“Maktabga bormayman” – Farzandi birinchi sinfga boradigan ota-onalar uchun tavsiyalar


Saqlash
12:45 / 29.07.2024 641 0

Maktab yoshiga yetgan bola uchun hayot tom maʼnoda oʻzgaradi. U uchun kunlik tartib butunlay oʻzgacha ahamiyat kasb etishni boshlaydi. Bola endi maktabga borishi, dars tayyorlashi, yangi oʻrtoqlar, yangi chehralarga oʻrganishi kerak. Endi u oʻrnidan erta uygʻonishi, maktab partasida 30-40 daqiqa oʻtirishi, dars tayyorlashi, oʻqishi, oʻrganishi kerak. Natijada oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas bolalar ham fiziologik, ham psixologik jihatdan toliqadi. Pediatrlar bu holatni “7-sentyabr” deb atashadi. Bu davrdan qochish yoxud undan ijobiy oʻtib olishi uchun oʻquvchilar ota-onalarga suyanadi. Shu sababli ayni jarayonda bolani birinchi sinfga, maktab hayotiga koʻnikib ketishi uchun yordam berish muhim hisoblanadi.

 

Farzandingizni quyidagi tartibga oʻrgatish maktab hayotiga ortiqcha zoʻriqishlarsiz koʻnikishi uchun yaxshi natija beradi:

 


 

Bolani vaqtida uxlatish va uygʻotish muhim, hatto dam olish kunlari ham. Shunda kunlik tartibi oʻzgarmaydi. Vazifalarning avval yozmasini, soʻngra oʻqiladiganini bajarish kerak. Uyga vazifalari uchun qancha vaqt ajratayotganini kuzatib borish bilan birga yordam berish ham uni darslardan bezdirib qoʻymaydi. Shuningdek, har bir vazifani bajarib boʻlgach, 10-15 daqiqa dam olish zarur. Taʼtil kunlarida esa toʻliq, oʻzi istagandek dam olishi uchun imkoniyat yaratib bering.

 

Onalar kichkintoy oʻquvchining yutuqlarini, yaxshi baholarini doimo eʼtiborga olishi, yomon baholarini esa toʻgʻrilashi kerakligini eslatishi, ruhiyatini har kuni koʻtarib turishi, oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirib borishi kerak boʻladi. Bolangizdan koʻp narsani talab qilmang, uni bir necha soat davomida dars partasida oʻtirib dars qilishi, oʻqituvchini tinglashiga kuch topa olayotganini hisobga oling.

 

Uyda bolaga dars tayyorlashi uchun sharoit yaratishda koʻz va dars stoli orasidagi masofa 30-35 sm boʻlishi, chiroq nuri chap tomondan toʻgʻri tushishi, dars xona esa keng va yorugʻ, bola uchun qulay boʻlishi hisobga olinishi lozim. Bola uy vazifalarini tayyorlab koʻzi toliqqanida esa bajarishi uchun koʻz uchun mashqlar oʻrgatiladi.

 

Yana bir nechta vazifalarni ham unutmaslik kerak:

 

– Ertalabki nonushtani albatta qildiring, hattoki yengilgina boʻlsada, bu bolaga kuch beradi. Dars sumkasiga esa olma, banan yoki shunga oʻxshash isteʼmol qilishga qulay biror narsa solib bering.

 

– Dushanba kun eng ogʻir va qiyin kun boʻladi. Buni yodingizdan chiqarmang, shu sababli boladan keragidan ortiq harakatlarni talab qilmang.

 

– Dars tayyorlashni uyquga yotishdan bir, bir yarim soat oldin yakunlang. Bolani tungi uyqu vaqtigacha oʻynating yoki toza havoda aylantiring.

 

***

Maktabga chiqqan bolaning kunlik tartibi oʻzgargach, tabiiy holki, u injiq, uyquchi boʻlib qolishi, toliqishi, ishtahasi yoʻqolishi mumkin. Hatto kechki uyquning buzilishi, alahsirash holatlari ham kuzatiladi, psixologlarning taʼkidlashicha bu holat 2-3 haftadan soʻng oʻtib ketadi va bola maktab hayotiga oʻrganib qoladi. Ammo bu davrda bolaga berilgan tarbiya bilan birga toʻgʻri tuzilgan kun tartibi uning kelajagi uchun juda muhim. Shuningdek, farzandingizning qiziqishlarini hurmat qilish, ishonch bildirish u uchun eng katta motivatsiya ekanini unutmang!

 

Sevara MUSAYEVA tayyorladi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:09 / 06.09.2024 0 463
Milanni qamal qilgan oʻzbeklar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20340
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//