Oʻzbekiston futbol terma jamoasi tarixda ilk bor Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etdi. Birinchi oʻyin Ispaniyaga qarshi 1:2 hisob bilan raqib jamoa foydasiga hal boʻldi. Lekin material bu haqda emas, Olimpiada oʻyinchilarini qoʻllash uchun borgan 450 nafar “muxlislar” va Abduqodir Xusanov haqida.
Taʼkidlanganidek, futbol boʻyicha milliy terma jamoamizning Olimpiada oʻyinlariga chiqishi – tarixiy voqelik boʻldi. Uni keng jamoatchilikka yoritish, milliy faxr tuygʻusini yanada oshirish, mamlakatni dunyoga tanitish va albatta, jamoani qoʻllab-quvvatlash maqsadida 450 nafar oʻzbekistonlik faollar muxlis sifatida Fransiyaga olib ketildi.
Ulardan biri – Uzbekistanʼs Club aʼzosi, prodyusser va bloger Nikita Makarenko ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ilk oʻyindan keyingi taassurotlarini yozib qoldiradi. Unga koʻra, deyarli butun stadion Oʻzbekiston jamoasiga muxlislik qilgan. Fransuzlar bizning terma jamoani faol qoʻllagan. Tanaffus vaqtida esa Oʻzbekiston bayrogʻini taqib suratga tushmoqchi boʻlgan fransuzlardan iborat saf shakllangan. Xullas, Fransuzlar bizning oʻyinchilarni oʻzgacha qoʻllagan.
Postga javoban foydalanuvchilardan biri ular asosan “Lens”dagi Xusanov muxlislari boʻlishi mumkinligini aytadi.
Xusanov oʻzi kim?
Muhokamalarga aynan shu savol sabab boʻldi. Foydalanuvchining yuqoridagi izohiga Makarenko shunday savol qoldiradi: Who is Khusanov?
Abduqodir Xusanov – Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hamda Fransiya Lans futbol klubining 20 yoshli oʻzbekistonlik himoyachisi. U Olimpiada-2024 oʻyinlarida Oʻzbekiston sharafini himoya qilish uchun 22 nafar oʻyinchi qatorida saralab olingan. Fransiyalik futbol muxlislari haqiqatdan ham aynan Xusanov ortidan oʻzbek futboliga koʻproq qiziqa boshlagan boʻlishi mumkin.
Makarenko esa bir muddat avval “Men oʻzbekman, qonimda gʻalaba” deb boshlanuvchi video-post joylagan edi. Rolikning ustki muqovasida esa Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev va Abduqodir Xusanovni koʻrish mumkin.
Ijtimoiy tarmoq faollari Makarenkoni bergan savolidan tashqari, oʻz manfaatlari yoʻlida olimpiada qahramonlarining obrazidan foydalanib, kimligini internetdan boʻlsa ham aniqlashga daqiqalarni ayagan dimogʻdorlikda ayblaydi. Jamoatchilik orasida “Nima uchun biz toʻlaydigan soliqlardan futbolga qiziqmaydigan, hatto, oʻz milliy terma jamoasidagi oʻyinchilarni ham bilmaydiganlar Fransiyaga futbol muxlisi sifatida yuborildi?” mazmunidagi oʻrinli savollar ustida bahslar avj oladi. Mavzuga doir tanqidlar mem va #whoiskhusanov xeshtegi bilan muhokama qilinadi.
Foydalanuvchilar “Makarenkoga Xusanov kimligini aniqlashda yordam beraylik” deya shu savolni bergan blogerning instagram sahifasidan olingan skrinlarni joylaydi.
Makarenko esa tanqidchilarni muvaffaqiyatga hasad qilayotganlikda ayblab, safar xarajatlari davlat byudjetidan emas, tijoriy hamkorlar tomonidan qoplanganini aytdi.
Tarmoqda mavzuga oid turli tanqidlar bildirildi:
“Makarenko, aslida Sizdan bemaʼni magʻrurlik chiqmoqda – Oq tanli erkak oʻz maqsadlari yoʻlida iqtidorli oʻzbek yigitini uning ismini bilishga soniya ham sarflamasdan, qiyofasini ekspluatatsiya qilyapti”.
“Makarenko xuddi Jirinovskiydek: Hukumat qachonki unga pul toʻlamay qoʻysa, rost gapni aytadigan”.
“Khusanovʼning “haqiqiy fanatlari”. Shu kambagʻal bloggerlar byudjet pulidan futbol bahona aylanib yuradi. Biz bu yerda kasal bolalar davolanishiga misqollab pul yigʻamiz”.
“Men kabi xorijda yashab, ingliz tilida soʻzlashadigan oʻzbekistonliklar, tom maʼnoda siz kabi “Uzbekistanʼs Club” nomi ostida tovlamachilik bilan oilangizni boqishingizga sabab boʻlmoqda” – mana shu soʻnggi keltirilgan tvit jarayonni jiddiylashtirdi. Makarenko tovlamachilikda ayblash javobgarlikka sabab boʻlishini, Oʻzbekiston qonunchiligida ham, ikkinchi tomon yashayotgan Kanada qonunchiligida ham biror kimni asossiz firibgar deyish jinoyat sanalishini taʼkidlaydi:
“… Bizni birorta sud firibgar deb topmagan. Siz oʻz nuqtayi nazaringizni Kanada sudida himoya qilishni xohlaysizmi yoki Oʻzbekiston sudida? Tanlang, iltimos. Ikki mamlakatda ham yuristlarimiz bor. Aks holda, siz oʻzini shunchaki ahmoqlardek tutadigan odam boʻlasiz… Men yuzlab siz kabilarni koʻrganman, lekin hech qachon tuhmat darajasiga tushmaganman”.
Sud taklifi boshqa foydalanuvchilarni quvontirdi. Ular Makarenko sudlashmoqchi boʻlgan Bookclub loyihasining asoschisi Madina Musayevani eʼtirof eta boshladi. Chunki sud boʻlsa, “Oʻzbekistonliklar klubi”ni moliyalashtirish boʻyicha hujjatlar ochiqlanishi kerak boʻladi. Bu esa aholining anchadan buyon qiziqtirib kelayotgan savollariga javob boʻladi.
Jamoatchilikni jumbushga keltirgan yana bir muhim masala – Olimpiada oʻyinlarini kuzatish uchun 450 nafar “muxlis” borgan-u, Futbol federatsiyasining kotibi va sportchilarning ota-onasi esa yoʻq. Milliy terma jamoa murabbiyi Timur Kapadze oʻyin oldi matbuot anjumanidagi fikrlari shu sababli ham hech bir oʻzbek OAVda yoritilmagan.
Kapadze Olimpiada sharoitlaridagi muammolar haqida gapirarkan, xona va transport masalasida bir nechta kamchiliklarni sanab, shu kabi mayda muammolar ham oʻyinga tayyorgarlik olib borishga qarshilik qilishini aytadi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari unga javoban, 450 ta futbolni tushunmaydiganlarning safarini moliyalashtirguncha, hech boʻlmaganda shu mayda muammolarni hal qilib bermaydimi, deya eʼtiroz bildirdi.
Norozilik kayfiyatidagi koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻz fikrini yozib qoldirish bilan cheklanmay, Makarenkoning tarmoqlardagi sahifalarini ommaviy (cansel) tark eta boshladi. Xullas, olimpiadaning ilk kunlaridanoq tanqidlarga sabab boʻlgan ushbu mavzu hali-hanuz yopilgani yoʻq. Makarenkoda esa umuman aybdorlik hissi yoʻq, sudga berish niyatidan ham qaytgan emas.
Umuman olganda, Uzbekistanʼs Club faoliyati va loyihalari avvaldan tanqidiy bahslarga sabab boʻlib kelgan. Biroq shu vaqtgacha hali biror marta jamoatchilik bilan ochiq muloqot boʻlgani, moliyaviy masalalarda hisobotlar taqdim qilingani yoʻq.
Adabiyot
San’at
Til
Adabiyot
Jarayon
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q