.

 

Avgust oyining boshida Markaziy Osiyo oʻlkasiga birinchi marta ingliz askarlari oyoq qoʻyadi. Britaniya kuchlari tez fursatda Ashxobod va Krasnovodsk(hozirgi Turkmanboshi)ni egallaydi hamda Kaspiyorti temiryoʻlining asosiy qismini oʻz nazoratiga oladi. Ashxobodda joylashgan ingliz qoʻshinlariga Redjinald Tig-Jonson boshchilik qiladi. Malleson faqatgina dekabr oyida Ashxobodga keladi.

 

13-avgust kuni inglizlar Markaziy Osiyoda ilk bor qizil armiya bilan bevosita jangda qatnashadi. Bayramali temiryoʻl stansiya yonida boʻlib oʻtgan ushbu toʻqnashuvda Britaniya kuchlariga tayangan Kaspiyorti muvaqqat hukumati sovetlar hujumini qaytarib, stansiyani oʻz nazoratida ushlab qoladi.

 

General Uilfrid Malleson

 

Bolsheviklar avgust oyi oxiriga qadar Kaspiyorti muvaqqat hukumatiga yana toʻrt marta hujum qiladi. Biroq ularning bari inglizlar aralashuvi sabab muvaffaqiyatsiz tugaydi.

 

“Turkiston demokratik respublikasi” va Turkiston armiyasi

 

Inglizlar butun Markaziy Osiyo mintaqasini bosib olish niyatidan uzoq edi. Ular bu yerda bolsheviklarga qarshi front yaratib, Britaniya taʼsir doirasida boʻlgan yangi davlat tuzishni rejalashtirgandi. Bu yoʻlda ular oq gvardiyachilar, Xiva xonligi, Buxoro amirligi, istiqlolchilar bilan muzokaralar olib bordi va ularni dastaklashga harakat qildi.

 

Xususan, oʻlkada sovetlarga qarshi kuchlar bilan kelishuvlar oʻtkazish va oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun avgust oyi oʻrtalarida Toshkentga Frederik Beyli boshchiligida maxsus delegatsiya yuboriladi. Delegatsiya Toshkentga Sharqiy Turkiston orqali keladi va ularga Britaniyaning Qoshgʻardagi konsuli Jorj Makkarti ham qoʻshiladi. Bundan tashqari bu vaqtda Toshkentga AQSH bosh konsuli Traduell ham tashrif buyuradi.

 

Bir necha hafta davomida Toshkentda boʻlib turgan inglizlar “Shoʻroyi Ulamo” va istiqlolchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazgani haqida taxminlar mavjud. Bu versiyani sovetlar ilgari surgan. Sovet tarixchilari Beyli delegatsiyasi istiqlolchilarga qurol-yarogʻ va pul yordami vaʼda qilganini yozadi.

 

Kaspiyortida inglizlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri janglar yuz bergach “Chk” (“Всероссийская чрезвычайная комиссия по борьбе с контрреволюцией и саботажем” – “Aksilinqilobiy harakatlar va sabotajga qarshi kurash boʻyicha Butunrossiya favqulodda komissiyasi”) agentlari Beylini uy qamogʻiga oladi. Keyinroq qoʻyib yuborilgan Beyli, bolsheviklar uni yana qamoqqa olmoqchi ekanidan xabar topadi va Buxoro orqali Kaspiyortiga qochib ketadi.