Rosti, men bunday film olaman deb oʻylamaganman – Andrey Tarkovskiy iqrorlari


Saqlash
19:06 / 30.07.2024 2053 0

…Alqissa, men vatandan xorijda, lekin korchalon kinoarboblarimizning rasman ijozati bilan ilk filmimga qoʻl urgan edim. Oʻsha kezlar vatan ravnaqi uchun kino olyapman deya astoydil ishonganman. Nazarimda, bu hol kundek ravshan, hammaga maʼlum haqiqat edi-da. Ammo keyin roʻy bergan voqealar ayon etdiki, oʻsha kazo-kazo kinoarboblarga mening maqsadim ham, olayotgan filmlarim ham hali-hamon mutlaqo begona, tushunarsiz ekan…

 

Men “ruscha sogʻinch”ni – vatandan olisda yashayotgan rus kishisining halovatini oʻgʻirlagan qoʻmsovni, aynan shu vaziyatga tushganda inson qanday ruhiy holatda boʻlishini koʻrsatmoqchi edim. Buni qalb amri – vatanparvarlik burchim deb bilganman, agar taʼbir joiz koʻrilsa. Bir rus farzandi oʻzining milliy qontomirlariga, oʻtmishiga, madaniyatiga, tugʻilib oʻsgan tuprogʻiga, jondosh doʻst-yoriga naqadar bogʻliq ekani, qismat uni dunyoning qay kunjiga uloqtirib tashlamasin, bu tuygʻudan voz kecholmasligi va uni umr boʻyi ortmoqlab yurishidan bahs etmoqchi edim. Ruslar kamdan-kam hollardagina yangi hayot tarziga oʻngʻay moslashib, qovushib ketadi. Gʻarbliklar bejiz “ruslar noʻnoq muhojirdir” demaydi – butun rus muhojiroti tarixi buni isbotlab qoʻygan: begona hayot tarziga koʻnikib-singishib ketishda ogʻirkarvonligimiz, uquvsizligimiz jumlai jahonga maʼlum. “Qoʻmsov”ni suratga olayotganimda filmni boshdan-oyoq qamragan ilojsiz-imkonsiz sogʻinch hissi oʻzimning qismatim – peshonam yozugʻiga aylanajagini tush koʻribmanmi?! Qaytmas boʻlib ketgan oʻtmishimdan “yodgor” bu dard-ogʻriq bilan endi soʻnggi kunimgacha yashashim es-xayolimga kelibdimi deng!..

 

 

Italiyada men har tomonlama: axloqiy, ruhiy, siyosiy va hissiy jihatdan batamom ruscha film suratga oldim. Uzoq muddatli xizmat safariga borgan bir rus oʻgʻloni va uning bu mamlakatdan olgan taassurotlari haqida. Lekin mening maqsadim goʻzal manzaralari-yu millionlab adadda dunyoga tarqaladigan fotolavhalari bilan sayyohlarni hayratga solayotgan Italiyani yana bir karra ekranda namoyish etish emas edi. Qahramonim taassurotlar ummoniga gʻarq boʻladi-yu, boʻlishay desa yonida biron yaqin kimsa yoki jon-jigari yoʻq, bari olisda. Yangi orttirgan tajribalarini oʻzi naqd kindigi bilan bogʻliq boʻlgan kechmish malakalariga tatbiq etay desa, ne yoziqki, bu ham sira imkonsiz. Shundan eziladi u – ne qilari, qayga bosh urarini bilmaydi. Uzoq vaqt vatandan olis yashaganimda bu hol oʻzimning-da tanamdan oʻtgan. Boshqa dunyo, boshqa madaniyatga toʻqnash kelganda unga qoʻl-oyogʻingiz bilan bogʻliq ekaningiz gʻayrishuuriy, ammo ojiz bir gʻazab uygʻotadi dilingizda: bu goʻyo javobsiz sevgidek, goʻyo chogʻingiz kelmaydigan yumushga bel bogʻlagandek, goʻyo bu dunyoda qiladigan ishlaringiz, yuradigan yoʻllaringiz endi chekli-abas ekanini eslatib qoʻyayotgandek. Goʻyoki hayotingiz mavjud shart-sharoit emas (buni osongina hal qilsa boʻladi!), aynan oʻzingiz oʻzingizga qoʻygan botiniy taqiqlar sababli cheklangan va qismat etilganining nishonasiga oʻxshaydi bu…

 

Men oʻrta asrlarda yashab oʻtgan yapon usta-sanʼatkorlariga mudom tahsin aytaman: ular xojasining saroyida xizmat qilaroq nom qozongan, oʻz maktabini yaratgan, bir soʻz bilan aytganda, shuhrat choʻqqisiga chiqqan bir chogʻi bariga qoʻl siltab, oʻzi bilmagan-koʻrmagan yerlarga bosh olib ketgan va ism-sharifini oʻzgartirib, butkul boshqa sanʼat yoʻnalishida ijod boshlagan. Hatto ular orasida umri mobaynida bir-biridan farqli besh xil hayot tarzini yashab oʻtishga-da muvaffaq boʻlganlari ham borligiga nima deysiz! Aynan shu misol doim xayolimni band etib turadi, ehtimol, oʻzim hayotiy tutumlarim, insoniy va sanʼatga xos havas mayllarimni oʻzgartirishga aslo qodir emasligim sabablidir – goʻyo bular taqdiri azal etib peshonamga bitilgan-u men bir qadam boʻlsin chetga hatlay olmayman…

 

 

“Qoʻmsov” (“Nostalgiya”) filmi qahramoni – Gorchakov degan shoir. U Italiyaga Berezovskiy otligʻ krepostnoy bastakor toʻgʻrisida maʼlumot toʻplash niyatida boradi – uning hayotidan libretto yozmoqchi. Berezovskiy hayotda boʻlgan tarixiy shaxs. Uning musiqiy iqtidorini koʻrgan xoʻjayini oʻqisin, tajriba orttirsin deya Italiyaga yoʻllagan. Musiqachi u yerda koʻp yillar yashab, tomoshalar qoʻyadi – mashhur boʻlib ketadi, lekin baribir oʻsha – biz urgʻu berib taʼkidlayotgan, rus kishisining jon-joniga singib ketgan qoʻmsov hissi sabab koʻp yillardan soʻng Rossiyaga qaytmoqqa qaror qiladi, vatanga kelgach esa oʻzini osib qoʻyadi… Toʻgʻri, musiqachi voqeasi filmga bejiz kiritilmagan. U Gorchakov qismati va ayniqsa, shoir oʻzining yot hayotni chetdan, uzoqdan kuzatayotgan shunchaki bir “begona” ekanini alam bilan anglagan bir pallani, tugʻilib oʻsgan uyi ifori, qon-jondoshlarining yuz-chehrasi, sas-sadosi es-yodida bot-bot bosh koʻtararak kechmish xotiralariga gʻarq boʻlgan bir ahvolini ifodalashda muayyan kiritma hikoya boʻlib xizmat qiladi…

 

Film toʻliq tasvirga olib boʻlingach, lavhalarini ilk marta koʻrganimda hayratda qolganman: tushkun, mahzun bir tomosha boʻlibdi. Bunchalik boʻlishini kutmagan edim. Asar ruhi mening oʻsha vaqtdagi ahvol-ruhiyatim bilan aynan bir xil edi. Rosti, men bunday film olaman deb oʻylamaganman. Hayratlanarlisi shundaki, maqsad-muddao aniq boʻlgani holda kamera avvalo mening filmni suratga olayotgan choqdagi ruhiy holatimga boʻysunibdi. Oilamdan ayro, odatiy hayot tarzim oʻzgargan, kinoni tasvirga olishda men uchun yangi boʻlgan qonun-qoidalar va nihoyat begona til sabab oʻta toliqqan edim… Ham tang qoldim, ham xursand boʻldim. Negaki, kinotasmaga muhrlangan va qorongʻi tomosha zalida koʻz oʻngimda ilk marta namoyon boʻlgan mehnatim samarasi mening kino sanʼati vazifasi va imkoniyatlari borasidagi fikrlarim quruq xomxayol emas, balki koʻz oʻngimda kechgan shak-shubhasiz haqqoniy voqelik ekanidan dalolat edi. Yaʼni kino sanʼati men uchun inson qalbining tarjimoni boʻlish, betakror insoniy tajribani ifodalash imkonini berardi…

 

 

Kino yaratishda meni odatdagi xatti-harakatlar, qahramonlar hayotidagi mojaro-yu voqealar tizimi qiziqtirmaydi – filmlarimda borgan sari bunga kamroq ehtiyoj sezmoqdaman. Mudom insonning ichki dunyosi qiziq – uning ruhiyat olami, u ulgi olajak falsafa, uning ruhoniyati tayanadigan adabiy va madaniy anʼanalar “qaʼriga sayohat” maroqli edi menga. Kinotasma “bir nuqtada qotib qolmay”, tez-tez joy almashtirishi, filmga yangidan-yangi taʼsirchan tasvirlar, ajabtovur manzaralar va “sertaassurot” interyerlar kiritish lozimligi tijoriy nuqtai nazardan koni foyda ekaniga fahmim yetadi. Ammo bundayin “tashqi taʼsirlar” bor kuchim bilan roʻyobga chiqarishga urinayotgan maqsadimdan chalgʻitadi, uzoqlashtiradi. Meni butun bir olamni oʻzida mujassam etgan inson qiziqtiradi, bu holni ifodalamoq uchun esa inson hayoti mazmun-mohiyatan maʼlum bir voqealar tizimiga moslashtirilishi shart emas.

 

Oʻrni keldi, shuni ham aytib oʻtishim ortiqchalik qilmas: avval-boshdanoq kino sanʼati deganda Amerikaning sarguzasht filmlari koʻz oldimga kelmas edi. Men hayratomuz lavhalarni ketma-ket tizish usuliga qarshiman. “Ivanning bolaligi”dan tortib “Stalker”gacha voqea-hodisalarni qariyb anʼanaviy: zamon, makon, harakat uchligi asosiga qurganman, serharakatlikdan qochish payida boʻlganman. Shu nuqtai nazardan “Andrey Rublyov” filmi kompozitsiyasi ham bugun menga oʻta uzuq-yuluq, tarqoq tuyuladi…

 

 

Pirovardida, “Qoʻmsov” ssenariysida koʻzlagan maqsadimni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan ortiqcha yoki tasodifiy biron nima boʻlmasligiga astoydil intildim. Yaʼni men nafaqat oʻz-oʻzi, balki butun olam bilan murosa qilolmay mislsiz ichki ziddiyatga kirishgan, reallik bilan koʻngil uygʻunligi oʻrtasida muvozanat topa olmay sarson, nafaqat vatan sogʻinchi sabab, balki borliqning bir butunligini oʻylab gʻam-hasrat chekayotgan inson holatini namoyish etmoqchi edim. Ssenariy maʼlum bir falsafiy yaxlitlik kasb etmaguncha undan koʻnglim toʻlmadi. 

 

Maishiy sharoit sabab emas, balki doim ham inson talab-ehtiyojlariga mos kelavermaydigan hayotning oʻzi – haqiqiy voqelik bilan fojiaviy bir murosasizlikni boshdan kechirayotgan chogʻi Italiya Gorchakovning koʻz oʻngida yoʻqlikdan bunyod boʻlgan ulugʻvor xaroba misoli yastanib yotardi. Bu umuminsoniy, ayni choqda begona tamaddun qoldiqlari – bandasiga xos manfaatparastlik aslida behuda, bashariyat adashib-uloqib yurgan yoʻllar halokatli ekanidan dalolat berguvchi qabr­tosh ramzi edi goʻyo. Gorchakov ruhiy zoʻriqishlarga dosh berolmay, aftidan, oʻzi uchun ham “uzuq-yuluq tuyulgan zamonlar robitasi”ni ketma-ket “ulay” olmay halok boʻladi…

 

Bosh qahramonning ahvol-ruhiyasiga mos keladigan, bir qarashda ajabtovur koʻrinadigan personaj – italyan Domeniko asarda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyat himoya qilmagan, yuragi tahlikaga toʻlib-toshgan bu odam inson zotini xoʻrlaydigan voqeliklarga qarshi chiqish uchun oʻzida maʼnan kuch topadi. Sobiq riyoziyot muallimi, endilikda “tolei past” Domeniko oʻzining “hech kim” emasligini (boshqalar nazarida) yengib oʻtib, bugun jumlai olam halokat yoqasida, deya jar solishga jasorat topadi. Insoniyatni bu halokatning oldini olishga chaqiradi. Oʻzini “risolaviy” sanaydigan odamlar koʻziga u bir tentak boʻlib koʻrinadi. Biroq Gorchakovga shu “tentak”ning ruhiyati behad yaqin ediki, u yolgʻiz boshi qaygʻusini oʻylab emas, balki butun insoniyatni zamonaviy tamaddunning bemulohazakorlig-u shafqatsizligidan qutqarish tashvishlari ila tun-u kun halak edi…