Insoniyatning tarix davomida yaratgan eng buyuk ixtirosi shubhasiz yozuvdir. Zero, yozuvga qadar boʻlgan davrni ilmiy farazlar orqali oʻrgansak, keyingi davrlarni aniq dalillar orqali tadqiq etamiz. Yozuv ham xuddi insoniyat kabi oʻz taraqqiyotining uzoq va mashaqqatli yoʻlini bosib oʻtgan. Yozuv narsa-buyumlarning suratidan tovushlarning yozuvdagi ifodasini aks ettiruvchi belgilarga aylanguniga qadar minglab yillar kechgan. Gerodot qoldirgan maʼlumotga koʻra, ahamoniylar shohi Doro II skiflar (qadimgi turklar) yurtiga hujum qilganida ulardan “qush”, “sichqon”, “qurbaqa” va “besh oʻq”dan (yoy oʻqi) iborat xabar oladi. Doroning maslahatchisi bu xabarni shunday izohlaydi: “Agar sen osmonda qush kabi, yerda sichqon singari, suvda qurbaqaga oʻxshab berkina olmasang, oʻqlarimizdan omon qolmaysan” (I. Fridrix. Istoriya pisma. Moskva, “Nauka”, 1979. Str. 34).
Keyinchalik insonlarni, hayvonlarni, tabiat hodisalarini, narsa-buyumlarni tasvirlovchi suratli yozuvlar paydo boʻldi. Ular taraqqiy etib mixxat yozuvi vujudga keldi. Eng qadimgi mixxat yozuvlari Mesopotamiyadan (Iroq) topilgan boʻlib, miloddan avvalgi IV ming yillikda shumerlar tomonidan yaratilgan (oʻsha manba, 14-bet).
Miloddan avvalgi III ming yillikka kelib Misrda mixxat yozuvidan farqli oʻlaroq qatʼiy geometrik shaklga ega, mavhum, hayratga soladigan, sheʼriy va jonli koʻrinadigan, ajoyib uslublarda chizilgan, inson boshlari, qushlar, turli hayvonlar, oʻsimliklar va gullardan iborat yozuv paydo boʻldi. Fanda u iyeroglif deb ataladi. Misr belgili yozuvi deb ataladigan iyeroglif soʻzi aslida “muqaddas yozuv” (yunoncha “iyeros” – muqaddas va “glif” – oʻymakorlik) degan maʼnoni anglatadi (J. Jan. Istoriya pismennosti i knigopechataniya. Moskva, “AST”. 2005. Str. 26).
Taxminan miloddan avvalgi VIII asrda hozirgi Suriyaning Orom degan joyida finikiyaliklar alifbosiga oʻxshash alifbo yaratiladi. U fanda “oromiy” yozuvi nomini oladi. Bu yozuv ham boshqa koʻplab xalqlarning alifbosiga asos boʻlgan. Ayniqsa, Buyuk Ahd shu alifboda yozilgani sababli yahudiylar uchun katta ahamiyatga ega. Miloddan avvalgi VIII asrda yunonlar oromiy alifbosidagi ayrim undosh tovushlarni anglatuvchi belgilarni oʻz alifbolaridagi unli tovushlarni ifodalash uchun qabul qiladi va “A” – alfa, “Y” – epsilon, “Y” – ipsilon, “O” – omikron kabi harflar paydo boʻladi.
Miloddan avvalgi III asrda rimliklar yunon alifbosi asosida 19 harfdan iborat lotin alifbosini yaratadi. Miloddan avvalgi IV asrda Hindistonning Salatura shahrida tugʻilgan Panini ismli hind unli va undosh tovushlarni ifodalovchi toʻlaqonli sanskrit alifbosini ixtiro qiladi va tarixda birinchi grammatik-lingvist sifatida qoladi (oʻsha manba, 68-bet).Aynan shu yozuvlar tufayli biz eng qadimgi tamaddunlarni davrlashtiramiz. Unga koʻra dunyoning eng qadimgi xalqlari safida misrliklar, mesopotamiyaliklar, hindlar, xitoyliklar va yunonlar tan olinadi.
Qozogʻistonlik olim A. Omonjolov turklarda ham miloddan avvalgi I ming yillikda alifbo paydo boʻlgan degan fikrni ilgari suradi. Bu fikrga kelishiga 1970-yili Olmaotadan topilgan miloddan avvalgi V – IV asrlarga oid qabr va qabr ichidagi kumush kosachadagi yozuv sabab boʻlgan. Bu bitik run yozuvini eslatadi (N. Rahmon. Turk xoqonligi. Toshkent, Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. 31-32-betlar).
N. Rahmonov va B. Matboboyevlar turkiyalik olim Husayn Oʻrxun fikrlarini tahlil qilib turkiy-run yozuvlari shakllanishida turk tamgʻalari muhim oʻrin tutganini taʼkidlashadi (N. Rahmonov, B. Matboboyev. Oʻzbekistonning koʻhna turkiy-run yozuvlari. Toshkent, “Fan”, 2006. 22 – 24-betlar). Maʼlumki, Oʻgʻuzxon oʻz davlatini oʻgʻillariga boʻlib berganda ixtilof kelib chiqmasligi uchun ularning har biriga tamgʻa ham bergan. “Run” soʻzi qadimgi olmon tilidan olingan boʻlib, “sir” degan maʼnoni anglatadi. Run yozuvlari Ovroosiyoning koʻplab hududlari va xalqlarida (olmonlar, shvedlar, finlar, keltlar, gotlar, anglo-sakslar, slavyanlar, mojorlar, islandlar, slavyanlar, bulgʻorlar va turklar) qoʻllangan. Run yozuvlarining yaratilishi haqida turli talqinlar mavjud. Ularning ayrimlariga toʻxtalamiz.
Yunon-lotin alifbosi tarafdorlari. Ingliz tarixchi-faylasufi Isaak Teylor miloddan avvalgi VI asrda, olmon olimi Lyudvig Vimmer II asr boshlarida, shved olimi Sigurd Agrell I asrda, Otto fon Frizen II – III asrda yaratilgan degan fikrni bildiradi.
Shimoliy etrusk talqini. Runolog Karl Marstrander etrusk alifbosi asosida yaratilgan degan fikrni ilgari surgan. Old Osiyo talqini. Grafik jihatdan Lidiya alifbosidagi harflarga oʻxshash boʻlgani uchun, qolaversa, Lidiya alifbosining yunon alifbosi bilan parallel ravishda yuzaga kelgani hamda III asrda Lidiya alifbosining isteʼmoldan chiqib, runiy yozuvlarining paydo boʻlishi bilan bogʻlanadi. Shuningdek, baʼzi runiy yozuvlar janubiy arab xati bilan oʻxshashlikka ega.
Noanʼanaviy talqin. 1930 – 1940-yillarda Germaniyada shakllangan “Urrunen” nazariyasiga koʻra, nafaqat run yozuvlari, balki dunyoning boshqa yozuvlari ham prorunik yozuvdan kelib chiqqan degan faraz oʻrtaga tashlangan. Bu nazariya alifboni “olmonlashtirish” maqsadida ishlab chiqilgan. Turkiy-run yozuvlarining oʻqish sirini ochgan daniyalik tilshunos Vilhelm Tomsen u oromiy-soʻgʻd yozuvidan kelib chiqqan degan fikrni bildiradi (oʻsha manba, 23-bet). II asrga oid soʻgʻd yozuvida turk tilida topilgan hujjatga asoslanib shu qarash vujudga kelgan (I. Fridrix. Istoriya pisma. Moskva, “Nauka”, 1979. Str. 168). Bizningcha, bu toʻxtamga kelinishiga alifboning oʻngdan chapga qarab yozilishi sabab boʻlgan.
Rossiyalik olim Yuriy Drozdov “Ovrupo tarixining turk tilli davri” degan ilmiy tadqiqotida mintaqa xalqlarining atalishi, joy nomlari va yozma manbalardagi maʼlumotlarni tahlil qilib, barchasining oʻzagi turk tiliga borib taqalishini asoslagan. Xulosa qilib aytganda, turkiy-run yozuvlarining paydo boʻlishiga oid har bir talqin muayyan asosga ega. Ammo turk tamgʻalari va run yozuvi oʻrtasidagi oʻxshashlik va bogʻliqlik hamma farazdan koʻra asosliroq, nazarimizda. Ushbu yozuv mustaqil tarzda shakllangan va Ovrupoga qadar yetib borgan. Turk olami islom dinini qabul qilishi bilan run yozuvi butkul unutiladi.
Muzaffar SUVONQULOV,
Guliston davlat universiteti
tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil, 2-son
“Bitiklarga berkingan tarix” maqolasi
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q