XX asr boshlarida Turkiston jadidlari iqtidorli yoshlarni xorijda, ayniqsa, Usmoniylar saltanatidagi oliy va oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitishni maqsad qildi. Ular aynan ushbu mamlakatni tanlashining bir necha sabablari bor edi. Birinchidan, ikki xalqning tili bir-biriga yaqin, ikkinchidan dini bir, uchinchidan turklar tomonidan Yevropadagi ilm-fan yangiliklarining oʻzlashtirishi, taʼlim muassasalarida dunyoviy bilimlar oʻqitilishining yoʻlga qoʻyilgani edi.
1909-yili Sadriddin Ayniy, Abdulvohid Munzim, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxoʻja Mehriy, Hoji Rofe va Mukammil Burhonov Buxoroda “Tarbiyayi atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyatini tuzadi. “Tarbiyai atfol” oʻz faoliyatining ilk yilidayoq bir guruh yoshlarni Istanbulga oʻqishga yuboradi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad amirlikdagi jadid maktablari ishini yanada takomillashtirish, “usuli tadris”ning ham amaliy, ham nazariy asoslarini ishlab chiqish, darsliklar, oʻqituvchilar uchun uslubiy qoʻllanmalar yaratish edi.
Buxoro amirligidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan Usmonxoʻja, Otaulla Xoʻja va Hamidxoʻja Mehriy 1909-yili oʻqish uchun Istanbulga borganda, Anvar posho ularni rasmiy delegatsiya kabi kutib olgan. Bu hodisa Rossiya imperiyasining Istanbuldagi elchisini xavotirga solib, bu haqda rus imperatori Nikolay II ga xabar berilgan. Imperator Buxoro amiri Abdulahadxondan Usmonxoʻja va Hamidxoʻja Mehriy haqida maʼlumot soʻraganida, amir Rossiya imperatoriga: “Ular yosh bolalardirlar, Turkiyaga tahsil olish uchun borganlar”, deb javob qaytargan. Usmonxoʻja, Otaulla Xoʻja va Hamidxoʻja Mehriy Istanbuldagi maktab va maorif, milliy madaniyat sohasidagi shaxsiyatlar bilan tanishib, suhbat qurgan. Shuningdek, xususiy dars olib, dunyoviy fanlar boʻyicha bilimini orttirgan.
“Tarbiyai atfol” jamiyati koʻmagida Istanbul dorulfunida tahsil olayotgan Usmonxoʻja, Abdurauf Fitrat va boshqalar Turkiyada oʻqiyotgan vatandoshlarga ham iqtisodiy, ham maʼnaviy yordam koʻrsatish, Buxoro amirligi va Turkistondan talabalar kelishini koʻpaytirish hamda muntazamlashtirish maqsadida “Buxoro taʼmimi maorif” xayriya jamiyatini tuzadi.
Ushbu jamiyat haqda Ahmad Zaki Validiy quyidagilarni yozadi:“Bu jamiyat Istanbulda bir shoʻba ocharoq, unga 1911-yilda 15 nafar, 1912-yilda 30 nafar talaba yubordi. Bu shoʻba “Buxoro taʼmimi maorif jamiyati” nomi bilan rasmiy bir jamiyat shaklini oldi. 1910-yilda Eron yoʻli bilan Istanbulga kelgan Fitrat ila Muqimiddin, Rusiya yoʻli bilan kelgan Usmonxoʻja, gʻuljalik Abdulaziz va Sodiq Ashur oʻgʻli bu jamiyatning quruvchilari edi”.
Ushbu jamiyat oʻz faoliyati davomida 60 ga yaqin buxorolik va turkistonlik talabalarga ham moddiy, ham maʼnaviy yordam koʻrsatgan.
“Buxoro taʼmimi maorif” jamiyati Xiva xonligidagi isteʼdodli yoshlarni qamrab olish uchun ham harakat qilgandi. 1910-yili Hamidxoʻja Mehriy taʼtil vaqtida Xiva xonligi hududiga borib, yoshlarni Istanbulda oʻqishga daʼvat etgan. Ammo Rossiya imperiyasining Amudaryo boʻlimi maʼmurlari tomonidan Hamidxoʻja Mehriyning taʼqib ostiga olinishi jamiyatning Xiva xonligida oʻz maqsadlariga erisha olmasligiga sabab boʻlgan.
“Buxoro taʼmimi maorif” jamiyatining tarkibi doimiy va muxbir aʼzolardan iborat boʻlgan. Jamiyatning bosh organi Kengash boʻlib, unga 14 kishidan iborat doimiy aʼzolar saylangan. Ular orasidan esa jamiyat raisi tayinlangan. Jamiyatga aʼzo boʻluvchilar har oy 10 piastr miqdorida badal toʻlashi shart boʻlgan. Usmonli turk sultonligida tahsil olishni xohlovchi Buxoro va Turkistondagi kambagʻal oilalarning farzandlariga moddiy yordam koʻrsatish maqsadida ochilgan bu jamiyat — 10 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan sogʻlom bolalarni qabul qilishni shart qilib qoʻygan. Jamiyat aʼzolari Istanbulda maktab ochib, Turkiston va Buxorodan kelgan yoshlarga taʼlim bergan.
Buxorodan Istanbulga taʼlim olish uchun yuborilgan yoshlar Usmoniylar davlatidagi Rossiya imperiyasi elchixonasi xodimlari tomonidan doimiy kuzatib borilib, ular toʻgʻrisida Sankt-Peterburgga axborot berib turilgan. Chunonchi, elchixonaning 1911-yili imperiya poytaxtiga yoʻllagan maxfiy maʼlumotida shunday deyiladi: “Buxoro amirligidan boʻlgan jami 30 ta oʻquvchi Mukammil Burhonov va Mazhar Burhonov homiyligida Istanbulda oʻqitilmoqda”.
1913-yilga kelib, Usmonli turk sultonligi shaharlaridagi taʼlim muassasalarida Turkiston va Buxorodan kelgan 250 dan ortiq yoshlar tahsil olayotgandi. Ularning asosiy yashash joylari Istanbul va boshqa shaharlardagi oʻzbek takyalari boʻlgan.
1913-yilning bahorida Usmonxoʻja, Atoulla Xoʻja, Abdurauf Fitrat va Hamidxoʻja Mehriy Istanbuldan vatanga qaytib, Buxoroda jadid maktablari ochadi. Maktablarni kitob va darsliklar bilan taʼminlash maqsadida, 1914-yili “Maʼrifat” kutubxonasi, 1915-yili esa “Barakat” shirkatini tuziladi. Shirkat Istanbul, Orenburg, Bogʻchasaroy, Bokuda chiqadigan har bir yangi kitob, darslik va nashrlarni kutubxonaga yetkazib berib turgan.
Toshkent jadidlari ham turk maʼrifatparvarlari bilan yaqindan aloqa oʻrnatgan edi. 1901-yili Turkiston jadidlarining koʻzga koʻringan namoyandasi Munavvarqori Abdurashidxonov Toshkentning Shayhontohur dahasida Mirdadahoji ismli boyning mehmonxonasida jadid maktabi ochgan. Maktab uchun darslik va oʻquv qoʻllanmalar juda zarurligini yaxshi bilgan Munavvarqori Abdurashidxonov Istanbuldan diniy va dunyoviy oʻquv risolalari, alifbo va oʻqish kitoblari keltirgan. Bu haqda keyinchalik Muhammadamin Afandizoda shunday yozgan: “Munavvarqori Turkistonni istilo etganlarga qarshi kurashishning yagona yoʻli taʼlimda deb bildi. Xalqni isyonga chorlamadi. Bizning gʻalabamizning birinchi sharti va asosi bilim va texnikadir, deb, biz yoshlarga tahsilni Istanbulda davom ettirish kerakligini taʼkidlar edi”.
Munavvarqori Abdurashidxonov toshkentlik boylar Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli, aka – uka Komilbek va Karimbek Norbekov kabilar homiyligida isteʼdodli yoshlarni Istanbul, Rossiyaning musulmon oʻlkalari universitetlarida oʻqitish uchun 1909-yili “Jamiyati imdodiya” (“Yordam”)ni tuzgan. Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli jamiyat raisi, Munavvarqori Abdurashidxonov esa rais oʻrinbosari etib tayinlangan. Jamiyatning 41 banddan iborat nizomi tasdiqlangan. Bashirullaxon Asadulloxoʻja oʻgʻli, Mulla Abdulla Avloniy, Nizom qori mulla Husayn oʻgʻli va Toshxoʻja hoji Tuyoqboy oʻgʻli jamiyat aʼzolariga aylangan.
Istanbulda tahsil olayotgan yoshlar Usmonli turk sultonligi va Turkistondagi ilm-fan taraqqiyoti va taʼlim tizimini taqqoslab, “Turkistonlilarga xitob” nomalarini “Oyina” jurnaliga yoʻllaydi.
Bu murojaatnomada:“Ey, musulmonlar, birodarlar! Bizlarga chalishmoq vaqti yetmadimi? Bu qadar jaholatga botdikmizda yetmasmi?.. Emdi moziyimiz ila istiqbolimizi oʻylamoq kerak. Biz, turkistonliklar qadar orqada qolgan hech bir millat qolmadi. Afriqo vahshiylari-da bizdan ilgaridurlar. Biz boshqa millatlardan ibrat olaylukda, oʻzimizni erkimizni bilmoqchi ijtihod etaylik. Millatimiz ehtiyojini va millat ishlarini toʻgʻri yoʻlga solmakgʻa harakat edalik. Vatan ishlarimiza har turli yordamda boʻlinalik. Jaholat va safolatdin millatimizni qutqarmoqgʻa cholishalik. Maktab-madrasa ochmakgʻa, jamiyat va shirkatlik tijoratxonalari taʼsis etmoqgʻa harakat etalik. Rusiya, Ovrupa, Misr va Istanbulgʻa talaba yubormoq kerakdur. Ey, turkistonli musulmonlar, birodarlar! Koʻzingizni oching, majalla va jaridalargʻa boqub, dunyoni biling, jaholat ichinda gʻarq oʻlmish oʻlan vatandosh va millatdoshlarimizni qutqarmoq kerakdur”, deb daʼvat etadilar.
Rossiya imperiyasiga xizmat qiluvchi josuslar maxfiy xatlarida Toshkent jadidlarining yetakchisi Munavvarqori Abdurashidxonovni Yosh turklar harakatining tarafdori deb atab, turk tilidagi kitoblarni tarjima qilganlikda, tushgan pullarni goʻyoki turk flotini taʼminlash uchun Usmonli turk ga yuborganlikda ayblagan.
1916-yil Qoʻqon taraqqiyparvarlari tomonidan “Gʻayrat” jamiyati tuziladi. Bu jamiyatning maqsadi yangi usul maktablarini darslik, daftar va oʻquv qurollari bilan taʼminlash, aholi orasida kitob, gazeta va jurnallarni mahalliy tilda chop etib, tarqatishdan iborat boʻlgan. Qoʻqonning eski shahar qismida joylashgan jamiyatga qarashli kitob doʻkonida Orenburg, Istanbul, Bokuda chiqadigan kitoblardan tashqari gazeta va jurnallar ham sotilgan. Fargʻonadagi muhofaza boʻlimi “Gʻayrat” jamiyati turklarning “Ittihod va taraqqiy” jamiyatining shoʻbasi degan xulosaga kelgan. Shuningdek, Turkiston ziyoli vakillari tomonidan Rossiya bilan urushda Usmonli turk sultonligiga yordam uchun pul yigʻilyapti, deb hisoblagan. Turkistonga tashrif buyurgan Yosh turklar harakati vakillari Turkiston general-gubernatorligining maxsus qoʻriqchi idoralari tomonidan alohida nazorat ostida boʻlgan.
Samarqandlik jadid Abduqodir Shakuriy ham yangi usul maktabi tashkil etgach, uning faoliyatini takomillashtirish, “usuli tadris”ning ham amaliy, ham nazariy asoslarini ishlab chiqish, darsliklar va oʻqituvchilar uchun uslubiy qoʻllanmalar yaratish uchun 1911-yili Istanbulga borgan va yangi usul maktablari muallimlari darslarida boʻlgan. Ahmad Midhat qalamiga tegishli “Xoʻjayi avval” alifbosi va boshqa darsliklar bilan tanishgan hamda Turkistonga qaytayotganida kitoblardan bir necha nusxa, xaritalar va globuslar olib kelgan.
Abduqodir Shakuriy oʻz maktabi faoliyatini tashkil etishda Sharq mamlakatlari tajribasidan unumli foydalanilganligini Mahmudxoʻja Behbudiy ham tasdiqlaydi: “Mulla Abdulqodir muallim va man bu tartib va programlarni tush koʻrub topganimiz yoki shaytondan va yo boshqadan olganimiz yoʻq, balki gazeta koʻrduk va muallimi Hoʻqand, Toshkand, Buxoro, Orenburgʻ, Qozon shaharlarida yurub, ibrat olubdur, man boʻlsa mazkur shahar va diyorlarni-da koʻrdim, Kafkaz, Istanbul, Misr, Hijoz shaharlaridagi eski va yangi maktab-madrasalarni ozgina muddat boʻlsa ham koʻrub, biroz tajriba hosil qildim”.
Abduqodir Shakuriy maktabi rivojlanib, oʻquvchilar sonining koʻpayib borishi N. Ostroumovni tashvishga solgan va Samarqand xalq maktablari noziri Grachkin bilan tintuv oʻtkazgan. Bu haqda keyinchalik Rahim Hoshim “Maorif va oʻqitgʻuchi” jurnalida Abduqodir Shakuriyga bagʻishlab yozgan maqolasida shunday maʼlumot bergan: “Bu maktabning birinchi “muhibi” maʼlum missioner Ostroumov edi. Ul gazetasida har nechada xoʻjalariga Shakuriy maktabini eslatar edi. Chunki Ostroumov Samarqandga kelganida, uni Turkiyadan kelgan xaritalar ortiq hurkitdi”.
Shunday qilib, Rossiya imperiyasi maʼmuriyati jadidlar tashabbusi bilan isteʼdodli yoshlarning Usmonli turk sultonligiga taʼlim olish uchun yuborilishidan vahimaga tushgan va doimiy ravishda taraqqiyparvarlarning faoliyatini kuzatib yurgan. Mustamlakachilar jadid maktablarini tekshirib, ularni yopish choralarini koʻrgan. Turkiston jadidlarining turk taraqqiyparvarlari bilan maorif sohasidagi hamkorliklarini cheklashga intilgan.
Dilnoza JAMOLOVA,
tarix fanlari doktori,
FA Tarix instituti direktorining
ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
Mafkura
Tarix
Mafkura
Til
Adabiyot
San’at
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q