Tuxumni sindirish g‘ujuri (Fotohikoya)


Saqlash
18:42 / 18.07.2024 1519 0

Shahar va qishloq orasi

 

Uch yildirki, oʻqishim sabab poytaxtdaman. Uch yildirki, yoʻlim Toshkent-Qashqadaryo orasi. Tabiiyki, bu fursat oraligʻida umrimning katta qismi boshshaharda oʻtdi. Shahar havosiga, yaqinlardan uzoqda, toʻp-toʻp odamlar bilan yashashga oʻrgandim. Dastlab chang boʻroni, keyin umummintaqaviy elektr uzilishi va anomal sovuq bilan esda qoldi bu yillar. 

 

 

Toshkentning boshqa shaharlardan farqi yer-u osmoncha – metro, oʻnlab universitetlar, yuqori maoshli ish oʻrinlari bor. Madaniyat markazlari: teatrlar, galereyalar, kutubxona, muzeylar va baland-baland imoratlarining soni va salmogʻi bilan ham ajralib turadi boshqa kentlardan. Balki shuning uchun odamlar unga yorqinroq kelajakka oshiqqandek oshiqar viloyatlardan.

 

 

Qishloqdagi odamlar

 

Vaqt topdim deguncha, uydagilarimga qoʻngʻiroq qilaman. Hammasi salomat, oʻz turmushi bilan andarmon. Faqat amakimning gaplaridan shu anglashiladiki, chiroq oʻchib turadi, ayniqsa, qishda tez-tez, tizimli boʻladi bu jarayon. Gaz esa umuman yoʻq. Viloyatdagi kattalarga chiqishsa, hududlardagi uzatuv tarmoqlari eskirgani roʻkach qilinarkan. Koʻnargan boʻlsa nimaga kunning aynan bir vaqtida oʻchiriladi? Har yili aynan izgʻirin faslda? Amakim esa “Qoʻyaver, jiyan biz oʻrganib ketganmiz, sen yaxshiroq oʻqi, yaxshiroq joyda ishla, jiyanlaring havas qiladi, ular senga ergashsin. Bizning tuproq changallab yashaganimiz yetadi”, deydi. Suhbatdan soʻng xayr-xoʻshlashib telefonni oʻchiraman va oʻyga tolaman. Qishloqda yana qanchadan-qancha qorakoʻz menga havas qilarkan. Qishloq boʻyicha Jurnalistika universitetida faqat men oʻqiyman. Shuning uchunmi, ota-onalar ham bolasiga meni oʻrnak qilib koʻrsatishsa kerak.

 

 

Qishloqqa yilda necha marta borsam ham har gal bir xil mavzu – qachon televizordan chiqishim, oʻrtoqlarimning yarmi shimolga, qolgani ish izlab boshqa shaharlarga joʻnagani va sinfdosh qizlarning toʻylari haqida gap boradi. Biz tomonlarda ham qizlar balogʻatga yetdimi, ota-ona uni turmushga berish haqida oʻylashadi. Oʻgʻil bolalar esa oilani boqishchun pul topish, vaqtida gʻoʻzapoya gʻaramlash, qishda butun oila aʼzolari bilan pechkali xonada toʻplanib bodom guli ifori bilan keladigan bahorga yetib olish haqida oʻylaydi. Va yana Toshkent haqida soʻrashadi… 

 

 

Shahar hayoti

 

Bu yerda kunlar baʼzan rangsiz, tutunga toʻlgan havo-yu, lanjlikda otadigan tong bor. Beton uylar, yildan-yilga kamayib borayotgan daraxtlar va sovuq-sovuq nigohlar bor yana. Oʻz nomiga mos tosh shahardek u. Jon saqlab qolish uchun yantoqdek ildizingni yerga sanchib, boshing(aqling) bilan toshni qoq oʻrtasidan yorib chiqishing shart. Yoʻqsa oʻzing ham toshlashib ketasan. Har qanday toʻsiqni doim kuchli, bardoshli boʻlib yengib chiqasan. Ojizlarga joy yoʻq. Kechagina poytaxtga kelib koʻkni koʻzlagan nigohlaringni berkitishga urinar bu yer. 

 

 

Kurashib-kurashib sillang quriganda, olis-olislarda qolgan kulbangga ketging kelar. Ammo qaytish – magʻlubiyat, qaytish – xoʻrlik, qaytish – oʻlimdir! Shaharning yaxshi jihatlari ham koʻp, masalan, qishloqda kamyob elektrenergiya buloqdek toshib yotadi. Viloyatliklar izlab-izlab, arang topadigan oʻrtacha maosh toʻlaydigan ish oʻrinlariga boshliqning choʻntagiga “soqqa” tiqmasdan, biliming bilan joylashish mumkin. Hayot – qimmat, lekin umr kechirilar kelajak umidida. Tez-tez doʻstlar orttirilar, nogoh kimnidir suyib, ayriliq hijronidan bagʻri qon boʻlib chiqasan bedor tunlardan. Ketging kelaverar tagʻin. Bundan-da yuqoriroq choʻqqiga chiqib, olamga yuqoriroqdan nazar solging, seni oʻrab turgan, nafas olganing sari havo yetmayotgan, borgan sari torlik qilayotgan qobiq — tuxumni sindirib tashqariga chiqqing kelaverar.