Millatchilikmi yoki millatsevarlik? Yevropani choʻchitgan boʻzkurt


Saqlash
01:15 / 25.07.2024 1030 0

Oʻtgan iyun oyida Turkiyaning Merix Demiral ismli futbolchisini dunyo tanidi, hatto futbol muxlisi boʻlmaganlar ham. Lekin unga bu “mashhurlikni” Yevropa chempionatining 1/8 finalida urilgan dubl goli emas, uni nishonlashda koʻrsatgan “Kulrang boʻri” (Bozkurt) ishorasi olib keldi.

 

Boʻzkurt oʻzi qanday ishora? Yevropa undan nega choʻchiydi? “Kulrang boʻri”ni koʻrsatish – millatchilik belgisimi yoki oʻz millati bilan faxrlanish? Dunyo tajribasida jestlar bilan bogʻliq holatlarda qanday “jazo” qoʻllanilgan? Maqoladan shu va boshqa savollarga javob topamiz.

 

FUTBOLISTNING DUBL GOLI EMAS, KOʻRSATGAN ISHORASI MUHOKAMALARGA SABAB BOʻLDI

 

2-iyun kuni Turkiya terma jamoasi Avstriyaga qarshi oʻyinga tushdi. Futbolist Demiral bu oʻyinda 2 marta gol urib, jamoasini Yevro-2024 oʻyinining chorak-final bosqichiga olib chiqadi. Natijadan quvongan Demiral Avstriyada taʼqiqlangan, siyosiy “Kulrang boʻri” ishorasini koʻrsatib, gʻalabani nishonlaydi.

 

 

Oʻyindan keyin esa instagram sahifasiga “Turkman deyolgan odam naqadar baxtli” tag soʻzi bilan Boʻzturk ishorasi ham aks etgan post joylaydi.

 

 

Oqibatida futbolchi UEFA bayonotiga koʻra “umum xulq-atvor qoidalarni buzganlik va futbol obroʻsiga putur yetkazganlik”da ayblanib, ikki oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi.

 

“KULRANG BOʻRI” QANDAY ISHORA?

 

Ushbu jest Ultraoʻng qarashlari bilan ajralib turadigan (Oʻta oʻngchi millatchilar) Boʻzkurt tashkilotini yodga soladi, harakat ishtirokchilari esa ushbu ishora bilan salomlashadi. Mifologik qarashlarga koʻra, turkiy xalqlar turkiy boʻri Ashinadan tarqalgani uchun boʻri ramziy maʼno sifatida tanlangan. Siyosiy maʼnoda uni ishlatgan birinchi shaxs – Turkiyalik polkovnik Alparslan Turkesh boʻlgan. Unga koʻra, Boʻzkurt jesti shunday maʼnoda keladi:

 

 

“Kichik barmoq (jimjiloq) – turklar, koʻrsatgich barmoq esa islom. Oʻrtadagi boʻshliq – dunyo, birlashgan barmoqlar boʻlsa muhrdir. Dunyoga turk-islom muhrini qoʻyamiz…”

 

Gap shundaki, Alparslan Turkesh 1969-yilda asos solgan Ultraoʻngchi “Kulrang boʻrilar” sektasi chekka hududlardan kelgan oʻqimaganlardan iborat harbiy oʻquv lagerlarini tashkil etib, oʻz mamlakatida va hatto, Yevropada ham terroristik harakatlarni amalga oshiradi. Shuning uchun ham futbolist koʻrsatgan bu ishora aksariyat kuzatuvchilarni vahimaga solgan (gʻazabini qoʻzgʻagan).

 

Futbolistning instagram-postida keltirilgan izohi boʻlsa, Turkiya Respublikasining ilk prezidenti, zamonaviy davlat asoschisi Mustafo Otaturkka tegishli boʻlib, Turkiya respublikasi tashkil topgan vaqtlarda mamlakat taraqqiyotini taʼminlash uchun aholiga oʻzlik tuygʻusini berish, yangi davlat barpo etishda ularning oʻziga boʻlgan ishonchini uygʻotishni maqsad qilgan shior sanaladi. Biroq bu shior vaqti-vaqti bilan etnik kamsitishlarga ham sabab boʻladi va turk millatchiligining norasmiy shiori sifatida tanqid ostiga olinadi.

 

“BOʻZKURT” JESTINI QOʻLLASH TAQIQLANGANMI?

 

Avstriya 2019-yildan, Fransiya boʻlsa 2020-yildan boshlab “Kulrang boʻri” jestini mamlakat hududida qoʻllashni taʼqiqlagan. Bir qancha nemis siyosatchilari ham uni taqiqlash taklifini bergan.

 

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Turkiya va Avstriya oʻyini arafasidayoq Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA)ni stadionda “Kulrang boʻri – boʻzkurt” ishorasini taqiqlashga chaqirgan.

 

“Bir qancha turkiyalik muxlislar Yevro-2024 oʻyinlarida ushbu ishorani koʻrsatgan. Bu bir necha marta yuz berib, toʻgʻridan-toʻgʻri efirlarga uzatilgan. UEFA Oʻng qanot ekstremistik ramzlarining onlayn efirga uzatilishi boʻyicha oʻz pozitsiyasini aniq bayon qilishi va bu ishorani koʻrsatishni taqiqlashi kerak”, – deydi tashkilot aʼzosi Kamal Sido.

 

Sidoning soʻzlariga koʻra, muxlislarning oʻz jamoasi uchun xursandchiligini tushunib, qabul qilish mumkin. Lekin “Kulrang boʻri”ni koʻrsatishning tinch tadbirga hech qanday bogʻliqligi yoʻq, aksincha, koʻplab tinch muxlislarga zarar yetkazadi” – deya takidaladi u.

 

MILLAT BILAN FAXRLANISH TUYGʻUSI, MUXLISLAR VA PREZIDENT QOʻLLOVI

 

Demiral oʻzi koʻrsatgan ishora gʻalabadan quvonch va oʻz mamlakatidan fahrlanish tuygʻularini anglatishini tushuntiradi:

 

 

“Mening quvonganim – turkiy millatga mansubligimdan edi. U ishorani ham shuning uchun koʻrsatganman. Xuddi shu jestni stadiondagi boshqalar ham koʻrsatganini koʻrdim. Muxlislar bizni aql bovar qilmas darajada qoʻlladi. Bu yerda hech qanday yashirin messedj yoʻq edi. Biz barchamiz turkmiz, men turk ekanim bilan juda faxrlanaman. Ishoraning maʼnosi ham aynan shu bilan bogʻliq. Men shunchaki qanchalik xursandligim va gʻururlanishimni namoyon qilmoqchi boʻlgandim. Oʻylaymanki, bu ishorani qoʻllash uchun yana boshqa imkoniyatlar boʻladi”, – deydi 26 yoshli turkiyalik himoyachi.

 

 

Ushbu ishora chindan ham turklar orasida millatdan faxrlanish, gʻururlanish tuygʻusini aks ettirib, Demiralga boʻlgan eʼtiroz mamlakatda tanqidiy muhokamalarga sabab boʻldi. Aholi futbolistni olqishlab, har qanday vaziyatda ham u bilan birga ekanini taʼkidladi. Berlinda boʻlib oʻtgan Yevro-2024 ning chorak final oʻyinlariga Turkiya Prezidenti ham muxlis sifatida ishtirok etdi: u milliy terma jamoasining Niderlandiyaga qarshi oʻyinini shaxsan qoʻllab-quvvatlash uchun Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtirokni emas, futbol oʻyinini kuzatishni maʼqul koʻrib, Olimpiya stadioniga boradi.

 

 

Futbolchilarni har qanday holda qoʻllashini aytib, Demiralga koʻrilgan choradan norozi ekanini bildiradi. Mazkur oʻyindan avval Turkiya terma jamoasining minglab muxlislari mamlakat madhiyasi jaranglayotgan vaqtda yana oʻsha Demiralning diskvalifikatsiya qilinishiga sabab boʻlgan ishorani koʻrsatadi. Biroq bu vaqtda onlayn efir rejisser tomonidan uzilib, oʻrniga reklama uzatilgan.

 

 

ISHORALAR BILAN BOGʻLIQ BOSHQA VAZIYATLARDA QANDAY CHORA QOʻLLANILGAN?

 

2018-yilgi Jahon chempionatida Shveysariya-Serbiya oʻrtasidagi oʻyindan keyin Granit Jaka, Jerdan Shakiri va Shtefan Lixtshtaynerlar “alban burguti” ishorasini koʻrsatib, gʻalabani nishonlagan. Bu esa nafaqat tribunada, balki Bolqonda ham siyosiy tortishuvlarga sabab boʻlgan. Biroq buning uchun futbolchilarga oʻyindan chetlatish yoki terma jamoadan chiqarib yuborish kabi choralar koʻrilmagan.

 

 

Faqatgina jarimaga tortilgan: Ularning ikkitasiga 10 ming, biriga 5 ming Shveysariya franki miqdorida jarima belgilangan.

Muqaddas MUSAYEVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//