Shaxsiy xudbinligidan voz kechgan adib – Xayriddin Sulton Sulton Rayev asarlarini mutolaa qiladi


Saqlash
11:20 / 25.07.2024 566 0

1

Davrimizning atoqli yozuvchisi, davlat va jamoat, madaniyat arbobi, mohir diplomat Sulton Rayevning nomini yurtimiz ziyolilari va kitobxonlariga ortiqcha taʼriflab oʻtirishning hojati yoʻq deb oʻylayman. Zero, oʻzbek xalqining samimiy va ulkan doʻsti boʻlgan bu betakror ijodkor mamlakatimizdagi turli-tuman xalqaro anjumanlar, madaniy forum va uchrashuvlar, tanlov va koʻrgazmalarning doimiy ishtirokchisi, aksariyat hollarda esa ularning tashkilotchisi sifatida ham qizgʻin faoliyat olib borishini jamoatchiligimiz yaxshi biladi. Shunday boʻlsa-da, jurnalxonlarga u kishining hayot yoʻli va ijtimoiy faoliyati haqida kengroq maʼlumot berish maqsadida, bizningcha, avvalo adibning tarjimai holini, tugʻilib oʻsgan makoni hamda u shakllangan adabiy muhitni eslab oʻtish oʻrinli boʻlsa kerak.

 

2

Sulton Rayev 1958-yil 13-iyulda Oʻsh viloyati Qorasuv tumani Joʻsh qishlogʻida tugʻilgan. Qirgʻiziston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Qirgʻiziston madaniyati” gazetasida muxbirlikdan boshlagan. Shundan soʻng “Asaba” (“Bayroq”) gazetasida bosh muharrir oʻrinbosari, “Qirgʻiz ruhi” gazetasi bosh muharriri vazifalarida ishlagan. AQSHning Kanzas universitetida jurnalistika boʻyicha malaka oshirgan. 2002-yildan Qirgʻiziston taʼlim va madaniyat vazirining oʻrinbosari, Madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi prezidenti, Madaniyatni rivojlantirish davlat komissiyasi raisi, Madaniyat vaziri, Madaniyatni rivojlantirish davlat agentligi boshligʻi, Prezident maslahatchisi, Bosh vazir maslahatchisi, Madaniyat, axborot va turizm vaziri kabi masʼul lavozimlarda mehnat qilgan.

 

 

2021–2022-yillarda Turkiy davlatlar kengashi bosh kotibining oʻrinbosari sifatida faoliyat koʻrsatgan. U 2022-yildan buyon Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TürkSOY – Türk Kültür ve Sanatları Ortak Yönetimi) rahbari boʻlib, bepoyon turkiy makonda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish harakatiga yetakchilik qilib kelmoqda. Bugungi kunda “TürkSOY”ning faoliyati yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarilib, tashkilot tomonidan bepoyon mintaqalarda yashovchi turkiy millatlarning mushtarak qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, umumiy boyligimiz boʻlmish noyob va bebaho tarixiy merosimizni, zamonaviy madaniyatimizni oʻrganish va dunyoga keng targʻib etish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasidagi gʻoyat muhim va yirik loyihalar amalga oshirilayotganiga barchamiz guvoh boʻlmoqdamiz. 

 

Xususan, keyingi yillarda aʼzo davlatlar oʻrtasida madaniyat va sanʼat kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ilmiy anjumanlar, xalqaro konferensiyalar, badiiy koʻrgazmalar uyushqoqlik bilan oʻtkazilyapti. Qadimiy va goʻzal shaharlarimiz Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb eʼlon qilinmoqda. Ulugʻ shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etildi. Ayni vaqtda tashkilot rahnamoligida buyuk shoir va mutafakkirlar nomlari bilan ataladigan tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. TürkSOY Yozarlar birligi va “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro adabiy festivali tashkil qilindi. Turkiy dunyo kinochilar uyushmasi tuzildi. Yurtimizda nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar turkumining taqdimotlari xalqaro doiralarda oʻtkazildi. TürkSOY tashkilotining 30-yilligi aʼzo davlatlar poytaxtlari hamda UNESCO qarorgohi joylashgan Parij shahrida yuksak saviyada nishonlandi…

 

 

Albatta, bunday ishlarning barchasini toʻla sanab oʻtish imkonsiz. Eng muhimi, ularni amalga oshirishda TürkSOY rahbari sifatida Sulton Rayevning ulkan xizmatlari, fidoyiligi mujassam va uning bu yoʻnalishdagi qizgʻin faoliyati, turkiy dunyo birligi va hamjihatligini har tomonlama kuchaytirishga qaratilgan yangi-yangi gʻoya va tashabbuslari hammamiz uchun ibratlidir. Biz Sulton Rayevni, yuqorida aytganimizdek, Oʻzbekistonning, oʻzbek adabiyotining chinakam doʻsti deb bilamiz. Uning bolaligi Oʻsh viloyatida, oʻzbeklar ichida oʻtgan. Shuning uchun xalqimiz tabiatini, urf-odatlarini yaxshi biladi. U qirgʻiz diyoridan yetishib chiqqan Tursunboy Adashboyev, Shavkat Rahmon, Ahmadjon Meliboyev, Zuhriddin Isomiddinov, Erkin Boynazarov, Abdugʻani Abdugʻafurov, Usmon Temur kabi oʻzbek adiblari, shayx Alovuddin Mansur, Anvar qori Tursunov kabi taniqli ulamolar bilan yaqin doʻst boʻlgan. Oʻrni kelganda taʼkidlash joizki, Sulton aka muqaddas Qurʼoni karimni qirgʻiz tiliga tarjima qilishdek masʼuliyatli va savobli vazifani ado etgan. Bu ezgu ishda Alovuddin Mansur hazratlari nashr muharriri sifatida oʻziga katta yordam va maslahatlar berganini u hanuz hurmat va minnatdorlik bilan eslaydi. 

 

“TürkSOY”ning Oʻzbekistonda oʻtadigan barcha tadbirlarida Sulton Rayev oʻzbek tilida nutq soʻzlaydi. Bu ham doʻstimizning xalqimizga boʻlgan yuksak mehri va ehtiromidan dalolat beradi. Ayni paytda oʻzbek adabiyoti va sanʼati namunalarini turkiy tillarda nashr etish, Oʻzbekiston hayotiga bagʻishlangan badiiy va ilmiy kitoblar, albomlar, filmlar yaratish ishlariga alohida eʼtibor qaratadi.

 

 

Sulton Rayevning dovrugʻi Olatovning baland choʻqqilaridan allaqachon oshib ketgan. U kishining Qirgʻiziston xalq yozuvchisi, Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unvonlari, “Danaker” ordeni, Toʻqtagʻul nomidagi davlat mukofoti hamda turli davlatlar va xalqaro tashkilotlarning “Oltin atirgul” (Gurjiston), “Chingizxon” (Moʻgʻuliston), “Otaturk” (Turkiya), “Deniyel” (Koreya Respublikasi), “Lomonosov” (Rossiya), “Doʻstlik” (Qozogʻiston) orden va medallari hamda “Hamdoʻstlik yulduzlari” (MDH) nomli mukofotlari bilan taqdirlangani ham fikrimizning isbotidir.

 

3

Baʼzi qalamkashlar boʻladiki, ular jamiyatdan uzilgan, “tarki dunyo” qilgan holda asosan oʻz ijodi bilan shugʻullanadi. Agar iloji boʻlsa, adabiyot rivoji uchun bu ham yaxshidir balki, lekin yana shunday adiblar toifasi ham borki, ular ijtimoiy hayotdan chetda turmaydi – turolmaydi, mamlakat tinchligi va ravnaqi, xalq farovonligi yoʻlida oʻzini ayamasdan, doimo oldingi saflarda turib mehnat qiladi. Ham masʼuliyatli vazifalarda ishlab, ham badiiy ijod bilan mashgʻul boʻlish albatta oson ish emas. Bu birinchi navbatda oʻz oromi, halovatidan, kerak boʻlsa, shaxsiy xudbinlikdan butunlay voz kechish demakdir. Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz bu borada ham ideal namuna yaratganligini eslab oʻtish kifoya.

 

Bu haqda soʻz borganda, Ernest Xemingueyning “Yozuvchi insoniyatning goʻzal va dorilamon kelajagi uchun nainki oʻz badiiy asarlari, balki ijtimoiy masʼul shaxs sifatidagi ezgu ishlari va saʼy-harakatlari, qatʼiy fuqarolik pozitsiyasi bilan ham faol ishtirok etishi kerak” degan fikri yodga tushadi. Hammamizga maʼlumki, olamshumul adib, atoqli jamoat arbobi Chingiz Aytmatov turli yillarda “Pravda” gazetasida, “Inostrannaya literatura” jurnalida ishlagan. Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi va “Qirgʻizfilm” studiyasi faoliyatini rivojlantirishda beqiyos xizmatlar qilgan. Respublika va Sovet ittifoqi parlamentlarining deputati sifatida joʻshqin faoliyat olib borgan. Dastlab SSSRning, keyinchalik Qirgʻizistonning Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi boʻlib ishlagan. 1995–2008-yillarda bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi prezidenti vazifasini bajargan. “Issiqkoʻl forumi” xalqaro tinchlik harakatini tashkil etgan. Sulton Rayevning tarjimai holiga nazar tashlagan kishi u buyuk ustozi yoʻlini tutib, ayni paytda ijodiy va ijtimoiy faoliyatni uygʻun holda olib borayotgani, eng muhimi, har ikki jabhada ham katta muvaffaqiyat qozonib kelayotganiga amin boʻladi.

 

 

Shu maʼnoda, Chingiz Aytmatov shogirdining qalamiga mansub “Xonishaning koʻzyoshlari” kitobiga yozgan soʻzboshisida qirgʻiz adabiyotiga yangi, yorqin bir isteʼdod dadil ovoz bilan kirib kelayotganini taʼkidlab, oʻziga xos bashorat qilgan edi desak, yanglishmagan boʻlamiz. Sulton Rayev ustozlar izidan borib, bugungi kunda jahon miqyosida koʻzga koʻringan adib, taniqli diplomat boʻlib maydonga chiqdi. Uning gʻoyaviy-badiiy jihatdan yetuk oʻnlab kitoblari dunyoning turli mamlakatlarida nashr qilinayotgani, ingliz, fransuz, venger, xitoy, ukrain, turk, qozoq, ozarbayjon, oʻzbek, tatar va boshqa tillarga oʻgirilib, xalqaro madaniy doiralarda keng eʼtirof etilayotganini barchamiz turkiy adabiyotimizning katta yutugʻi deb qabul qilamiz.

 

4

Albatta, endi shuncha taʼrif-tavsifdan soʻng Sulton Rayev asarlarini muxtasar tarzda boʻlsada tahlil qilish, uning roman, pyesa va hikoyalari mutolaasidan olgan oʻchmas taassurotlarimizni siz bilan oʻrtoqlashishimiz tabiiydir.

 

Fikrimizni avvalo “Manas otaning avlodi” hikoyasidan boshlasak.

 

“Risolatning oy-kuni yaqinlashgan sari tanasi ogʻirlashib borardi. Bir-ikki kun ichida toʻlgʻoq tutib qolishi hech gap emas. Ammo soʻnggi imtihon kuni yaqinlashib kelmoqda. Bu toʻgʻrida oʻylaganida yegan-ichgani ichiga tushmaydi. Tugʻishdan koʻra ham shu qurgʻur imtihondan oʻtib olsa bas, joni orom topardi…”.

Hikoya shunday boshlanadi va mana shu ilk jumlalardanoq oʻquvchining butun diqqat-eʼtiborini oʻziga ohanrabodek tortib oladi. “Nima ekan u imtihon?” degan savol kitobxonning tinchini oʻgʻirlaydi.

 

Asar qahramoni – erta-indin koʻzi yoriydigan talaba-kelin universitetdagi imtihondan oʻtish uchun nega bunchalik kuyinmoqda? Axir farzandni yorugʻ dunyoga keltirish – eng ogʻir imtihon, narigi dunyoning eshigiga borib-kelish bilan barobar emasmi? Uning uchun esa… “Tugʻish nima – toʻlgʻoq boshlansa boʻldi, uyogʻi hech narsa emas. Shuning uchun ham, ikkiqatligiga qaramay, tinimsiz yugurib-yeladi, erta-kech soʻnggi imtihonni oʻylaydi”.

Bu “qurgʻur imtihon” qanday baloyi azim ekanki, qahramonimizning koʻziga hatto tugʻishdan ham mashaqqatli ish boʻlib koʻrinmoqda? Buning albatta sababi bor. Chunki “topshirib olsa boʻldi, stipendiyaga ilinadi. Yiqilishdan xudoning oʻzi asrasin. Eri bilan amal-taqal qilib tirikchilik oʻtkazayotganda shu stipendiya ham jonlariga ora kiradi”.

 

“Nimjon tanasini anatomiya boʻyicha koʻrgazmali qurol qilib qoʻysa boʻladigan” eri ham uning tashvishiga sherik. “Pechkaga oʻt yoqqan ham, kulini tozalagan ham oʻzi. Oʻtin boʻlib kiradi, kul boʻlib chiqadi”. Zora, xotinimning esida qolsa degan ilinj bilan “peshonasidan oqayotgan ter marjonlarini artib-artib”, ertaga boʻladigan imtihon – “Manas” dostonini ovoz chiqarib qiroat bilan oʻqishda davom etadi:

“Ozod-emin yurt kutgan

Elni hali koʻrmabmiz.

El uchun jonin bergan

Erni hali koʻrmabmiz.

Olatovdan oshibmiz-u,

Togʻni hali koʻrmabmiz…”

 

Aksiga olgani shu-da, kechasi bilan er kitob oʻqigan, xotin tinglagan – ertalab “kun arqon boʻyi koʻtarilsa ham qushning uyasiday ijara xonada (uyam shaharning chekkasida) ikki yosh dong qotib uxlardi. Soatning jiringlaganini eshitishmabdi ham. Omad ketsa, hammasi chappa boʻladi deganlariday, oʻzi shu imtihonga Risolatning kechikib borishi yetmay turgan edi. Imtihon soat sakkizda boshlanadi. Sakkiz boʻlgani qachon edi-yu. Jiringlayverib charchagan soat millari esa salkam oʻnni koʻrsatib turibdi”.

 

Qahramonimiz shoshilib koʻchaga chiqadi, homilador emasmi, lapanglab, ayiqyurish qilib arang qadam bosadi, ishqilib, avtobusga ulgursin. Shu holda “professor shoshilmaydi, sen ham shoshilma, imtihon oʻn birda ham tugamaydi. Omuraliyev har bir talabani kamida bir soat soʻroqqa tutadi. Qotgan nondan qil sugʻurganday, bechora studentlarni ezib-ezib rohat qiladi” deb ham oʻziga dalda beradi, ham vahimasini oshiradi. Risolat imtihonning oxirgi daqiqalariga yetib boradi. Qattiqqoʻl professorning kinoyali gap-soʻzlaridan keyin imtihon biletini qoʻliga oladi. Afsus,Manas – bahodirlik eposi” degan savolga koʻzi tushiboq yuragi qinidan chiqib ketguday boʻladi. “Tamom, rasvo boʻldi. Topshirolmaydi. Kechasi eri oʻqib berganlaridan bir satr ham yodida yoʻq. Eslamoqchi boʻladi, ammo foydasiz”.

 

“Qizim, aniqroq gapir, oʻzi eposni oʻqiganmisan?” deb soʻraydi professor. Risolat “shunday ulugʻ eposni oʻqimagan kishilar qatoriga qoʻshilishini xohlamay” yolgʻon gapirishga majbur boʻladi: “Oʻqigan edim, agʻay…”.

“Professor Risolatning yolgʻonini uning koʻzlaridan sezib turardi. Oʻqiganida sharillatib tashlardi javobni. Bunday yolgʻonlarga u koʻp bor duch kelgan”.

Professor oʻrnidan turadi, talabaning javobini tinglash bilan birga xayolga beriladi: “Manasni ham shu oldimda turgan qirgʻiz qizlaridan biri tuqqan boʻlishi kerak. U xuddi shunday oddiy ayol boʻlishi mumkin. Onalar koʻpincha kimni dunyoga keltirganlarini bilishmaydi”.

 

Lekin professor “Manas”ni oʻqimaganlarning birortasiga ham rahm qilmagan, kechirmagan”. Ichidagi noroziligini tiliga chiqaradi, “oʻqimabsan a, qizim, oʻqimabsan” deydi afsus bilan. Risolatning tili tutiladi, ikki yuzi xijolatdan qizarib ketadi: “Oʻqigandim, agʻay, negadir yodimga kelmayapti”.

“Risolat oʻzini oqlamoqchi boʻlib yana bir nimalar demoqchi boʻldi, ammo soʻzlari qovushmadi. Ichida, chap tomonida ogʻriq turdi. Shu yolgʻon isitmaga aylanganday boʻldi. Qornidagi homila onasining yolgʻonini sezdimi, tipirchilay boshladi. Bezovtaligini professorga bildirmaslikka harakat qildi, ammo oʻzgarib ketgan yuzi…

 

– “Manas”ni oʻqimaslik – uyat, qizim, – professor jahli chiqqan holda oʻrnidan turdi. – Elimizning shunday buyuk merosini bilmaslik – uyat. Manas – bizning ota tomirimiz, bosib oʻtgan yoʻlimiz, qonimiz, jonimiz. Qirgʻiz eli shu qondan tarqagan bilsanglar. Sizlar-chi? Epos haqida ikki ogʻizlik bilimingiz ham yoʻq. Uyat, uyat. – Professorning qoshlari chimirilib, yuzi jiddiylashdi. – Bugun Manasni bilmaganlar ertaga uni butunlay unutadi, keyin esa kimligingizni, qayerdan kelganingizni ham bilmay qolasizlar. Bu javobing boʻlmaydi, oʻqi, qizim, oʻqi. Mana, zachyotkangni ol, oʻqib kelib, qaytadan topshirasan…”.

Mana shu joyda qahramonning asl qiyofasini, ichki olamini namoyon etadigan muhim nuqta bayoni keladi.

 “Professor stol ustida turgan zachyotkani Risolatga uzatdi. Baho qoʻyilmagan. Uni qoʻliga olar ekan, Risolat ogʻirlashayotganini sezdi.

Professorga oyiga qirq soʻmdan toʻlab bir kampirning uyida ijarada turishini, oila tashvishlari bilan boʻlib, oʻqishga vaqt topa olmayotgani, bugun baho olmasa stipendiyadan qolib ketishini – hamma-hammasini aytib bermoqchi boʻldi. Ammo bularni nima uchun professorga aytishi kerak? Nima qilib boʻlsada baho olish uchunmi? U “Ha, bilar ekan, “Manas”ni oʻqigan ekan” deb baho qoʻyishi kerakmi?

Xoʻp, baho oldi ham deylik. Stipendiyaga ilashadi. Keyin-chi? Keyin oʻqiydimi? Imtihondan oʻtib oldim, endi zarur emas deb oʻylamaydimi? Oʻqimaydi. Umrining oxirigacha ham oʻqimasa kerak.

Xayolini professorning ovozi boʻldi:

– Qizim, kel, zachyotkangni uzat. Oy-kuning yaqin ekan, mayli, baho qoʻyib bera qolay. Omon-eson qutulib olsang, keyin oʻqirsan…

– Yoʻq, agʻay, oʻqib kelib topshiraman, – dedi Risolat auditoriyadan chiqar ekan.

Professor uni toʻgʻri tushunganday boʻlib, turgan joyida turib qoldi. Biroz avval oʻzining xayolidan oʻtgan soʻzlar yodiga tushdi: “Manasni ham shunday qirgʻiz qizlaridan biri tuqqan boʻlishi kerak. U xuddi shunday oddiy ayol boʻlishi ham mumkin”.

 

Xoʻsh, keyin-chi, keyin nima boʻladi? Hayot voqeligi va hayotiy prinsip toʻqnashgan ushbu hikoya qanday yakun topadi? Tugʻilajak bolaning holi ne kechdi? Bugungi zamondoshlarimiz oʻz xalqining maʼnaviy ildizlari bilan qanday bogʻlanadi? Bu savollarga, yaxshisi, “Manas otaning avlodi” hikoyasini oʻqib, muhtaram kitobxonlarning oʻzlari javob topganlari maʼqul.

 

“Fikrning aniqligi ifodaning aniqligiga zamin yaratadi” deydi fransuz adibi Gustav Flober. Men Sulton Rayev asarlarini har gal maroq bilan mutolaa qilar ekanman, bu barkamol ijod namunalaridagi ifodaning tiniq va ravshanligiga amin boʻlaman. Aslida yozuvchining mahorati ham shunda – oʻquvchi eʼtiborini asarning ilk jumlasidan tortib soʻnggi nuqtasigacha mana shunday fikriy-hissiy taranglikda ushlab tura olishda emasmi?

 

 

Adibning yetuk hikoyalaridan biri – “Haftaning beshinchi kuni” shunday boshlanadi:

“Tun yarmidan ogʻdi. Bugun juma. Qalin tuman tushgan, atrof uncha koʻzga tashlanmaydi. Qor biyday dalani sutday oqartirgan.

Notanish kishi ovulga yaqinlashayotganini sezgan itlar vovullaydi. U sovuqdan koʻkarib ketgan mushtlarini ogʻziga olib kelib, ilitadi. Qamoqdan chiqqanidan beri halovati yoʻq. Ich-eti titraydi, qorni bir marta boʻlsin toʻygani yoʻq. Och-nahor yuribdi.

 

Ikki hafta shaharda tentirab, qamoqda koʻrmagan azoblarini koʻrdi. Birorta tanishi uchramadi. Qayrilib qaraydigan biror kimsa yoʻq. Duch kelgan odamdan pul yoki biror yegulik soʻrashga beti chidamaydi, chunki tilanchilikka tobi yoʻq. Undan koʻra oʻgʻirlab qorin toʻygʻizgani maʼqul.

Eski odatini qilib, biror panada kimningdir bor-budini shilib olsa birov bir narsa dermidi? Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Qoʻlga tushib qolmasa boʻldi. Qoʻlga tushsa – tamom. Shu bois oʻgʻirlik qilishga yuragi dov bermaydi. Pana-panada yuradi.

Shaharda durustroq boshpana topish qiyin. Kecha temiryoʻl vokzalida tunab, tunni bir iloj qilib oʻtkazdi. Ammo bu yerda uzoq qolishiga koʻzi yetmaydi.

Anchadan beri ustara koʻrmagan soqol-moʻylovi tarvaqaylab ketgan, kir tishlari sargʻaygan, yuvinmaganidan badanidan yoqimsiz hid anqiydi. Xuddi ichida it oʻlganday…”.

 

Butkul ilojsiz holatda qolgan qahramonning keyingi taqdiri nima boʻladi? Qamoqdan chiqib kelgan odam hayotda toʻgʻri yoʻlini topib keta oladimi? Yoki mahkumlikdan ham battar, imkonsiz sharoit uni yana qamoq sari yetaklaydimi? Muallif koʻnglida mana shunday savollar uygʻongan oʻquvchini oʻz ortidan ergashtirib ketadi. Buni qarangki, hikoya umuman boshqa oʻzanga burilib, sahnada kutilmagan oʻzga qahramonlar paydo boʻladi.

 

Sulton Rayev ijodiy faoliyatini kuzatar ekansiz, u yaratgan adabiy makonning kengligi, rang-barangligiga qoyil qolasiz. Asarlaridagi voqea va talqinlar bir-birini takrorlamaydi, lekin ularni birlashtiruvchi bitta nuqta bor – u ham boʻlsa gʻoyaviy-badiiy maqsadning aniqligi, falsafiy ruhning teranligida.

 

5

Adibning 2015-yili Londonda rus tilida nashr etilgan “Jazo” (“Kara”) romani ham aynan ana shunday xususiyatlari bilan eʼtiborni tortadi. Bu asar bir qancha xalqaro ijodiy tashkilotlar, jumladan, Markaziy Osiyo “PEN-klub”i tomonidan “Yilning eng yaxshi romani” deya eʼtirof etilib, yuksak mukofotga sazovor boʻlgan. Muallifning yigirma yillik mashaqqatli mehnati samarasi boʻlgan ushbu roman mistik-falsafiy uslubi, qahramonlar kechinmalarining favqulodda teran tasviri bilan yozuvchi badiiy mahorat nuqtai nazaridan yanada baland pogʻonaga koʻtarilganini namoyon etadi.

Roman syujetiga ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochib chiqqan yetti bemorning boshidan kechgan voqealar asos qilib olingan. Ular Muqaddas makonni topish va gunohlaridan forigʻ boʻlish uchun sahro boʻylab mashaqqatli yoʻlga otlanganlar. Adib bu insonlarning alam-iztiroblar, azob va yoʻqotishlarga toʻla hayoti, ziddiyatli xarakterlari va achchiq qismatlarini sovuqqon bir haqqoniylik bilan tasvirlaydi.

Kasallarning ayrimlari Muqaddas makon ularning qalbi va ongi, oʻy-xayollari poklangan joyda ekanini anglab yetadi, boshqalari esa aql-u hushidan butunlay judo boʻlib, haqiqat ne ekanini oxirigacha idrok etolmaydi. Asar qahramonlari tabiiy feʼl-atvoriga koʻra gʻoyat xilma-xil, ammo ularning barchasini Muqaddas makonga eltadigan yoʻl va ilon chaqishidan oʻlim topish haqidagi mudhish bir bashorat birlashtiradi.

 

 

Muallif toʻgʻri yoʻldan adashgan bu gumrohlarning qanday ogʻir qilmishlarga qoʻl urib, tubanlashib borganlarini ochiq koʻrsatadi, ayni paytda ularga nisbatan qalbimizda qandaydir achinish va shafqat hissini ham uygʻota oladi. Adib ruhning abadiyligi, ilohiy jazo, qiyomat kuni savol-javob muqarrar ekani, inson mohiyatida mujassam boʻlgan Rahmon va Shayton bilan bogʻliq hissiyotlar, farishtalar va buzgʻunchi kuchlar oʻrtasidagi kurash haqida teran badiiy mushohada yuritadi. Ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochib chiqqan bemorlarga yozuvchi Imperator, Tais Afinskaya, Kleopatra, Lir, Chingizxon, Buyuk Aleksandr kabi ismlar beradi. Yettinchi bemor – norasida oʻspirinni esa Qoʻzichoq deb nomlaydi. Shu tariqa roman qahramonlari va ular uchun asos boʻlgan tarixiy siymolarning kechmishlari, gunoh-kirdikorlarini qiyoslagandek boʻladi. Tarixiy voqealarning aniq tasviri mistikani real hodisalarga aylantiradi.

 

Muallif Muqaddas makon yoʻlidagi murakkab sinovlar orqali qahramonlarga muhim ishoralar berayotgandek tuyuladi. Lekin ularni hamma ham anglab yetolmaydi. Faqat “Xudo sizlar uchun doʻzaxni yaratgani yoʻq, balki sizlarning oʻzingiz uni yaratdingiz”, “Sizlar oʻzingizning inson ekaningizni unutib qoʻydingiz”, “Inson Haqni bilgan, tanigan hamma joy Muqaddas makondir”, “Jonning soʻrovi – abadiydir” kabi hayotiy hikmatlarni anglab yetgan kishilargina najot topgusidir.

 

Asarni mutolaa qilar ekanmiz, adib ijodiy xayolot osmonida mutlaq erkin parvoz qilgani, biz koʻnikkan bidʼat va xurofot, riyokorlik bilan toʻlgan muhitni nafrat bilan rad etgani, oʻzi koʻtarilgan shunday ruhiy yuksaklikdan turib nozik, inja tuygʻularni tasvirlashda qotib qolgan qolip va mezonlardan gʻoyat uzoqlashib ketganini his etamiz. Qahramonlar bilan birga biz ham zamon va makon kengliklarida, ong-u shuur qatlamlarida harakat qila boshlaymiz. Shu asnoda inson qalbi naqadar goʻzal va sof boʻlishi mumkinligiga, dunyoni aslida mehr va ezgulik boshqarishi lozimligiga ishonch hosil qilamiz.

 

Sulton Rayev ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularidan birida “Jazo” romani uning bu yorugʻ dunyoga munosabatining badiiy inʼikosi ekanini taʼkidlagan edi. “Qiyomat kuni – axloq tarozisidagi soʻnggi oʻlchovdir. Ortga qaytishning imkoni boy berilgan, undan keyin faqat tubsiz boʻshliq boshlanadigan hayot-mamot chegarasi… Mening romanim ana shu maʼnaviy halokat nuqtasi haqida” deydi adib.

 

Muallif “Odamzodni insoniylik maqomiga qaytarish – bugungi kunning eng muhim, hal qiluvchi vazifasidir” (Chingiz Aytmatov) degan teran maʼnoli fikrni yangicha talqinda davom ettirayotgandek tuyuladi. Ham shaklan, ham mazmunan goʻzal bu asar roman-rivoyat(roman-pritcha)ga xos xususiyatlarni eslatadi. Unda Gʻarb va Sharqning oʻziga xos falsafiy va diniy taʼlimotlari, buddaviylik gʻoyalari ham yonma-yon, uygʻun holda taqdim etiladi.

 

Masalan, kitob soʻngida Kleopatra va Qoʻzichoq notanish bir moʻysafid – darveshga duch keladilar. Qariya ertaga yer yuzidagi hayot butkul barham topishini aytib, ularning qoʻliga ikki tup nihol beradi va koʻpchib yotgan tuproqqa oʻtqazishni tayinlaydi. Bu ramziy lavha muqaddas islomiy kitoblardagi “Ertaga qiyomat degan kun ham daraxt ekingizlar” degan hikmatli daʼvatni yodga soladi. Mutolaa soʻngida roman oʻquvchi qalbida uzoq vaqt oʻchmaydigan taassurotlar qoldiradi, uning xayolini insonlik mohiyati haqida iztirobli oʻy-mulohazalar chulgʻab oladi.

 

6

Adibning “Toʻfon” asari ham “tamsil roman” deb taqdim etiladi. U bundan ikki yil avval Shvetsiyaning Stokgolm shahrida oʻtkazilgan xalqaro ijodiy tanlovda ikki yuzdan ortiq badiiy asar oʻrtasida bosh mukofotga loyiq deb topilgan. Roman garchi “Toʻfon” deb nomlansa-da, fikri ojizimcha, uni “Toʻfondan soʻng” deb atash mazmunan toʻgʻri va teranroqday tuyuladi.

 

Asar voqealari xayoliy, mudhish bir makon va zamonda yuz beradi. Shunday bir zamonki, unda “…dunyo oʻz qonunlari bilan yashab, erkak erkakka uylanganiga, ayol ayolga bosh qoʻshganiga, shunday oila qurganga yoʻl ochilib, odam emas, olam ham toʻliq ifloslanib, iymonning shalogʻi chiqib, inson bandachilik qoidalariga mutlaqo boʻysunmay qolgan davr kelgan edi…”. Naqadar tanish, ayni vaqtda jirkanch va qoʻrqinchli, olam muvozanatini izdan chiqarayotgan manzaralar, toʻgʻri emasmi?