Sen vujudimda sira kutilmaganda paydo boʻlding. Avval koʻksimda nimadir gʻimirlagandek tuyuldi, soʻng gʻalati ogʻriq boshlandi, bir necha kundan keyin tanamdan nimadir boʻrtib chiqqanini sezdim. Men qoʻrqib yurgan hodisa shu qadar tez sodir boʻlishini kutmagandim. Choshgohda hamma qaylulaga kirgan mahal, sekingina mehmonxonamiz eshigini ichkaridan berkitib, pardalarni tushirdim, chiroqni yoqdim. Soʻng ustiga bir paytlar onamning chevar qoʻllari bilan tikilgan munchoqli dastroʻmol tashlab qoʻyilgan toshoyna qarshisiga borib, koʻylagimni koʻtarib qaradim. Evoh! Oʻzimdan oʻzim uyalib shart etagimni tushirdim. Bundan keyin nima qilish haqida oʻylay boshladim. Eng avval issiq kiyimlar solingan tugunni ochib, sariq jemperimni izlashga tushdim. Asr mahali issiq kunda jemper kiyib olganimni koʻrgan kattam* hayron boʻlib qoldi:
– Ey, tavbangdan ketay? Saratonda javrab oʻlgan hoʻkizim, deganlari sen boʻlsang kerak.
Kattamga yer ostidan xoʻmrayib qaradimu, indamadim. Shu tobda dardim oʻzimga yetarli edi. “Belim ogʻriyapti” deb mingʻirlagancha supaga suv sepaladim. Bidonlarga suv toʻldirib, onamdan javob soʻradimda, qoʻshni qishloqdagi xolamnikiga otlandim. U yerda mening najotkorim – Rohila opam yashaydi. Rohila opamning oʻzi yaxshiyu, qiligʻi sovuq. Dardimni aytganimda, avvaliga rosa ustimdan kuldi. “Seniyam mammang chiqadigan kun bor ekanku” deb uyaltirdi. Hartugul, bir oz asabimga tekkach, “Issiq kunda jemper kiyib hammaga kulgi boʻlma, garang, kerakli narsangni oʻzim tikib beraman”, deya qoldi.
“Kerakli narsam” bir kunda tayyor boʻldi. Ertasigayoq olib qaytdim. Lekin oʻzimni allaqanday oʻngʻaysiz sezardim. Qaddimni tik tutishdan uyalib, bukchayib yurishga odatlandim. Har gal gavdam ikki qatlanib kitob oʻqib oʻtirganimda, kattam qattiqqina kafti bilan yelkamga tushirib qolardi:
– Toʻgʻri oʻtir! Bukri boʻlib qolasan.
Asta-sekin senga oʻrgandim. Sen xuddi boshim, koʻzlarim, qoʻl-oyoqlarim singari tanamning bir qismi eding, daraxt novdasidan oʻsib chiqqan kurtaklar singari sen ham mendan oʻsib chiqqanding …
***
Balogʻatning sirga toʻliq kechalarida ilk dafʼa yuragim qattiq-qattiq urganini sezdirganing yodingdami? Oʻsha kezlari yuragim dukurini hatto qattiq uxlab qolgan paytlarimda ham sezar, dafʼatan uyqudan uygʻonib ketardim. Orom begona boʻlgan boshimni yostiqdan koʻtarib, uyasida hurpayib oʻtirgan qush shamoyiliga kirar, olislarga qaragancha xayol surardim. Xayolim oynasida koʻringan oniy surat tonggacha tinmaydigan titroq solardi qalbimga.
Koʻp oʻtmay bizga tanish bu titroq Uning qalbidagi tuygʻularga hamohang ekani maʼlum boʻlib qoldi. U ham oshiq ekan. Avval maktublar yozdi. Qop-qora sochlarim, kattam qaynatgan chirmovuq suvida uzaygani sayin Uning menga yozgan maktublari ham uzaygandan uzayib borardi. Bir oqshom qoʻshni qishloqdan qaytayotganimda soy koʻprigi oldida yoʻlimni toʻsdi.
– Men seni yaxshi koʻraman! Nega xatlarimga javob yozmaysan?
Garchi Unga befarq boʻlmasamda, gʻururim sevgimdan ustun edi.
– Qoch yoʻlimdan. Xatingga javob qaytaraman, deb vaʼda berganim yoʻq senga!
Vajohatimni koʻrib, indamay yoʻl boʻshatdi. Lekin ortimdan qichqirib qoldi:
– Ertagayoq uyingga sovchi yuboraman.
Sovchilar keldi, ketdi, keldi, ketdi. Oxiri otamning koʻnglini yumshatishdi. Maʼqul joy deb, onam orqali qizidan javob kutdi. “Oʻzlaring bilasizlar” degan ikki ogʻiz soʻzni aytguncha, loladek qizardim. Ikki yonogʻimda gullagan lola hammadan berkitib oy yorugʻida tikib oʻtiradigan kashtalarim girdiga uchib tushdi. Yoshligimning baxt mavsumi boshlandi. U bilan mening ismim tushirilgan roʻmolchalar serob boʻlib qoldi.
***
Toʻrt oylik kelinchak edim. Kutilmaganda tanamda sen paydo boʻlgan kundagiga oʻxshash gʻalati oʻzgarishni tuydim. Negadir shoʻr yemaklarni tusardim, baʼzi kunlari uyqudan bosh koʻtarolmasdim. Dunyo koʻzimga qandaydir boshqacha koʻrina boshladi. Sen esa kun sayin toʻlishib borarding… Bir saboh dunyomni chaqaloq yigʻisiga toʻldirdi. Toʻngʻichim – qizim dunyoga keldi. Toʻlachadan kelgan, jilmayishi kattamni eslatuvchi doya xotin rangi jish polaponni eslatuvchi bir parcha etni yoʻrgakka oʻrab qoʻlimga tutqazdi:
– Qani, bolangni emizchi, qizim.
Yosh onalarga xos noʻnoqlik ila goʻdakni koʻksimga bosdim, uyat ichida atrofga alanglagancha pushti soʻrgʻichingni chaqaloqning ogʻizchasiga tutdim. Qizim avval tamshandi, soʻng yutindi. Sen orqali berilgan rizqning ilk qatralari goʻdagimning nozik tomogʻidan oʻtganini butun vujudim bilan his qilib turdim. Oʻsha lahzalarda Tangri kelajakka men orqali ozuqa tutayotgan, menga marhamat koʻrsatib, bir emas, ikki hayot chashmasini ato etgandi goʻyo.
Tugʻruqxonaning 3-qavatidagi palatamda, bir oz uringan toʻshak ustida jannat isli goʻdagimni hidlab yotar ekanman, ruhimga yoz yomgʻiridan keyin tuproqdan koʻtariladigan ifor yangligʻ yoqimli horgʻinlik indi. Endi men Ona edim. Goʻdagining rizq-nasibasi qoʻsh siynasidan oqajak qudratli xilqat. Tangri qiz izidan oʻgʻil berdi. Oʻgʻil koʻrganini eshitganda U dunyoga sigʻmay qoldi. Qah-qah urib kuldi, quvonganidan oʻsha on yonida turgan qaynonamni dast koʻtarib oldi. Avval oʻrtoqlariga haq berdi, soʻng elga osh tarqatdi.
Baxtim toʻkis edi mening. Teng-toʻshlarimning goh havasini, goh hasadini keltirib, ochilib-sochilib yurardim. U meni sevardi, qizu oʻgʻlim yonimda edi, qaynona-qaynotam oʻz qizidek koʻrishardi. Osuda turmushimdan, baxtimdan sarmast edim. Goh oydek toʻlishgan, goh kundek yorishgan juvon edim. Biroq quvonchim koʻpga choʻzilmadi. Oyu kunim birdek zimistonga choʻmdi. Kutilmaganda hammasi ostin-ustun boʻlib ketdi. Goʻyo hovlimizda bir zilzila sodir boʻlib, oʻn yillik roʻzgʻorimni kunpayakun qilgandek. Oʻsha kunlari senda urugʻlik kartoshkaning tugunaklariga oʻxshash gʻalati bezchalar paydo boʻlgan, sim-sim ogʻrib yotarding. Men esa uzun tunlarni isitma ichida yonib oʻtkazardim.
***
Kun sayin quvvatdan ketdim. Rangim soʻlib-sargʻaydi, ishtaham yoʻqoldi. Bir kun U, bir kun ota-onam shifoxonaga yetaklashdi. Lekin kasalimning uchi topilay demasdi. Sendagi ogʻriq kun sayin kuchaya bordi, ranging koʻkimtir tusga kirdi. Bir kuni shifokorlar tashxis qogʻozimga men qattiq qoʻrqadigan soʻzni yozganlarini koʻrdim: “Saraton”…
Voh, bu doʻxtir zoti shafqat nimaligini bilmaydiya. Bir nechtasi palatamga kirib, seni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlamasa boʻlmasligini aytishdi. Aks holda, oʻsimta boshqa aʼzolarga oʻtishi mumkin ekan. Muzlab qoldim. Oʻsha tobda koʻzim hech nimani koʻrmas, terim hech narsani sezmas, faqatgina quloqlarim ostida jarroh-onkologning sovuqqon soʻzlari takror-takror yangrardi:
– Har ikki koʻkragingizni amputatsiya qilmasak boʻlmaydi… “Har ikki ko‘kragingizni…”
Bir necha yilga tatigan oʻsha alamli kechada ikki goʻdagim uchun vaziyatga koʻnikishim, kuchli boʻlishim kerakligini angladim. Shifokorimdan yaxshilab oʻylab olish va ruhan tayyorlanish uchun vaqt soʻradim. Shundoq ham amaliyotgacha bir necha kun tayyorlashar ekan. …U bolalarni olib keldi. Koʻzlari bir oz qizargan, qovogʻi soliq edi. Mendan ham tushkun ahvolini koʻrib, dilim ogʻridi. Qaynanam berib yuborgan tovuq shoʻrvani stolga qoʻydi. Bolalarni yonimda qoldirib, doʻxtirning yoniga chiqib kelish bahonasida eshikka yoʻnaldi. Ikki qoʻlim bilan ikki goʻdagimni quchdim. Men uchun olamdagi hamma boshlardan aziz boʻlgan ikki jimit boshni soʻnggi bor sening ustingga qoʻydim. Toki onasining taftini unutmasinlar, dedim. Ovoz chiqarmay yigʻladim. U jarroh xonasidan yanayam qovogʻi osilib qaytdi. Angladimki, yanayam kuchliroq boʻlishim kerak ekan… Juda-juda kuchli…
***
Operatsiyadan bir kun oʻtdi. Jonlantirish xonasida koʻzimni ochganimda, koʻkrak qafasim doka bilan qalin chirmab tashlangandi. Yonimda telefon titkilab oʻtirgan hamshira “Suv ichasizmi” deb soʻradi. Bosh chayqadim. Shiftning haddan tashqari oqligi narkoz paytida koʻrganim mitti kafan rangini eslatardi. Darvoqe, tushimdagi kafan. Unga sen oʻralgan eding. Men esa seni olib ketayotgan odamlar ortidan yigʻlab chopardim, yalinib chopardim:
– Iltimos, unday qilmanglar…
Operatsiyaning uchinchi kuni doʻxtirlar palatamga allaqanday togʻoracha bilan kirib kelishdi. Togʻoracha ichida vujudimning bir boʻlagi – sen bor eding. Mendan kesib olingan sen… Bemor oʻz koʻzi bilan koʻrsin, amaliyot bekorga oʻtkazilmaganini tushunsin deb olib kirishibdi. Inson shafqatsizligining chek-chegarasi yo‘q…
Bir paytlar qatqoriniga mix tiqilgani uchun soʻyishga toʻgʻri kelgan ola sigirimiz esingdami? Peshonasi qashqa buzoqchasi bor edi. Sigirimizni soʻygan qassob katta togʻoraga solingan goʻshtni oshxonaga – onamning yoniga keltirib, “Buni nima qilamiz endi, yanga?” deb soʻragani koʻz oldimdan ketmaydi. Togʻoradagi gʻalati rangli goʻsht – sersut sigirimizning yelini edi. Undan qon aralash sut oqib turardi. Togʻorani yarimlatgan qontalash sut… Onam yelinni nima qilishini bilmay, tomorqamizdagi marvartak tut ostiga koʻmdirgan, men esa bu voqeadan keyin ikki yilgacha sut icholmay yurgandim.
…Yana bir kun oʻtdi. Onam keldi. Koʻzi toʻla yoshu, oʻzini dadil tutishga urinadi. Onaginam a! Baribir oʻzini tutolmadi. Aytishicha, seni mozorga koʻmdirishga koʻngli boʻlmabdi. Tirik bolamning aʼzosini mozorga bermayman, debdi. Onamning amri bilan ukam, ukaginam seni hovlimizdagi murut* daraxti ostiga koʻmibdi. Oʻsha kech tushimga murut daraxtimiz kirdi. Boshini yeguday meva solganmish, har bir mevasidan sut oqib turganmish. Oppoq sut…
***
… Kunlarni sanamay qoʻydim. U hamon xoʻmraygancha kelib-ketib yuribdi. Palatamga kiradi, koʻpincha bir soʻz demaydi, xoʻrsinadi, hammasiga men aybdordek alamnok qaraydi. Kasalxonadan chiqib qayerga borishni oʻylaydigan kunlar yaqinlashdi. Albatta, boshlanishiga onam olib ketadi. Lekin baribir kelinlik uyimga qaytishim kerak. Uyga qaytishimga U qanday qarar ekan? …Bir oy qizlik uyimda yashadim. Bolalar dadasini sogʻingach, majbur uyga qaytdim. Qaytdimu, meni bu yerda hech kim kutmayotganini payqadim. Qaynona-qaynotam oʻngʻaysizgina qarshilashdi. Unga esa hamma narsa baribir edi. Kelib-ketuvchilar koʻp. Astoydil hol soʻragandan tomoshatalab koʻp. Bir kun tomoshatalab yoʻqlaguvchilardan biri soʻz qotdi:
– Eringiz anavi Maftuna bilan topishib olganmish.
– Maftuna kim?
– Beknazar akaning erdan qaytgan qizi-chi?
Darrov a? Operatsiya boʻlganimga qancha boʻldi? Endi bir yarim oy toʻldi shekilli? Narximiz shunchalik ekanda. Taqdir tekislagan koʻksimdan achchiq-achchiq kulgi otilib chiqdi.
Koʻp narsaga befarq boʻlib qoldim. Meni dunyoga bogʻlab turgan tanho rishta – bolalarim edi. Kuchim, umrim yetganicha ularni oyoqqa qoʻyishni, ularga nimadir oʻrgatishga ulgurishni istardim. Zero, shifokorim xavf toʻliq oʻtib ketmaganini, kasallik qachondir qaytadan ildiz otishi mumkinligini aytib ogohlantirgan edi. Biroq U negadir menga bu imkonni berishni istamayotgandi. Holbuki, Undan hech nima talab qilmasdim: na mehr, na vafo. Shunchaki soʻnggi kunimga qadar bolalarimning onasi boʻlib qolgim kelardi.
Bir kuni shom payti telefonimga xabar keldi. Xabar Undan edi. Huv oʻsha, soy koʻprigi ustida uchrashganimizdagi kabi yuragim hapriqib ketdi. Surat shaklidagi xabar mening shoshqaloq ajalimga oʻxshardi – U oʻsha ayolni quchib tushgan suratini yuborgandi. Suratlar paydar-pay keladigan boʻldi. Suratlar kundan-kun sharmisor tusga kirdi. U mening imkonlarimni qisqartirishga astoydil kirishgan edi. …Bir paytlar otam amazon ayollar haqida oʻqib berganini eslayman. Jangda xalal bermasligi uchun bir siynasi kesilgan ayollar ҳақида… Meni toʻkis amazonga aylantirgan taqdirdan nafratlanaman. Qani, taqdirim odam shaklida boʻlsayu, yuziga tupursam.
Uning urinishlari tez kunda meva berdi. Tanamdagi ogʻriqlar qaytadan uygʻondi. Yelkam va umurtqamning sanchigʻiga chidab boʻlmay qoldi. Ukam kasalxonaga yotqizdi. Tahlil qogʻozlarimni birma-bir koʻzdan kechirgan shifokorim koʻzoynagi ostidan achinish-la qaradi:
– Nimadan buncha siqildingiz? Nega kasallik bunchalik tez qaytaladi?
Indamay yelka qisdim. Kuchimni toʻplab jilmayishga urindim.
– Qancha vaqtim qolganini aytolmaysizmi?
Boyaqish shifokorim nogoh koʻziga qalqqan tomchini artdi. Dadilligimni koʻtarolmadi shekilli. Soʻng kaftini hamdardlarcha yelkamga qoʻydi:
– Aytolmayman, meni kechiring.
***
Ayrilganimizdan keyin oradan bir necha oy oʻtganiga qaramay, hamon xayolimda sen bilan soʻzlashardim. Oʻsha kuni dafʼatan oʻy surib qoldim. Balki sen oʻsha – murut tagidagi jimit qabrda, kichik kafan ichida allaqachon chirishga ulgurgandirsan? Unda men nega hamon seni his qilaman, nega oʻrning hamon ogʻriydi? Yo fantom ogʻrigʻi deganlari shumi? Bilasanmi, biz yana topishadigan fursat yaqin. Yuragimga tosh bostirdim – bolalardan ham koʻngil uzdim. Toʻgʻrirogʻi, ularni Yaratganga topshirdim. Alloh mehribon boʻlsin. Soʻng yoʻlakda kasalxona jurnalini toʻldirib oʻtirgan hamshira qizdan qogʻoz-ruchka olib ukamga qisqagina vasiyat yozdim:
“Uka, senga qanchalik ogʻir boʻlmasin, meni joyimga oʻzing qoʻyishingni istayman. Yostigʻim ostida kimyoterapiyadan keyin toʻkilgan sochlarim solingan xaltacha turibdi. Xaltachani boshim ostiga qoʻy. Murut tagidagi boʻlagimni menga qoʻshib koʻmish esingdan chiqmasin. Pochchangning qoʻlini kafanimga tegdirmaysan”.
…Xullas, yaqin kunlarda sen bilan yana topishamiz. U yerlarda hech kim seni tanamdan qirqib ololmaydi. Hech kim meni istehzo bilan “chalaxotin” deb atashga botinmaydi. Biz Mahshargohda sen bilan bir butun boʻlib uygʻonamiz. Hozircha murut tagida yana ozroq kutib tur…
*katta – buvi (Shahrisabz shevasi)
*murut- nashvati
Toshkent, iyul
Gulnoz MOʻMINOVA
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q