Oʻqdori – poroxning Xitoyda kashf etilishi sekin-asta oʻqotar qurollar erasini boshlab berdi. Amir Temur davrida manjaniq, raʼdandoz, naftandoz kabi tosh va olov otar qurollardan foydalanilgani maʼlum, ammo miltiq yoki tufak Temur oʻrdusida boʻlmagan. “Boburnoma”da esa biz tufak, tufang, miltiq, toʻp, qazon, ulugʻ qazon, zarbzan, farangiy kabi koʻplab oʻqotar qurollar nomlarini uchratamiz. Demak, Bobur oʻz oʻrdusini zamonasining eng ilgʻor qurollari bilan qurollantirishga harakat qilgan. Bu davrga kelib Usmonli davlati, Safaviylar Eronida ham oʻqotar qurollar bor edi. Eron va Usmonli davlatida foydalanilgan Ovroʻpo rusumidagi toʻplarni Bobur “farangiy” deb ataydi.
“Boburnoma”da oʻsha davr artilleriyasi – toʻplar, oʻqotar qurollar boʻyicha mutaxassis boʻlgan ikki shaxs nomi tilga olinadi. Ulardan biri – Ustod Aliquli, maʼdandan qazon, yaʼni toʻp (zambarak) quyuvchi usta, ikkinchisi – Mustafo Rumiy, u “Rum dasturi bila aroba”, yaʼni Ovroʻpocha usulda toʻp tagiga oʻrnatiladigan gʻildirakli arava va farangiy – Ovroʻpo rusumidagi toʻplarni yasash boʻyicha mutaxassis. Ana shu ikki mutaxassis boshchiligida Bobur oʻrdusida toʻpchi va miltiqchilardan iborat maxsus guruh bor edi.
“Boburnoma”ning 1508-yil voqealari hikoya qilingan bobi hozirgi Pokiston hududida boʻlgan Bajavr qoʻrgʻonining ishgʻol etilishi voqeasi bilan boshlanadi. Boburning yozishicha, bajavrliklar oʻsha paytgacha miltiq nimaligini bilishmagan: “Bajavr eli, chun tufangni koʻrmaydur edilar, tufang unidin hech parvoye qilmadilar, balki tufang unini eshitgach, tamasxur qilib, muqobolada shaniʼ harakatlar qilurlar edi. Oʻshal kuni Ustod Aliquli besh kishini tufang bila yiqdi”. Buni qarangki, miltiq ovozini eshitmagan bajavrliklar bu qurolga parvo ham qilishmabdi, hattoki oldinga chiqib masxaralab turli qiliqlar ham qilishibdi, oqibatda, bir qanchasi oʻqqa oʻchib nobud boʻlibdi.
Umuman, Hindiston fathida Bobur oʻqotar qurollar, artilleriyadan ham unumli foydalangan. Agar Rossiya tarixi bilan solishtirsak, Bobur oʻrdusidagi bu toʻpchi va tufakchilar – Moskva davlati tsari Yozuv Ivan (Grozniy)ning Oʻqchi qoʻshinlari (стрелецкое войско)ni eslatadi. Faqat Yovuz Ivan Boburdan yarim asr keyin – 1550-yilgi harbiy islohotlarida maxsus oʻqchilardan iborat qoʻshinlar (стрелецкое войско) tashkil etishga qaror qiladi. 1552-yili esa ana shu qoʻshinlar yordamida Qozon ishgʻol etilgan.
Tufak yoki miltiq tasvirlarini “Boburnoma” qoʻlyozmalariga ishlangan miniatyuralarda ham koʻrish mumkin. Tufaklar Boburning oʻz mutaxassislari tomonidan yasalganmi yoki sotib olinganmi, bu haqda “Boburnoma”da maʼlumot yoʻq. Ammo bir oʻrinda: “cherik yarogʻiga va toʻp va tufakchining doru va jidogʻiga (maoshiga)” xazinadan mablagʻ ajratish haqida farmon boʻlgani aytiladi. “Doru” deganda bu yerda “porox” koʻzda tutilmoqda. Xoʻsh, “tufak” va “miltiq” soʻzlari qanday lugʻaviy maʼnoga ega?
Hozirgi oʻzbek tilida “tufak” soʻzi qoʻllanilmaydi. “Boburnoma”da esa “miltiq”, “tufak” va “tufang” – maʼnodosh soʻzlar sifatida ishlatilgan. Ammo fors-tojik, ozarboyjon tillarida “tufang”, usmonli turkchasida “tüfek” – “miltiq” maʼnosida hozir ham isteʼmolda. “Tufak” rus manbalarida ham “тюфяк” shaklida uchraydi. Rus yilnomalaridagi “тюфяк” haqidagi ilk qayd XIV asrga oid boʻlib, qizigʻi shundaki, 1382-yili moskvaliklar Toʻxtamish hujumini qaytarish uchun tufakdan ham foydalanishgan ekan. Rus tarixchilariga koʻra, tufak Moskva knyazligiga turkiy xalqlar (tatarlar) orqali oʻtgan boʻlishi mumkin. M.Fasmerning “Rus tilining etimologik lugʻati”da “тюфяк” chigʻatoycha (eski oʻzbek tilida) ekanligi aytiladi.
“Boburnoma”da podshoh Boburning ikki farmoni fors tilida keltirilgan. Boburning vazirlari tomonidan yozilgan mazkur forscha matnlarda ham: “tufakchilar” maʼnosida “tufakchiyon”, baʼzan “tufakandoz” deb yozilganini koʻrish mumkin. Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”da “tufak” soʻzini ot egar-jabdugʻi qismlaridan biri sifatida tilga olgan.
“Tufak” soʻzi “Devonu lugʻotit-turk”da shunday izohlangan: “تُڤَکْ toʻwäk – tuppak. Tol daraxtining va umuman hoʻl shoxlarning poʻstlogʻini yormay, shox, novdadan sugʻurib olinadi va uchiga gʻoʻlakchalar qoʻyib, chumchuqlarni otiladi. Yogʻochning ichini kovak qilib ham tuppak yasaladi (chigillar lugʻati)”. “Tuppak” soʻzi 1981-yili chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham: “loy soqqani puflab qush otish uchun maxsus tayyorlangan qamish nay”, deb izohlangan. Bu soʻz “tuflamoq” feʼlidan yasalganligi ham anglashiladi. Puflab otiladigan bu turdagi ibtidoyi pnevmatik qurol Amerika hindularida ham borligi turkiy xalqlarda tufak azaldan mavjud boʻlganligidan dalolat beradi.
Xullas, miltiq tilimizda dastlab “tufak” deb atalgan edi. Keyinchalik u fors va boshqa tillarga “tufang” shaklida oʻtgan. Pistolet yaratilgandan keyin esa, bu qurol “kalta miltiq” maʼnosida turk va fors tillarida “toʻpponcha”, “tufangcha”, “tubangcha” qabilida atala boshlagan.
“Toʻp” (“zambarak”) soʻzi ham shaklan “tufak” yoki “tuppak”ka oʻxshasa-da, etimologik jihatdan “koptok” maʼnosidagi “toʻp” soʻziga borib taqaladi. Bu qurolning oʻqi – dumaloq tosh, toʻp shaklida boʻlganligi uchun shunday atalgan. “Devonu lugʻotit-turk”da: “تُوبْ top – toʻp, koptok. Bu soʻz topїqning qisqarganidir”, deb izohlangan. “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati” asari muallifi Sh.Rahmatullayev esa: “Aslida “top” soʻzi qadimgi turkiy tilda mustaqil ishlatilgan va “dumaloq narsa” maʼnosini anglatgan”, deb yozadi. Yaʼni, toʻp – qadim zamonlardan qalʼa-qurgʻonlarni zabt etish uchun qoʻllanilgan manjaniq oilasiga mansub quroldir. “Boburnoma”da toʻp (zambarak), koʻpincha, “qazon”, katta toʻp – “ulugʻ qazon” nomlari bilan tilga olinadi. Bunday atalishining sababi toʻp ham qozonday maxsus qolipga yuqori darajali issiqlikda eritilgan maʼdan quyilib yasalgan.
“Miltiq” soʻzini esa koʻpchilik mutaxassislar “pilta” va “oʻq” (pilta+oʻq, piltali-oʻq) soʻzlaridan yasalgan deb hisoblaydi (“pilta”, shuningdek, forscha “fatila”, ruscha “фитиль” soʻzlari aslida arabcha “fatil” (فَتِىلٌ) soʻziga borib taqaladi). Oʻtmishda piltali miltiqlar boʻlganligini bilamiz.
Abduvohid HAYIT
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T.: “Sharq” NMAK, 2002, – 336-b.
2. Alisher Navoiy. Muhokamat ul-lugʻatayn // Mukammal asarlar toʻplami. XVI tom. T.: “Fan”, – 2000.
3. Mahmud Koshgʻariy. Devonu lugʻotit-turk. I−III. – Toshkent, 1960−1963. I−500-b. 369-bet
4. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. M.: Rus tili, 1981. Ikki tomli. II–715-b. 224-bet.
5. Mahmud Koshgʻariy. Devonu lugʻotit-turk. I−III. – Toshkent, 1960−1963. III−463-b. 130-bet.
6. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati (turkiy soʻzlar). T.: “Universitet”, I t. 200–600 b. 371-bet.
7. Севортян Э.В. Этимологический словарь тюркских языков. – М.: Наука, 1974−1989. I–VIII т.
Falsafa
San’at
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q