Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” jamoat fondi rahbari oʻrinbosari Sardor Rahimxonning “Sardorga boʻgʻma ilon tashlandi. Yetimlar xavf ostida qoldi”sarlavhali videosi qizgʻin muhokama qilinmoqda. Koʻpchilik xayriyani bunday yolgʻon bilan qilish notoʻgʻriligini aytayotgan boʻlsa, baʼzilar ushbu harakatni oqlayapti. Bir qancha faollar va mutaxassislar bu borada oʻz fikrini bildirdi.
Nargiz Qosimova, ekofaol
“‘Vaqfʼ fondi rahbari oʻrinbosari etib tayinlangan Sardor Rahimxonning Youtube sahifasida “Sardorga boʻgʻma ilon tashlandi. Yetimlar xavf ostida qoldi” sarlavhali video eʼlon qilindi va yuklanganiga koʻp boʻlmasidan oʻchirib tashlandi.
Videoda muhtoj oilaga yordam berish va aholining eʼtiborini tortish uchun, boʻgʻma piton ilonidan foydalanilgan. Muhtoj oilaning uyidan chiqqan “ilon Sardorga tashlandi” deb sarlavha qoʻyilgan. Ammo videoda ilon hech kimga tashlanmagan va zarar yetkazmagan.
Oʻzbekistonda piton ilonlari ochiq tabiatda uchramaydi. Pitonlar odatda tropik va subtropik oʻlkalarda, xususan, Janubiy Osiyo mamlakatlarida yashaydi. Oʻzbekiston keskin kontinental iqlimga ega boʻlib, bu yerda ilonlarning hajmi 1,5 metrdan oshmaydi. Gerpetolog Timur Abduraupovning fikriga koʻra, katta hajmdagi ilonlar Oʻzbekiston hududida faqatgina qishgacha yashashi mumkin. Sovuq tushishi bilan ular oʻladi, chunki qishda ilonlar yer tagiga kirib qishlaydi. Katta hajmdagi ilonlar esa bu paytda kislorod yetishmovchiligidan nobud boʻlishi mumkin.
Biz holatga oydinlik kiritish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga bogʻlanishga urindik. Afsuski, xayriya fondining ijtimoiy tarmoqlarda aloqa uchun koʻrsatilgan telefon raqamlariga 2 kun davomida hech kim javob bermadi. Keyin fond oʻrinbosarining Instagram tarmogʻidagi koʻrsatilgan telefon raqamlarga qoʻngʻiroq qildik.
“Ilon bilan bogʻliq sahna haqiqatdan uyushtirilgan edi, ammo ilonni qayerdan olishganini va kimga qaytarib berishganini bilmayman. Sizlarga bizning operatorlarimiz albatta bogʻlanishadi”, dedi qoʻngʻirogʻimizga javob bergan yigit. Ammo oradan 2-3 kun oʻtgan boʻlsa-da, bizga hech kim bogʻlanmadi va holatni izohlamadi.
Oʻchirib tashlangan video ostidagi izohlarni oʻqir ekanmiz “ilonlarni oʻldiringlar, bizning uydan ham chiqsa nima qilamiz?”, “bu ilonlar zaharlimi?”, “ilonlarga oʻlim” kabi izohlar qoldirilganiga guvoh boʻldik.
Piton ilonlari Oʻzbekistonda odatda faqat hayvonot bogʻlari, ekzotik hayvonlarni parvarishlash markazlari yoki uy hayvonlari sifatida ularni boqadigan shaxslarning xonadonlarida uchrashi mumkin. Ilonlarning ekotizim va insonlar uchun foydasi koʻp. Ilonlar sichqon, kalamush va boshqa kemiruvchilarni ovlaydi, bu esa ekinlarni himoya qilish va kemiruvchilar orqali tarqaladigan vabo kasalliklarning oldini olishga yordam beradi. Uyingizga uncha katta boʻlmagan ilon kirsa, demak sizning hovlingizda sichqon va kalamushlar bor. Ilon ularni tutib, hovlingizdan oʻzi chiqib ketadi. Baʼzi ilonlar hasharotlar bilan oziqlanadi, bu esa ularning populyatsiyasini nazorat qilishda yordam beradi. Ilonlar oziq zanjirida muhim oʻrin tutadi, ular ovchi sifatida kichik hayvonlarni ovlaydi va oʻlja sifatida yirik yirtqichlar (masalan, qushlar, yirtqich sutemizuvchilar) uchun oziq-ovqat manbayi hisoblanadi.
Fond rahbari oʻrinbosarining ushbu videosi ilonlar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmagan aholi orasida qoʻrquv va shov-shuvni, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni keltirib chiqarishga turki boʻladi. Aslida xayriya va saxovat chin dildan qilinsa, odamlarning oʻzi bu ehson ortida kim turganini bilib oladi. Oʻzbekistonda bunday turdagi ilonlarni aholi xonadonlarida uy hayvoni sifatida boqishni va Oʻzbekiston hududida oldi-sotdi qilishni taqiqlash kerak. Ilonlar ekotizimning ajralmas qismi boʻlib, ularni himoya qilish va asrash orqali tabiat muvozanatini saqlashga yordam berish mumkin.
Biz “Vaqf” xayriya fondi rahbariyatidan ushbu holat yuzasidan munosabat kutib qolamiz”.
Barno Sultonova, jurnalist
“Men Sardor Rahimxon ilon yordamida uyushtirilgan sahna orqali bir ayolga uy olib berishini katta yolgʻon deb hisoblayman. Toʻgʻri, dinda “yaxshilik uchun yolgʻon gapirish mumkin” deyilgan, lekin bu yolgʻon kimgadir zarar keltirmasligi kerakligi ham aytilgan. Sardor Rahimxonning bu aldovi yosh avlod uchun ancha zararli.
Uning videosini koʻplab katta odamlar va yoshlar koʻrdi. Endilikda ularda “biz ham yolgʻon ishlatib, nimagadir erishsak boʻladi” degan fikr shakllanadi.
Umuman bu ishni yolgʻon ham emas, koʻzboʻyamachilik deb atash lozim. Biz hukumat qiladigan koʻzboʻyamachilik va yolgʻonlarga qattiq turamiz, qarshi gaplar aytamiz, ammo hozir baʼzilar Sardor Rahimxonning tarafini olyapti. “Nima qilibdi, bir odam uylik boʻldi” deyishyapti. Biroq amaldorlar qiluvchi koʻzboʻyamachiliklarga bunday munosabat bildirilmasdi-ku!
Odam har doim oʻzi ich-ichidan oʻziga nisbatan adolatparvar boʻlishi kerak. Bolalarimizga maqsadi yoʻlida hech nimadan tap tortmaslik, aldov bilan ham nimagadir erishishga harakat qilishni oʻrgatmasligimiz lozim.
Meni yana bir oʻylantirgan narsa, oʻsha muhtoj ayol bilib turibdi-ku yolgʻon ishlatilayotganini. Unga aytishgan-ku, shunaqa sahna koʻrinishi uyushtiramiz, rol oʻynab berasiz deb. Oʻsha ayol uyalmaydimi farzandlari yonida yolgʻon ish qilayotganidan.
Dinda “yolgʻon gapirish mumkin” degani “zarar keltiradigan yolgʻon ishlatsang boʻlaveradi” degani emas”.
Anora Sodiqova, jurnalist
“Hech kimga xalqni aldash huquqi berilmagan.
Amaldorlar, siyosatchilar, Bosh vazirga ham xalqni aldash huquqi berilmagan. Ularning gapi yolgʻon boʻlib chiqsa, ulardan buning izohini talab qilishga qoʻldan kelgancha harakat qilamiz.
Hatto, kinolarda ham fantastika yoxud real voqealarga asoslangani yoki boʻlmasa toʻqima ekani haqida axborot beriladi. Sababi, odamlarni aldash toʻgʻri emas.
Ilon ishtirokidagi sahna yordamida xayriya uchun odamlar sonini koʻpaytirishni maqsad qilgan Sardor Rahimxonning niyati yaxshi boʻlgandir, ammo, u odamlarni aldashi kerak emasdi.
Xayriyaga odamlarni jalb qilishning eng yaxshi yoʻli ishonch va shaffoflik. Odamlar ishonchi esa dorbozlardan ilon ijaraga olib, yolgʻon shoular uyushtirish orqali qozonilmaydi.
Sardor Rahimxon ilonni dorbozlardan ijaraga olgani tasdiqlandi. Oʻzi ilonni olib kelib, yana “...tagʻin ham Alloh sizni asradi”, deya vaziyatga diniy tus berishi yanada achinarli.
Ha, aytgancha Sardor Rahimxon ham Vaqf fondi raisi oʻrinbosari, yaʼni amaldor hisoblanadi”.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
“Sardor Rahimxonning videosini oqlamayman.
Odamlardan maʼlum hisob raqam yoki kartaga pul yigʻib, oʻzlari keyin muhtojlarga taqsimlashini ham oqlamayman. Xayriya bunaqa qilinmaydi. Muhtojning oʻziga toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi”.
Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda Namangandagi ushbu voqeaga ko‘plab foydalanuvchilar o‘z munosabatini bildirmoqda.
Xususan, “Xayriya maynavozchilikka aylanmasligi kerak” deb yozgan X (Twitter) foydalanuvchilaridan biri. Shu bilan birga Sardor Rahimxonning harakatini oqlayotganlar ham ko‘p.
Adabiyot
Jarayon
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q