Bolalik tunlarimda…
Qishning qor-qirovli kechasi. Kiraverishga qoʻnqaytib qoʻyilgan tunuka pechka eshigining tirqishidan chiqqan shuʼla uyimizning somonsuvoq devorlarida raqs tushadi. Ajib xayoliy manzaralar yasaydi. Otamning ishi qaynagan damlar emasmi, tongdan shomgacha, xuftondan bomdodgacha traktorini tarillatib, shudgor qiladi. Biz esa – onam, opa-akalarim keng uyda qator oʻrin solib yotamiz.
– “Muqbil toshotar”ni aytib bering, ena!
– Yoʻq, “Devqiz”ni aytasiz!
Onam ertagini koʻhna ibora bilan boshlaydi: “Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, boʻri bakovul ekan, tulki yasovul ekan…”. Har gal shu bitta gapni takrorlash shartmi deb ichim qiziydi. Boʻri nimaga bakovul, tulkichi, qachon yasovul boʻla qoldi bu ayyorgina – bularni koʻp oʻylab ham oʻtirmayman. Bu bilan nima ishim bor! Xayollarim uchqur otday, goh ertak voqealaridan ildamlab ketsa, gohi yoʻldagi biror narsaga ovungan goʻdakday kuymalanib qoladi
…
Oʻsha kunlar esimga tushsa, bosh-keti koʻrinmaydigan oʻylarga tolaman. Voqeasi, obrazlari bir-birini takrorlaydigan, tagʻin yarmi uydirmaligini enam atay qistirib oʻtadigan ertaklarni quloq qoqmay tinglashga nima majbur qilgan? Ertakda biror ilohiy kuch yo sehr bormidiki, biz bolalarning botiniy hujralarimizni ishgʻol etadi; ruhimizni sel qilib, boʻysunmas tuygʻularimizni tinchitib qoʻyadi? Buning siri bor esa, oʻsha sir nimadan iborat?..
“Borsa kelmas”ning siri
Tagʻin bir narsa jumboq. Kenja botir boshqalardan botirroq boʻlardi. Oldilaridan yoʻl chiqsa, u hamisha “borsa kelmas”ni tanlaydi. Xazinani ham u topar, podsholik faqat unga nasib etardi. Kenja botirga yoʻliqadigan devlar soni ham aynan uchta! Botir har safar birinchi boʻlib oq dev bilan olishadi. Keyin sariq dev, soʻngra qorasi – bu bamisoli oʻzgarmas qonun. Hozir oʻylab koʻrsam, “Uch ogʻayni botirlar” ertagidagi botirlar aql, tuygʻu, ruhning timsoliga oʻxshab ketarkan. Nega deysizmi? Axir aql hech qachon “borsa kelmas”ni tanlamaydi, u doim “borsa kelar”ni tanlagan Toʻngʻich botirga oʻxshab xavfsiz yoʻllarga talpinadi – ulgʻayib, esimiz kirgandan keyin oʻzimizni ayashlarimiz ortgani shunga dalil.
Tuygʻu “borsa xatar”ni tanlagan Oʻrtancha botir kabi xavf-xatarga, sarguzashtlarga oʻch boʻladi – “Anna Karenina”dagi Annani, “Qizil va qora” asaridagi de Renal xonimni ayollik shaʼni, zodagonlik obroʻyini xatarga qoʻyishga nima majbur qildi? Tuygʻu! Ruh-chi? U tanani tark etsa, ortga qaytmaydi. U sir-u sinoatga toʻla boshqa bir olam. Kenja botir shunday. U doim “borsa kelmas”ni tanlaydi. Kenja botirni ruhga mengzash aslida bundan boshqa farazlarga ham yoʻl ochadi. Masalan, Kenja botir timsolida men oʻylaganday ruhning vujudni tark etishi emas, tasavvufdagi fano bosqichi nazarda tutilgan boʻlsa, ne ajab? Axir Kenja botir aynan “borsa kelmas”dan yurgani tufayli xazinaga yoʻliqdi. Ertak oxiriga borib, oʻz yurtiga podsho boʻldi. Kim bilsin, bu yerda xazina deganda balki ilohiy ishq nazarda tutilayotgandir? Podsholik – nafs ustidan hokimlik. Holbuki, folklorshunos olim Shomirza Turdimov mashhur ogʻa-inilarni tasavvufning uch bosqichi: shariat, tariqat, haqiqatga oʻxshatgan[1]. Qolaversa, ularni tabiat uchta asosiy birlikdan (osmon, yer usti, yer osti) iborat degan qadimiy tasavvur bilan bogʻlaydigan nazariyotchilar ham yoʻq emas…
Botinimizga berkingan devlar
Kenja botirni ruh va ruhiyat bilan bogʻlashga yana bir asos bor. Bu – “borsa kelmas”da botirning yoʻlidan chiqadigan devlar. Koʻpchilikka maʼlum, zamonaviy psixologiya ranglar borasida alohida toʻxtalib, uning kishi kayfiyati va salomatligiga taʼsiri borligini aytadi. Psixologiya gʻarbda fan sifatida vujudga kelishidan ancha asr ilgari bu masalaga sharq mutafakkirlari eʼtibor qaratgan. Shulardan biri ulugʻ shayx, tasavvufning taniqli vakillaridan biri, kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubrodir. Ilohiyot sirlari va insonning ruhiyat olamidagi qatlamlardan yaxshi xabardor boʻlgan bu ulugʻ zot oʻzining latoif[2] nazariyasida yetti rang xislatini yetti tushunchaga moslab tushuntiradi. Bu nazariyada yozilishicha, ranglarning asosiysi uchta: oq, sariq hamda qora. Ulardan oq rang islomni, sariq rang iymonni, qora rang, yaʼni qorongʻilik hayajon, hayratni ifodalaydi. Shayx Najmiddin Kubrodan boshqa olimlar ham qora rangning hayajon belgisi ekanini taʼkidlab, u ruhning fanoga gʻarq boʻlishi ramzi ekanini aytishgan. Demak, maʼno olamida inson mana shu bosqichda eng koʻp qarama-qarshiliklarga duch keladi. Bu bizning ertakda tasvirlangan devlarni tasavvuf bilan bogʻlashimizga, oq, sariq, qora devlar deganda insondagi botiniy kurashlar va ularning turli bosqichlari nazarda tutilyapti, deb fikr bildirishimizga zamin yaratadi.
Tirik suv va oʻlik suv
Endi Toʻngʻich botir va Kenja botir – aql va ruh yoʻllari oʻrtasidagi tafovutni farqlash uchun, keling, masalaga boshqa bir rakursdan qarab koʻramiz. Arab faylasufi va rassomi Jubron Xalil Jubronning shunday gapi bor: “Eʼtiqod shunday manzilki, unga tafakkur karvonida borib boʻlmaydi”. “Noʻxatpolvon” ertagida ham gʻaroyib bir tilsim bor. Yodingizda boʻlsa, ajdar bilan olishib halok boʻlgan Noʻxatpolvonning qoshiga opasi keladi. U ukasidan “Senga yordam berish uchun nima qilay?” deb soʻraydi. Shunda Noʻxatpolvonning vujudi tilga kirib, “Oʻrmonning oʻrtasida buloq bor. Oʻsha buloqdagi tirik suvdan keltirda, menga ichir, jarohatlarimni yuv, men tirilaman” deydi. Opasi Noʻxatpolvonning aytganini qilsa, darhaqiqat, u tiriladi.
Ertakda nazarda tutilgan tirik suv bilan oʻlik suv aslida suv bilan sodir boʻladigan ikki xil fiziologik holat. Yaʼni, olimlarning oʻrganishicha, suv axborot tashuvchi, tarkibi va elementlarini oʻzgartira oluvchi jonli mavjudot ekan. Turgʻun holda saqlanganda, kuchli bosim ostida qaynab, ishqor bilan ishlov berilganda u oʻlarkan – foydali elementlari kamayib, zararliga aylanarkan. Ammo bugʻlanib, atmosferaga koʻtarilishi natijasida tiriklik xususiyati yana qaytib kelarkan. Yaʼni, qor, yomgʻir, shudring boʻlib osmondan yogʻayotgan, buloq boʻlib yerdan qaynab chiqayotgan, togʻlardagi muzliklardan erib, oqib tushayotgan suvda ijobiy xususiyatlar koʻp; suv havzalarida saqlanayotgan, ikki qaytalab qaynatilgan, kimyoviy ishlov berilgan suvda esa salbiy xususiyatlar koʻproq. Buni ekin ekib yurgan dehqonlar ham koʻp kuzatishgan. Ariqdagi suvdan oʻn marta sugʻorilgan ekin yomgʻir suviga bir marta toʻyganchalik gurkirab oʻsmaydi. Qolaversa, oftobda qolgan suvda choʻmilish odamni kasal qilishi, ikki bor qaynagan suvni ichgandan koʻra zahar ichish yaxshiroq ekanini tabiblar oʻz kitoblarida yozib qoldirishgan. Ammo bular keyinchalik zamonaviy tadqiqotlar natijasida ochilgan kashfiyotlar-ku! Biroq ming, ikki ming yillik tarixga ega ertaklarimizda suvning tarkibiy tuzilishi bilan bogʻliq tasavvur qanday aks etdi – bunisi kishini oʻylantirib qoʻyadi.
Tarozidan urgan toshbaqa
Maqola boshrogʻida bolalikda ertakdagi odatiy boshlanmani eshitib, “boʻri nimaga bakovul?” degan xayolga bormaganim toʻgʻrisida aytib oʻtdim. Lekin mundoq qarasa, bu haqdayam aytadigan gaplar bor ekan. El ogʻzidagi rivoyatlarga koʻra boyoʻgʻli boyning oʻgʻli boʻlgan emish. Noshukurchilik qilaveribdi, oxiri tunda uchadigan shu qoʻrqinchli qushga aylanib qolibdi. Toshbaqa ham tarozibon boʻlgan emish. Odamlarning haqidan urib qolavergani tufayli tarozi pallasi toshga evrilib, orqasiga yopishibdi-yu, u shunaqangi ogʻirkarvon mavjudotga aylanibdi. Toʻgʻri, boʻri haqida hech qanday rivoyat eshitmaganman. Lekin yuqoridagi rivoyatlarga tayanib, men uni ilgari bakovullik qilgan boʻlsa kerak degan mushohadaga boraman. Nafsini tiya olmagach, xudoning gʻazabiga uchragan – boʻriga aylanib qolgan.
“Avesto”da odam bilan hayvon bitta mavjudot ekani toʻgʻrisida tasavvur bor. Unga koʻra oʻlgan inson kechirgan hayoti, qilgan ishlari, xullas, oʻz tabiatiga bogʻliq holda hayvon boʻlib qayta tiriladi. Ertakchi, mening nazarimda, zardoʻshtiylikka oid aynan shu falsafadan didaktik vosita sifatida foydalanyapti.
Ismsiz qahramonlar
Shu oʻrinda yana bir jihatga toʻxtalmoq joiz. Ertaklarda odatda qahramonlarning ismi boʻlmaydi. Ular Qalqon botir, Yulduzsanar, Buyrakboy, Oymomo kabi laqablar bilan ataladi. Bir qishloqdoshimizning tuqqan bolalari yashab ketavermagach, qariyalar chaqaloqni yashirib, oʻrniga kuchukbola solib qoʻyishni tavsiya qilishganini eshitganman. Qishloqlarda mudom bolalarini laqab bilan chaqiradigan momolarga yo chaqaloqni kuchuk bolasiga almashtirishni tavsiya qilgan qariyalarga buning sababi nima desangiz izohlay olmasligi, shunchaki eskidan qolgan udum deb qoʻyishi mumkin. Bu udum yangi tugʻilgan chaqaloqni yovuz ruhlar taʼqib etishi, qaysi yoʻl bilan boʻlmasin, ularni chalgʻitish kerakligi haqidagi azaliy qarashlar bilan bogʻliq. Ertaklardagi nomi yoʻq, nishoni bor qahramonlar bunga bir misol.
Ertaklarda doimiy bir obraz borki, uni nafaqat oʻzbek ertaklarida, balki boshqa xalqlarning folklorida ham uchratish mumkin. U hatto zamonaviy adabiyot vakillarining ijodiga ham uchib kirgan (masalan “Usta va Margarita”ga). Koʻrinishi, kulishidan tortib, yurish-turishigacha oʻziga xos. Hatto aytadigan gapi juda mashhur: “Gar saloming boʻlmasa, ikki yamlab bir yutardim!”. Xoʻsh, shum kampir – Yalmogʻiz obrazi folklorda qayerdan paydo boʻlgan?