Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor


Saqlash
19:35 / 26.07.2024 819 0

 Men birinchi marta Valijonning ismini mustaqillikning ilk yillarida bobomiz Amir Temur tavalludiga bagʻishlab oʻtkazilgan teatr tomoshalari tanlovi munosabati bilan eshitganman. Sirdaryo teatrida Husayn Jovidning “Amir Temur” asari asosida Valijon Umarov qoʻygan spektakl eng yuqori oʻrinni olganini Bahodir Yoʻldoshev oʻsha paytlari deyarli har kuni takrorlanib turadigan zavqli-shavqli bir davrada tilga olgandi. Teatr olamidagi sanʼatkorlarning barchasini bilaman deb yurgan kezlarim emasmi, nega bu rejissyorni bilmayman deb garangsiraganim esimda…

 

– Kim? Kim? – deb soʻraganman.

– Valijon, – degan Bahodir Yoʻldoshev. – Valijon Umarov… Koʻrgansiz, teatrimizga kelgan. Tanishtirganman… Yaxshi yigit.

Mening ham esimga tushgan.

– E, oʻsha yigitmi?.. – deganman negadir ichimda xijolat tortib.

Bu oʻrinda ozgina izoh berishga toʻgʻri keladi.

Gap shundaki, teatr va adabiyot atrofida qalangʻi-qasangʻi daʼvogarlar koʻp aylanib yuradi. Isteʼdodsizlarni jinim suymagani uchun odatda ularga parvo qilmayman. “Oʻsha yigit”ning isteʼdodli ekanligini qaydan bilay? Manglayiga “zoʻr” deb yozib qoʻymagan boʻlsa…

 

Ammo bu uchrashuv Valijonning esida qolgan ekan.

– Oʻshanda oʻzingizni juda katta olgansiz, – degan Valijon keyinchalik – aka-uka boʻlib ketganimizdan keyin. U bu gapni kulibgina aytgan.

– Oʻzi men birinchi koʻringanda sal kattaroq koʻrinaman, – deganman hazil aralash. – Endi siz menga katta tuyulyapsiz…

Asli bu hazilim chin haqiqat – chunki bu davrga kelib Valijon milliy teatrning bosh rejissyori sifatida faoliyat olib borar va dovruqli spektakllari bilan sanʼat olamida shuhrat topgan edi.

Bizning Valijon bilan keyingi jips ijodiy hamkorligimiz ana shu kunlardan boshlandi.

 

 

Oʻsha kunlarda (1997-yil) buyuk shoir va vatanparvar Abdulhamid Choʻlpon tavalludining yuz yilligini nishonlash haqida hukumat qarori chiqqan, bu qutlugʻ sanani munosib oʻtkazish ishlari boshlanib ketgan edi. Kutilmaganda oʻsha paytlar “Oʻzbekteatr” boshligʻi lavozimida ishlayotgan Muhammadali Abduqunduzov bu ulugʻ ijodkor haqida pyesa yozishni menga taklif qilib qoldi. Garchi bu mavzu menga yaqin boʻlsa ham bu ishni ancha paytgacha boʻynimga olmay yurdim. Holbuki, oʻsha kezlar dramaturgiyaning ancha-muncha hadisini olib qolgan, “Bozor”, “Alpomishning qaytishi” va “Bir qadam yoʻl” dramalarimni shu omadli yilning oʻzida yozib tugatgan edim. Nega boʻynimga olmadim? Menda tarixiy dramatik asar yozish tajribasi yoʻq edi. Tarixiylikning zanjirlariga bogʻlanib qolish ijodiy erkimga – ilhomning ozod parvoz etishiga xalaqit beradi deb oʻylardim (xudoga shukur, asarni yozish jarayoni bu fikrimni rad etdi!).

 

Xullas, Abduqunduzov meni taklifiga baribir koʻndirdi va… bu ijodiy rejani Valijon Umarov bilan hamkorlikda amalga oshirishimizni aytdi – yaʼni men pyesa yozaman, Valijon sahnalashtiradi.

Men hamkorlikda ishlab koʻrmagan odam edim. Ijodiy jarayon pinhonlikda kechishiga ishonchim komil edi.

Ishga kirishdim. Tarixiy manbalarni oʻrgandim. Anchagina qogʻozlarni qoralab ham tashladim. Ammo bu qoralamalarga nimadir yetishmas edi. Bu orada Abduqunduzovning tashabbusi bilan Valijon ikkalamiz bir necha bor koʻrishdik ham. Ammo suhbatimiz qovushmas, goʻyo allaqanday dovon yaqinlashib ketishimizga xalaqit berib turganday edi. Abduqunduzov kulibgina Valijonning “E, u odam juda osmon-ku” degan gaplarini menga bir necha marta aytdi. Endi oʻylasam, rejissyorimiz oʻsha paytlar meni birinchi koʻrganidagi taassurotlar bilan yurgan ekan-da…

 

Xullas, asta-sekin yaqinlasha boshladik.

Asarni tez tugatish kerak edi. Men dramani bir chiziqqa tizganday boʻldim. Baribir koʻnglim toʻlmadi. Nimadir yetmas edi. Teatrning asar ustida ishlash muddati bostirib kelar, men esa ortiq hech narsa qilolmasligimni anglab turar edim…

Qoʻlyozmani Valijonga berdim.

Valijon oʻqib boʻlgach, birinchi mitti sahna qanday boʻlishi kerakligini taxminan aytdi. Kamina birovning gapini olmaydiganlar xilidan emasmi, qiynalib-oʻylanib qoldim… Kim bilsin?..

Keyin bizning uyda uchrashdik. Va birgalashib oʻsha sahnani yoza boshladik. Valijon u deydi, men bu deyman. Bahs boshlandi. Qizishib ketdik! Baqir-chaqir! Bir bet yozgunimizcha necha marta dushman boʻlib, necha marta doʻst boʻldik. Bu jarayonda pyesa qanday boʻlishi menga shundoq ayon koʻrindi. Chunki pyesaning boshqa joyi yozilgan – faqat ozgina muvofiqlashtirish qolgan edi, xolos.

Xursand edik. Bu orada oʻrtamizdagi dovondan ham oʻzimiz bilmagan holda oʻtib olgandik. Doʻst boʻlib qolgan edik. Oʻsha doʻstlik, xudoga shukur, hozirgacha davom etadi.

 

 

 

Ertasi pyesani tugatib Valijonga berdim. Unga yoqdi.

Hademay teatrdagi ishlar ham boshlanib ketdi.

Shu oʻrinda bir gapni aytib oʻtish joiz. Valijon Hamza teatri aktyorlari uchun yangi rejissyor edi. Aktyorlar sinchkov odamlar. Ular spektaklni sahnalashtirayotgan yangi rejissyorni miridan-sirigacha uch-toʻrt kunda bilib olishadi. Zoʻr ekanmi yo shunchakilardan…

Teatrga oʻtsam, aktyorlar xursand. “Valijon Umarov deganingiz yaxshi ekan!” deb maqtab qolishdi. Koʻnglim tinchidi.

Tomosha repetitsiyasi tugagunicha teatrda Valijon “isteʼdodli ekan” degan “unvon”ni olib boʻldi.

Spektaklga musiqani Anvar Ergashev yozdi. Koʻngilni orziqtiradigan, aʼzoyi badanga titroq soladigan musiqa! Bu musiqa qay tarzda yozilishida ham Valijon hamnafas boʻlib turdi.

Spektaklni teatr badiiy kengashiga topshirish bayram boʻlib ketdi. Tomoshabinlar ham qarsakbozlikni avjiga chiqarishdi. Tomosha davomida spektalning jiddiy taʼsiri ayon sezilib turdi. Choʻlponning achchiq qismati yuraklarda aks-sado bergan. Koʻzlarda yosh…

 

 

Men oʻshandan buyon tarixni isteʼdodli odamlar ijodiy qayta yaratishi kerak ekan deb qatʼiy bir qarorga kelganman. Isteʼdodli odamlar yaratgan tarix tirik boʻladi. Hech kimni beparvo qoldirmaydi.

Bu tomosha milliy teatr sahnasida yigirma yetti yil davomida sakkiz yuz marta oʻynaldi…

Teatr bu yil spektaklni yana qayta sahnalashtirishni va unga yana Valijon Umarovni taklif qilishni oʻylab turibdi.

…Oʻshandan keyin biz – Valijon, Anvar Ergashev, men – hamkorlikda yana bir nechta spektakl yaratdik.

Teatrdagi oʻsha kunlarni aktrisa va rejissyor Nodiraxon Mahmudova yaqinda bir ajib orziqish bilan eslab qoldi:

– Uchovlaring birga yurardilaring! Hammamizning havasimiz kelardi!

Biz oʻsha paytlarda qoʻyiladigan spektakl tashvishi bilan ovora edik. Birovning havasi bilan ishimiz yoʻq – goh kulishib, goh bahslashib, joʻshib, zavqlanib yurgandirmiz. Ammo havas qilishgan ersa, bizdagi ijodiy birlikka havaslanishgandir… Boʻlmasa, odamlar uch kishilashib yurmaptimi?

Anvar hozir yoʻq.

Vali ikkalamiz qolganmiz…

Koʻzimga yosh keldi.

 

* * *

Toʻqsoninchi yillarda tomoshabin teatrga deyarli kelmay qoʻydi. Chunki hayotda qizgʻin oʻzgarishlar boshlangan edi. Hayot har qanday adabiy kitobdan, har qanday teatrdan qiziqroq tuyulib qoldi. Buning ustiga, bechorachilik – yashash uchun kurash boshlandi. Barcha bozorga shoʻngʻidi. Taqdirlarga beayov aralashgan bu voqelik kitobga ham, sahnaga ham sigʻmaydiganday edi. Hali ham eski dramaturgiyaga suyangan, eskicha tafakkurdan ajralmagan teatrlar huvullab qoldi. Oʻshanda tepadan koʻrsatma olib yashashga oʻrganib qolgan adabiyot va sanʼatning oʻrtacha odamlari nima qilishini bilmay qolgan edi. Ming afsuski, Hamza nomidagi teatrda ham shu hol roʻy berdi. Natijada nochor dramaturglarning yengil-yelpi asarlari tomoshabinlar qarshisiga qilpillab chiqdi…

– Biz yettita tomoshabinga ham spektakl oʻynaganmiz, – deb u kunlarni eslagandi teatrning oʻsha paytdagi direktori Yoqub aka Ahmedov yozuvchilar bilan oʻtkazgan bir anjumanimizda.

 

 

Endi bir haqiqatni aytay: Valijon Umarov teatrga tomoshabinni qaytargan ulkan sanʼatkorlardan biri, ehtimol birinchisidir. Spektakllarining dovrugʻi odamlarga yetib bordi. Teatrga odamlar qayta boshladi…

Bu muvaffaqiyat toʻlqinida Valijon Hamza teatriga bosh rejissyor sifatida ishga taklif qilindi.

Uning men qadrlaydiganim ajib feʼli bor. Pyesa yoqib qolsa, oldi-ortiga qaramay ishga kirishadi. Birovlarday hurkib, “tepa”dagilar nima derkin deb oʻylanib oʻtirmaydi. Eng muhimi, bu ishni zarra ham choʻchimay qiladi. Biz hamkor ishlagan paytlarda baʼzi mavzularda yozish, baʼzi gaplarni aytish juda boshogʻriq – kunduz hayotingni uzluksiz kechaga oʻzgartirib yuboradigan taqiqlar va taʼqiblarga duch kelib qolishing hech gap emas edi. Ammo Valijon beparvo – kulibgina mening qoʻlyozmalarim ustida ishlayverdi. Ishlaganda ham men qoʻlyozmalarimni yozish asnosida nimani boshdan kechirgan boʻlsam, oʻshani bir-bir yuragidan oʻtkazdi. Qora bulutlar aylanganda ham biror marta nolimadi.

 

* * *

Valijonni jasoratli odam deb oʻylayman. Uning jasorati spektakllariga singib ketgan. Valijon nozik tabiatli, goʻzallikni, qahramonlarning ogʻrigʻini teran his qiladigan, har bir jumla jilvasini ruhi titrab anglaydigan, ularni aktyorlarga oqizmay-tomizmay yetkazadigan katta sanʼatkor. Matndagi qahramonning dardlari, quvonchi, koʻz yoshlarini sahnaga aniq olib chiqadi. Natijada tomoshabin qahramonlarning dardi bilan ogʻriydi – kuladi, yigʻlaydi.

Tomoshabin sahnadagi voqealarning ishtirokchisiga aylanadi.

 

* * *

Valijon mabodo biror bir joyda oʻrtacharoq spektakl qoʻygan boʻlsa, ayb unda emas, balki muallifning zaifligidadir. Ishonch bilan aytamanki, uning spektakli oʻsha nochor matndan juda yuqori boʻladi.

 

 

* * *

“Bir qadam yoʻl” asarimning sahnagacha yoʻli uzunroq – besh-olti yil kechdi-yov.

Asarning sarguzashtlari juda moʻl. Men faqat teatrga tegishli qismidan hikoya qilaman.

Bu dramani teatrga doʻstlar tavsiya qilgan. U yillar davomida qimirlamay turib qoldi. Nima uchun ushlab turilganining sababini soʻrab-surishtirganim yoʻq. Chunki sababi aniq – sarosimali toʻqsoninchi yillar voqealaridan hikoya qiluvchi bu asar teatr rahbariyatiga juda keskinday tuyulgan boʻlsa kerak.

 

Bu orada asarni Ozod Sharafiddinov “Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qilib yubordi. Obroʻsi baland bu insonga yuqoridan doʻq-u poʻpisa boʻlmagandan keyin teatr rahbariyati nihoyat “Bir qadam yoʻl”ni qoʻyishga qaror qildi.

Asarni Valijon Umarov sahnalashtiradigan boʻldi.

Asarni jamoa boʻlib oʻqib chiqishgach, aktyorlar xavotirga tushgani esimda. Qoʻyishga qoʻyamiz-u ruxsat berisharmikan?

Shoʻrolar davridan qolgan baʼzi rahbarlarning dagʻdagʻali feʼli barchaga maʼlum edi. Xudo koʻrsatmasin, gʻazablanib qolishsa!.. Bu kayfiyat premyeragacha davom etdi.

 

Valijon atrofdagi gap-u soʻzlarga parvo ham qilmadi. Ishga berilib kirishdi.

Asar soʻzga qurilgan – uning zamiridagi holatlarniyu ichki toʻlgʻoqlarni noziklik bilan anglash lozim edi. Repetitsiya boshlanishidan avvalgi suhbatlarimizda rejissyor butun vujudi-yu ruhi bilan asarni his qilganini angladim. Asarni yozayotganda muallifda kechgan hayajon unga ham koʻchganini sezdim. U asardagi har bir katta-kichik ruhiy holatlarni, har bir soʻz ohangini oʻziga singdirib olganday edi.

…Spektakl shov-shuvli boʻldi.

 

Ammo… hali premyera boʻlmasdan komissiya ustiga komissiya bostirib kelaverdi. Ular bilan qoʻlimizdan kelgancha olishdik… Men barcha tafsilotlarni yozib oʻtirmayman. Bu alohida mavzu. Faqat bu talotoʻmda Valijonning qilt etmay, betalvasa turib berishi meni lol qoldirdi. Uning mardonavor turishidan lazzat oldim. Chunki hayotimda tevaragimdagi hamfikrim, yelkadoshim deb oʻylaganim odamlar ozgina tazyiq yetganda oʻzlarini chetga olganini, baʼzilari esa sichqonning iniga kirib ketganlarini koʻp koʻrganman. Valijonning allaqanday vahimasiz turib berishi esa koʻnglimni yorugʻ bir chiroqday porlatib turdi. …Baribir, ertaklarda aytilganday, murod-maqsadga yetdik. Premyera oʻynaldi.

 

 

Tomosha olqishlar bilan oʻtdi. Tomoshabinlar spektakl tugagandan keyin ham taʼzimga chiqqan aktyorlarni qoʻyib yubormay, bardavom qarsak chalaverdilar…

Vali ikkalamizga rahmat aytishdi.

– Sheryuraklar! – dedi tomoshabinlardan biri qoʻlimizni hayajon bilan silkib tabriklar ekan. – Sheryuraklar!..

Hamkorligimiz davom etdi.

Muqimiy teatrida “Alpomishning qaytishi” asarim qoʻyiladigan boʻldi. “Oʻzbek-teatr” rahbari Muhammadali Abduqunduzov asarni sahnalashtirish uchun Valijonni tavsiya etdi.

 

Men xavotirda edim. Pyesa nihoyatda pafosli, nozik oʻrinlari juda moʻl… – bu teatr esa, nazarimda, oʻzgacha uslubli – asarning matni bu yoʻsinga tushmaydiganday edi. Buning ustiga, asar baxshilarimiz jon berib kuylab kelgan dostonlar ohangida yozilgan… Valijon isteʼdodli odam, аммо… Xullas, tashvishga tushmogʻimga asos borday edi.

 

Spektaklni teatrshunoslar, mutaxassislar va rahbar idoralarning vakillari bilan birga koʻrdim. Spektaklning premyeradan oldingi bu namoyishiga jaydarigina qilib “Qabul” deb nom qoʻyib olingan. Ilk bor namoyish etilgan tomoshadan keyin kechadigan “Qabul”da mutaxassislar fikr-mulohazalarini aytadi. Bular baʼzan faqat badiiylik nuqtai nazarida kechsa, baʼzan ayrim “hushyor”larning “jonkuyarligi” tufayli siyosiy koʻrinish oladi. Bu endi spektakl ijodkorlarining boshiga tashvish-u gʻavgʻo soladi.

Spektakl meni yigʻlatdi.

 

Matnni teran oʻzlashtiradigan Valijonning yuragidagi tuygʻulari aktyorlarga koʻchgan, ular tamoman oʻzgacha qiyofa kasb etgan – ishoning-ishonmang, ulkan sanʼatkorlarga aylangan edilar. Ularning sahnada qahramonlarning qismatiga mos toʻlgʻonishlari meni hayratlantirdi. Bu aktyorlar ijodidan bir qadar xabardorligim uchun roʻy-rost aytay – bu qadar oʻzgarishlar tahsinga loyiq edi.

Valijon! Mehnatkash, kamtar, isteʼdodli Valijon! Aktyorlarni ikki oylik repetitsiya paytida qayta yaratgan sehrgar!

“Qabul”da qatnashuvchi teatrshunoslarning koʻzi nam – koʻz yoshlarini arta-arta yaxshi gaplar aytishdi. Valijon gʻalaba qildi.

 

 

Spektakldan keyin hozir dunyodan oʻtib ketgan yoshgina bir teatrshunos “Konflikt deyarli yoʻq spektaklning bu qadar taʼsirli boʻlishi!.. Hayron qoldim!” degan edi.

Albatta, konflikt bor edi. Adabiyot koʻnikmagan – pinhonlikda kechadigan konflikt edi u. Qahramonlarning har bir soʻzida, xatti- harakatida, dardga toʻlgan matnning azobdan hapqirishida… Valijon buni anglagan, sezgan va aktyorlarga bu hapqirishlarni, dardlarni hadya etgan!

 

* * *

“Oʻtgan zamon hangomalari” pyesasini Gʻafur Gʻulomning asarlari – “Mening oʻgʻrigina bolam”, “Hasan Kayfiy” va qisman “Shum bola” asosida yozgan edim. Bu asli tragikomediya – gʻussa kulgiga, kulgi hasratga qorishib ketadigan – shu bilan birga allaqanday yaxlitlik kasb etgan asar boʻldi.

 

Valijon asardagi bu noravon yaxlitlikni teran angladi. Yayrab, zavq bilan repetitsiya qildi. Har bir sahnaning ohangini topdi, shu bilan birga yaxlitlikni unutmadi. Aktyorlar qalbiga yoʻl topdi. Matn doirasida ajib badihalar yaratdi.

Bir kuni repetitsiyaga kirib qoldim deng. Valijon Podshoh rolini ijro etayotgan Erkin Komilov bilan mashq qilayotgan ekan. Kun issiq. Erkin Komilov oyogʻi qizib ketganidan nogoh poyabzalini yechib tashladi-da, rolini ijro etishda davom etdi. Erkinning bu shavqli harakatidan Valijon ikkalamiz kuldik va men… birdan shu badiha spektaklga uzukka koʻz qoʻyganday yarashishini sezdim. Oʻzi ijodda shunday boʻladi-da! Topilma oyogʻingning ostidan chiqadi…

– Erkin, shu yalangoyoqlikda bolaligingizni eslangda…

– Ha!.. – dedi Vali quvonib. – Saroyda siqilib ketgansiz. Boladay yayrab, yalangoyoq yurishni orzu qilasiz…

Bir pasda ikki-uch jumlani toʻqidik… Erkin Podshohning u yoq-bu yoqqa alanglab, hech kim yoʻqligiga amin boʻlgach, taxtdan tushib, poyabzalini yechgancha, boladay shodon yurishini bir urinishdanoq qoyilmaqom qilib qoʻydi.

Uchalamiz ham nogoh qilgan ishimizdan quvonib turibmiz.

– Podshoh ham odamda, – dedi Valijon. – U ham koʻnglini yozgisi keladi…

 

* * *

…Endi yana “Alpomishning qaytishi” haqida.

Muqimiy teatri spektakliga Qozogʻistonning Yettisoyidagi teatr direktori tushgan ekan. Shu odam Valijonga spektaklni ularning teatrida ham sahnalashtirishni iltimos qilib, hol-joniga qoʻymadi. Valijon oxiri rozilik berdi.

Men tayyor oshga bakovul boʻlib premyeraga bordim. Bunday premyerani va bunday faol tomoshabinni hech qachon koʻrmaganman. Ular spektaklning har bir parchasini gurullab olqishlashar – oʻkirishlariniyu ingranishlarini yashirib oʻtirmas edilar. Vali spektaklga oʻzgartirishlar kiritgan – aktyorlardan borini sugʻurib oladigan rejissyor ularning barcha imkoniyatlaridan foydalangan edi. Aktyorlar kezi kelganda doʻmbira chalib, joʻshib qoʻshiq aytib ketayapti…

 

 

Bir izoh. Men Alpomish haqidagi asar doʻmbira va baxshiyona aytuvlarga choʻlgʻonsa, nur ustiga nur boʻlishini mudom his qilganman. Baxshiyona ohanglar qonimda bor. Bolalikdan bu ohanglarni vujudu ruhimga singdirib katta boʻlganman. Ammo nega pyesamda bunday sahnalarga yoʻl qoʻymadim? Men oʻzbek aktyorlarining imkoniyatlaridan kelib chiqdim. Kim doʻmbira chalishni biladi? Kim baxshiyona ohanglarda boʻzlay oladi? Imkonsiz. Dramaturgni cheklovchi devorlarni sezgan boʻlsangiz kerak…

 

Valijon qozoq aktyorlarning xalq ogʻzaki ijodidan uzoqlashib ketmaganini payqagan. Dostondagi toʻy sahnasidagi aytishuvlarni qoʻrqmasdan sahnaga olib chiqqan va bundan spektakl ikki barobar yutgan edi. Valijonning badihagoʻyligi bu spektaklda yuksak nuqtaga chiqqan edi!

Tomoshadan keyin tabrik va olqishlar davom etdi. Biz bir soatlar sahnadan tusholmadik. Xuddi shunday! Bir soatlar!..

 

Oradan bir necha yil oʻtdi. Valijon menga oʻsha qozoq teatri “Alpomishning qaytishi”ni tiklab berishni undan iltimos qilayotganini aytib qoldi. Avvalgi spektaklda ishtirok etadigan aktyorlar ishdan ketib qolgan emish…

Valijon joʻnab ketdi. Spektakl tayyor boʻlgandan keyin men ham bordim.

Teatrga Olmaotadan komissiya kelib, Qozogʻiston teatrlarining koʻrigiga spektakl tanlab olayotgan, “Alpomishning qaytishi” shu komissiyaga ilk bor namoyish etilar ekan. Teatr rahbarlari komissiyaga mashhur teatrshunos, qattiqqoʻl mutaxassis Sigʻay bosh ekanligini ham allaqanday hadikda qulogʻimizga shivirlashdi.

 

Valijon sahna ortida boʻlgani uchun spektakldan keyin hayajonlanib ketgan komissiya aʼzolari meni oʻrab olishdi. Soʻrab-surishtirishdi. Rostdan ham xalq shoirimisan, Valijon qayerda ishlaydi, nimalar qoʻygan? Ikkoving ham jaydari kiyingansizlar. Bizda sizlarning maqomingizdagilar… Ehhe, osmonda!.. Spektaklning oʻzi haqida esa nima deyishni bilishmaydi… Boshlarini sarak-sarak qilishadi! “Qoyil, bovurim!”, “Zoʻr!” deb yelkamga qoqishadi, bagʻirlariga nim bosishadi.

 

 

Ana endi muhokama boshlandi. Komissiya teatrning repertuari bilan tanishib chiqqan ekan. Spektakllarni birma-bir vayron etib tashlayverishdi. Teatr rahbarlari moʻltirab, yerga qarab oʻtiribdi. Oxiri bizning spektaklga ham navbat keldi. Olmaotadan kelganlar shunday maqtovga tushib ketishdiki, Vali ikkalamiz hatto xijolat cheka boshladik. Biri bu spektakl “tepa”dagi xalqning qonini ichayotganlar bilan kurash desa, biri diktaturaga qarshi kurash deydi. Bizda u paytlar bunday gaplarni ochiq aytish urf boʻlmagani uchun ichimizda choʻchib qoʻyardik.

 

Spektakl koʻtarinki bir ruhda mamlakat miqyosidagi festivalga tavsiya etildi.

Festival Qiziloʻrdada boʻlib oʻtdi. Valijon qatnashdi. “Alpomishning qaytishi” festivalning “Gran-pri” mukofotiga sazovor boʻldi.

Sigʻay bu anjumanda ham hayʼat raisi ekan. U ajib bir nutq irod etibdi:

– Qozoqlar! – debdi Sigʻay, – zoʻrmiz deb maqtanasanlar! Sahnada baqirganlaring baqirgan! Ana, ikkita oʻzbek teatr nima ekanligini sizlarga koʻrsatib qoʻydi.

Valijon bilan oxirgi ishimiz Andijonda boʻldi. Valijon “Bobur. Sogʻinch” degan spektakl qoʻydi. Teatrning aktyorlar jamoasi tarkibida meʼyorning buzilishi bor ekan. Oʻz ishiga sadoqatli yoshi katta sanʼatkorlar koʻp, ammo yoshlar deyarli yoʻq…

 

Qiyinchiliklarni yengib oʻtishga koʻnikib qolgan Valijon bor ijodiy jamoa bilan baribir nihoyatda chiroyli bir asar yaratibdi. Spektaklni toʻliqib koʻrdim… Valijon qaysi teatrda spektakl qoʻymasin, uni aktyorlar mehr bilan tilga olishadi.

 

Men Oʻzbek milliy akademik drama teatrida ishlayman. Bu teatr sanʼatkorlari hozirgacha Valijon rejissyorlik qilgan davrni juda orziqib, sogʻinib eslashadi. Oʻsha tomoshalarni Valijon qayta qoʻysa yaxshi boʻlardi deb qolishadi… Qanday yaxshi! Bu spektakllarning sogʻinchga aylangani qanday yaxshi!.. Chunki isteʼdod yaratgan asarlari – moʻjiza! Ular mudom koʻngillarda yashaydi!

 

Usmon AZIM

Oʻzbekiston xalq shoiri, dramaturg

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//