Buddizm taʼlimotiga asos solgan shahzoda Siddxartxa Gautama Shakyamuni eramizdan oldingi 556-yilda hozirgi Nepal hududida tugʻilgan. Ushbu tarixiy shaxs keyinchalik Budda (“nurlangan”) laqabini olgan. Uning taʼlimoti Baqtriya hududiga eramizdan avvalgi III asrning oxiri va II asrning boshlarida Hindistonning Gandxara (Panjob), Nagaxara (Hindikush) oʻlkalari osha kirib kelgan. Aynan shu mamlakatda buddizm dini rivoj topib, yangi bosqichga koʻtarildi, davlat dini darajasiga chiqdi. Nazariy jihatdan mukammallashib, soʻngra Yettisuv, Qoshgʻar va Ili vohalari orqali avval Xitoyga, keyin Koreya va Yaponiyaga kirib bordi.
Buddizmning Baqtriyada rivoj topishi oʻsha davrda noyob tarixiy qadamjolar barpo etilishiga ham sabab boʻldi. Masalan, Osiyo madaniyati va sanʼatiga katta taʼsir koʻrsatgan buddaviylik dinining qadamjolaridan biri Afgʻonistonning Bomiyon vodiysidagi yodgorlik majmuasi hisoblanadi. Eramizning boshida hozirgi Afgʻoniston hududida keng yoyilgan buddaviylik Kobul, Jalolobod, Qandahor va Balx shaharlarida katta yodgorliklar qoldirgan boʻlsa-da, Bomiyondagidek ulugʻvor majmua Hindistonda ham uchramaydi.
Kobuldan Hojigak dovoni orqali Bomiyongacha bosib oʻtiladigan masofa 230 km. Uning eng baland choʻqqisi 3000 metr. Dovon balandligi yoʻlovchiga sezilarli taʼsir etadi. Gullagan vodiy tomon choʻqqilardan qorli choyshab yoyilgandek tuyuladi. Qizgʻish yer va qor chegarasida archalar koʻkka boʻy choʻzgan. Ular kichik butalardek koʻrinadi. Dovondan oshib, besh soatda Bomiyon chegarasiga yetasiz.
Bomiyonga yaqinlashgach, toʻsatdan bosh aylantirgudek balandlikda osilib turgan qizgʻish qoyalarda qadimgi shaharning qudratli qalʼalari qoldiqlarini koʻrasiz. Ular xuddi Shahri Zahhokning (Zahhokning shahri) qadimgi qalʼasiga kirish yoʻlini qoʻriqlayotgandek tasavvur uygʻotadi. Firdavsiy “Shohnoma” dostonida haddan tashqari zolim siymosini Zahhok shaxsida tasvirlagan, xalqni uning zulmidan temirchi Kova qutqargan edi. Bomiyondan unchalik uzoq boʻlmagan togʻli vodiyda, rivoyatlarga qaraganda, Kova yashagan va shuning uchun ham hozirgacha bu yerni temirchilar vodiysi deb atashadi[1].
Pishiq gʻishtdan barpo qilingan Zahhok qoʻrgʻonining qudratli devori qoldiqlari balandligi 20 metrgacha yetadi. U deyarli qizgʻish togʻ choʻqqilari bilan qoʻshilib ketgan, xalq orasida Qizil shahar deya nom olgan. Taxmin qilishlaricha, bu shaharga eramizning birinchi asrida (Kushonlar davrida) asos solingan. Arxeologlar Bomiyonda barpo etilgan gʻorlardagi ibodatxona va Buddaning haykallari Kushonlar davriga taalluqli deb tasdiqlashadi.
Xitoylik buddaviy rohib Fa Shen Hindiston va Seylon boʻylab 15-yil sayohat qilgandan keyin 400-yilda karvon bilan Bomiyonga keladi va kundalik daftarida quyidagilarni yozadi: “Bu mamlakatda Buddaning toshga oʻyib ishlangan, sadaqalar yigʻishga moʻljallangan kosasi bor. U yerda Buddaning tishi ham boʻlib, uning uchun kishilar qadamjo barpo qilgandirlarki, unda mingdan ortiq rohib xizmat qiladi… Bu mamlakat piyozshakl togʻlar oʻrtasida joylashgan, unda yozda ham, qishda ham qor boʻladi. U yerda zaharli ajdaholar ham borki, agar ular bezovta qilinsa, ogʻizlaridan zaharli havoni puflab, qor, qum va tosh yogʻdiradi va bunday xavfga yoʻliqqan hech kim najot topa olmaydi”[2].
Islom dini kirib kelgandan keyin qayta qurilgan Bomiyon shahri 1221-yilda Chingizxon qoʻshinining hujumiga uchraydi. Qalʼaga hujum vaqtida istilochi xonning yaxshi koʻrgan nevarasi oʻldirilgach, u shaharda va shahar atrofida boʻlgan barcha tirik jonni yoʻq qilishga buyruq beradi. Ulugʻvor qalʼa juda yaxshi himoyalangan boʻlib, agar tasodif yordamga kelmaganida, moʻgʻul bosqinchilari uni ololmas edi. Aytishlaricha, Bomiyon hokimining qizi Lali Xotunning sotqinligi sabab Bomiyon taslim boʻlgan. U otasining ikkinchi marta uylanganidan ranjib, oʻch olish niyatida Bomiyonni suv bilan taʼminlovchi soy yoʻlini maxfiy ravishda Chingizxonga maʼlum qilgan. Bomiyonni ishgʻol qilib, barcha aholini qilichdan oʻtkazgan Chingizxon oʻz otasiga xoinlik qilgan qizni ham qatl ettirgan.
Eski shahar xarobalari tepasida Bomiyon vodiysi kaftdagidek yastanib yotadi. Qoyalarga oʻyib qurilgan ibodatxona bir-biriga tutashib ketgan gʻorlari bilan yaqqol koʻrinib turadi. Gʻorlarning soni mingdan oshiq. Majmua Buddaning qoyatoshni kesib ishlangan 38 va 55 metrlik ikki bahaybat haykali bilan yakunlanadi. Bu haykallardan eng qadimgisi Kichik Budda deb ataladi. Uning pastida kvadrat shaklidagi gʻor boʻlib, u ibodatxonaga kirish qismini qoʻriqlovchi qorovulga moʻljallangan.
Tarixchi Jahongir Ostonovning yozishicha, Bomiyon buddalarining qurilish sanasi arxeologlar orasida katta muhokamalarga sabab boʻlgan. Ularning aksariyati haykallar 300 va 700-yillar orasida qurilgan deb hisoblaydi. Baʼzilar 55 metrli katta haykal V asrda, 38 metrli kichik haykal III asrning ikkinchi yarmida qurilganini aytadi. Haykallarga berilgan bezaklar keyingi asrlarga oid. Haykallar toʻgʻridan-toʻgʻri qoyalarni oʻyib yasalgan. Detallar esa loy va somon aralashmasidan ishlangan va ganch bilan qoplangan. Asrlar suronlarida yoʻqolib ketgan ushbu qoplamaning yuz, qoʻl va kiyim qismlarini aniq koʻrsatish uchun boʻyab qoʻyilgan. Haykallar qoʻllarining pastki qismlari xuddi shunday loy va somon aralashmasidan yasalgan va yogʻoch ramkalar bilan mustahkamlangan. Yuzlarining yuqori qismi yogʻoch yoki metall niqoblar bilan qoplangan. Suratlarda koʻrinadigan teshiklar ganch qoplamani mustahkam tutib turish uchun oʻyilgan.
Taʼkidlanganidek, eramizdan oldingi II-I asrlarda buddaviylik Afgʻoniston, Turkiston va Xitoyga kirib kelgach, ushbu oʻlkalar mafkurasi, hayot tarzi, maishiy va madaniy jihatlariga katta taʼsir koʻrsatdi. Tabiiyki, buddaviylik ham bu oʻlkalar madaniyati hisobiga boyidi. Sharqiy Turkistonda I-VIII asrlar davomida barpo etilgan gʻorlarda qurilgan “Ming uy” (Ming gʻor) ibodatxona majmuasi oʻzida meʼmorchilik, haykaltaroshlik va rassomchilik sintezini ifodalab, hind, eron, xitoy va uygʻur sanʼatini uygʻunlashtirgan.
Bu haqdagi asosiy maʼlumotlar VII asrda bu yerga kelgan xitoylik rohib Chjuan San xotiralarida saqlanib qolgan. U Bomiyon vodiysida oʻndan ortiq ibodatxona va mingdan ziyod rohib faoliyat koʻrsatishini yozib qoldirgan. Shuningdek, sayyoh rohib mazkur ikki ulkan haykal oltin va qimmatbaho toshlar bilan bezalganini aytgan. Abu Rayhon Beruniy ushbu haykallarni borib koʻrgan va hayratga tushib, ular haqida sheʼr yozgan. Ammo bu bitik bizgacha yetib kelmagan.
Gʻarbliklar orasida haykallarni ilk bor XIX asr boshlarida Buxoroga safar qilgan ingliz josusi va sayyohi Uilyam Murkroft koʻradi. U uzoq yoʻlni bosib, Bomiyon vodiysidan oʻtayotganda ushbu haykallarga duch kelgan. Inglizlarning yana bir josusi Aleksandr Byorns haykallar suratini xotiralarida chizib qoldirgan. 1920–1930-yillarda fransuz arxeologlari vodiyni oʻrganish uchun bir qator ekspeditsiyalar tashkil etgan.
Buddaning ulkan haykallarini oʻtmishda ikki bor yoʻq qilishga urinishgan. Birinchisi XVII asrda, Avrangzeb Olamgir davrida, ikkinchisi esa XVIII asrda, Nodirshoh Afshor davrida haykallar toʻpga tutilgan. 1931-yildagi ekspeditsiya rahbari Jozef Xakin haykallardagi toʻp izlarini koʻrib, oʻrganib chiqadi va bu haqida yozib qoldiradi. Afsuski, oʻtmishda amalga oshmagan bu mudhish qoʻporuvchilik 2002-yilda yakunga yetkazildi va oʻtmishning nodir asotiri, Bomiyondagi Budda haykallari buzib tashlandi.
Abduqahhor RAHMONOV,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
dotsent
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil, 2-son.
“Beruniyni hayratlantirgan Bomiyon” maqolasi
[1] Turdali Masutov. Afg‘on kundaligi. Olmaota, 2004. 103-bet
[2] Turdali Masutov. Afg‘on kundaligi. Olmaota, 2004. 107-bet
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q